Farida Afro‘z (1956)

Farida Afro‘z (Bo‘tayeva Farida) – 1956 yil 5 martda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1994 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Uning «Qirqkokilligim», «Iztirob ko‘ylagi», «Tunlar isyoni», «Ko‘zim manim…», «Qurbonjon dodxoh» tarixiy dramasi, «O‘zimdan o‘zimgacha», «Poka yest na zemle razluka…», «Ot Faridы Afruz» (Moskva), «Gun aydin» (Istambul), «Ushshoq», “Tasbih”, “O‘sha kun – bugundir” singari she’riy to‘plamlari chop etilgan. She’rlari rus, turk, ingliz, nemis, frantsuz, fors, uyg‘ur, ozor, gagouz, xitoy, koreys tillariga tarjima qilingan.
O‘z navbatida shoira jahon adabiyotidan yapon haykularini, turk she’riyatidan Mustafo Otaturk, Ziyo Ko‘kalp, Husayn Otsiz, Dog‘larja, Ismat O‘zal she’rlarini, fors she’riyatidan Mehri Hirotiy hamda zamonaviy fors she’riyatidan Zahro Abul Husayniy, Sudoba, Soya Kabiriy g‘azallarini, zamonaviy qozoq va qoraqalpoq she’riyatidan va amerikalik ruhshunos Deyl Karnegi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Farida Afro‘z hozir «Afro‘z rekords» ovoz yozish studiyasining bosh direktori lavozimida ishlamoqda.

* * *

Ko‘klab ketdi
Ko‘ksimdagi nayzalar,
Gul ochmoqda,
Kiprigimda maysalar,
Bir bor kelar,
Ming yilda bu lahzalar,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.

Entikadi,
Yuragimdek daryolar,
Har kurtakda
Kular bo‘ldi dunyolar,
Qorday bugun
Erib bitdi ro‘yolar,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.

Kunduz bilan
Tunlar bugun tenglashar,
Musichalar
Bir-birovin «siz»lashar,
Va nihoyat,
Oshiq dillar tillashar,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.

Sen bahona,
G‘uncha ko‘nglim ochardim,
Yor poyiga
Atir so‘zim sochardim,
Boshim olib,
O‘zim o‘zdan qochardim,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.

* * *

H-e-e-y,
Jonini jabborga berayotgan zot,
Qumloqqa imorat qurayotgan, zot,
Muzga gul urug‘in sepayotgan, zot,
Ayting-chi,
Umringiz uvol emasmi?

H-e-e-y,
Shamolga sirini aytganlar, ayting,
Yomg‘irga kaftini tutganlar, ayting
Qimorga dunyoni yutganlar, ayting,
Ayting-chi,
Umringiz uvol emasmi?

H-e-e-y,
Quyoshning nurini chiroq deganlar,
Oyning hilolini o‘roq deganlar,
Qosh bilan qaboqni yiroq deganlar,
Ayting-chi,
Umringiz uvol emasmi?

H-e-e-y,
Mehrni o‘zidan, qizg‘angan kimsa,
Yo‘q joydan g‘avg‘olar qo‘zg‘atgan kimsa,
Tinchlikni to‘zonday to‘zg‘itgan kimsa,
Ayting-chi,
Umringiz uvol emasmi?

H-e-e-y,
Qahqaqa bilmagan, soxta tabassum,
Gullarga termulib, gullamagan zum,
To‘rt fasl barobar qaxraton mavsum,
Ayting-chi,
Umringiz uvol emasmi?

H-e-e-y,
Uch yuz yil qarg‘adek yashamoqmi, ahd?
Toshbaqa qasrida orzungizmi, taxt?!
Siz Hazrati inson, shuning o‘zi baxt!
Ayting-chi,
Umringiz uvol emasmi?

* * *

Tozarmoq istasang, sevgiga yukin,
Muhabbat suvin sep, qaqroq dunyongga.
Behuda kunlaring armon-la boqar,
Ertangga ishonch ber, yetsin oshyonga.

Tozarmoq istasang, ishqdan so‘ylagin,
Toki yonib ketsin, vujuding, taning.
Qusurlar, unsurlar, nafslaring yonsin,
Shaffofga aylansin, ko‘ngling- vataning.

Tozarmoq istasang, kimnidir sevgin,
Oshiq bo‘l, ma’shuq bo‘l, bo‘lgin devona.
Hirslar lashkarining zavoli shudir,
Poklanish yo‘li shu, shudir yagona.

Tozarmoq istasang, sevishni o‘rgan
Bo‘ronu to‘fonni, oyni, quyoshni,
Dengiz suvlari ham yuvolmas, agar,
Dilingga cho‘kkan u nafratni – toshni.

Tozarmoq istasang, oddiy yaxshi ko‘r,
Borini boricha sevgin, betahlil.
Bu dunyo beishqni aylar-ku, abgor,
Ajab, u dunyo ham etmasmish qabul.

* * *

Opa, ona bo‘lolmading, onamdan keyin,
Yukundim, yugurdim, chopdim yoningga.
Sen esa ro‘zg‘orning loyiga botding,
O‘z bolalaring jon bo‘ldi, joningga.

Garchi, mehribonsan, beadad, behad,,
Menga tikan kirsa, jonlaring xalak.
Qush sayrasa, nogaxon, singlim kelar deb,
Jizzali non yopib, kutarsan ilhaq.

Aka, ota bo‘lolmading, otamdan keyin,
Izladim, bo‘zladim, yoningga chopdim.
Sen esa, ro‘zg‘orim, o‘g‘lim, qizim deb,
So‘rab borsam, doim mehnatdan topdim.

Garchi, qalqonimsan, temirday qo‘rg‘on,
Sha’nimga himoyat, qilichning dami.
Yaqin kel,suyanchim – uzoqdagi tog‘,
Sen borsan, hech gapmas, dunyoning g‘ami.

Mayli, bu ta’namas, ming bora uzr,
Yuragim o‘rtandi, o‘kindim bir oz.
Men-da, qiz bo‘lmadim, ikkingizga ham,
Otamni, Onamni sog‘indim xolos…

* * *

Sendan
sh a f q a t
kutgandan ko‘ra,
Qurigan daraxtga yig‘layman,
Etagim olmaga to‘ldirar.

Sendan
m ye h r
kutgandan ko‘ra,
Ajdahoga borib bo‘zlayman,
Bag‘rimda bolamday uxlaydi.

Sendan v a f o
kutgandan ko‘ra,
Ko‘ksimga xanjarlar ekaman,
Bexato ko‘karar, gullaydi!

* * *

Men o‘zi kimman
tashlandiq quduq,
yomg‘irlarning esidan chiqqan,
baliqlari tashna,
jon bergan,
qamishlari o‘yib naylangan
tashlandiq quduq.

Sen o‘zi kimsan,
suvga cho‘kkan tosh,
qoyalarning yodi o‘chirgan,
zilzilada to‘qilgan duv-duv,
cho‘qqilardan mangu haydalgan
suvga cho‘kkan tosh.

Ishq o‘zi nima,
eski tegirmon,
dunyolarning xotirida yo‘q,
boyo‘g‘lilar in qurgan unda,
shapalaklar yayragan makon,
ikkimizni donday yanchigan
eski tegirmon.

* **

Ruh shamoli tanni qaqshatdi,
Chaqmoq vujud olov sachratdi,
Kecha yoqqan yomg‘ir charchatdi,
Kel, bugunni bayram qilaylik.

O‘tgan kunim nadomat, armon,
Orom bilmas sargardon bu jon,
Esiz, umr o‘rtada sarson,
Kel, bugunni bayram qilaylik.

Azal jonga zavol andesha,
Bu dunyoda yolg‘iz ishq pesha.
Ayrilmoqqa o‘chmiz hamisha,
Kel, bugunni bayram qilaylik.

O‘pib tursa sochlaringni nur,
Baxt neligin kapalaqdan so‘r,
Ne bo‘lsa ham tur, o‘rningdan tur,
Kel, bugunni bayram qilaylik.

Axir seni ko‘rganim tushmas,
Xayolingsiz hushlarim qushmas,
Osmon sinib, zaminga tushmas,
Kel, bugunni bayram qilaylik.

Bir xo‘rsinsam, qaytib kelar soy,
Ayt, tilaging ayt, deb kelar soy,
Qaytib jonni qay yerdan olay,
Kel, bugunni bayram qilaylik.

Tongim balki armonlarga soz,
Ishq qismati ikkimizga rost,
Men entikib chorladim, xolos,
Kel, bugunni bayram qilaylik.

* * *

Ayolni sev,
ayolga yolbor,
Ming bir kecha ertaklaring ayt,
Alpomishlar tug‘ib beradi.

Ayolni sev,
ostonasin o‘p,
Qasr qurma, ko‘nglini so‘ra.
Balo kelsa, turib beradi.

Ayolni sev,
o‘laman degil,
Ishq yaratgan parvardigordan,
Senga umr so‘rab beradi.

* * *

Yuragimning qayeridir kuyadi,
Simillaydi,
charsillar, sanchar,
Go‘yo ming yil yuraksiz yashab.
Bir qadoq og‘riqqa kunim qolganday…

Seni sog‘inganman…
Ko‘zimda daryolar jimirlar asta,
Ufuradi,
bug‘lanar, toshar,
Go‘yo ming yil toshqinsiz yashab,
Bir tomchi iqrorga kunim qolganday…

Seni sog‘inganman…
Hushyor tortar ruhim – imtihon berar,
Qaltiraydi,
dildirar, titrar,
Go‘yo ming yil ko‘ngilsiz yashab,
Bir ahmoq aqlga kunim qolganday…

Seni sog‘inganman…
Derazamni yopaman, etim uchadi,
Jondan o‘tar
izg‘irin, shamol.
Go‘yo ming yil quyoshsiz yashab
Bir nuqra cho‘g‘ingta kunim qolganday…

Seni sog‘inganman…
Seni sog‘inganman,
oh, nima qilay,
Nima qilay, axir, ayt, nima?!
Go‘yo ming yil seningsiz yashab,
Bir yutim ajalga kunim qolganday…

Seni sog‘inganman…!

* * *

Ona yer – tufroq qolib,
osmon bilan ovvoramiz,
Jon berib, joning olar, jon bilan ovvoramiz.

Ko‘zlaringta jovdirar,
sarson visol, sargashta ishq,
Yosh to‘kib, yirtib yaqo, hijron bilan ovvoramiz.

Tegramizda hur malaklar,
biri singil, biri yor,
Insof qolib, inson qolib, shayton bilan ovvoramiz.

Otamiz mezbon edi,
oh, onamiz mezbon erur,
Zor etib har ikkisin, mehmon bilan ovvoramiz.

Har nafas yoningda dildosh,
har mushkulotingga yechim,
Yaxshilar bunda qolib, yomon bilan ovvoramiz.

Chin haqiqat yo‘li boshqa,
chin vafoliq o‘zgadir,
Haq qolib, iymon qolib, yolg‘on bilan ovvoramiz.

Ko‘ngli ummon kimsalarning
jilg‘asidin suv ichib,
Roz qolib, e’zoz qolib, to‘g‘on bilan ovvoramiz.

Har kishiki, ko‘zi ochdir,
ko‘r qilar, to‘zoni ganj,
Yo‘l ko‘rsatar sarbon qolib, karvon bilan ovvoramiz.

Bizni Haq hur ayladi,
nur ayladi, ozod etib,
Har tarafga qulf urib, qo‘rg‘on bilan ovvoramiz.

Kimki bizga intizordir,
Farid Afro‘z chin so‘zim,
Jonim nisor, chin do‘st uchun qurbon bilan ovvoramiz.

* * *

Sog‘inib kelasan yonimga,
Ketasan, yana ham sog‘inib…
Yo‘lingga termulib yashayman,
Men g‘arib, men g‘arib, men g‘arib.

Sog‘inib yozasan maktublar,
O‘qiysan, javobim sog‘inib…
Yo‘lingga ko‘z tikib yashayman,
Ranglarim sarg‘arib, sarg‘arib.

Sog‘inib, tiz cho‘kib poyimga,
Termulib ko‘zimga – sog‘inib…
Shu yo‘sin armonga bo‘y bermay,
Yashaymiz sen g‘olib, men g‘olib –
SOG‘INIB…

* * *

Bugun men chiroyli bo‘lishim kerak,
Hammadan go‘zalu hammadan ko‘rkam.
Allohim, bir kunga shavqimni qaytar,
Baxtim yuzin ko‘ray, bir bora men ham –
Bugun men,
uni ko‘raman.

Atirgul, ko‘ylaging berib tur menga,
Sochlarim to‘zg‘itma ey, daydi shamol.
Allohim, bir kunga husn ato et,
Oy, nuring qizg‘anma, bo‘lay oyjamol –
Bugun men,
uni ko‘raman.
Yuragim hapqirar – sog‘inchga to‘la,
Qushlar, chug‘urlashma, nasihat sig‘mas.
Allohim, bir kunga olov qil meni,
Ko‘ksimga bosh qo‘ysin, quyosh qil, so‘nmas –
Bugun men
uni ko‘raman.

Jaranglab ochilsin, sir sandiqlari,
Sharqirab toshsin-ey, ehtiros-daryo.
Allohim, bir kunga devona qilgin,
G‘amlaring unutgil, kulib tur dunyo –
Bugun men
uni ko‘raman.

O, sen, ishq, muhabbat, jununvash tuyg‘u,
Shijoat, samoviy parvozga shaylan.
Allohim, bir kunga aqlimni olgin,
Bir kun yashab kelay, shu ko‘ngil bilan –
Bugun men
uni ko‘raman.

* * *

Yuragim, sanchima, og‘rima,
Bo‘lar ish bo‘larkan, bizsiz ham.
Ishtirok etmoqlik shart emas,
To‘linoy to‘larkan, tunsiz ham.

Azaldan taqdirlar bitilgan,
Biz esa misoli qo‘g‘irchoq.
O‘zmoqchi bo‘lamiz vaqtdan ham,
Yonamiz, kuyamiz – shamchiroq.

Ko‘nglimiz biladi, sezadi,
Lek aql takabbur, mustasno.
Xayolning cho‘llari bepoyon,
Orzuning bog‘lari tamanno.

Yuragim yig‘lama, o‘rtanma,
Vujudim, ruhimga sultonsan,
Sen borsan, quvonch bor, iztirob,
Sen alam, armonga vatansan.

Yuragim, sanchima, og‘rima,
Bo‘lar ish bo‘larkan, bizsiz ham.

* * *

Nima qilib qo‘yding meni,
Misli naqqosh o‘yding meni,
Sehrgarim, o, muhabbat,
Mendan ortiq suyding meni.
Nima qilib qo‘yding meni,

Yuragimga bir o‘t tushdi,
Xayollarim qushday uchdi,
Sehrgarim, o, muhabbat,
Qadim tog‘lar, qoya ko‘chdi…
Yuragimga bir o‘t tushdi.

Ishqim bilan ko‘ksim yoray,
Sharob bering, oh, sipqoray,
Sehrgarim, o, muhabbat,
Kech kuzimda bir ko‘karay,
Ishqim bilan ko‘ksim yoray,

Endi g‘amlar gardday uchar,
Ko‘zim dunyo rangin ichar,
Sehrgarim, o, muhabbat,
Endi meni baxtlar quchar,
Endi meni baxtlar quchar….

* * *

Tun…
Yomg‘ir..
Sehrli kecha…
Qurbaqalar misoli hofiz…
Jo‘rovoz kuylar….

Tun…
Yomg‘ir..
Sehrli kecha…
Issiq bag‘ir…
Qaynoq bo‘sa,
Labni kuydirar…

Tun…
Yomg‘ir..
Sehrli kecha…
Yurak chopar misli chavandoz,
Qon ko‘pirar, tomirga sig‘mas,
Evrilishlar go‘zal, bepardoz.

Tong…
Quyosh..
Sehrli sahar…
Yomg‘ir tinar, tinar ehtiros,
Erinib uyg‘onar to‘xtab qolgan vaqt…

* * *

Quriyotgan daraxtning shoxlariga gul bitdi,
Qushlar kelib sayradi, qoq yog‘ochga til bitdi,
Sensiz yashab bo‘lmaydi,
sensiz endi kunim yo‘q,
Har po‘stlog‘in qatiga muhabbatim – dil bitdi.

Xayollaring shavqidan to‘lib-toshib yashayman,
O‘sha mag‘rur boshingga bag‘rim bosib yashayman,
Sensiz yashab bo‘lmaydi,
sensiz endi kunim yo‘q,
Kelar yo‘ling poyiga jonim to‘shab yashayman.

Shamol yelar betinim, jimirlaydi yaproqlar,
Yomg‘ir yoqqan sahroday, huzur qilar tuproqlar,
Sensiz yashab bo‘lmaydi,
sensiz endi kunim yo‘q,
Ming bor otash o‘tida kuydiradi titroqlar.

Endi sening bo‘yningda bilaklarim gullaydi,
Bellarimga chirmashib, gul pechaklar bo‘ylaydi,
Sensiz yashab bo‘lmaydi,
sensiz endi kunim yo‘q,
Bo‘lmaydi, hey, bo‘lmaydi, sensiz yashab bo‘lmaydi!