Ergash Shermat Buloqboshi (1910-1995)

Ergash Shermat (Buloqboshi) 1910 yili Farg‘ona vodiysining Xo‘jaobod tumanidagi Buloqboshi qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Ota-onasidan ancha erta yetim qolib, qarindoshlar qaramog‘ida o‘sdi. Oldiniga eski maktabda ilm oladi, 1926 yili Toshkentga kelib ma’rifat bilim yurtiga o‘qishga kiradi.
1931 yili Toshkent huquqshunoslik institutida bilim oldi. Uni bitirgach, Toshkentdagi Sovet qurilishi va huquq instituti aspiranturasiga o‘qishga kirib, uni 1936 yili tugatdi. Aspiranturada o‘qib yurgan davrida ishlay boshladi, zavod-fabrikalarda tashviqot-targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullandi, Toshkentdagi Behbudiy nomli texnikumda va Lohutiy nomidagi Davlat teatr texnikumida ijtimoiy fanlardan dars berdi.
II Jahon urushidan keyin Ergash Shermat Germaniyada yashadi. “Ozodlik” radiosida xizmat qildi, “Milliy adabiyot”, “Milliy Turkiston” majmualarini tuzdi va yangi asarlar yaratdi. 1958 yilning boshida AQShga ko‘chib keldi va o‘z “men”ini shu erda kashf qildi: she’rlar yozdi, suxandonlik qildi, siyosatshunoslik bilan shug‘ullandi, jamoat ishida ishtirok etdi. Avval Chikagoda, keyinchalik Vashingtonda yashadi. “Amerika ovozi” eshittirishlarida qatnashdi, professor sifatida universitetlarda siyosatshunoslikdan lektsiyalar o‘qidi. «Turkiston-Amerika» assotsiatsiyasi asoschilaridan biri sifatida amerikalik turkistonliklar orasida hurmat qozondi.
U o‘zbek adabiyotini juda sevar edi, shoirlikka ixlosi baland bo‘lganligi sababli “Buloqboshi” taxallusi bilan ko‘pgina ta’sirli she’rlar yozadi. Uning she’rlari xalqimiz ozodligi yo‘lida, mustamlakachilarga qarshi nafrat ruhida yozilgandi.
…1992 yili Ergash Shermat yarim asrlik judolikdan so‘ng O‘zbekistonga kirib keldi… Shoir vatanida farzandlari, nabiralari, yaqinlari, qarindosh-urug‘ va do‘stlari bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldi. Tashrif so‘ngida shoir Buloqboshining Toshkentda, “Bilim” jamiyatining katta zalida O‘zbekiston Adiblar ittifoqi a’zolari, o‘zbek ziyolilari va jurnalistlari bilan uchrashuvi ko‘pchilikning esida qoldi. Mazkur uchrashuvda mashhur adiblar Ozod Sharafutdinov, Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, Naim Karimov, Ikrom Otamurod va boshqalar vatanparvar, yurtimizning fidoyi farzandi Ergash Shermat to‘g‘risida dil so‘zlarini bildirdilar.O‘sha kuni Buloqboshi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi etib saylandi.
Ergash Shermatning etti farzandi va ko‘plab nabirasi bor. Alijon (asl ismi Alfred, uni otasi Alfred Nobel sharafiga qo‘ygan) va Emin o‘g‘illari hamda Dilbar, Nabiha, Nuron, Shukron va Xolida ismli qizlari bor. Xotini Xadichabegim hozir farzandlari bilan Vashington shahrida yashamoqda.
Ergash Shermat 1995 yil 13 mayda vafot etgan.
Mavlon Shukurzoda

MEN –JARChI

Sen – go‘zal yurt sevgisila,
Oh-fig‘on chekdim hamon,
O‘zgalarga bosh egish-
Nomus-la o‘lmakdan yomon.

Kelsin endi senga ham
Erkli davr surmak zamon,
Tunda aylanish bukun-
Serquyoshli kunlarim.

Gulbahor kelguncha tarqar,
Erk chaqirg‘on unlarim!
Kuylamak erkni, hayotni-
Xizmatim, burchim erur.

Haq yo‘lin so‘zlash uchun
Zo‘r kuchni o‘z xaqim berur.
Har zamon o‘smak yo‘linda,
Birlashib ishlash zarur.

Na’ra tortib atayin men:
Yashasin milliy g‘urur!
Tunda aylanmish bukun-
Serquyoshli kunlarim.

Gulbahor kelguncha tarqar
Erk chaqirg‘on unlarim!

BU ZAMON

Ahtarmagan joy qolmadi,
Topmadim hech bir vafo.
Bu dunyoning har eridan
Topg‘anim bo‘ldi jafo.

Qayg‘a borsam unda ko‘rdim,
Ho‘rlik yoki sohtalik.
Bilmadim bo‘lurmikan
Dunyo yuzi bir kun yorug‘.

Qorni och-la ishi yoqdir,
Kimning qorni bo‘lsa to‘q.
Garchi yillar dodlasang-da,
Sen bir tinglovchi yoq.

Tinchlanishni istasang,
Kuchga ega bo‘lmoq kerak.
Shu zamon sendan ketar,
Jabru jafolar bedarak.

Kuchsizlik g‘oyat yomondir,
Kuch demak nadur o‘zi?
Kuch demak ulki, iymondir.
Unga yoq hech bir muvozi.

HAYoT UYG‘ONAJAK

Kundan kunga isib borardi havo,
Umid-navbahordan bergancha darak.
Ildiz, kurtak otib chiqardi go‘yo,
Ayoz- qish qismatin tan olmay yurak.

Hayot- o‘lim tortishardi g‘oyat zo‘r,
Bu dunyoning aziz ishi zotan bo‘l.
So‘lgan hayot albat qayta uyg‘onur,
Ulug‘ tangrim yaratgan qonuni shul.

VATAN TUG‘I

Men Turkistonli, mag‘rur bir turkman,
G‘ururim cheksiz, yo‘lim istiqlol.
Kurashda doim do‘stlar-la sherikman,
Tug‘imiz nishoni – yulduz-la hilol.

Tug‘imiz bamisoli ko‘k bilan taqlid,
Ko‘kning nishoni bizga-da simvol.
Bu tug‘ ostinda minglab mujohid,
Kurashar, olmoq-chun miliy istiqlol.

Turkiston o‘lkam, jonajon yurtim,
Noming jaranglar burro tillarda.
Senda quvonib, ochisin bahrim,
Mehring joylashgan toza dillarda.

SOG‘INCh YO‘LIDA

Nihoyat keldi so‘zasjga ho‘p choq,
Borlig‘in qaynar, go‘yo yosh buloq.
Kel, yonimga kel, yuzimga bir boq,
Bergin go‘zalim, so‘zimga quloq.

Bo‘laylik ikkimiz ajralmas bir yor,
Yoq dema so‘zimga go‘zalim zinhor.
Qiz jamoling xo‘p to‘lishgan bahor,
Qilay senga men dardimni izhor.

Azob osonmas, tushungil, bilgil
Ammo azob-la so‘nmas sog‘ ko‘ngil.
Ko‘nglimiz dilimiz go‘yo Hulkardek,
Tun bag‘rin yorsin, chaqnasin bir –yak.

O‘zing bilsanki, azaldan beri,
Umidimiz ham yolimiz birdir.
Ikkimizni ham tortuvcha vatan-
Go‘zal yurtimiz ulug‘ Turkiston.

BO‘G‘MANGIZ

Nima…
jinoyatmi,
o‘z yurtni sevmak?
Vatan yo‘linda ishlab,
xalqiga sevilmak?
Yashamoqdan na ma’no,
bo‘lmas-kan unda sevgi?
Hayot – sevgi vodiysi…
Sevgisiz hayot-
bu bir kulgi…
Qo‘ying…
Sevgi tarannum etsin,
Hayot qonun budir.
Har jon niyatga etsin,
. . . . . . . . . . .
Nega bo‘g‘asiz uni?

ChO‘LPON

Bo‘lsa yurting go‘zal bog‘-
xalqing unda bog‘bon,
Bog‘dagi bulbul bo‘lib-
sayrar eding sen,Cho‘lpon
Seni o‘stirgan makon-
Bobur shahri Andijon,
O‘zxaqining farzandi-
Abdulhamid Sulaymon.
Topting tarbiya, o‘sding-
xush havo bir muhitda,
Shoir bo‘lding: kuylading-
bo‘lsin deb, hurik yurtda.
Senga jo‘r bo‘lib hamon-
tinmay kuyladi Mag‘jon,
Tushunganing har zamon-
edi yurting Turkiston.
Sen chaqnagan chiroqding-
o‘chirmak istadilar,
Begonalar-chi maddoh-
bo‘lmoqqa qistadiar.
Bo‘mading maddoh o‘zga-
kiymading niqob yuzga,
Qaynar ilhoming buloq-
har so‘zingda shamchiroq.
Yoving o‘chirdi seni-
avji chaqnar chog‘ingda,
Yo‘l bermay sayrash uchun-
o‘z yurtingda, bog‘ingda.

JUDOLIK OXIRI KELGAY

Bu kunar ko‘p azob kunlar,
Vatansiz oh-fig‘on ichra.
Kechar boshdan na mushkullar,
Yurib begonalar ichra.
Judolik o‘ti yondirsa,
Qilib ko‘ksimni yuz pora,
Boshim og‘mas, umid so‘nmas,
Toparman bunga bir chora.
Bu kunlar ohiri kelgay,
Ulug‘ yurtimni ko‘rgayman,
Zimistonlikka nur tushgay,
Farog‘at kunni ko‘rgayman.
Judoik zulmidan ozod,
Aziza yorimni ko‘rgayman.
Qanotimni yozib hur-shod,
Jannati dunyoni ko‘rgayman.
Ochib yurt qo‘yniga oq yo‘l,
Borarman qayta yoningga.
Mehr-shafqatga to‘lgan ul,
Haroratli quchog‘inga.
Etarman qayta mehrim-la,
Xizmatimni sevgi bog‘inga,
Boqarman suqlanib shul dam,
Azizam, nur jamoninga.
O‘pib nur ko‘zli o‘g‘limni,
Go‘zal donocha Dilbarni,
Bosib bag‘rimga mehri-la,
Sug‘orib tashna dillarni.
Bitar qayg‘u-alam shunda,
Husnlar yashnagay kunda.
Topar qalblar bog‘ich birga,
To‘lar dillar yorug‘ nurga.