Gulandom Tog‘ayeva (1972)

Gulandom Tog‘ayeva 1972 yilning 1 yanvarida Surxondaryo viloyati, Denov (hozirgi Oltinsoy) tumanidagi Katta Vaxshivor qishlog‘ida tavallud topgan.
1989-94 yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Keyingi yillarda “Chaqmoq xo‘rsiniqlari”(1995), “Muhabbat asri”(2004) kabi she’riy kitoblarim chop etilgan. 1999 yili “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
2007 yili “O‘zbek matbuotida tasavvuf ta’limotining yoritilishi: muammolari, tamoyillari va shakllari” mavzuida nomzodlik ishini himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.
Hozirda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining Ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy dasturlar bosh muharririyati katta muharriri lavozimida faoliyat yuritmoqda.

“Bahordirman, yo‘lin kuzga bermagan …”
(turkum)

* * *

Shiddat-la kurtaklar bir o‘rik,
Misli o‘q-yaralar ko‘ksingni.
Axir kechagina yo‘qotding,
Bahorga munosib do‘stingni.

Kurtaklar sanchilar olovdek,
G‘ururni qamchilar xotira.
Nish urgan har shirin nigohdan
Yuvilar har qancha kudurat.

Och tusli, qizg‘ishu, nim sarg‘ish,-
Hidlayman hikmatlar gulshanin.
Jasorat qilmoqqa cho‘zilgan
Qutlayman shu mitti qo‘lchani,-
G‘unchani!…

* * *

O‘riklar ham gul ochmoqda, vafosizim,
Ul daraxtga suyanib es-hushim qolgan.
Sen sevgan gul is sochmoqda, vafosizim,
Rayhonlarning hidlarida ishim qolgan.

Umid gulim qirqdi qaysi gul qaychisi,
Qaysi bag‘ri butun uning dil kuychisi,
So‘zim tinglab xanda qilar atirgullar,
Bu she’r seni sevganlarning suyunchisi.

Quyosh senga tolim-tolim nurin sochar,
Ul nurga tik qaramoqqa bormi haqqim?!
Men ham undan bir uqiya,zarra bo‘lsam,
Qo‘nar edim sochlaringga kelib balkim.

Mening umrim o‘tar garchi yodlar bilan,
Obi novvot yeysan sen-chi, yotlar bilan,
Ishing yo‘qdir taqdirlari motlar bilan,
Sen o‘tgan ul ko‘chalarda ishim qolgan,
Rayhonlarning hidlarida hushim qolgan….

IShQ HANDASASI

Men kimning Ushalgan so‘zi ekanman,
Kim tanishi uchun taqilgan xalqa.
Bulbul panjasining izlari qolgan
Bu devordan ortib Ne degum Xalqqa?!

Mening alamimni tushunmaysizlar,
Meni yig‘latgan ul ishq handasasi.
Bashar yo‘q: Siz quroq-tush,un, maysizlar,
Ilmim uzatadi ko‘shk-anda sasi.

Men kimning Ushalgan so‘zi ekanman,
Qonimda olmalar qonab gullasa.
Men muzga bag‘rini bergan vatanman,
Tishlarim o‘rnida chiqar handasa…

Men kimning Ushalgan so‘zi ekanman,
O‘n sakkiz yoshimdan so‘rog‘im shuldir.
-Asalari, bog‘da gul yo tikanman,
Menga qo‘ngan payting meni ham o‘ldir….

** **

Bir yulduzman, oy yonida yurmagan,
Oshiqdirman, ko‘ngil ishi unmagan,
Asli gulu boychechagin ko‘rmagan,
Bahordirman, yo‘lin kuzga bermagan.

Tushlarimday uzun ekan bu yo‘llar,
Bu yo‘llarni chigal qilgan shu, dillar,
Muhabbat deb shovullagan, tinmagan,
Daraxtdirman, singaniga ko‘nmagan.

O‘ylang, mayli meni: “Kibri havoli!”,
Men ishq ahlin siri, asriy savoli.
Shahar berib Hofiz yorga yetmagan,-
Qo‘shiqdirman, soz sinsa ham so‘nmagan.

Umid qushim otdi “do‘sti habiblar”,
Unga malham topolmadi tabiblar,
Shu malhamning armonida yig‘lagan,
Bir shoirman, she’rlariga sig‘magan.

Bugun dalli, daryo bo‘ldi hikmatim,
Balki bu she’r mening so‘ngi suhbatim,
Dunyo o‘zi bir ajib tor tomoshagoh ekan,
Unda ko‘rinar ba’zan gullar misoli tikan,-
-Muhabbat deb shovullagan, tinmagan,
Daraxtdirman singaniga ko‘nmagan!…

ONA HAQIDA SO‘Z

Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Qo‘llariga suv quymadim saharlarda.
Shoir bo‘lgin qizim,deya jo‘natuvdi,
Lek she’rlarim qolib ketdi daftarlarda.

Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Umrim berdim vafosi yo‘q go‘zallarga.
U-chi borliq, yoshligini menga berdi,
Endi bir tish topolmaydi gavharlarga.

Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Bir boychechak keltirmadim bahorlarda.
Men qiz bo‘lib ko‘ylagini bir yuvmadim,
Lek qoldirdim uni hijron-zaharlarda.

Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Bir kuyuk non izin quvdim nahorlarda.
Bir ko‘rayin deya meni yo‘qlaganda
Dedim:” Vaqt yo‘q, kuting boshqa safarlarda!”

Bugun uni to‘shaklarda ko‘rib qonman,
Men qiz emas, o‘zin chaqqan bir ilonman,
Oyoqlarim shamoliga zor bo‘lganda
Shuhrat ketin quvib yurgan bir yomonman.

Bu savlatlar kimga kerak, bu davlatlar,
Ul hashamning bordir bir kun hasratlari.
Do‘stlar, bu yer qanday ko‘taradi,
Onasini zor qilganda farzandlari.

Farzand hidi jannatlarga qorishiqdir,
Ona hidi bilan yo‘llar yorishiqdir.
Onajonim, men asli bir noshud bola,
Sening mehring hech tugamas bir qo‘shiqdir!

Ul qo‘shiqni alishtirdim shaharlarga,
Duo qilgin, ona, meni saharlarda.
Oyog‘ingga oyoq bo‘lay, qo‘lingga qo‘l,
Axir seni topolmasman gavharlarga!

ONAMNING TENGDOShLARI, DUGONA-O‘RTOG‘LARI

Onamning tengdoshlari, dugona-o‘rtog‘lari,
Bir mayizni teng bo‘lib yegan urush vaqtlari,
Ko‘chmak o‘yin o‘ynashib oshgan do‘stlik shahdlari,
Balki mulki hayotda shudir ezgu ahdlari…

Daralarda otlarning o‘t sochar tuyoqlari,
Yollarida hilpirar pinhon ishq azoblari,
Oy nurida yaltirar qizlarning chalg‘ilari,
Sanamlar bahsimi yo parilar cholg‘ulari. …

Meni ko‘rsa yashnaydi ko‘nglining gul bog‘lari,
Norxoloyning qizi deb kuladi qarog‘lari.
Bir-biriga gal bermay tugamas ardog‘lari,
Onamning tengdoshlari, dugona-o‘rtog‘lari.

Sochlarimga jamalak taqasizmi qaytadan,
Piyolaga o‘smani ezasizmi qaytadan,
Ochilmagan baxtimni tashvish bilan so‘rog‘lab,
Kelinligim tarhini tuzasizmi qaytadan.

Sangil xola, bu menman, eshigingiz ochingiz,
Uzil xola, ko‘rsangiz yorishadi ichingiz,
Men onamga tutmagan boychechakni keltirdim,
Tursun xola, bir hayal ishingizdan kechingiz.

Zigzak yoqa ko‘ylakda munchoqlari shildirar,
Karkas ro‘mol boshida, davralarni to‘ldirar,
Bahor kelsa Gul hidi- ONA hidin bildirar,
Yuzda ham Inson o‘lsa, onasizlik o‘ldirar!

Safingiz ham kamayar, yildan yilga, o‘ylasam,
Qani endi boychechak terganimda kuymasam,
Armon bo‘lib qoladi armonimni aytmasam-
ONAMGA DAP ChALDIRIB “SURXONChA”GA O‘YNASAM!…

Meni ko‘rsa yashnaydi ko‘nglining gul bog‘lari,
Norxoloyning qizi deb kuladi qarog‘lari.
Bir-biriga gal bermay tugamas ardog‘lari,
Onamning tengdoshlari, dugona-o‘rtog‘lari. …

SEVGANLAR YIG‘LASIN

“Endi u yig‘lasin men yig‘lab bo‘ldim”…(Mirtemir)

Qachonkim, men aning chashmini ko‘rdim,
Ko‘zimning yoshini qo‘rig‘lab bo‘ldim,
Chehrangning gardi deb Ka’baga bordim,
Sevganlar yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim!

Qalbim o‘z rangiga rang topib bo‘ldi,
Gulni firoq nishi oh, o‘pib bo‘ldi,
Chehram oynasini dard yopib bo‘ldi,
Sevganlar yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim!

Sendan eshitganim zor bo‘lmasa bas,
Gulning bo‘yinbog‘i tor bo‘lmasa bas,
Labim qonatgan xor xor bo‘lmasa bas
Sevganlar yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim!

Xudo menga oyday ko‘ngilni berdi,
Endi berkitmoqqa etak ham bersin!
Xudo menga Mungday singilni berdi,-
Poyiga sochmoqqa chechak ham bersin!

Muztarin holimga kulganlar emas,
Nastarin isidan o‘lganlar emas,
Mening kuylarimga kuyganlar emas,
Sevganlar yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim!

SEVGI

Ko‘nglimizning tubinda sherlar yig‘lar,
Sog‘inchimiz xor o‘lib,orlar yig‘lar.
Yuzingni bir bor ko‘rmoq armon bo‘ldi,
Quyoshini sog‘inib ko‘rlar yig‘lar.

Qush inin bevaqt yoqqa qor buzadir,
Ishq izin ko‘mib asta qorlar yig‘lar.
Nigohingning qalami dor chizadir,
Mashrabini sog‘inib, dorlar yig‘lar.

Na bo‘lardi bog‘changda bir o‘sma bo‘lsam,
Azal xatin urdi qalam qosh ustina.
Shul davrada visolngga yetar bo‘lsam,
Dushmanimning bayrami ham bosh ustina.

Ko‘nglimizning tubinda sherlar yig‘lar…

* * *

Bahorlarga ishonib
Bog‘larni kezar orzu.
Har ko‘kargan maysani,
Tong chog‘i bezar inju.

Bir havas,bir shahd ila
Uyalaydi qushlar ham.
Nechun tabassum qilmas
Borliq rang olgan odam.

Go‘dak kulgusi kabi
Ariqlarda sho‘x suvlar.
Bizga armon bo‘ldi-ku-
Tolelari suluvlar.

Orzulari olamcha
Quyoshga gul tutganlar.
Shukurlarga limmolim
Shu bahorga yetganlar…

SINGLIMGA
(jarqo‘rg‘onlik singlim Nodira Soatovaga)(afsuski,ko‘p o‘tmay u avtoda fojeali halok bo‘lganini eshitdim.)

Tan olmasam hamki ochiq davronlarda,
Singlim, sizga bo‘lgan mehrim osmonlarda.
Erkalanib ketmang deya bildirmovdim,
Darak bering,endi Anjon tomonlardan!

“Zahar” tillar anjonchaga eshilgandir,
Chaqnoqlikka bosiqlik ham qo‘shilgandir.
Yoki uning aksi bo‘lib,to‘polondan
Qaynonangiz qulog‘i ham teshilgandir.

Mahzun bo‘lsam, menga hamroh,esha edi,
Tashvishlarga,armonlarga pesha edi,
Garchi janjal, to‘polon hamisha edi,
Darak bering, endi Anjon tomonlardan!

Ba’zan qo‘yib o‘zin turfa yumushlarin,
“Chaqar edi” ukamlarning har ishlarin.
Sog‘inibman araz qilib yurishlarin,-
So‘rsam bu kun- qanday uning turmushlari?!

Senda yo‘qdir mening aslo o‘pka-ginam,
Bezovtaman, o‘sding qaysi chamanlarda?!
Biz hayotni oson devdik, singilginam,
Vaholanki, u farq qilar romanlardan!

“Singil” yurak tolasidan bo‘lar ekan,
Yoki uning nolasidan bo‘lar ekan.
Ayriliqni oson devdik, aslida u,
Dil yig‘log‘i, jolasidan bo‘lar ekan.

Esingdami, uzatganing siren edi,
Bilsam, mehr- sening yurak siring ekan.
Har bahorda o‘shal gul ham yo‘qlagaydir,
Sirenni ham egasiga bering ekan!

Bugun to‘la “sog‘inch daftar” hoshiyasi,
Tilimda ham aylanadi “ Qoshi yosin”…
Bir qizchaga “Opa” bo‘lib bilib oldim,
O‘t balosin, suv balosin, do‘st balosin…

Odatim shu-qolib shubha-gumonlarda,
Ichiksam ham dil uzmayman “yomonlardan”:
Ul qizchaga “yaxshi opa” bo‘lsam deyman,
Darak bering, endi Anjon tomonlardan!…

DARD

…Yo‘q, u dard,
Shunday bir dardkim,
Ko‘zimda kaft,
Labda bolam ismidek- tanish.
(M.Svetayeva)

Bir shohlikning gadoligi bor,
Gadolikda bor bir kun fusun.
Etmoqchiman ko‘nglimni izhor,
Men muhtojman kimgadir bugun.

Bir tush ko‘rdim g‘amli, hadikli,
“Yoshlik, ketma!” deya uyg‘ondim.
Tog‘day og‘ir, cho‘ng bir sevgining
Charos ko‘zlariga ishondim.

Men muhtojman kimgadir bugun,
Ko‘z yoshimni aritmas olam.
Topolmadim dunyo aylanib
Sevilmagan birgina odam.

Buloq suvi kabi tuyg‘ular,
G‘amgin bag‘rim ayladi shinam.
Atrofimda yashnoq chehralar,
Bu bedardlar ichra yo‘q oshnom.

Men muhtojman kimgadir bugun,
May berurlar, aslo sunmayman.
Ko‘nglim ko‘kda bir oyga maftun,
Erdagi oylarga ko‘nmayman.

Men muhtojman kimgadir bugun,
Sevilmagan yuragim og‘ir.
Taqdir xatin ko‘tarolmasdan
Elkalarim dol bo‘lib og‘rir.

Ey million odamlar ichra
Ko‘ngli aslo topilmas odam.
Ul nafosat qayg‘usi erur,-
Nafosatga o‘chsan buncha ham.

So‘zlarimni sovuq nigoh-la
O‘qiyotgan ey dunyo-shotir,
Senga borar yo‘llar buncha ko‘p,
Buncha uzoq va hamda chag‘ir…

Sendagi u potirlab turgan
O‘simligu hayvonlar nafsi.
Men ko‘lmakda yulduz ko‘raman,
Etsam deyman shukrimni tavsif.

Men muhtojman kimgadir bugun,
Bu muhtojlik ichra yo‘q sharaf.
Agar g‘aflat aylasa maftun,
Diydoringga etma musharraf.

Afsusda ham armonlarda ham,
Umrboqiy ekan ishq dardi.
Meni shuncha yashatdi balkim
Boy berilgan firoqning dardi,-

Men muhtojman senga juda ham…

TASKIN

Har bir uchrashuvda bir ayriliq bor,
Har g‘am –zaruratdir, shodlik –zarurat.
Bir shoir yuz yilda kelar dunyoga,
Buni bilmasliging sen uchun hasrat.

Har bir uchrashuvda bir ayriliq bor,
Nasibam tugasa ketgayman men ham.
Ko‘klardan izlama o‘shanda zinhor,
Umid shul so‘rasang topgaysan Eldan.

Ummonlar qurisa, singisa yerga,
Bir kuni chiqadi otilib albat.
Sen qolgan umrimni yasharsan balki,
Aziz zamondoshim, ey mohital’at!

Unutma, bir gapning keldi asnosi,
Faqatgina oltin pulga taqalur.
Sendagi Ummidning yo‘qdir bahosi,
Qalam-sinsa hamki Qalam atalur!

Har bir uchrashuvda bir ayriliq bor,
Demak, dod so‘ngida bor nim tabassum.
Qirg‘og‘in tark etsa dayor ham takror
Kun kelib toshlarda qilar tajassum.

Ayriliq nimadir-bitta butunni
Ruhin bo‘laklashi-berahm jodu.
Ayriliq nimadir-Layli-Majnunning
Asrlar changida qolgan ijodi.

Bir lahza bo‘lsa ham baxtning hidini
Tuygan chechaklarga boqqin jimgina.
Visol bog‘in bir kun tark etar bahor,-
Bulbul ko‘zida ham bir mung, bir gina…-

Axir har vuslatda bir ayriliq bor…

HAYoTDAGI KAMLARIM

Birma bir tark etmoqda,
Ko‘nglimning odamlari.
Kundan kunga ortmoqda
Hayotdagi kamlarim.

Aql, sabr, kuch, ishonch-
Shu to‘rt ustun-umidim.
Yarashig‘ing yo‘q ey dil,
Yurak, sevgin debmidim?!

Asrlar shamolida
Qolib ketmas damlarim.
Hali bo‘ladi unut
Hayotdagi kamlarim.

O‘zi sahro bo‘lganlar
Kimga maysa tutolar.
Hushyorlikni na bilsin
Baxtlari uyqudalar.

Ko‘p alamli emasdir
Armonlar bilan o‘tsang.
Eng achinarlisi shu-
Kurashishni unutsang.

Garchi, sanasalar yo‘q
Faloni raqamlarim.
Kimlargadir yutqiziq-
Hayotdagi kamlarim.
Umr-tun, yoqay unda
Tugaguncha shamlarim.
Ag‘yor, qolmasin sizga,
Aytmagan salomlarim.

Hali kam, hali yarim,
Siz kutgan ul damlarim!
Baxt tezligin oshirar,
Hayotdagi kamlarim !…

ChO‘LPON (salaflarga ergashib)

Shoir bo‘lib bo‘lmas aslo dunyoda,
Xiyonat qilmasa agar do‘stlaring.
Tobut ko‘tarmasang poyu piyoda,
Tashlab ketganida yaqin-o‘zlaring.

Hasad qilmasalar yozgan she’ringga,
Gazetni to‘ldirib qilmasa g‘iybat,
Dushmani kam odam kichik odamdir,
O, shunda holingdan qilaman hasrat.

Botqoqqa tushsa ham quyoshning nuri,
U quyoshligicha qolaveradi.
Shoirning qismati Yoritmoq faqat
Har kim o‘zicha nur olaveradi.

Shoir bo‘lib bo‘lmas aslo dunyoda,
Qon hidin tuymasang sut bilan qo‘shib.
Yuksakdan yaxshiroq ko‘rinar ekan
Bir-biriga o‘xshab-tobut va beshik.

Chalmay tur suringni bir pas, Isrofil,
Ulguray, elimga chin farzand bo‘lay.
Cho‘qqini ko‘rmasdan ketmasin g‘ofil,
Hasadgo‘y do‘stlarim bunda chaqiray.

Sirot ko‘prigiga o‘xshar she’riyat,
Unda so‘zlab bo‘lmas yolg‘ondan sira.
Mana, taxayyulning sharobiga boq,-
Kel, uni ichaylik qolib bokira.

G‘uncha astaridan nastarin bir bo‘y,
Oyoqyalang chopgan o‘tloqdan bir kuy,
Va-Vijdon: Vatanin sevgan har shoir
Qoldirmog‘i kerak o‘zidan keyin.

Har so‘zing ibodat bo‘lmasa agar,
Har kuning elingga bir em bo‘lmasa.
Timsolda, misolda, har bir tashbehda,
Aytgan har so‘zingga sen teng bo‘lmasang,
Shoir bo‘lib bo‘lmas aslo dunyoda…

PROGRAMM ShE’R

…Bahor shamoli esar.
Kimningdir ovoziga
aks-sado qaytarar tog‘.(Basyo)

Vaxshivorning tog‘lari, sizdek bo‘lmoq istayman,
Shiroq tili shafaqni ko‘ksim ko‘tarib tursa.
Cho‘qqingizdek Farhodiy bir yelkani istayman,
Dilimga o‘q-yoy emas, ketmon ko‘tarib kirsa.

Vaxshivorning tog‘lari, sizdek bo‘lmoq istayman,
Bo‘lmasa ham alqorim, bo‘lmasa ham viqorim.
Qiynoqlarga och dildan bitta qo‘shiq istayman,
Eng g‘ur cho‘qqingiz bo‘lsin mening eng past yuqorim.

Vaxshivorning tog‘lari, sizdek bo‘lmoq istayman,
Ko‘zimning toshlarini yorib na’matak chiqsa.
Oybek bobomga o‘xshab undan bir she’r istayman,
Bog‘ bo‘lgayman, ko‘karur unga quruq cho‘p suqsa.

Vaxshivorning tog‘lari, sizdek bo‘lmoq istayman,
Bedardga o‘q uzishni kamon istaganiday.
Vaxshivorning tog‘lari, sizdek bo‘lmoq istayman,
Qayta boshoq tugishni somon istaganiday.

G‘amim shu: goh sizda kim qoya bo‘lib tug‘ilsa,
Tog‘dek e’tiqodini hovuch pulga pullaydi.
Men Orni sog‘inaman Tog‘dan oldin sog‘insam,
Demak, Qoyam tug‘ilsa bo‘g‘zimda qish gullaydi.

Vaxshivorning tog‘lari, sizdek bo‘lmoq istayman,
So‘raganga bermayman lek dilimning archasin.
Boltali sayyohlardan mu’jizalar qistayman,
Avval yasab berishsin Ulug‘bekning darchasin.

Armon yo‘q so‘ngi bor men patini silayotgan
To‘shim asrar qirg‘iyning fido qonini ko‘rsam.
Muzda yotgan maysa deb o‘g‘londek o‘layotgan
Yarador she’rlarimning chiqmas jonini ko‘rsam.

Vaxshivorning tog‘lari, sizdek bo‘lmoq istayman,
Ammo sizda yo‘q imkon quyosh qadar o‘smoqqa.
Ammo haddi sig‘armi quyoshdek erk tilin ham
Mendek fido osmonni etak bilan to‘smoqqa.

Kunlar kelsa, oxirat namoziga yo‘lasam,
Qoyalarimi yupatsam, “Bolam,sira o‘lmayman”…
Onajonim, tog‘larim, Sizdek bo‘lib qulasam,
Tuproqqa aylanurman, tuban do‘nglik bo‘lmayman…

TILAK

Tirnoqlarim, baxtimni sizga o‘lchab bermasin,
Bersa bersin ko‘zimda ko‘kda oftob etgulik.
Mayli,Shirinnikidek xolni yuzim ko‘rmasin,
Oybarchindek qalb bersin, Alpomishga tutgulik.

Duo qiling, baxtimni sizga o‘lchab bermasin,
Duo qiling, ko‘ksimni og‘riqzordav isitay.
Qo‘lim toshga uzalsa, sochim bo‘g‘im chirmasin,
Duo qiling, alamni baxtim bilan o‘ksitay.

Dunyo, sening ko‘changda yig‘lamoqqa kelmadim,
Men dardxo‘rman, kechangda uxlamoqqa kelmadim,
Kuylarimni yulduzdan tilamadim, meniki,
Ko‘ylagimni sandiqqa taxlamoqqa kelmadim.

Tirnoqlarim, baxtimni sizga o‘lchab bermasin,
Nodira mozoriga arzib chiroq yoqay-ey.
Oq ko‘ylakda yuribman, guldiroqlar urmasin,
She’rimga abadiyat chuchmomasin toqay-ey.

Tirnoqlarim, baxtimni sizga o‘lchab bermasin,
Axir sizda Ishq, dard yo‘q,halovatxo‘r bo‘shliqsiz.
Ko‘zin yog‘in chaqib yeb o‘sdim ota-onamning,
Yasholmayman Go‘ro‘g‘li G‘irotiga o‘chliksiz.

Tirnoqlarim, baxtimni sizga o‘lchab bermasin,
Shu bo‘yi past umrimni sizga o‘lchab bersa ham.
Chunki burgut qanchalar yer nonini yemasin,
Osmonlarning g‘ishtida boshin yorib o‘lsa-kam…

DILNOMA

Oylarga taroq solmish o‘rkach-o‘rkach tog‘lari,
Ko‘zlarimga nur emish shu yurtning ardog‘lari,
Osmonlarning parchasin yuraklarga sochgan yurt,
Subhlarning darchasin jaranglatib ochgan yurt!

Sen desam qalamimdan to‘kiladi yog‘dular,
Nozanin maysalaring kipriginda orzular,
Tingla, ona tuproqni, unda yillar avji bor,
Sahrolaring tubinda daryolarning mavji bor.

Biyobonda adashgan fazodan yo‘l toparmish,
Dilsizlar yurtin sevsa o‘tlig‘ ko‘ngil toparmish,
Yorsiz yashash mumkinu g‘arib ne yo‘l toparmish,
Osmonlarning parchasin yuraklarga sochgan yurt,
Subhlarning darchasin jaranglatib ochgan yurt.

Ruhim yulduz istaydi, dil qorako‘z istaydi,
Yurtim ta’rifingdaman, she’rim baxtso‘z istaydi…

* * **

Mendan ko‘pning umidi bor,
Menda ko‘pning shiddati.
Keldi endi shu tuproqqa,
Loyiq bo‘lish muddati.

She’rim, mendan vafo ko‘rmay,
Vafo qilgan hamdamim.
Dilni yoqqan bevaqt qordan
Asrayotgan gulxanim.

Garchi dilda ochilmagan
Lolalarning dog‘i bor.
Lekin har bir shoiriga
Elining ardog‘i bor.

Elim, seni duo qilay,
Sovimasdan qo‘l kafti,
Yulduzlarni isitadi,
Senga mehrim, dil tafti.

Ko‘zlaringning tub-tubida
Cho‘lponlarning hasrati,
Baxt-la sen etu-tirnoqdir,
Bo‘lmas ani ajratib.

Menda ko‘pning umidi bor,
Menda ko‘pning shiddati,
Nasib etsa bas shu elga
Loyiq bo‘lish muddati…

* * **
O‘z xalqingning timsoli bo‘l,
Bo‘l Xalqinga rivoyat,
Eslaganlar eslasinlar,
Aylab she’ru hikoyat.

Yasha, qo‘yib joy-joyiga,
O‘zbegingning hurmatin.
Yo‘qmi shohni izzat qilgan
Chumolicha himmating.

Bu umr vaqti-musavvir,
Go‘dakdan yaratar u chol.
Seni Elga tanitguvchi
Lahzani to‘xtatib qol!

O‘z xalqingning timsoli bo‘l,
Bo‘l Xalqingga rivoyat.
Shunday yasha, sen haqingda
Aylasinlar hikoyat…

* * *
Shudring kular tongda gul bargda
Yoxud gulni kuldiradi tong.

Va yo tongga tabassum bergan
Shudring-gulni uyg‘otgan jarang.

Asta siypar gul yuzin oftob,

Yo quyoshda balqir gul butun.
Kapalakdek aylasam shitob,
Kuydirsa ham oftob qanotim…

* * *

Yashash nima o‘zi, tiriklik nima,
Hayratlanish nima abadiyatdan.
U-Tangri yuborgan oxirgi kema,
Oqibat axtarish sababiyatdan.

Tavhid niynasini jismima sanchib,
Tanning devoridan chiqmoq bo‘lar jon.
Biz dunyo sirrining tubiga yetdik,-
Umr- bu izhori dil uchun imkon….

* * * *

Eslash- ko‘rishdan ortiq,
Ko‘rish-suyishdan ortiq.
Diydoringga sel bo‘lish-
Baxtga to‘yishdan ortiq.
* * * *
Oshiqlik-yoningdan ketolmay qolish,
Har tongda ismingni aytib uyg‘onish,
Ishq-bu firoq bilan bahru bayt ekan,
Visol-tushlaringni suvga ayt ekan.
Sen nursan, osmondan baxt bo‘lib tushgan,
Men tongman, shu’lani hovuchlab ichgan.
Men seni sog‘inib keldim dunyoga,
Yur ketdik tog‘larga –Surxondaryoga!

* * *

OQ YeLKAN

Oqarib ko‘rinar bir yelkan. M.Lermontov.

Kishandan uzilgan tafakkur misol
Ketarsan ummonda ey yolg‘iz yelkan.
Yomg‘ir-po‘rtanalar aylasa ishg‘ol
Tutolsaydim senga shu nozik yelkam.

Manziling ko‘p uzoq, maqsading olis,
Darding muhabbatga, yoshlikka oid.
Istaysan: tog‘,o‘rmon, tong bo‘lsinlar xolis,
Bukolmas seni davr,muhit, hatto sharoit.

Oppoq lentalaring sarg‘aytirdi vaqt,
Ulkan baliqlar g‘am suzdilar chetda.
Chunki ruh maqoming anglagani payt
Yo‘l berar dushman ham senga albatta.

Shu bois ummonlar bag‘rida beshik
Misoli o‘zingni erkin sezasan.
Bir daho idrokka ochasan eshik,-
Bilaman, bir kuni undan o‘zasan,-
Ey notinch ummonda oqargan yelkan!…

“ Layli va Majnun” dostoniga sharh.

Fikrimda bir yig‘i bor,-
Uni qayga to‘kay men?
G‘am, senga cho‘kmam, cho‘ksam,
Bir kemadek cho‘kay men!

Yuragimda bir o‘t bor,-
Tushmas qog‘ozga butkul.
Chunki borgan joyini
Aylaydi yondirib kul.

Yuragimda bir o‘t bor,-
O‘chirolmas suvu sel,-
Hijozdagi hey odam,
Gulxanlarda isin, kel!

Ka’baga ketar yo‘lning
Bir eshigidir-bu dil.
Qulfidur-mehr shafqat,
Kalit: “Allohdan qo‘rqqil!”

Bu kurraning o‘qini
Moylab qo‘yayin derman.
Sen berding ishq cho‘g‘ini,-
Eplab suyayin, derman!

Oxiri yo‘q-ishqdir bu,
Poyonsiz hijrondir bu.
Imkonsiz qolgan oshiq
Yozgan dostondir bu.

Bu dunyoda ko‘mir ko‘p,-
Hammasi qalam emas.
Bu dunyoda oshiq ko‘p,-
Hammasi odam emas.
Fikrimda bir yig‘i bor,
Uni Qayga to‘kay men?!. . .

Sening albominga

(turkum)

I

Seni umid bilan yaxshi ko‘raman,
Seni deb to‘kilgan ko‘z-yosh ham shirin.
Shu bois ko‘changda ma’yus turaman,
Sen go‘zal sirimsan ochiq-yashirin.

Shu yetti raqamni teraman tinmay,
Men baxtsiz hech senga emasman loyiq.
Hatto bir “allo”ga arzimaymanu,
Faqat sening haqda orzum chiroylik.

Qishlarga bermagan bahorimsan sen,
Ko‘changda tosh bo‘lay, bosmasdan o‘tma.
Umrimning eng shirin saharisan sen,
Iltimos, yuragim to‘ridan ketma!

II

Oshiqlik zahmatini
Tog‘lar ko‘tarolmaslar.
U Majnunga munosib,
Sog‘lar ko‘tarolmaslar.

Men ham bechora oshiq
Ko‘zlarimda yosh bugun.
Tilimda so‘nmas qo‘shiq,-
Bormi qalbingda o‘rnim?!

III

Ne-ne oshiq sarkashlaring
Berolmaslar bahoyingni.
She’r-g‘azalda etib ta’rif
tugatolmas chiroyingni.

Bitta xoling haqda yozsam
etmas mening umrimda kun.
Shu xol haqqi bir bor kelib
ayla yuragimni butun.

IV

Sochdan tovonigacha
Qora qoshdan ko‘z qadar
Sevaman mahshargacha
Dunyo kezib darbadar.
Har boqishi bir Layli,
Har nigohi bir Shirin.
Sochining savdosinda
Ming Qays ohi yashirin.

V

Sevaman. Shu so‘zda jam bo‘ldi dunyo,
Shu so‘z yetishmasa kam bo‘ldi dunyo.
Shirin tabassuming oftobday issiq ,
Bu oftob oldida sham bo‘ldi dunyo!

VI

Orzuyim-boshim qo‘ysam ul go‘zal domonida,
Ne alam, yondim doim men aning hijronida.
Qolsa ham ko‘ngil ahli abadiy armonida
Ey yurak, bo‘lgil faqat shu do‘stning farmonida.

VII

Men muhabbat sham’idin mastu bemorman,
Do‘st ko‘zlarining shavqiga zorman.
Ishq sohiblari sharhu masal etdilar-
Ey do‘st, tokay men sizga ozorman !…

VIII

Hech qalbni senchalik istamaganman,
Hech kimga senchalik ochmaganman dil.
Ishq dardin mardlarga chiqargan ekan,
Sog‘inchdan yuragim kul bo‘ldi butkul.

Ol, kuzning serhasham ne’matlarini,
Qishning pok qorlari, nozi ham senga.
Oftobni intizor-mntizor kutgan
Qor gulidek qo‘nsam issiq egningga.

Samarqandnimi yo Urganch berayin,
Yulduz to‘la savat, ol ganj berayin.
Senga oshiq shohu piyodalari
Dunyoi ajibdek shatranj berayin.

Faqat ayt, ko‘ksingni ezgan sir nima,
Diling tilmoqdasan kim uchun she’rda.
Hech kimsa sevolmas seni menchalik,
Ayt, bunday ishq yo‘qdir endi hech yerda.

So‘zlasang, so‘zingday asal topilmas,
Ko‘nglingday sirga kon masal topilmas.
Ishqingda bemorlar safini ko‘rgin,
Sog‘inchdan men kabi kasal topilmas.

IX

Shu g‘animat dunyoda,
Nechun g‘am, buncha ko‘z-yosh?
Nechun ming-ming iztirob
Buncha egilgan bu bosh?

Besh milliard odam ichra
Menga bir diydor davo.
Go‘yo minglab dardlarga
Bittaginadir shifo.

Do‘stlar bir qosh kamonning
Yoyi bo‘lmay g‘amginman.
Vasliga loyiq bo‘lmay,
Hijroniga mahkumman.

Do‘stman, tan olinmagan,
Oshiqman, kishi bilmas.
Bir kun vasli bo‘lmasa
Oshiq dunyoga kelmas.

Shu g‘animat dunyoda
Tugayapman bir shamday.
Dunyom munavvar aylab
Kelgil so‘lim oqshomday…

X

Har kimning kimdadir nasibasi bor,
Birov birov uchun kaftda kulgan baxt.
Kim birga turib ham visoliga zor,
Kimdir qay kimsaga hijrondir faqat…

XI

Qo‘l uzatsam yetmas yulduzsan,
Zulmat ichra shamga urildim.
Ishq atridan topdimu o‘lim,
Isming aytib qayta tirildim.

Mavjlaringda qolayin mayli,
Anbar baliq qoshiga cho‘kib.
O‘shanda ham ketgayman oxir
Kamalakdan bir daraxt ekib…

XII

Tongdan oqshomgacha xayolimdasan,
Topgan har javobu savolimdasan,
Bir gulman poyingda ochiladigan,
Masalman,qo‘lingda yechiladigan.

Shu ruxsor o‘tidan lol bo‘lib qoldim,
Har tola sochingga qul bo‘lib qoldim.
Sevib Qays Majnunga aylangan ekan,
Men ham ishq o‘tida shul bo‘lib qoldim!…

XIII

Umidim, umrimga yarashgan,
Umidim, kunlarim mazmuni.
Ko‘zlari baxti ila so‘rashgan,
Eng shirin damlarim afsuni.

Umidim, umrimga yarashgan,
Orzuyim, yashirin armonim.
Bo‘ylari oftob-la bo‘ylashgan,
Kulgusi dardimga darmonim.

Umidim, ko‘zlari suyunchlim,
Ko‘rsat, kipriklaring ko‘rayin.
Ko‘zim ustida bo‘l har doim,
Kel, kiprik o‘rnida ko‘rayin,
Ey do‘stim,umrimning chiroyi…

XIV

Sevgi shirin agar oshiq yor vasliga yetar bo‘lsa,
Mahbubing ham ishq sharobin qo‘llaringga tutar bo‘lsa.
Manzil yaqin yo‘llar birdir, umr yuki og‘rintirmas,
Sevikli do‘st yonginangda yelkasini tutar bo‘lsa!

XV

Ko‘pdan kutdim kuzatsam zora,
Lablaringning harakatini.
Tangrim senga lutf etib bergan
Sukut so‘zlar barakotini.

Firoq ichra ko‘pdan intiqman
Dilda yonar ismsiz bir o‘t.
Ko‘ngil faqat senga intizor,
Yurak aytar sen uchun durud.

Muhabbatning ming bir kuyi bor,
Bor qayg‘umni ichga yashirdim.
Har zarramu hujayramgacha
Borlig‘imni kuyga topshirdim…

XVI

Dardlandim, tabibga borayin dedim,
Bir go‘zal yuziga edi dil xumor.
Bir dono holimga kuydi-yu kuldi:-
“Ey nodon,tabibing o‘zi ham bemor”…

XVII

Qo‘l yetmasim, yulduzim,
Men umrimni munosib
Ko‘rsam hamki yorimas
Kecham hamda kunduzim.

Ko‘zlaringdek ko‘z qayda,
so‘zlaringdek so‘z qayda,
Kelgil sharob ichamiz,
Ishqdek katta saroyda.

XVIII

Bir go‘zalning yuziga ming ehtiyojim bor,
Ishq usturlobida rashkdan rivojim bor.
Na bilsin g‘ofilu bedil sog‘inchdan nolalar qilsam,
Sochining atriga nolon seningdek bir me’rojim bor. …

XIX
Ochilib-sochilib yurgin bog‘larda,
Ishqing yuragimda g‘olib chog‘larda,
Buncha chiroylisan, shirin, o‘ktamsan,
Yayrab yuray desam menga sen kamsan…

Xo‘jayli. Nozlimxon suluv maqbarasida (XII asr)

Kimning muhabbati kim uchun maktab,
Kimning ishq taqdiri kimgadir kitob.
Bu tilsiz devorlar,ajib naqshlar
Oshiqlar ohidan aylaydi xitob. ..

Uchrashuv

Qirlar kezdim. Ana, tanish o‘ngurlarim,
Uloq boqib yurar edim bir paytlari.
Yashirishib bolri yutuq-qusurlarim,
Sollanadi yoshligimning daraxtlari.

Esimdadir, kamon o‘ynab yoylar tortdim,
Shahd-la yerga qadaldi-ku bir dona o‘q.
O‘shal o‘qdan o‘sdi bitta daraxtginam,
Bugun undan o‘tadigan baland tol yo‘q.

Hikmat shuki, bu tuproqda sharofat ko‘p,
O‘qlar otsang ko‘klab ketar bulut bo‘yi.
Bujur toshga quloq tutib yig‘layapman,
Axir unda shovullaydi yoshlik kuyi.

Men chimlardan uy qurganda buzilgan in,
Estimdadir uni suvga belaganim.
Keldim bu kun o‘shal damlar uysiz qolgan
Chumolilar uchun uzr so‘ragani.

Tilmoch edim ariqlarga, yalpizlarga,
Chuchmomaning ko‘zlarini ko‘rar edim.
Yomg‘ir yog‘sa, u tog‘larda ovchi otgan
Kiyikning ko‘z yoshi edi , bilar edim.

Lolalarning kosasida uxlab yotgan
Shu’lalarning ortlaridan quvar edim,
Suvga ketgan onasini kutib yotgan
Xonqizini kaftlarimga yumar edim…

Orzulardan bugun yorug‘ peshonam,
Balki kimdir menga erur havasmand.
Dardim aytsam dildan eshitguvchim yo‘q,
Munis suhbatdoshim yo‘q erur faqat.

Uyim-joyim deydi dugonalarim,
Yangi zirak olsa aylashar hayrat.
Uni ko‘z-ko‘z etib charchamaydilar,
Faqat diydor uchun vaqt yo‘qdir g‘alat.

Shu bois boychechak tergani keldi,
O‘zini qirlardan izlagan odam.
Qaniydi gullardek sochilgan dilni
Insonlar oldida etolsaydim jam.

Xayr, shovqinlarga belangan shahar,
Salom qattiqlashgan dilning elagi.
Sog‘ingan kuyimga jo‘r ovoz bo‘lgan
Ketma hech bahorim, suygan ertagim…..

MUXLISGA

Ko‘rdim, yozganimni javoning uzra,
So‘zga ehtiroming yondirdi tamom.
Kitob qatlarida unut ul gulday,
Bo‘y taratsin she’rim o‘qigan hamon.

O‘quvchim, tiynati taqdirga hujjat,
Eng issiq so‘zlarga mushtoq, mubtalo.
She’rda etoldimmi men seni izzat,
Yo so‘zbozlik ila ayladim diqqat?!

She’r-bu ishoratdir, she’r-bu bashorat,
U ushaltirmoqdir dil orzusini.
Ikki palla ichra she’r va ko‘zni qo‘y,
O‘lcha, shoir, ko‘zlar tarozusini!

O‘quvchim, yuz nafar, hatto bir nafar,
Bo‘lsang ham yo‘lingda jonim sadag‘a.
“Nega yozmayapsiz, shoiram,” deya
Aylasang ham mayli bir oz dag‘dag‘a.

Har qayda: uchratsang to‘yda, to‘ychiqda,
Toshikand, Buxoroda yo Sayram ko‘rsang.
Birinchi muhabbat sog‘inchi kabi
Istayman, men senga bir bayram bo‘lsam.

Do‘stni xam, ag‘yorni gar xurram ko‘rsang,
Umringda, ishingda biron kam ko‘rsang,
Istayman, o‘shal kez xonadoningda,
Unutilib, yetishgan bir bayram bo‘lsam.

Yo taskin yo tamkin yo qalb mahrami,
Ne deb atasang ham meni mayliga.
Har bargi tasbehu har harfi shamshir-
Kel, Vaqt daraxtining hislar sayliga!…

TRIPTIX

( Usmon Nosir so‘zi)

Kapalak edim do‘stlar, qanoti adras-shoyi,
Manzilim-keng kelbatli lolazorning saroyi.
Bir g‘am topdim bag‘ringda-mingta dardga davoyi,-
Ey dunyoyi zaharolud!

Kapalakni bolalar to‘r-la asir etdilar,
Lolazordan ayirib, oftobda quritdilar.
Nurni sevgan bu qaro ko‘zni basir etdilar,-
Ey dunyoyi zaharolud!

Kapalak edim,do‘stlar, qanoti adras-shoyi,
Qaqnusga libos bo‘lur bu qanotlar kiroyi,
Emmish-kapalak kuli ko‘r ko‘zlarning davoyi,
Ey dunyoyi zaharolud! ….

G‘AMIMDIN OZODADUR

Falak tiyg‘-shamshiridin
Ayoqda boshim shodadur.
Ne anduhkim, sarvinozim
G‘amimdin ozodadur.

Labima nolayi nusrat,
Qalbima volai kasrat,
Ohimi ohiga qo‘shmas,
Dardi darddan tozadur.

“ San manam, manm sanam”,-
Ore, va’da-va’dadur.
Sayri xarobotni qo‘ykim,
Dil-dilim aftodadur.

Ul yor zulfi qarosinda
Lafzi iymon yotadur.
Uni bir kun kitob qilsam
Dunyo ravshan tortadur.

Ne anduhkim, sarvinozim,
Sarvlardek g‘ambodadur,
Baribir sham’i jamoli
G‘amimdin ozodadur…

* * *

Ey sen tal’at, oy, qamarga etdim qancha taayyunlar,
Gardun,osmon, fazo bo‘ldi jamolingdan taxayyurlar,
Asrlarning tuguni deb kezdim necha Surayyoni,
Qaytdi nochor ortiga ul qancha murg‘, qush va tayrlar.

Tegirmon, charx, kuvi ichra gardga aylandi bu bag‘rim,
Obu gil zahmati uzra tuzilmish asli dayrlar.
Oshiqlik bo‘rkini yech,deb qo‘yarlar boshima xanjar,
Zahar, taryoku og‘uni tutar sharbat deb g‘ayirlar.

Surud, kuy ,nag‘madek tarqaldi elda yashirin bu dardim,
Ishqim sotgan qamishlarga tiladim pok xayrlar.
Umidingni yo‘qotma hech,poyida maysa bo‘lsang ham,
Sarv, sanovbar, arg‘uvoniyni har yerda xo‘b suyurlar.

Nizom, dastur, maqomingni o‘zingdan boshqadan so‘rma,
Ko‘z yumib ko‘zgu bo‘ldim men dilni aylabon sayrlar.
Mizrob, noxun, tirnoqbin-la chiqar toringdan sadokim,
Har kuygan oshiq yurakka davo deb ko‘z-yosh qo‘yurlar…

* * ***

Ko‘ngil berdim bir dunyoi yalmog‘izga,
U-chi,otdi ajdarhoday bir og‘izga,
Shundan beri men u uchun bir sibizg‘a,-
Ey dunyoi zaharangiz!

Ko‘zim yoshi,hasratlarim-sarmoyasi,
Baxt daftarim-oyog‘ida dastmoyasi,
Kin, xiyonat-bir umrlik hamsoyasi,
Ey dunyoi zaharangiz!

U-bir daryo, ikki cheti guvranadi,
To‘lqinida silliq toshlar bezanadi,
Girdobida kokillarim tebranadi,-
Ey dunyoi zaharangiz!

Sohillarda shahzodalar, malikalar,
Kuyla, deydi aylab meni kalakalar,
Sizga yotdir ruh yig‘isi-tahlikalar,
Ey dunyoi zaharangiz!

Ey bilgisiz qudrat, qayda chakmonlaring,
Anglanmagan baxtim, qayda taxmonlaring,
Yuragimni kesib-kesib ko‘rsatayin-
Ishq yarasin davololmas Luqmonlaring!

Garchi daryo o‘rtasida armondaman,
To‘lqinlarga, shamollarga sharmandaman,
Sevilmasam hamki sevgi tomondaman,
Ey dunyoi zaharangiz!…

* * *
Tamom.Siyoh tugab tin oldi qalam.
Ayrilik haqida qildi bashorat.
Bizni balki ming yil kutdi bu olam,
Bu diydor aslida g‘amga ishorat.

Xayr!-Shu so‘z meni turibdi ushlab,
Bildim,men tuyuldim sizga xatarday.
Xayr!-Lol turibman labimni juftlab
Eng so‘ngi o‘qlari qolgan askarday!…

ortiq. QALAMGA

Qalam, nega jimsan, nega bezovta,
Ma’lul qiyofangga tushunmadim men.
Shu kichik jussangga og‘irmi keldi,-
Qalbimning o‘ti-yu zamona yuki.

Gomer yig‘isiga qo‘shilib ba’zan,
Sharqu G‘arb kezasan bilmay masofa.
Barcha bahslarda g‘olib chiqasan,
Chunki donish ketar, qolar falsafa.

Kiyik terisiga bitilgan tarix,
Yo Zanjirsaroyda qolgan qevasan.
Sen o‘z sohibiga bo‘lgan muarrix,-
Qurbon bo‘lganlarni sevasan.

Balki xilxonangda eng go‘zal bitik-
Xalqlarga bitilgan erkning qog‘ozi.
Sokin qitirlashing ketadi bosib,
Tinch ellarni buzgan terror ovozin.

Sensiz ko‘tarilmas g‘alaba tug‘i,
Jallod qo‘lidagi oyboltalar ham.
Istasang olamning xalqlari butun
Bitta tabassuming ila mustahkam.

Bilaman,jigaring tahbatah qondir,
Mo‘min Mirzolarning o‘limi uchun.
Ba’zan xavotiring yolg‘iz imkondir,-
Olmoq bo‘lasan sen mazlumlar o‘chin.

Temur bog‘larining tarhini chizgan
Me’morning poyonsiz xayoli bo‘lding.
Shu nozik qad ila uzun kechalar
Qodiriy,Oybekning qo‘lida kulding.

Shodmiding, ilhomga to‘liqmiding,ayt,-
Navoiy so‘z bilan berganda sayqal.
Men ham dalalarda sho‘r to‘proq kechgan
O‘zbegimga So‘z-la qo‘ysam bir haykal.

Qalamim,burchakda yotma endi jim,-
Chunki yuragimga Elim ko‘z solgan!
So‘yla,men kimlarning bolasi edim,-
Ular Qalam bilan dunyoni olgan!

Soat aniqligi,fikrat kengligi,
Baxtning sibizg‘asi uyqungni buzsin.
Qalamim uchida turgan avlodim,
Kimsan, jamolingni ayla tajassum!…

ShOIR UYQUSI

Bir nafas qalamni oldirib tin u,
Tush ko‘rdi, sanamlar shaydo qildilar.
Bir lahza to‘xtadi shiddat va orzu,-
Zog‘lar bulbullikni da’vo qildilar.

U-chi sergak, tiyrak olmoqda nafas,
Kipriklaridan ham oqar tuyg‘usi.
Da’vo qilishar-u, navo qilishmas,-
Arslon uyqusidir shoir uyqusi…