Gulchehra Shahobiddin qizi (1964)

Gulchehra Shahobiddin qizi 1964 yil 14 mart kuni Jizzax shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining a’zosi.
Uning bugungi kunga qadar mingga yaqin maqolalari va 1 ta darslik, 40ga yaqin metodik qo‘llanma hamda tavsiyalari, 7 ta she’riy to‘plamlari chop etilgan.
Jumladan, u “Yangi oy chiqqan kecha”, “Sog‘inch”, “Dilda darding bo‘lmasa”, “Jon ichra jondir Vatan” kabi she’riy to‘plamlari hamda “Navro‘zing muborak O‘zbekistonim”, “Hech kimga bermaymiz seni O‘zbekiston”, “Milliy g‘oya bo‘yicha atama va lug‘atlar”, “Nur Sharqdandir”, “Sokin daryo shiddati”, “Ayol bilan olam munavvar” kabi o‘nlab metodik qo‘llanmalar hamda “Tugallanmagan parvoz” nomli essesining muallifi.
U bir qator rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

***

Darvesh bo‘lib darvozangni chertib borsam
Eshigingni ochasanmi men g‘aribga?
Non bahona ko‘rsam bo‘ldi diydoringni
So‘ngra ketgim Mashriqqami yo Mag‘ribga.

Ishq tilanib yor vaslingda gado bo‘ldim,
Seni izlab qaddim egik, sato bo‘ldim.
Gado bo‘ldim, ado bo‘ldim, fido bo‘ldim
Yoki taqdir yozug‘ida xato bo‘ldim.

Darvozangni taqillatsam, egasi bor,
Uy ichinda baxt talashgan bekasi bor.
Gado bo‘lsang ana non- suv, deya ko‘rma,
Sen baxtimsan desam, bu baxt- chegasi bor.

Chegalangan baxtimga baxt bo‘lolmassan..
Darveshingman sendan baxtlar tilab borgan.
To‘rvadagi kulcha nondek to‘lolmassan,
Baxtsizligim badalini – to‘lolmassan.

..Sen deb baxtli- baxtsizingman, bilolmassan

***

SOG‘INTIRAMAN

“Meni izlab toqqa chiqasiz”,
do‘lanani izlagan kabi.
Kerak bo‘lsa boqqa chiqasiz
Naqsh olmani ko‘zlagan kabi-
SIZNI ShUNDAY SOG‘INTIRAMAN..

Kelishimni mushtoq kutasiz,
“Ko‘zlaringiz qop-qora bo‘lib”..
Firog‘larni ichga yutasiz
Yuragingiz xo‘p pora bo‘lib-
SIZNI ShUNDAY SOG‘INTIRAMAN..

O‘ngingizda, so‘lingingizda – men,
Rashk o‘tida kuyasiz xali.
Har bir yurgan yo‘lingizda –men
Meni shunday suyasiz xali –
SIZNI ShUNDAY SOG‘INTIRAMAN..

O‘zim sizni sog‘inganimday,
devonalar bo‘lasiz ishqdan.
O‘shal so‘zga topinganimday,
Parvonalar bo‘lasiz ishqdan-
SIZNI ShUNDAY SOG‘INTIRAMAN..

Sabrlarning sabrin sindirib,
Xat yozasiz : “SOG‘INDIM, KEL”, deb
Sizni shunday ishqqa ko‘ndirib
Javob bitgum: “holimni bil”, deb

..O‘zim sizni sog‘inganimday –
Rosa Sizni sog‘intiraman.
SIZNI ShUNDAY SOG‘INTIRAMAN.!.

SOG‘INTIRAVER

Rosti sog‘inganman,
sog‘intiraver,
Xajringda bu dilni
og‘rintiraver.
Izlaring to‘tiyo-
sig‘intiraver..
Sen shunday jabrkor,
sitamgar,
bedil…

Mayli zoriqtirgil,
zorlar bo‘layin,
Ishqda toliqtirgil
xorlar bo‘layin.
Najot ber vaslingga
yorlar bo‘layin-
Dardini ichiga yutgan
Men- betil..

Nechun ko‘rinmaysan-
ko‘zim taskini,
Xajrlar buzmoqda
ko‘nglim ashkini
Sezmaysan, bu dilgir
dilning rashkini
Sen shunday bilmassan
Men – za’faron gul…

Bilmaysan,
dardbonim, menda ehtiyoj
Ilinjim ishqdandir,
boshqa yo‘q iloj
Bu hajr dashtida ochib keng quloch
Boryapman sen tomon
..kuymoqda ko‘ngil..

..Bilmaysan dardimni, deysan-ki, ko‘ngil!
Qaqnusdek yonaman,umidlar chil-chil..
Yonsamda,
Kuysamda,
Bo‘lsamda
Kul-kul
Men endi ortimga qaytmog‘im mushkul!

Men miskin-yo‘lovchi, taqdir esa yo‘l,
Ishq otliq kajraftor yo‘linda men –gil..
Ko‘zimning quvonchi-topintiraver
Sog‘indim, sog‘inib, sog‘intiraver..

QIZG‘ALDOQ BARGIDEK TO‘KILGAN ONAM

Ayriliq zarbidan ko‘ngillarda dog‘,
Dardlaring men kabi bo‘lmasmi adog‘?
Sen mening Onamga o‘xshaysan buncha..
To‘kilib ketmagin jonim QIZG‘ALDOQ..

Yo‘q, Onam lolaga o‘xsharlar asli,
To‘kilib bitdilar ayni gul fasli..
Ming bitta azobga chidagan Onam
Bir darddan to‘kilib ketgani bahsli..

Yashagan ekanlar bilsak qon yutib
Olisda farzandlar mehrini kutib..
Men esam andarmon o‘z ishim bilan
Qo‘yibman Onajon Sizni unutib..

Endi hech o‘rniga tushmas pushaymon,
Borlig‘im oliblar ketibdi ummon
Daraxtman ildizlar otmog‘im gumon
Yuribman o‘zligim yo‘qotgansimon..

She’rim ham o‘zimdek nochor va g‘arib
Dardlarim ketmaydi yurakdan arib
MEN SIZSIZ HECh KIMMAN,
SINDIM ONAJON…,
Nahotki bu g‘amga ko‘nsam onajon..

KEL ENDI

Kel endi, mag‘rurim,
mag‘lubing o‘zim,
Kel endi, mahbubim,
maftuning o‘zim,
Kel endi, masrurim,
majnuning o‘zim
Ko‘nglim xazon bo‘ldi seni sog‘inib..

Kel endi, ado-yu,
devonang o‘zim,
Kel endi, fido-yu,
giryonang o‘zim,
Kel endi, judo-yu,
begonang o‘zim,
Ko‘nglim xazon bo‘ldi seni sog‘inib..

Xajringda kul bo‘ldim,
obodim o‘zing,
Sadqai gul bo‘ldim,
dilshodim o‘zing,
Ko‘ngilga qul bo‘ldim,
ozodim o‘zing,
Umrim xazon bo‘ldi seni sog‘inib..

Senga uvol bo‘ldim,
hilolimsan- sen,
Senga malol bo‘ldim,
savolimsan-sen,
Ishqim zavol bo‘ldi,
halolimsan-sen,
Ko‘nglim xazon bo‘ldi, seni sog‘inib..

Ko‘ngling osmon bo‘ldi,
senga yetmadim,
Ishqim yomon bo‘ldi,
sendan ketmadim,
Yoshim ravon bo‘ldi,
senga aytmadim,
Ko‘nglim vayron bo‘ldi,
Sendan qaytmadim.
..Umrim xazon bo‘ldi, faqat sog‘inib.

MEN SENI BILAMAN

..GA

Men Seni bilaman,
najot,
yo iltifotga
mukofot
va imdodga
emassan muhtoj!

Men Seni bilaman
o‘rlik,
mag‘rurlikdan,
g‘urur
va masrurlikdan
kiygandirsan toj.

Men seni bilaman
bo‘lsang-da
muhtoj
chekib mingta ranj
topasan iloj.

Men Seni bilaman
mayus qaldirg‘och
ochib keng quloch
kel.. ko‘nglingni och

Ayt, qayda topilar
Ishqsiz bir rivoj
Mehrimga ilingil
Mehringdan bir boj

Ko‘nglingning ko‘ngliga
kiydirib bir toj
bir senda topilmas
Menga ehtiyoj..

..men seni bilaman,
bilmagan – U- SEN!.

KOShKIYDI BILSANG

Ruhan tushkunlikdan ruh ham chalajon,
Umid bor ko‘ksimda, umidsiz, nimjon.
Ul xira oynadek xotiralardan
Qachondir yo‘l topib boraman, ishon..

So‘ng yana andisha, ..o‘yga tolaman,
Manziling bilsaydim, seni ko‘rsaydim..
Bugun shabbodaga sirdosh bo‘laman,
Sen bor ko‘chalarda sarson yursaydim.

Seni borligingni o‘zi bir taskin,
Seni hayollaring borim, yupanchim.
Biz nechun ajraldik bunchalar keskin,
Sendan qolgan shu ishq ovunchim, ganjim..

Ko‘nglim xasratingdan parcha-parchadir,
Koshkiydi sevmasni sevdirib bo‘lsa?
Qalbim sen tomonga ochiq darchadir-
Najot- SENDALIGIN sezdirib bo‘lsa?!..

Sen koshki bilsayding, koshkiydi bilsang…

KO‘ZLARINGGA TERMULIB O‘TURSAM
(qo‘shiqdan)

Sen toshsan bilmadim qanaqangi tosh
Xarsangmi, qayroqmi va yoki chaqmoq .
Hissizsan, ishqsizsan, loqayd, beparvo
Senga shaydo bo‘lgan ko‘ngil go‘l, axmoq.

Senga lozim faqat- so‘zsiz qaramoq,
Jimgina termulmoq kerakdir faqat.
O‘zgasi ortiqcha, o‘zgasi tashvish,
Sevib qolish esa.. sevganga- kulfat..

Bemehr, bag‘ringtosh, qalbing to‘la muz,
Eritmoq ne darkor, taftni sezmas ul.
..Senga lozim faqat so‘zsiz termulmoq
Senga qo‘lim yetsa, YeTMAYDI KO‘NGUL

Sen… balki gavxar tosh, olmos tosh, noyob…
Qiymating ne bilsin suyguvchi bebosh?!..
O‘zga so‘z mumkinmas, tosh qadri tushar,
Bilganim indamay termulmoq yakkash…

Sen toshsan, bahosi bir menga ayon…
Senga lozim faqat so‘zsiz termulmoq…

UMR O‘TMOQDA

Goh dolg‘ali, goh sokin,
Goho olmay biror tin,
Kimda armon, kimda kin,
Umr o‘tib bormoqda…

Kimdir mag‘lub, kim g‘olib,
Kimdir ildam, kim tolib,
Kimdir ortda kech qolib
Umr o‘tib bormoqda…

Kimdir g‘amdan egilgan,
Kimdir yo‘lga tikilgan,
Kimdir darddan to‘kilgan
Umr o‘tib bormoqda…

Kimdir baxtdan mastona,
Yana kim shod, mardona,
Hayotga olmay qona
Umr o‘tib bormoqda..

Kim mehrga zor bo‘lib,
Kimdir ishqda xor bo‘lib,
Kim sevmasga yor bo‘lib,
Umr o‘tib ketmoqda..

Kimdir uzr so‘rolmay,
Kim oyog‘da turolmay,
Kimdir bir uy qurolmay
..Umr o‘tib bormoqda..

Kimdir qo‘pol, kimdir o‘r,
Kimning qalbi so‘qir ko‘r,
Kimning ishi doim zo‘r,
Umr o‘tib ketmoqda..

Kimdan ketgan oqibat,
Kimdandir ketgan quvvat,
Kimdir izlab hamon baxt
Umr o‘tib bormoqda..
Umr ketib bormoqda…

BEVAFONING QARINDOShI, EY DUNYo

(Xalqona…(cha))

Alamlari bo‘g‘zimgacha to‘ydirdi,
Onam bo‘lsa, qo‘y yig‘lama, qo‘y derdi..
Mish-mishlari pichoqsiz ham so‘ydirdi,
Bebosh ko‘ngil,
.. suymay o‘lsin kuydirdi!..

G‘amning kelar eshiklari ko‘p ekan,
Birin yopsang, biri ochiq qolarkan.
Bugun mening bo‘ylarimni dard eggan
Tovonimga botib borar xas, tikan..

Sevgi agar bo‘lsa edi, topardim,
Yo‘q bo‘lsaydi, yo‘q deb eshik yopardim..
Sevmasa ham go‘rga edi,
bilsaydi,
Ortdan qolmay soya kabi chopardim..

Bisotingda bitta chimdim or bormi?
Kuydirmajon, kuygan mendek xor bormi?
Buncha sovuq, nigohingda bir cho‘g‘ yo‘q,
Xovurimni bosib olay, qor bormi?

..o‘lanchi qiz, aytmay turgin yor-yorni,
..yo‘llarida mendek ishqqa zor bormi?
Bevafoni qarindoshi ey dunyo,
Ayrilganni osguvchi bir dor bormi?..

..o‘lanchi qiz aytmay turgin yor-yorni.
ishq yo‘lida mendayin bir xor bormi?..