Gulchehra Jo‘rayeva (1937)

Gulchexra Jo‘rayeva 1937 yil 1 fevralda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1992). ToshDUning jurnalistika bo‘limini tamomlagan (1954—59). Ijodi 50-yillardan boshlangan. Dastlabki she’riy kitobi — «Baxtim borki…» (1961). «Gul shaydosi» (1969), «Bog‘imda bahor» (1968), «Hayajon» (1971), «Umr — daryo» (1974), «Salom do‘stlar» (1975), «Eng yaqin yulduz» (1979), «Dostonlar» (1981), «Iqbol» (1983), «Mehrim sizniki» (1984) kabi to‘plamlari nashr etilgan. «Gulshanaro» nomi bilan she’r va dostonlardan iborat «Saylanma» (1987) asari chop etilgan.

HAYoT SABOQLARI

Yoshlik va keksalik orasi uzun,
Kurraning ikkita qit’asi xuddi.
Tasmaday tekis yo‘l, goh ilon izi,
O‘rtada dengizu tog‘lar hududi.

Goho tik borasan, olgandek nishon,
Ba’zan adashasan, to‘g‘ri yo‘l qolib.
Shunda mushkulingni etmoqqa oson,
Aql ham idrokni o‘t ishga solib…

Yoshlik va keksalik orasi yiroq,
Sinov ko‘priklari tutash mahali,
Qay biridan o‘tdim, bilmadim, biroq,
Balki o‘tmaganim oldinda hali…

MUQADDAS TUYG‘U

Har kuni, har tongda yaqin-yiroqdan,
Yangi xushxabardan keladi darak…
O‘zbeklar dovrug‘i yangrar har yoqda,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

Xorij shohsupasin ustida o‘zbek,
Bayroqdek hilpirar vujudda yurak…
G‘oliblar yarashar yurtda yuz-ko‘zdek,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

Qishloqlar shahardek zebo chiroyli,
Muhtasham qasrlar, uy-joylar yuksak.
Bunyodkor mehridan qorilgan loyi,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

Kechayu kunduzmi ter to‘kar dehqon,
Mehnatda toblangan baquvvat bilak.
Nozu ne’matlarga to‘kin dasturxon,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

Buyuk kelajakka intilgan yoshlar,
Ezgulik ilmini o‘rganar birdek.
Iste’dod ixtiro yo‘liga boshlar,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

Farzandlar lutfida faxr, iftixor,
“O‘zbekiston — bizning uyimiz” demak.
Do‘stlik diyorida ellar baxtiyor,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

G‘animga yo‘l yo‘qdir sarhad mustahkam,
Polvon posbonlari hamisha sergak.
Xalqimiz yashaydi tinch va xotirjam,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

E’zozga munosib aziz insonlar,
G‘ururdan yarqillar nishondor ko‘krak.
Bunda tug‘iladi chin qahramonlar,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak.

Elim deb, yurtim deb jonini tikkan,
Rahnamo umrga — eng ezgu tilak.
Mehribon sarvari sog‘, omon ekan,
Vatanni sevmoqlik shu bo‘lsa kerak!

SARATON

Dim havoning isitmasi xo‘p baland,
Garmsel nafas ufuradi og‘zidan.
Muzday suvni ko‘ksiga sepgan bilan,
Par aylanib xippa olar bo‘g‘zidan.

Jon kiritar subhidamdagi shabnam,
Tashnalikdan chechaklar cheksa ozor.
Quyoshiga alyor aytar shod, xurram,
Paxtazoru, bug‘doyzoru mevazor.

HAMROH

Munis she’rlarimdan to‘qilgan sirdosh,
Mehnat qozonida qaynadik ikkov.
Issiq-sovuqlarda sen menga yo‘ldosh,
Amudan Sirgacha kezibmiz yayov.

Ishchimi, dehqonmi, olim, talaba,
Insonlar qalbiga tashrif — burchimiz.
Qaydaki tantana qildi g‘alaba,
Besamar yurmadik maqsad uchun biz.

Istiqlol yo‘liga tushganda “g‘ov”lar,
Tashvishli kunlarda bo‘ldik hamjihat.
Tilini tishladi ko‘rolmas yovlar,
Mustahkam birlashdi xalqu jamiyat.

Yangicha davronda fikr ham ozod,
Yaratmoq ishqida har yurak urmish.
Mardu maydonlarga vatan qo‘shqanot,
Obodlik avjida yonadi turmush.

Muqaddas dargohdir ijod olami,
Ko‘ngilga nur sochar adabiy hayot.
Hech qachon to‘xtama, aziz qalamim,
Bizga nasib etsin abadiy hayot!

VAQT KUTMAYDI

Erinchoqlik — haydang ko‘ngildan,
Boshga balo ortmasidan u.
Muzdek suvni qo‘ying engidan,
Tanbal qilib qo‘ymasin uyqu…

Quving uni dala-dashtlarga,
Erni chopsin, qavarsin bilak.
Poyi tegsin tog‘u toshlarga,
Oyog‘ini “o‘psin” tikanak.

Shogird tushsin ustoz Mehnatga,
Bilmaganni bilishga shoshsin.
Olov yoqsin so‘nik g‘ayratga,
Muhabbati hayotga oshsin.

Erinchoqlik bor ekan kimda,
Erk bermangiz ildiz otishga.
Echib olib so‘nggi ko‘ylakni,
Tayyor turar uni sotishga.

Kutib turmas shiddatli zamon,
Umr o‘tar, ayamaydi vaqt.
Armonlarda qolmasin armon,
Sizni izlab yugurmaydi baxt.
QANOT BER…

Menga qushday yengil qanot ber,
Yillar yuki bukmasin qaddim.
Oq yuzimni yuvsin qora ter,
Mehnatimdan yuksalsin qadrim.

Menga qushday yengil qanot ber,
Qoyalarga tegsin qanotim.
Jilovini uzib qochgan sher
Kabi chopsin ilhomim oti.

Tahlil qilsin she’rimni quyosh,
Kuyga solib aytsin yulduzlar.
Har yurakka sirdosh, ohangdosh
Alla kabi sochilsin so‘zlar.

Qo‘l-oyokdan ketmasin mador,
Ko‘zlarimdan sovimasin nur.
Hech kimsaga etma meni zor,
Ey Ollohim, o‘zing qo‘llab tur.

Menga qushday yengil qanot ber,
Zil toshlarim bo‘lsin chilparchin.
Qimirla-yu qir osh, – yurak der, –
G‘ayratingda yashar chil barchin…

KUZATISh

Ko‘zlar ko‘zga yana nigoron,
Boshga tushdi beshafqat hijron.
Muhabbatga yo‘ldosh imtihon,
Yuragingda meni olib ket.

Sensiz bedor tunlarim bilan,
She’rga sirdosh kunlarim bilan,
Ozurda jon unlarim bilan,
Yuragingda meni olib ket.

Ko‘zlarimda uchqunlar marjon –
Quyoshdan-da balki nurafshon,
Adashtirmas yo‘lingdan mijgon,
Yuragingda meni olib ket.

Shabadalar men bo‘lib o‘psin,
Sochlaringni to‘zitib o‘tsin,
Har makonda mehrim gul tutsin,
Yuragingda meni olib ket.

Ayriliqning dardi ko‘p yomon,
Gul chehraning zardi xo‘p yomon,
Baxtimga sen oy bor, kel, omon,
Yuragingda meni olib ket.

Tushlarimga kirganda kulcha,
Darak bersa subhidam qushcha,
Jaranglatib gar pichoq tushsa,
Seni kutgum sabri betoqat,
Baxtimga sen kel tezroq faqat…

SEN YO‘Q ERSANG…

So‘zlaringni sog‘indim yomon,
Sening bilan istadim suhbat:
Kitobingni ochganim hamon
Salom berdi yana muhabbat.

Ne tasodif, bu ne mo‘jiza,
Ne ta’birga joizdir bu hol.
Yo sen bo‘lib ko‘rindi g‘azal,
Yo men senga ochdimmikan fol?

Ikki varaq, ikki sahifa –
Yuragingning ikki parchasi,
Ikki varaq, ikki sahifa –
Yuragingning ikki laxchasi.

Biri visol, biri-da hijron,
Qay biriga boshim egay man.
Bir xonada yashar yonma-yon,
Qay biriga abad egaman?

Sog‘inch seni yondirmoq bo‘lsa,
Kirib olay sevgim xatiga.
Sog‘inchimni qondirmoq bo‘lsang,
Bekinib ol devon qatiga.

Sen yo‘q ersang yonimda birpas,
Aylanursan she’rga o‘zing-da,
Sen yonimda bo‘lsang hamnafas,
She’r o‘qiyman teran ko‘zingda…