G‘ulom Egamshukur (1959)

G‘ulom Egamshukur 1959 yil 15 yanvarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1981). Dastlabki she’riy to‘plami — «Quyoshning hidi» (1997). «Ruh anatomiyasi», «Mangu armon», «Ko‘rinmas maydon» (2007) kabi she’riy to‘plamlar va dramatik dostonlar muallifi. «Quyoshga suyangan odam» xujjatli qissasi ham bor. R. Rojdestvenskiyning «Urush» (1983) dostonini hamda U. Sulaymonning bir turkum she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

* * *

Sen yolgiz meniki, sen menga yorsan,
Husn ma’budasi tang qolmish bunda.
Yo falak adashdi, yo men adashdim,
Sevmoq qanday yaxshi daraxt oldida.

Yomg‘irlar osmoni – ko‘z yosh osmoni,
Yomg‘ir xayollarni ko‘riqlaydi jim.
Men senga ishongum bu tun, bu tongda,
…Yomg‘irni o‘g‘irlab uyga kirgan kim?!

Sen beparvo qolding, erta-chi, qotil,
Xayolning kesilgan u biyron tili.
So‘zlab berolmaydi o‘z izohlarin –
Karaxt hislar bilan bog‘langan yo‘li.

Kelgin, go‘zallikka ma’buda bo‘lgin,
Bu tun ko‘zlarimga kulib qaragin.
Osmon qoralikda sof, begubordir,
Bu kech sochlaringni mayda o‘ragin.

Ochiq qolsin tilsiz derazalar ham,
Biz hakda so‘zlasin parvonalarga.
Bugun lablaringdan o‘par oppoq tong,
Bu tong she’r o‘qiyman shabadalarga.

* * *

Tong otadi balki shu soatlarda,
Ko‘rasan ko‘zingni, oq nurin silab.
Dimog‘ingdan kelar tong bo‘yi,
Ojiz shivirlaydi shunda lab:
«Mahkamroq quch meni!»
Hozir kun botadi – sigirlar qaytar,
Tuyoqlardan kelar gul hidi,
Anqiydi gul hidi molxonalarda
Maysalarning yashil qonlari –
Qotib qolgan mol tuyog‘ida…
Sen sekin kirasan omonat uyga,
Tun hadiksiraydi: «Begona boshmoq»
(Boshmoqdan anqiydi xushbo‘y gul hidi)
«Taniyman» deb qoldi ostona…
…Tun takrorlar do‘rildoq ovozda:
«Quch meni mahkamroq».

DARS
Yurakka

G‘amnokkinam, o, yupunginam,
Qaro kiygan – qaro qurimdan
Adashdimmi? Siyoh – tunginam,
Ayrildimmi yoqut – durimdan?
Adashdimmi topmadim horib,
Nur taratmas zulmat libosi.
G‘ubor bosgan o‘tovdek g‘arib,
Eshitilmas qalbim sadosi.
G‘amnokkinam, o, yupunginam,
Ruhi sarson, taxti g‘oratim.
Nafsi – ajdar, vujudim – g‘anim,
Tund Zuhalmi o, muhabbatim!
Huvullagan sukut – qabriston,
Mungli qabr – vayrona ko‘nglim.
Bo‘yoqlari qotgan shabiston –
Kosasida qoraydi tanim…
Dili jonim, ruhi taroshim,
Dil g‘ubori toshar ko‘zimdan.
Qorachikdan toshar bir gunoh,
Ko‘z yoshlarim chopar izimdan!
G‘amnokkinam, o, yupunginam…

RUH ANATOMIYaSI
(Turkumdan)

1. Sen u qadar olis,
Sen bu qadar yaqin eding.
Quyosh uchquningmi? Tutar vujudim!
Ko‘zlarim gavhari kuydi qorayib,
Tanim aro ko‘pirdi qonim!
U, jonim! Sochlarim qaynadi,
Men go‘yo habash!..
O‘sdim, o‘saverdim otash zo‘ridan,
Oyog‘im Yerda.
O‘saverdim to gardun qadar.
O‘sdim dargohingga, qadam-poyingga!
Ostonangta boshimni qo‘ydim…
Sen u qadar olis,
Sen bu qadar yaqin eding!

2. Go‘yo o‘lim kabi tahlikali –
sudranadi Tun.
Qo‘rquvdek sharpasiz kezar Ruh!
Uning boshpanasi –
eng chuqur Quduq –
yurak – quduq.
Uning tuynugidan sig‘adi Osmon,
Uning tuynugidan sig‘adi…
Va o‘n sakkiz ming olamni ushlagan Alloh!..

3. «Alla» aytsang, uxlaydi go‘dak,
«Alloh», desang oromda Vujud.
Bolasin opichlab olgan Onadek –
Ruhingni yetaklab yuradi Osmon!
Gar uzoqroq qolsang g‘aflatda,
Begonaga aylanadi ruh!..
Egasiz qolar tan –
egasiz Vatan!

QORA ODAM

Qora Odam mahzun, Qora Odam –
sukur yutgan Tun.
Qora Odam engashar Yerga.
Yulduzlar – ko‘zlar mo‘ltirar, boqar –
har tun, har oqshom –
Shu alfoz, shu kuy!..
Qora Odam…
…Yaqinroq boqadi qo‘lda Oy – chiroq!
Tushunmas Uni;
G‘aflatdagi banda!
Uyqudagi Dunyo…
Qora Odam mahzun,
Qora Odam – afsun –
sukut yutgan Tun!
Qoraygandan qorayar,
churkaydi gardun.
Qora Odam mahzun,
Deydi: Uyg‘otaman Dunyoni!
Titratgum Ko‘kni! –
Ey, rizkdan mosuvo,
Gunoh libosida daydigan sharpa.
Ey, g‘ofil banda, uyg‘otgum Dunyoni…
Qora Odam g‘azabnok boqdi,
Gumburladi momaqaldiroq!
Yaqinroq engashdi –
Cho‘ntagaga yashirdi
Oy – chirog‘ini,
Ko‘zlarini yumdi
Qora Odam.
«Uh-h» deya nafasin qaratdi Yerga…
Bo‘ron, dovullarni yutib yubordi –
Rohiba qiz kabi qora libosiga
o‘ranib g‘aflat ko‘lkasida uxlagan
Dunyo… Zulmat lashkarlari qoqar derazalarni,
Shamollarning yuzi qoraydi –
momataloq bo‘ldi –
temir darvozalarda!
Bosinqirar; ag‘darilar o‘ngu so‘liga,
Taqvodor qariya der:
«Astag‘firulloh!..»
Nihoyat, xanjarni sanchdi ko‘ksiga,
U – Qora Odam!
Sindi chaqmoq –
Xanjari!
Titradi Yer, Osmon…
…Tomchilar yomg‘ir,
keyin selga, do‘lga aylanar yomg‘ir!..
Qora Odam…
Ko‘rdiki, bomdodga yaqin –
Uning ko‘z yoshiga cho‘milib,
Shu ulkan dunyoda,
shu katta Yerda –
Namozga shoshardi mitti bir Odam!..