Faxriddin Hayit (1980)

1980 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. “Ilinj” (2004), “Har yurakda bir Vatan” (2009) nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.

VATAN DEGANI

Osmon, oyu yulduz quyosh ham kerak,
Zarurati bordir tog‘u toshgacha.
Biroq men bilganim — qalbda bir bezak —
Tuproq yo‘lda qolgan izlar boshqacha.

Vatan degani shu bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu — yurakda titroq.
Zax o‘tib nuragan devor pinjida
Qordan omon qolib mung‘ayar tandir.

Uni uloqtirgan olov zahmiga
Bizni odam qilib yaratgan taqdir.
Vatan degani shu bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu — yurakda titroq.

Bolaligim mening asov tulporcha,
Oyog‘im shilingan toshga urilib.
Onam chang ko‘chadan hovuchlagancha
Tuproqni malham deb bosar egilib.

Vatan degani shu bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu — yurakda titroq.
Ota ulug‘ zotdir, suyanchdir padar,
El doim ishonar oqillariga.

Tayanib yashayman imkoni qadar
Otamning pur hikmat naqllariga.
Vatan degani shu bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu — yurakda titroq.

Kim qanday anglaydi, qanday tushunar,
Tuproq iforiga to‘la tonglarim.
Shundan haloldirsan, shunday hokisor,
Mening ona xalqim bug‘doyranglarim:

Vatan degani shu bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu — yurakda titroq.

SARATONDA

Qorachig‘lariga cho‘g‘ bosar oftob,
Ayvonda behadik mudraydi qumri.
Qafasda bedana qiladi xitob:
Nahotki shu taxlid o‘tadi umrim.

Daraxtda chug‘urchuq qilar xarxasha,
O‘choqning boshida chumchuq galasi.
Sokin uy ichida dil qulfin yechar —
Yangraydi onamning hazin allasi.

Tomning biqinida ovvora momom,
Tonggi ibodatga ko‘rar taraddud.
Namsiz lablarida aylanar kalom:
Tangrim bandalaring gunohidan o‘t.

Quloqqa chalinar devor ortidan
Tunlari ham bedor qizlar kulgusi.
Tomirlarni chertib yurak qatida
Ulg‘ayar sheryurak yigit g‘ulusi.

Salqin go‘sha izlar olovli fursat,
Kimdir chekkan bo‘lsa yoz ozoridan.
Saharlab otlangan bir otam faqat
Hali qaytgani yo‘q paxtazoridan.

AYoL

Nozik ta’b, bir shirin jilvangda — dunyo,
Sen eksang toshda ham gul bitar, Ayol.
Ba’zan mamlakatni, bir butun xalqni
Zaminda eng buyuk el etar Ayol.

Tilga shu so‘z kelsa, aytsa bo‘ladi,
Uning jasorati yov yo‘liga band.
Vatanga eng sodiq inson bo‘ladi
Ona mehri bilan ulg‘aygan farzand.

Suyukli yurtdoshim, dildoshim mening,
Kel, ta’zim aylaylik boshimiz egib.
Avval onamizga… Balki ming bora…
Ayvonda o‘tirgan yo‘lga ko‘z tikib.

Hayot yo‘llarida yo‘ldoshi latif,
Rafiqam, azizam, bunyodkorim.
Qaddim ta’zimdadir, qalbim ta’zimda
Unga baxshidadir har yo‘g‘u borim.

U — shahdi shiddati, iffati aziz,
U — qaddi kamoli xushro‘y gul misol.
Shubhasiz dunyoni suyab turibdi,
Qalbi muhabbatga yo‘g‘rilgan Ayol.

MUROJAAT

1

Ko‘pchib boraverar yurakda hadik,
Qalb bir xavotirni tuyayotganday.
Tasalli izlayman o‘zimga ha deb,
Men seni yo‘qotib qo‘yayotganday.
Yomg‘ir yog‘averar tonggacha betin…
Og‘ir tin oladi ko‘ksimda yurak,
Dil yorar na bahor nasimlariga.
Nahotki termulib yashashim kerak
Kaftimda armonning rasmlariga.
Yomg‘ir yog‘averar tonggacha betin…
Qo‘y-a, ishonganim sen deb yuraman,
Menga hadya etgan hayot totini.
Men seni shunchalar yaxshi ko‘raman,
Hatto qarolmayman senga botinib.
Yomg‘ir yog‘averar tonggacha betin…

2

Osmon, abrlarni parchala osmon,
G‘ujg‘on yulduzlarni boshim uzra soch.
Hatto ko‘klam bu yil uyg‘atolmagan
Daraxt novdasidek sevgim yalong‘och.
Tumanlar ichida bir mavhum sharpa,
Zeriktirib qo‘ydi tomchilar sasi.
Uyg‘otib yubordi meni bu da’fa,
Nogoh ilk sevgining harir nafasi.