Erkin Samandar (1935-2024)

Erkin Samandar 1935 yili Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Navxos qishlog‘ida tug‘ilgan. Xorazm Davlat pedagogika oliy bilimgohini tugatgan. Xorazm viloyatining nohiya ro‘znomalarida, «Xorazm haqiqati» ro‘znomasida, «Yoshlik» hamda O‘zbekiston radiotelevideniyesi adabiy-dramatik ko‘rsatuvlari bo‘lim boshlig‘i, Respublika Vazirlar mahkamasi raisnning o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Uning birinchi she’riy to‘plami «Amu jilolari» nomi bilan 1966 yilda chop etiladi. So‘ngra «Osmon to‘la nur» «Dunyoning yoshligi» (1970), «Vafo degan gavhar» (1975), «Sevgi fasllari» (1973), «Shedrost rassveta» (1973), «Mening yigit vaqtim» (1979), «Qabul soatlari» (1980), «Sohildagi bolalar» (1982), «Saylanma», «Yurakka yo‘l» kabi o‘ndan ortiq she’riy majmualari chop etilgan. 2024 yil 14 aprel kuni Urganch shahrida vafot etgan.


BAHOR OQShOMLARI

(Turkum)

* * *

Guldek kular olam beozor,
Guldek atir sochadi cho‘p ham.
Chunki kelmish elimga bahor,
Chunki kulmish dilimda ko‘klam.
Simyog‘ochda qushlar chug‘-chug‘ur,
Bir-biriga so‘ylaydi ertak.
Chunki bog‘da tug‘ilmishdir nur,
Yuragimda bo‘rtmish gulkurtak.

* * *

Ikki tundir seni kutaman,
Ikki tundir sen — aytar so‘zim,
Har sharpaga quloq tutaman,
Har nuqtaga tikaman ko‘zim.
Ikki tundir bag‘rim bo‘lib xun
Sifat topdim husningga o‘xshash:
Bu ikki tun sochingday uzun,
Bu ikki tun qoshingday tutash.

* * *

To tonggacha suhbat qurdik biz,
Yodga oldik visol onlarin.
Orzulardan yayrab ikkimiz,
Esladik ishq xiyobonlarin.
Uchmas unda biz qoldirgan iz,
Gullarga rang berar jamoling.
So‘zlashdik shu haqda ikkimiz—
Men va sening shirin xayoling.

* * *

Sevaman. Borlig‘im tilsimda,
So‘zimni sabolar tinglasin.
Men bilan birlashib kulsin-da,
Men bilan qo‘shilib yig‘lasin.
Se-va-man! Mayliga eshitib,
Tog‘, dara hayratda qolsinlar.
Saboyu, tog‘u tosh ko‘plashib
Sevgimni dildorga aytsinlar.

* * *

Aprel. Sarxush, sarmast bir oqshom,
Men o‘t edim, sen olov eding.
Sevaman, deb men ichsam qasam,
Sen ham dildan, sevaman, deding.
Qancha kutdim shu bitta so‘zing,
Bormi endi menda ham armon.
Tong otgach, o‘z so‘zingni o‘zing
Unutma deb faqat qo‘rqaman.

* * *

Yuragingni muz deb bilardim,
Ilimaydi, derdim hech qachon.
Dnlingda qish qahrin ko‘rardim
Kulganida yurtda saraton.
Qanday otash bag‘ringda yondi,
Qaydin keldi olov tanangga!
Men ne uchun quvonmay endi
Muz deganim bo‘lsa alanga.

* * *

Men yomon ekanman sening nazdingda,
Yuzimga aytganing uchun tashakkur.
Erku ixtiyorim olib o‘zimdan,
Meni yomon qilgan ko‘zingdagi nur.
Yuzdagi xolingdan men yomon bo‘ldim,
Labdagi jilvangdan yomonman, hayhot.
Men kabi «yomonlar» bo‘lganlar, bildim,
Bittasi Majnundir, bittasi Farhod.

* * *

Otaver, otaver ta’na toshini,
Horib-tolguningcha, to‘yguningcha ot.
Ayollar qo‘lida bu tosh otilib,
Avloddan-avlodga o‘tuvchi bisot…
Kelding deb ot uni, kelmading deb ot,
Sevding deb ot uni, sevmading deb ot.
Ta’nang toshlariga beradi bardosh
Kipriging o‘qiga chidagan bu bosh.

* * *

Ikki toifaga bo‘linmish bashar,
Bor erur yashashning ikki ma’nosi.
Bu dunyo ichida ikki dunyo yashar:
Oshiqlar
Va ishqsizlar dunyosi.
Birinchi dunyoda to‘rt fasl ko‘rkam,
To‘rt fasl odamning ishqdir hamdami.
Sening hamdaming ne, bilolmam hech ham,
Ey, ikkinchi dunyo odami?

* * *

Achinmayman achchiq kunlarga,
Dilga oshno zilday og‘ir dam.
Hayot borki, azal-azaldan
Nasibadir oshiqqa sitam.
Boshqa bo‘lar toti sevgining,
Suyilganlar, suyganlar bilar,
Achchiq damning shirinligini
Ayriliqda kuyganlar bilar.

* * *

Yupataman ko‘nglimni gohi,
Vaqti yo‘qdir deyman kelishga.
Kunlar o‘tib va suvlar oqib,
YoZ kelmasa, kelar-da qishga…
Kelmadi deb kuymam armonda,
Hijron meni etolmas karaxt.
Uning bilan bitta zamonda,
Bir zaminda yashash o‘zi baxt.

* * *

Jilg‘a kuylaganda senmisan, debman,
Tanbur kuylaganda senmisan, debman.
Uqdayin otilib chiqibman boqqa,
Bulbul sayraganda senmisan, debman.
Utli xonishingga zor etding, axir,
Oyoq tovushingga zor etding, axir.
Shunchalar zor etish ra’ying bor ekan,
Ne uchun o‘zingga yor etding, axir!

* * *

Goh kulib tashlar nigoh,
Hajrida o‘rtaydi goh.
Goh sahar yo‘l poyladim,
Gohi tun oh-voyladim.
Ham meni xon ayladi,
Ham meni qon ayladi.
O‘zi bir tinchgina qiz,
O‘zi bir kichkina qiz.

* * *

Sen tog‘larga olib keldiig nur,
Tog‘lar senga qo‘shiq berdilar.
Senga qoya osmoniy g‘urur
Va o‘zining yoshini tilar.
Men tog‘larga seni deb keldim,
Tog‘lar menga ishq berdilar.
Menga qoya boqar-da, pok dil
Va o‘zining bardoshin tilar.

* * *

Musaffodir bu kunlar borliq,
Navbahorning quchog‘i gardsiz.
Maysalarda tirnoqcha dog‘ yo‘q,
Nurday toza lolayu yalpiz.
Umrimizda toza bir davron
Gul ochmoqda navbahor misol.
Sevgi bog‘i kulsin deb alvon,
Kurtak yozib kelmoqda visol.