Dildora Yahyo (1979)

1979 yilda tug‘ilgan. Namangan Davlat universiteti filologiya fakultetini tamomlagan.
Matbuotda she’rlari, “Qora “Neksiya” siri”, “Qonli gul”, “Talvasa” kabi detektiv qissalari e’lon qilingan.

Umrim

Kunlarim – qayg‘uning qarindoshlari,
O‘kinchlar o‘padi etaklarini.
Yuzimni kuydirar sog‘inch yoshlari,
So‘ylay…
O‘ttiz ikkining ertaklarini.

Haftalar – alamga tug‘ishgan singil,
Ko‘zlarini sabrqushlar yer.
Quvonchni yashirib qo‘yadi ko‘ngil,
To‘kilib qoladi etagimdan she’r.

Oylarim – oymoma ko‘zidagi yosh,
Samoda kezadi – darbadar.
Sen, baribir, ketding, bag‘ritosh,
Senga ketgim kelar naqadar…

Yo‘llarim – ko‘chamdan oqib o‘tgan soy,
Yo‘lingga qadalgan ko‘zlarim og‘rir.
O‘n oltidan buyon, shuncha yil va oy,
Seni kutish, naqadar og‘ir?!

Umrim – hech kim aytmagan qo‘shiq,
Ohangi olamni yig‘latar – mahzun.
Senga eltar yo‘lda ochilmas to‘siq,
Hijronning sochlari yo‘limday uzun…

Umrim – hech kim aytmagan qo‘shiq…

Nima qilay?

Boshimda kezadi behad koinot,
Poyimda yurakday titrayotir yer.
O‘ngimning so‘ziga kirmadim azal,
So‘limdagi la’in iymonimni yer.

Ayroliqlar aro yuraman daydib,
Ko‘zgular chil sinar qarab aksimga.
Falak buncha torlik qiladi yo rab,
Bag‘rimga sig‘magan kuyuk ko‘ksimga?

Ko‘ksimga toshlarday osilar yurak,
Yurakka yuk bo‘lgan, shu g‘amboda dil.
Dilimda bir so‘zki, zalvorlari tog‘,
Tog‘ – xarsang tig‘idan tilinadi til.

Bu so‘zni hech mahal aytmagum,
Zabonimni kesib tashlagum, mana.
Qara, xunlarim tomchisi tosh bo‘lib,
Yurakka osilib qolayapti yana.

Nima qilay?
Bu so‘zni hech mahal aytmagum…

Endi

Endi adolikdan tiyilar jonim,
Entikib borayapman sen tomon.
Endi sokinlikka ko‘nar har onim,
Endi obro‘yimning obro‘si osmon.

Endi ming yil asragan dardimni
Shartta oyog‘ingga to‘kib tashlayman.
Endi o‘t taftingga qilolmay bardosh
Chimmatim chokini so‘kib tashlayman.

Endi baland ko‘nglim ayvonasini
Tark etgan qaldirg‘och qaytadi.
Endi qorlari beminnat qishlarim
Iliq bahorimga vido aytadi.

Endi nigohingga talosh bo‘lgim bor,
Endi anglagim bor dunyo zavqini.
Endi bir kungina yashab o‘lgim bor,
Ming yil o‘tgan umrim haqqini…

Yoningga

Toqatim tugadi, tugadi sabr,
Charchadim yoningga entikaverib.
Sadpora jonimga qildim-ku jabr,
Ishqingning poyiga gul tikaverib.

Shu tog‘lar berdimi bardoshlarini,
Ayamay, kulimni sovurdim ko‘kka.
Bahorlari yolg‘iz, sarsona umrim
Poyimda yig‘laydi, tushgancha cho‘kka.

Axir, haq sen uchun ayladi meni,
Qalbimga nazr osmaysanmi yo?
Tog‘larday baland ko‘ksingga meni
Bir dasta gul yanglig‘ bosmaysanmi yo?

Mana… cho‘qqilarda qaribdi qorlar,
Sog‘inching to‘zitdi, alhol, to‘zimni.
Aftoda bag‘ringni to‘ldirmoq uchun
Olib ketayapman ko‘kka o‘zimni…