Gulnoza Boboyeva (1986)

Gulnoza Boboyeva 1986 yilda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan. Termiz Davlat universitetini tamomlagan. “Oydin kechalar”, “Tonglar qo‘shig‘i”, “Hayajon fasli” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

ESLA

Agar seni g‘amlar olsa qamoqqa,
Hijronlar, alamlar tutsa so‘roqqa,
Boshing olib ketsang yiroq-yiroqqa,
O‘shanda bokira sevgimiz esla.

Bahor chechaklari boqmasa hamki,
Ko‘ksingga gullarin taqmasa hamki,
Hamma sevgan dunyo yoqmasa hamki,
O‘shanda bokira sevgimiz esla.

Keksayib, kirtayib qolsa ko‘zlaring,
Betakalluf bo‘lib qolsa so‘zlaring,
Ajinlar qoplasa oydek yuzlaring,
O‘shanda bokira sevgimiz esla.

TELBA RUH

Men zaminman, ko‘kragim kengdir,
Men daryoman, to‘lib-toshaman.
Men chaqmoqman, yondirajakman,
Men burgutman, tog‘lar oshaman.

Iskandarman – fotih jahonga,
Vatanparvar keksa Shiroqman.
Zulmat ichra qolganda xalqim,
So‘nggi ilinj yoqqan chiroqman.

Men Mashrabman, o‘sha benavo,
Mahkumman men fig‘onu zorga.
Men o‘lmayman ravon yo‘llarda,
Osilaman Balxdagi dorga.


YoLG‘IZLIK

Nigohimdan o‘tar adoqsiz sahro,
O‘rtasida bir tup saksovul hayron.
Zaminning bu o‘gay, sarob bag‘rida,
Yolg‘izlik dardidan yuragi vayron.

Mening ham seningdek dilim vayrona,
Meni ham sen kabi qiynagan hayot.
Kel, do‘stim, ikkimiz birga yashaymiz,
Bizni birlashtirsin cho‘ng tuyg‘u – sabot.

* * *

Qo‘shiqlar qo‘shiqqa boylanib ketdi,
Dunyolar bahorga joylanib ketdi,
Ko‘ngil g‘ulularga aylanib ketdi,
Yana bahor keldi hur o‘lkamizga.

Nag‘masin boshlaydi subhidam yellar,
Ariqlar labida yalpizlar kular,
G‘ubor ketib dildan yashaging kelar,
Yana bahor keldi hur o‘lkamizga.

Bugun kengliklardan taraladi kuy,
Egikbosh chuchmoma tortadi xushbo‘y,
Axir Navro‘z bugun, yurtimizda to‘y,
Yana bahor keldi hur o‘lkamizga.