Dilmurod Do‘st (1989)

Dilmurod Do‘st (Do‘stbekov Dilmurod Abdullayevich) 1989 yilning 5 dekabr sanasida Zomin tumanidagi Beshbuloq qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 11-maktabda olgan. Shundan so‘ng Guliston san’at kollejining xalq cholg‘u sozlari bo‘limida tahsilni davom ettirgan. Kollejni tamomlagach, Sirdaryo viloyati Xalq ijodiyoti markazida ishlagan. 2012 yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, 2016 yilda o‘qishni tamomlagan.
Dilmurod universitetda o‘qish bilan birga matbuotda ishladi. Ustozlardan jurnalistika, tahrir sirlarini o‘rganishga urindi. O‘qishga kirgan yiliyoq uni «Adolat ko‘zgusi» huquqiy gazetasiga musahhih qilib ishga olishdi. Ikki yil qizg‘in ish jarayonida u ko‘p narsa o‘rgandi. Musahhih bo‘lib, bilmaganlarini bildi, savodini yanayam yaxshiladi.
Keyinchalik universitetda «Tahrir san’ati» fanidan dars beruvchi mashhur muharrir (tahrirning piri) Mahmud Sa’diyning tavsiyasi bilan «Ma’rifat» gazetasida amaliyot o‘tay boshladi. Ko‘p o‘tmay, Dilmurodni «Ma’rifat»ga kurer vazifasiga ishga qabul qilishdi. Yarim yildan so‘ng uni muxbirlikka o‘tkazishdi. Ayni kunda Dilmurod mazkur gazetaning «Adabiyot» bo‘limida mehnat qilayotir.

***

Millatim musulmon, imonim — ishqdir,
Butun ro‘yi jahon Vatanim mening.
Qaddim  — Zomin tog‘i, qalbim — qo‘shiqdir,
Har zarra tuproqda bor tanim mening.

Har sahar sehrli so‘zlar tingladim,
Bulutlar ilohiy qo‘shiqlar aytdi.
Daraxtlar tebrandi ohangdan sarmast,
Yuragim samodan qush bo‘lib qaytdi.

Men esa yo‘l yurdim oldingga qarab,
Yo‘limda duch keldi shomu saharlar.
Gohida zahardan mehrni tuydim,
Gohida mehrdan chiqdi zaharlar.

Ko‘ngil kosasida ishqni simirib,
Tomirdagi qonim jo‘shib gupirdi.
Neki degan bo‘lsam yo‘ldagilarga,
Tilim gapirmadi, dilim gapirdi.

O, buyuk Osmonim, aziz Tuprog‘im,
Bu yo‘l — omonating hamon mendadir.
Toki yasharkanman tuproqda izim,
O‘zim ham, so‘zim ham — osmon, sendadir.

Millatim musulmon, imonim — ishqdir,
Butun ro‘yi jahon Vatanim mening.
Qaddim tik- Zominday, qalbim — hur qushdir,
Har zarra tuproqda bor tanim mening.

* * *

O‘ngda Rahmon — chapda shayton.
(Xalq naqli)

Yo‘lda o‘ngdan yurish bu — yo‘l qoidasi!
Yo‘ldamisiz?..
Demak, amal qilasiz.
Gar, uni buzguday bo‘lsangiz shu on,
Jazo muqarrardir, buni bilasiz.

Umr — yo‘l…
shu qoida unda ham joriy,
Lek, mudom vijdonning ipin uzasiz.
Jazo tayinligin bilib turib ham,
Yo‘l qoidasini nega buzasiz?!

QORIN G‘AMI

Mening eng katta dushmanim ichimda,
Unga umrimni ko‘p qismini sarf etdim.
U sabab — vaqt ba’zan baxt va vijdonni
boy berib,
Ko‘zimgacha gunohga botib ketdim…

U bo‘lmaganda men qancha olamshumul,
Ishlarni qilishga ulgurarmidim?

Bir kunda uch bora isyon, qo‘zg‘olon…
Yoshligimda Onamdan o‘rgangan usulim bilan
isyonni bosaman arang.

(Shu on onamni har qancha alqash mumkin.)
Shundayin dushmanni,
Shundayin yovni,
Faqat,
non chaynab berib,
aldash mumkin.

* * *
Nasroniy ixlosi jo‘shib dafa’tan,
Izlar lab bosmoqqa, Iso xochini.
Erning qay burchida shu tob musulmon,
Ado etayotir, o‘z me’rojini.

Garchi ikkisining ibodatlari,
Bir-biridan farqli,
Lek solsang nazar…
Bir xildir ularning qalbida mudom,
Jannatga talpinish, do‘zaxdan hazar.

HAYoT HAQIDA O‘YLAR

Tug‘ilish — o‘limga qo‘yilgan birinchi qadam.
(I.V.GYoTE)

Tug‘ilding, bu hayot ostonasida,
Seni qarshi oldi, bir yog‘och beshik.
Ulg‘ayib, yashab so‘ng ko‘zing yumganda,
Qabringa kuzatdi, tebranmas beshik.
Bu hayot — shu ikki beshik orasi…

Tug‘ilding, o‘rashib oppoq yo‘rgakka,
Erkalab, e’zozlab, sevib-suyushdi.
Ruh ohir tanangni tark etgan kuni,
Yana oq yo‘rgakka o‘rab qo‘yishdi.
Bu hayot — shu ikki yo‘rgak orasi…

Ko‘z ochib, hayotni ko‘rganing zahot,
Odamlar yig‘ingga jim quloq osdi.
Bandalikni bajo keltirgan kuning,
Dunyoni o‘zgalar ko‘z yoshi bosdi.
Bu hayot — shu ikki yig‘i orasi…

Shu qisqa hayotda eng muhim yumush,
Yaxshi nom qoldirib, yashamoq ekan.
Angladim, tug‘ilish aslida do‘stim,
O‘limga ilk qadam tashlamoq ekan.
Hayot — tug‘ilish va o‘lim orasi…

* * *

Men ko‘kka intilib yashayveraman,
Ko‘kka esa yoqmas bu intilishim.
Qora bulutlarni yuborar, takror
Qiyinlashsin — deya, «yurish» qilishim.

Elkamga mingashib qora bulutlar,
Pastga…
Pastga…
Pastga bosib boradi.
Barcha safdoshlarim kabi mening ham,
Oyoqlarim yerga botib boradi.

Buyuk g‘alabani so‘rab Allohdan,
Intilaman…
Botib qop-qora terga.
Qo‘rqanim…
Mendan oldin intilganlarni,
Bulutlar cho‘ktirib yuborgan yerga.

***

Goh kunimdan Oy chiqdi,
Tunimdan Quyosh chiqdi.
Ishonchim chil-chil bo‘lgach,
Yuragimdan yosh chiqdi.
Birgina ishonganim,
Bu yurak bebosh chiqdi.
Ko‘zsiz bu yaralarga
Malham nedir bilmadim.

Baxtsizliklar to‘planib,
Baxtimdan darak berdi.
Boshga tushib, ko‘z ko‘rgan
Barisin falak berdi.
— Mehr berib, mehr ko‘r —
Deb guldan malak berdi.
U gulni shamollardan
Men ehtiyot qilmadim.

Ko‘pchilikni o‘zimdan
Bezdirib qo‘ydim oxir,
Ko‘ngilga qul ekanim
Sezdirib qo‘ydim oxir,
Nihoyat, o‘zni-o‘zdan
O‘zdirib qo‘ydim oxir,
Lekin, ammo o‘zimdan
O‘zib, ko‘p vaqt yelmadim.

Bas! Endi har so‘zimni
Ko‘ngillarga biturman.
Nurni quchib zulmatning
Tub-qariga yeturman.
Bir kun… ruhni tanimdan
Ozod etib keturman.
Lekin, men bu hayotga
O‘lish uchun kelmadim!

* * *

G‘am yutdim, ichimga yutaverdim jim,
Ko‘z yoshga aylanib, yurakka tomdi.
Oshkor yig‘lolmadim, yigitman dedim,
Old yurdim… ko‘tarib boyligim — jomni.

Jom ming chega edi,
Yo‘q, yuz ming chega.
Ko‘rgan kunlarimdan ko‘pdir sinig‘i.
Jondan to‘ydirgandi taqdir ismli,
Jiddiy hazilkashning turfa qilig‘i.

Shunda ham hech kimga bir so‘z demadim,
Garchi, tinglaguvchi so‘zdan ko‘p edi.
Mingdan bir dardimni aytdim qog‘ozga,
Faqatgina undan ko‘nglim to‘q edi.

Shoirlarni ko‘rdim ko‘p qofiyaboz,
Nafasga qafasni tirkab qo‘yardi.
Dil so‘ziga pulni, erkka — berk deya,
Dilga siyohini surkab qo‘yardi.

O‘shanda yosh edim, o‘ylamas edim,
Baxtli inson kim-u, kimdir baxtsizlar.
Bugun o‘tgan har on uqtirar menga:
«Baxtsizlar, baxtsizlar asli dardsizlar!»

Vaqtning so‘zlarini tarjima qilib,
Ikki satr she’rga nom qo‘ydim:
BAXTLI
Dardga doya dunda abadul-abad,
Faqat dardi borlar — yashashga haqli

VARRAKNING ARMONLI QO‘ShIG‘I

Parvoz — tiriklikdir. Ma’nodir — parvoz!
Erkin parvoz etsang qushlar bazmida.
Ko‘ngil qayga desa, bosh olib ketsang,
Qolmasang hech qachon shamol izmida.

Shunda sho‘ng‘iganda osmonga boshing,
Zavq yurakka sig‘may, ortib qoladi.
…Chiqib ketmasin deb, shamol izmidan,
Pastdan ipni kimdir tortib qoladi.

* * *

Sen doim och qolsang
ovqat yeysan.
Zeriksang kitob o‘qiysan.

Lekin, bir bor bo‘lsa ham
nega ovqat yemasang —
och qolishingni,
Kitob o‘qimasang — zerikishingni
o‘ylab ko‘rganmisan?!

Yo‘q, albatta! Sen bu haqda
hech qachon o‘ylab ham ko‘rmagansan.
Chunki…

Sen doim och qolsang
ovqat yeysan.
Zeriksang kitob o‘qiysan.

…DEDILAR

Menga bahor haqda she’r yoz dedilar,
Men esa kuyladim xazonli kuzni.
Yana yoz haqida ko‘p yoz dedilar,
Men esa alqadim qahraton, muzni.

Hayotni baralla kuyla dedilar,
Men o‘lim haqida ko‘p she’rlar bitdim.
Yorni sev, vaslini o‘yla dedilar,
Men atay hijronda o‘rtanib kutdim.

Xazonsiz bahorni his qilolmadim,
Yozning qadrin sezdim qish-qahratonda.
Hayot go‘zalligin angladim dildan,
O‘limni eslagan har nafas, onda.

Bugun jim turibman So‘z bo‘lmoq uchun,
«Jim bo‘l!» deyishganda, men so‘z bo‘laman.
Bugun o‘lmaslik-chun yashayapman-u,
Bir kun… yashash uchun, albat, o‘laman!

* * *
Bir paytda, dunyoning ikki yerida,
Ikki shoir yozdi, salkam bir xil she’r.
Farqi-ki; birisi xalqim deb yozsa,
Biri esa faqat halqum, halqum der.

* * *

Tongga ishonmayman
chunki, u har gal
Shomga buraverar mening yo‘limni.

— Orzu-chi?..
— Armonga!
— Ishq-chi?..
— Hijronga!..
Ko‘mar…
Ko‘maverar o‘ng-u so‘limni.

Faqatgina hayotga ishonardim men…
Ishonganday xuddi yolg‘iz Allohga.
Oqibat…
o‘limga ro‘baro‘ qilib,
U ham tashlab ketdi
qorong‘u chohga…

* * *

Shoirga
Mayli, siz qayg‘urmang, dunyo o‘tkinchi…
Bir kun och bo‘lsangiz, bir kun to‘yasiz.
Hali mashhur bo‘lib ketsa she’ringiz,
Beg‘ubor jilmayib, baxtga yo‘yasiz.

Bilaman, kiyarga bitta kiyim-bosh,
Qog‘ozu kitoblar — bor bisotingiz.
Lekin shoiri ko‘p el-ulus ichra
Juda mashhur bo‘lib ketgan otingiz.

Zax, kichik darchali, tor ijarada,
El deb yotib, tongda el deb turasiz.
G‘aflatdan uyg‘otib elni so‘z ila,
Nur bo‘lib zulmatga o‘zni urasiz.

Bor bo‘lsin sizdayin Odamshoirlar,
Birlashib, dunyoni tozalab yursin.
Sizga tilagim shu: yolg‘on dunyoda
Tilingizga faqat rost so‘z buyursin!

* * *

Xudo meni qo‘riqchi qib yaratdi,
Qo‘riqlayman. Bedorlikda tunlarim.
Yaratdi-yu, oq rang tomon qaratdi,
Siz xavfdasiz! Ey, ozod tutqunlarim.

Dunyo mening dushmanimga aylangan,
Yo‘latmam hech foniyrang ul islarni.
Lekin ag‘yor jangga chunon shaylangan,
Bo‘sh kelmayman, asrayman gul hislarni.

Qush umriga odil hukm — parvozdir,
Tuyg‘ularga dunyo nuqsi urmasin.
Ravo bo‘lib foniy botqoqda naylik,
Illo qismat qamish bo‘lib turmasin.

Meni Xudo qo‘riqchi qib yaratgan,
Kifoyadir — eshitsangiz unlarim.
Dillashaylik, boy bermaylik hislarni,
Biz xavfdamiz! Ey, ozod tutqunlarim!

ZOMIN

Bahodir, alplarga beshiksan, Zomin
Hayrat olamiga eshiksan, Zomin.
To‘rt fasli zangori, to‘rt fasli bahor
Archa shaklidagi qo‘shiqsan, Zomin.

Tonglar yuzin yuvgan buloqlaringdan,
Tiniqlik so‘qmog‘i — irmoqlaringdan,
O‘zbekiston bo‘ylab safarga chiqar,
Ko‘klam rang yuqtirib quchoqlaringdan.

Baxshi enam o‘zing, ona zaminim,
Beshbulog‘ing ko‘nglim, qirlaring inim.
Tog‘lardagi qoring boshimga qo‘nmish,
Yuragimda… boshimdasan, go‘zal Zominim.

* * *

Bu ko‘ylakning yoshi ko‘p ulug‘ emas,
Lek manglayi uzra ajin solgan iz.
U suyardi…
O‘shal mag‘rur Dazmolni,
Go‘yo suyganidek yigitni bir qiz.
Dazmol ham sevardi…
Uning ko‘nglida,
Ishq uchquni oxir alangga oldi.
Ko‘ylakni bag‘riga bosgancha bir zum,
Ajin yuzlariga termilib qoldi.
Issiq taftni sezib turardi Ko‘ylak,
Dazmolning yuziga bosgancha yuzin.
Uning quchog‘idan bo‘shagach Ko‘ylak
Yoshargandek seza boshladi o‘zin.

RAShK

Seni o‘zimdan ham qizg‘onib, ammo
Gullarga beribman quchoqlaringni.
O‘zim tishlamayin bir bora hatto,
Zirakka beribman quloqlaringni.

Qizg‘onib, qizg‘onib nurli yuzingni,
Quyosh nurlariga silatib qo‘ydim.
Sochingni o‘ynagan shamolni bugun,
Qalbimga qamab so‘ng, uxlatib qo‘ydim.

Qo‘lingdan tutmadim hech qachon biroq,
Qaro munchoqlarga ushlatib qo‘ydim.
Izhorga atagan jur’atimni men,
Senga bir qarashga ishlatib qo‘ydim.

Ko‘zlaringga boqib baxtni his qildim,
Ammo, rashkim keldi ikki ko‘zimga.
Alloh nasib etsa bir kun visoling…
Qanday ravo ko‘ray seni o‘zimga?!

O‘N BARMOQLI TIL

Vokzal.
O‘n sakkiz yoshli bir gung yigitcha,
Tirikchilik qilardi hammollik bilan.
Yuk tashir, yelkalab hayot tashvishin
Yashardi mehnatda, halollik bilan.

…Bir kun
misli ko‘kda mohday dilobar,
Ko‘zlari munchoqdek, xushqomat, lobar.
Hurliqo imlamish hammol yigitni.
(Yo‘lqutilar turar, g‘amga barobar)

Yigit unutgandi dunyoyu dunni,
O‘tgan bedor tunlar, ham og‘ir kunni.
Mohmonand qizni u sevib qolgandi,
Izhori dil uchun izlar bir unni.

Taassufki, bexabar ketib borar qiz…
Bir alam tirnardi yigit dilini.
Ayni dam izhorga imkonsiz edi,
Band qilgandi yuklar uning tilini.

NE DEYIN…

Yuzingdan nur olib yorishadi kun,
Sochingdan rang olib tushar qora tun.
Men yana ne deyin, yana ne deyin…
Go‘zal jamolingni ta’riflamoq-chun?

Iforingdan sarmast kapalaklar ham,
Husningga mahliyo hur, malaklar ham.
Men yana ne deyin, yana ne deyin…
Kengmas ko‘ngilchalik keng falaklar ham.

Istarang taftidan quyosh xijolat,
Bu qanday ko‘rgulik, bu qanday holat?!
Men yana ne deyin, yana ne deyin…
Tam olsa so‘zingdan qandu qandolat.

Seni o‘zimdan ham rashk qildim nahot,
Ikki ko‘zimga-da qilolmam toqat.
Men yana ne deyin, yana ne deyin…
Sening hajring bilan o‘lmoq ham rohat.

DARVEShNOMA

Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Mana, umrim shunda o‘tkazayapman.
Ne-ki farz buyurgan bo‘lsa Qodir Haq,
Tirishib bajoga yetkazayapman.

Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Qishdan mehri bilan isinib o‘tdim.
Chanqog‘imni bosib so‘zbulog‘idan,
So‘zning sehri bilan isinib o‘tdim.

Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Bu yerda dunyodan yiroqda o‘sdim.
Samimiy tuyg‘ular bag‘rida sarmast,
Hasadu riyodan bo‘lmadi do‘stim.

Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Uysizman, demoqqa bormaydi tilim.
Hayot abadiydir bu yerda, ishon,
Bunda senga hukm o‘qimas o‘lim.

Odamlar uy berdi yuraklaridan,
Yurakda yashamoq baxt ekan bilsam.
Endi ham uyliman, baxtliman… Demak,
Endi bo‘lar senga qo‘ng‘iroq qilsam!?

* * *

«Men seni sevaman!..»
Lablarimdan otilgan bu — o‘q so‘zlar,
uchib borar, sening nishon — quloqlaringga.

O‘q nishonga tekkach,
yuraging qadamlari tezlashib ketar,
kiprigingdan shaffof quvonch oqar ovozsiz.

«Men ham…»
Birdan sen ham o‘q uzasan nishonlarimga
Va to‘satdan o‘q otarlar to‘qnashib ketar…

* * *

Siz o‘shal hilolsiz, o‘shal oydinsiz,
Hech ko‘kdan tushmaysiz. Qo‘llarim yetmas.
Husnu latofatda hurdan oldinsiz,
Visol — manzil. Ammo yo‘llarim yetmas.

Ishq — bu dard. Ko‘ngilni davolovchi dard.
Kundan visol izlab Majnunga do‘ndim.
Ne tong, moh diydori oqshomda nasib,
Sizni ko‘rmoq uchun tunlarga ko‘ndim.

Siz ko‘kda, men yerda. Azal qismat shu,
Ishq bo‘ysunmas dunyo tengliklariga.
Oysiz zulmat ichra qolmasin, ko‘ching
Ko‘nglim osmonining kengliklariga.

* * *

Sen go‘zal o‘g‘risan, eng olg‘ir o‘g‘ri,
Mening xayollarim o‘g‘irlab ketgan.
Yana tortib olib ixtiyorimni,
Iziga izlarim to‘g‘rilab ketgan.

Sen go‘zal o‘g‘risan, eng olg‘ir o‘g‘ri,
Sho‘rini quritib necha-nechani.
Bir qarab oromsiz etib kishini,
Tonglarga ulatgan uzun kechani.

Sen go‘zal o‘g‘risan, eng olg‘ir o‘g‘ri,
Ko‘ngilni o‘g‘ridan tozalab bo‘lmas.
Eng alam qilgani senday o‘g‘rini,
Hech bir qonun bilan jazolab bo‘lmas!

Sen go‘zal o‘g‘risan, eng go‘zal o‘g‘ri!..

* * *

Bilaman, bu gal ham javob yozmaysan,
Bu gal ham ko‘zlarim yo‘lingda qolar…
Beparvo o‘tarsan, bu gal ham gulyuz,
Bu tun ham umrimni hijronlar olar.

Bilaman, o‘tganda nigohing osmon,
Bilaman, ataydan holim so‘rmaysan.
Balki sevmasdirsan jon qadar, ammo
Bilaman, sen meni yomon ko‘rmaysan…

* * *

Yomg‘irlar qo‘shig‘i yangraydi bog‘da,
Chamanlar husniga boq. Juda ko‘rkam.
Shundayin g‘animat, foniy bir onda,
Kel, sayr qilaylik birga, malikam.

Hijron dog‘larini yuvib ketsin ul,
To vaslingga zarra qolmasin shubham.
Ko‘nglim gulzorida asraganim — gul,
Kel, sayr qilaylik birga, malikam.

Ista, yomg‘irpo‘shni qilaylik pana,
Quchoq ochaylik yo tomchiga, erkam.
Yaratgan rahmatin, bulut himmatin
Birga qarshilaylik, kelgin, malikam.

Yo‘llar tugamasa, yomg‘ir tinmasa,
Bir juft qush misoli qo‘nishib, kezsak…
G‘uborlardan xoli bo‘lgan dunyoda
Pokiza muhabbat borligin sezsak.

Kel, sayr qilaylik birga, malikam…

* * *

Bulbulyurak opam Nargiza Odinayevaga

Borsa kelmasgacha tomon yo‘nalgan
Yo‘ldan odimlaydi vaqtning karvoni.
Tongu shom oralab ketib borar jim,
Manzilin bilmagan odamning joni.

O‘ylovdimki, bu yo‘l ko‘kka eltadi,
Balandlab boramiz qadam-baqadam.
Ruhu tan birlashib So‘zga aylansa,
Zinapoya bo‘lsa qog‘ozu qalam.

Lek, yer tortish kuchi ta’qib etadi,
Tuproqtan jonimning halovatini.
Tobora o‘zimni tanib boraman,
His qilib ta’qibning halokatini.

Yo‘lda shundayin hur qo‘shiq kuyladim,
Jo‘r etib Ul Go‘zal majnunlarini.
Ishim qoliplarni parchalash bo‘ldi,
Mudom buzdim metin qonunlarini.

Va shunda bildimki, chorlamoqda ko‘k,
Narvonga do‘nmoqda yo‘ldagi kuyim.
Va shunda bildimki, men ozod bir ruh,
Tan — shunchaki, yo‘lda urf bo‘lgan kiyim.