Dilnoza Murodova (1987)

Dilnoza Murodova 1987 yili tug‘ilgan. O‘zMU qoshidagi “Oliy adabiyot kursi”da tahsil olgan. “Oq bulut”, “Ezgulikning yuragi” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.

MUHABBATIM

Muhabbatim aytgan edim,
So‘ngan yulduz yonib ketdi.
Chorasiz qolgan Majnun,
Laylosini olib ketdi.

Gullardan chiroy so‘radim,
Gullar topdilar imkon.
Yuragimdan atirgulni,
Yasab berdilar shu on.

Maysalarga bosh qo‘ysam,
Xayollarim jon bergan.
Axir, ular orzusi,
Bugun yonimga kelgan.

Muhabbatim aytgan edim,
Tongdan mayin ifor keldi.
Muhabbatimga o‘xshagan,
Chiroyli navbahor keldi.

SEN BORSAN

Sen borsan,
Sen borsan,
Yashayveraman.
Sen borsan,
Gullarga o‘xshayveraman.
Jilmaygan yurakni
Ko‘zimda ko‘rib,
Ko‘zimga ko‘zgular
To‘shayveraman.

Maylida sevilmoq,
Maylida sevmoq.
Tangrining sevgani
In’om emasmi?
O‘zini unutgan,
O‘zini topgan,
Ikkiga bo‘lingan
Bir jon emasmi?

Izoh yo‘q, so‘roq yo‘q
Barisi loldir.
Achchiq sog‘inch u,
Shirin xayoldir.
Ishonmoq kerakdir,
Ishonmoq kerak.
Yurak, yurak bo‘lgan,
Lahza diydordir.