Habib Rahmat (1941)

Taniqli bolalar shoiri Habib Rahmat 1941 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Bo‘lajak shoirning ilk asarlari „G‘uncha“, „Gulxan“, „Tong yulduzi“ kabi vaqtli matbuot nashrlarida bosilib chiqqan. Qudrat Hikmatning ijodiy maktabida mahoratini oshirgan Habib Rahmat maktabgacha yoshdagi kichkintoylarning sevimli shoirlaridan biriga aylandi.
Habib Rahmat ko‘p yillar davomida bosmaxonalarda xizmat qildi. Hayot maktabida chiniqqan, turmushning pastu baland sinovlaridan dadil o‘tganligi uchun ham uning she’rlari tashbihlarga, kutilmagan qiyoslarga boy.
Habib Rahmatning „Sizni Vatan erkalar“, „Bizning zveno“, „Quloqsiz uloq“, „Ari va Ali“, „Qushlar bozori“, „Qiziq sovg‘alar“, „Botir askarcha“ deb nomlangan qator kitoblari bosilib chiqqan.

DIL SO‘ZLARI

Oq kaptarim chiroyli,
Ko‘k kaptarim chiroyli.
Tinchlik qushi deydigan
Dil gaplarim chiroyli.
Ko‘k toqida charx ursa,
Bir dasta gulga o‘xshar.
Quyosh boshida kulsa,
Bir hovuch nurga o‘xshar.
Parvoz aylang elma-el,
Qanotingiz tolmasin.
Er yuziga „tinchlik“ deng,
Eshitmagan qolmasin.

HAR DALANING…

Har dalaning o‘z fayzi,
Tarovati boshqadir.
Mehnat qilgan qo‘llarga
Saxovati boshqadir.
Oyning ipak nurlari
Dalalarga quyulgay.
Quyosh bergan harorat
Erga darmon tuyulgay.
Qattiq yerni qazilab
Yurgan dehqon bobomdir.
Kuzda to‘kin hosili
Dala tutgan in’omdir.
Dalam,
Bobom bag‘ri keng,
Dilda zo‘r niyat banddir.
Begona o‘t o‘smasin
Ishtiyoqi balanddir.
Harakatda — baraka,
Bobom naqli yodimda.
Shunday ishlar qilayin
Bari hali oldinda.

MEN HAM…

Mening oyim ish qilarlar
Pishiq-puxta, sarishta.
Maqtashadi tengqurlari:
„Bu ayol bir farishta“.
Ishtiyoqda tinglar odam,
Gap-so‘zlari bir mayin.
Kattani ham, kichikni ham
Sizlaydilar birdayin.
Kulsalar-chi, yuzlaridan
Nurmi, gulmi yog‘ilar.
Men ulaming qizlariman,
Biram o‘xshagim kelar.

BULOQ

Turna ko‘zli buloqcha
Qaynab yotar biqirlab.
Qaynar-u toshib ketmas,
Kulgan bo‘lar qiqirlab.
Tamovchadan yo‘l ochib,
Oqib-chopib ketadi.
Bog‘ni qo‘msar, u tomon
Yo‘llar topib ketadi.


KURASh

Mard lochinga hujum qildi
Bir to‘p quzg‘un — bosqinchi.
Yakka lochin olishardi
Ketmasin deb tog‘ tinchi.
Dedilarki: „Ular ko‘pdir,
Chekil yoki bo‘l taslim“.
Sado keldi: — Taslim bo‘lish
Mening uchun bu o‘lim.
Or qilaman kesak kabi
Sekin-asta nurashdan.
Men lochinman, yengilsam ham
Kurash bo‘lsin kurashday.

AFRIKALIK YO‘LBARS

Yo‘lbars yurar qafasda,
Ko‘rdik dadam,
Men, G‘ayni.
Hazil qildilar dadam:
— Ishlar qalay, og‘ayni?
Yo‘lbars parvo qilmaydi,
Ukam sekin jilmaydi:
— Afrikadan kelgan u,
Tilimizni bilmaydi.