Dilmurod Sayyid (1962)

Dilmurod Sayyid 1962 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan.
Nizomiy nomli TDPI o‘zbek filologiyasi fakultetini hamda ToshDU sharq fakulteti huzuridagi ikki yillik maxsus o‘quvni fors tili mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.
Yoqtirgan kitobi: — tarixiy asarlar va Umar Xayyom ruboyoti.
Maqsadi: — haqiqatni ochiq yoritishga intilish

OTABEKNING KUMUShBIBIGA AYTILMAGAN SO‘ZLARI

Siz mendan behuda ranjibsiz, bibim,
G‘animlar maktubin haqlarga yo‘yib.
Sevgini, vafoni chetlab o‘tib jim,
Ro‘siyoh qog‘ozni «Oq!» debsiz kuyib.
Nahot meni shuncha tuban ko‘rdingiz,
Nahot qodir bo‘lsam nomard ishiga?
Nahot siz, siz mendan yuz o‘girdingiz,
Nahot yo‘l berdingiz haydalishimga?!
Mayli, men ketaman mag‘rur, qasdma-qasd
Menga ilhaq ko‘zlar tomon bir yo‘la.
Unutmang! Soddadil Kumushga emas,
Bu dunyo isyonkor Zaynabga to‘la!

* * *

Muhabbatim o‘gay go‘dakdek
Kamsitildi, masxara bo‘ldi.
Orzularu ishonchlar tirik
Va kafansiz holda ko‘mildi.
Qalbim bo‘ldi bariga qabr,
Mum tishladim qilmay ovoza.
Kamsitilgan sevgim ham oxir-
Ko‘mildi jim va bejanoza…
Motam tutdim kiymasdan qaro,
Yurak-bag‘rim silqib ezildi.
Go‘yo ochdan o‘lgandek gado —
Baxt sho‘rlik ham unsiz uzildi!..

…GA

Ajralishdik!
Tog‘lar qulagani yo‘q,
Daryolar toshmadi qirg‘oqlaridan.
Ajralishdik!
Hech kim so‘ragani yo‘q,
Ajab sezilmadi nigohlaridan.
Ajralishdik!
Oddiy, mamnun, da’vosiz,
Sovuqqina silkib qo‘lni bor-yo‘g‘i.
Ajralishdik!
Qo‘shiq qoldi navosiz —
She’rga do‘nib qoldi UMR qo‘shig‘i…

“UShShOQ”NI TINGLAB…

«Qaro ko‘zum» ohangiga bandi bo‘lib
Tomirimda ajib tuyg‘u oqib borar.
Oh, qaroko‘z sanam yodi dilni tilib,
Vujudimni olov kabi yoqib borar.

Mashshoq tanin gulob ila yuvar bo‘lsa,
Men may birla dil g‘uborin yuvadirman.
Mashshoq yuzda terni ko‘rib o‘lar bo‘lsa,
Men gul yuzin orzusida o‘ladirman.

«Qaro ko‘zum» ohangidan yonib badan,
Yurakkinam ingrab-ingrab qolmoqdadir.
Oh, qaro ko‘z sanam, sening ko‘zlaringdan
Manim baxtim har lahza rang olmoqdadir!..

* * *

Sendan ayrilganim tush bo‘lsin, deya
Tangriga tunu kun iltijo qildim.
Yor yana bag‘rimga bosh qo‘ysin, deya
Sajdaga bosh urdim, zor — nido qildim.

Evohki, o‘tinchlar barchasi abas,
Iltijo, nolishlar bo‘lmadi najot.
Armonga do‘ndiyu bir o‘tli havas,
Mehrobga ko‘mildi ilk sevgi, hayhot!

Sen esa… sen esa hamon o‘shandoq,
Hamon poyingdadir go‘zallik taxti.
Hamon bir baxt bo‘lib turarsan chaqnoq,
Faqat… Oh… Endi bu — O‘ZGANING BAXTI!..

***

Sen tomon yo‘l yo‘qdir, bo‘lmog‘i gumon
Chunki u yo‘lkada tig‘lar qadalgan.
Gar oyoq bossam, oh, qon yig‘lar tovon,
Tig‘larning nafasi ko‘kka qaralgan.

Sen tomon yo‘l yo‘qdir, bo‘lmog‘i gumon
Chunki u yo‘lkada tig‘lar ko‘milgan.
Bir marta o‘tganman — qon yig‘lab tovon
Tig‘larning nafasi qonga cho‘milgan!..

***

Tushimga kirasan har kech birdayin:
Nigohingda o‘kinch, ko‘zlaringda yosh.
Bir so‘z gapirmaysan, bilaman lekin
Sen mendan xafasan, xafa, qora qosh!
Tushimga kirasan; zirqirar yurak,
Senga termulaman, har tun kuyaman.
Yuzlaringdan siypab o‘ngimdagidek —
Tushda ham ko‘z yoshing artib qo‘yaman!..

***

Ko‘z yoshlar quyulsa siyohga do‘nib,
Kipriklarim manim patqalam bo‘lar.
Qalbimning tubidan toshib, yulqunib
Dardlarim qog‘ozga yig‘lab to‘kilar:
«Bu kun Hijron tig‘i qalbimni o‘yib,
Nadomat toshidan Ehrom qurmoqda.
Oh, nozik belingni boy berib qo‘yib —
Barmoqlarim g‘amning sochin o‘rmoqda!..”

***

Kulmang, o‘tinaman, kulmangiz aslo
Mening baxtsizligim faqat meniki.
«Tavba!» deb chekinmang, achinmang hatto,
Tole menikidir, u — taqdir cheki!

O‘tkinchidir manim mahzun damlarim,
O‘tkinchidir sizning kulgu yo ko‘z yosh.
Men Inson umrini Quyosh angladim:
Ba’zida vaqtincha kuyarkan QUYoSh!

G‘AZALLAR

Naylayin dardu sitam aylab dilim qon yig‘latur,
Goh alam, gohi xayol, gohida armon yig‘latur.

Men uni jonim deya ko‘ksimga jo etgan edim,
Oqibat qiynab tanim, qalbimni ul jon yig‘latur

Ko‘zlarimda yosh emaskim, bevafoning zahmi bu,
Va’da deb bergan edi, ul lafzi yolg‘on yig‘latur.

Bu junun sahrosida ko‘nglim adashgan yo‘lchidek,
Noumidlik bir tomon, bir yonda hijron yig‘latur.

Etmagay nolishlarim qattiq erur yer ko‘ksi ham,
Ham balandlik ko‘rgazib boshimg‘a osmon yig‘latur.

Yig‘lamoqdin xiyra bo‘ldi ko‘zlarim gavharlari,
Holim malomat etib ul chashmi fatton yig‘latur.

Bemurodlik yozmish ekan garchi nomim Dilmurod,
Oyning o‘n beshi — alam, o‘n beshi — armon yig‘latur!…

***

Ey dil, motam aylagil tark etdi jononing bu kun,
Ey vujud, sen ham qo‘shil, ki ketdi ruh-joning bu kun.

Ey igna, bir do‘stlik qilu ko‘zga chiz yor rasmini,
Ey qilich, ko‘ksim tilib yoz ismini oning bu kun.

Ey falak, sindir o‘shal charxi kajraftoringni sen,
Toleimdek ayla tiyra yetti osmoning bu kun.

Ey zamin, bas yurganing ul quyoshning tegrasinda,
Ikki sarson birlashaylik — och bag‘ri uryoning bu kun.

Bir jahona ikki fotih sig‘magay, ey Dilmurod,
Yo ajal, yo tarki ishq-tanlamoq imkoning bu kun!

***

Dilim gardini yuvmakka ko‘zimda qatra nam yo‘qdir,
Na bir g‘amkash, na bir oshno, na bir osuda dam yo‘qdir.

Nigorim yo‘lida sarson nigohim, diyda zor o‘ldi,
Vale ondin darak bir so‘z, xabar-maktubi ham yo‘qdir.

Va yo yuz burdi ul mandin, unutdi va’da-yu ahdin,
Bilolmay behudu hayron, dilimda o‘zga g‘am yo‘qdir.

O‘tar kunlar, kechar tunlar, yurak dardi borar ortib,
Raqam etmakka na menda, na qalamda chidam yo‘qdir.

Kunu kundin umid sha’mi so‘nib bormoqda, evohkim,
Dilmurodo, magar so‘nsa, bo‘lak o‘rnig‘a sha’m yo‘qdir…

***

Hislarim jilovladim, tushovlashga ojizman,
Quchog‘imda jonon, lek qalban butkul yolg‘izman.

Ko‘ngil uyi kimsasiz kulba misol tashlandiq ,
Faqat vujud tafti-la yashayotgan ildizman.

“Yil-to‘rt fasl!”-deydilar, ishonmasman bu-yolg‘on,
Bittagina faslim bor, u ham bo‘lsa-nomsizman…

Azob nima-chekinmam, shodlik nadir-yukinmam,
O‘z dunyoim bor manim-goh sahro, goh dengizman!

Suyanchim birgina shul qaro til qalam bo‘ldi,
Neki qarolagay ul barchasiga egizman!..

Dilmurodman foniyda, bilmam boqiy kim derlar?
Yolg‘on yorga xor, balki chin Yor uchun azizman?!

TATABBU’

«Charxning men ko‘rmagan jafosi qoldimu,
Xasta ko‘nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?»
Zahiriddin Muhammad Bobur.

Ne habibu, ne sanam, ko‘ngul navosi qolmadi,
G‘am chekib, tashvish ko‘rib hech muddaosi qolmadi.

Ko‘rgazib lutfu karam, topdim malomat oqibat,
Men eshitgan va’dalarning ham vafosi qolmadi.

Do‘stu yorlik bildirib yurgan unutdi barchasi,
Ko‘zlarimning oqi qoldi, lek qarosi qolmadi.

Sokini mayxona bo‘ldim olam elidin qochib,
Oh, ki ortimdin malomat — diydiyosi qolmadi.

Kimga aytib, kimga yig‘lay lavhi taqdirimni men:
«Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qolmadi!»

Men bilmagan shevasi qoldi savobning, Dilmurod,
Charxi dunning men qilmagan hech xatosi qolmadi.

RUBOIYLARDAN

Bevafoliq senga odat o‘ldig‘in bilmas edim,
Ham sabr kosamda toqat to‘ldig‘in bilmas edim.
G‘uncha lablar birla bir so‘z menga izhor aylading-
Umrim guli g‘uncha labdan so‘ldig‘in bilmas edim!

***

Kel, jonim, ko‘zlaring suzilaqolsin,
Manim dil saroyim buzilaqolsin.
Yolg‘iz bolish quchib tirik yotguncha
Jonim quchog‘ingda uzilaqolsin!

***

Aydi zohid: “Yurma ko‘p dildoralarning qasdida!”
Men dedim: “So‘z aytmag‘il dilporalarning qasdida!”
Aydi zohid: “Tangri bergay oxiratda zo‘r jazo!”
Dedim: “Nahot, Tangri mendek bechoralarning qasdida?..”

***

Aydi zohid: “Kim sanam shaydosi, do‘zaxdir joyi!”
Men dedim: “Menman bukundan o‘shal joyning gadoyi!”
Aydi zohid: “Tangridan qo‘rq, yetmasin ofat desang!”
Men dedim: “Oh, qaysi ofatdan kam bu dilbar chiroyi!”

YoLG‘ON BILAN OVVORAMIZ!
(Farida Afro‘z g‘azaliga muxammas)

Ovvoraliq kechmish ekan chiston bilan ovvoramiz,
Hal etolmasdin sira gumon bilan ovvoramiz,
Goh davlat, gohi savlat, goh shon bilan ovvoramiz,
Ona Yer-tufroq qolib osmon bilan ovvoramiz,
Jon berib, joning olar jonon bilan ovvoramiz.

Chun ajaldek haq erur dilga bir kun vobasta ishq,
Kimni etmabdur jahonda tig‘ urib dilxasta ishq,
Yig‘latib Laylini, Qaysni o‘ldirdi-ku cho‘l-dashtda ishq,
Ko‘zlaringga jovdirar sarson-visol, sargashta-ishq,
Yosh to‘kib, yirtib yaqo, hijron bilan ovvoramiz.

Umri foniy bu halaklar harki ko‘ngil beqaror,
Bekanor garchi tilaklar umrimiz mezoni bor,
Boqmagaymiz ko‘pda yonga dil-basir, iymoni zor,
Tegramizda hur malaklar, biri – singil, biri – yor,
Insof qolib, Inson qolib, Shayton bilan ovvoramiz.

Bor masalkim: «Har go‘dakda jannatiy hidlar bo‘lur!»
Bu jahona bani odam pok kelur, mehmon kelur,
Haqligin bir kun ajal kim bilmayur, kimlar bilur,
Otamiz mezbon edi, oh, onamiz mezbon erur,
Zor etib har ikkisin, mehmon bilan ovvoramiz.

Ka’badin ko‘z uzmayin, saqlab umid ko‘ngil tilim,
Qatra savob istab yana tosh o‘parmiz betinim,
Bir duoning qudratin bilgin egach, bilgin inim,
Har nafas yoningda dildosh, har mushkulotingga yechim –
Yaxshilar bunda qolib, yomon bilan ovvoramiz!

Makru aldov boshqadir, kim – bevafoliq o‘zgadir.
Bedavoliq boshqa turgay, benavoliq o‘zgadir.
Anglasang: qullik bo‘lakdir, jon fidoliq o‘zgadir,
Chin haqiqat yo‘li boshqa, chin vafoliq o‘zgadir,
Haq qolib, Haqqon qolib, yolg‘on bilan ovvoramiz!

Kimda rahmatdin umidu, kimga tojdin dilda ranj,
Kimning ilkida hunar, kimning qo‘li tutmakda banj,
Bil, ilonni debdilar ganj, boz derlar: «Ko‘rganda yanch!»
Har kishiki, ko‘zi ochdir, ko‘r qilar to‘zoni ganj,
Yo‘l ko‘rsatar sarbon qolib, karvon bilan ovvoramiz!

Bu ulusni bor qilib, zo‘r ayladi obod etib,
Lek o‘zi o‘z-o‘zlarin xo‘r ayladi kam yod etib,
Gohi manqurt bosh bo‘lib, ko‘r ayladi bedod etib,
Bizni Haq Hur ayladi, nur ayladi ozod etib,
Har tarafga qulf urib, qo‘rg‘on bilan ovvoramiz.

Mehribonliq sunnat erur, sunnat tilar sizdin ko‘zim,
Ko‘rguzay men ham mudom aylab fido Sizga o‘zim,
Dilmurod, kechma sira – do‘st zahmatiga top to‘zim,
Kimki bizga intizordir, Farid Afro‘z, chin so‘zim:
Jon nisor, chin do‘st uchun – qurbon bilan ovvoramiz!

MANZARALAR

1

Sharobning kuchidan ko‘zlar suzildi,
Vujudlar to‘lg‘onib, hislar uzildi.
Ehtiros to‘foni bosib, bu kecha —
IFFAT atalmish zo‘r qo‘rg‘on buzildi!

Zabon «Yo‘q!» dedi-yu, Ko‘ngil tilandi,
Qon to‘kib g‘uncha ham gulga aylandi.
Oppoq bo‘yin ila siyna «lolagun» —
Bo‘lgach, qiz bo‘shashdi ingranib… mamnun!..

2

Qovushmoq u qadar oson kechmadi
Vujudlar birlashgan oydin kechada.
Ammo ILK SEVGIning toti o‘chmadi,
Ko‘ngil qolaverdi O‘ShA ko‘chada…

“Asalim, sevdigim, jonim!” deganda
Ko‘ngil kular edi eshik ortidan.
Ehtiros chekinib, aql kelganda
O‘kinch to‘kilardi yurak qatidan!

“Layli va Majnun”dan, yostiqni quchib,
Misralar shivirlab, unsiz yig‘lardim.
Sen sira sezmasding, tunlar muk tushib
Sevgi ilohiga tavba qilardim.

Qovushmoq shu bois oson kechmagan
Vujudlar birlashgan oydin kechada.
Xayoldan O‘ShAning yodi o‘chmagan
Shundan sarson hanuz ko‘nglim ko‘chada!

TO‘RTLIKLAR

Oqil ilm yig‘ar, nodon pul etadi jam,
Qorun mulkin yig‘sa-da, Luqmon bo‘lolmas.
Tillo taboqda agar kabob yesa ham
It itligicha qolur,Inson bo‘lolmas!

***

“Jannat-onalarning zeri poyida!”
Bu hadisni aytib, sira to‘ymaymiz.
Yurarmiz jannatning ilinj-payida,
Ona oyog‘in bir o‘pib qo‘ymaymiz!

***

Bir nafas to‘xtagin, do‘st bo‘lsang shoshma,
Dushmanim bo‘lsang ham to‘xta, mayliga.
Men-yolg‘iz yo‘lchiga yo‘l ko‘rsat, oshna,
Qanday yursam bo‘lar Zamon zayliga?!.

***

Qayta sevgi rusmini na jonu, na dil istamas,
Telba yoshlik shahdini hech piri oqil istamas.
Dil murodini tilab necha pari ovvoradir,
Nozidin qongach vujud, Ishqini ko‘ngil istamas!

AYoLIGA KO‘NGLI YO‘Q ERNING…

O‘zga Dilbar sog‘inchi bo‘lar,
Ayshu ishrat ovunchi bo‘lar,
Uy-g‘am, ko‘cha-sevinchi bo‘lar
Ayoliga ko‘ngli yo‘q Erning!

Qalbi yetim boladek mahzun,
O‘z uyida omonat har kun,
Zorlanadi deb:”Bo‘lmasin tun!”
Ayoliga ko‘ngli yo‘q Erning!

Dil uyidan (Ayol bilmaydi!)-
Har kechasi bir g‘isht qulaydi,
Labi kular, qalbi yig‘laydi
Ayoliga ko‘ngli yo‘q Erning!

Ichgan oshi bo‘g‘ziga botar,
Goh indamas, goh so‘kish otar,
Quchog‘ida… go‘yo tosh yotar
Ayoliga ko‘ngli yo‘q Erning!

SADOQAT YIQILDI IShQ MAYDONIDA…

Er sira to‘ymagan odamlarni yeb,
Osmon esa, go‘yo masxara qilar:
“Haqiqat kaliti bitta-menda!”-deb,
Haq istab baribir Yerga kirilar!..

Men ham shunday, seni Mohga mengzadim-
Uyqusiz har kecha samoga boqdim.
Bulutlarni titib, uzoq izladim,
Hatto yetib, Arshning darchasin qoqdim-

Ko‘rinmading, Mohim! Sarg‘aydim sarson,
Etakni silkidim nochor bariga.
Sig‘dirmadi meni bepoyon Osmon,
Qaytib sajda qildim Yerning bag‘riga…

***

Assalom alaykum, dorning og‘ochi!
“Kuntug‘mish” dostonidan.

Sadoqat yiqildi Ishq maydonida
Tilloga burkandi va’dalar toji.
Bir so‘z qoldi g‘arib Dil imkonida:
“Assalom alaykum, dorning og‘ochi!”

Vafoni o‘ldirib, ko‘mdik kafansiz,
Qabrni berkitdi zeb-ziynat toshi.
Janoza o‘rnida aytildi shansiz:
“Assalom alaykum, dorning og‘ochi!”

Yig‘ladi Laylining habash arvohi,
Singdi yerga ordan Shirinning loshi.
Sen qolding Oshiqning yolg‘iz dodxohi:
“Assalom alaykum, dorning og‘ochi!”

Tanamni osarman senga men faqat,
Ammo Ruhim… Uning yo‘qdir iloji.
Vujud uzra tinmay aytar salovat
To qiyomat qadar Ruh qaldirg‘ochi:
“ASSALOM ALAYKUM, DORNING OG‘OChI!”