Bahriddin Sadriddinov (1956)

Bahriddin Sadriddinov 1956 yilda tug‘ilgan. Samarqand Davlat universitetining geografiya fakultetini, Navoiy Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan. “Istig‘for mamlakati”, “Hayrat gulxani” she’riy to‘plamlari chop etilgan.

* * *

Bo‘zlov tuproq, sehr ko‘rdim,
Sen deb g‘urur tuygaydirman.
Sen – mehrsan, ishqsan, yurtim,
Zarrangni ham suygaydirman.

O‘tmishimdir qay bir xarsang,
Kelajagim – ungan maysang,
Gullar ekan soydagi sang,
Hidlab-hidlab to‘ygaydirman.

G‘ofillarkim anglasinlar,
Baxting porlar tonglar – sahar,
Chumchuqlaring chanqasa gar,
Kaftimdan suv quygaydirman.

Dars o‘qiyman har bog‘ingda,
Quloq tutib sabog‘iga,
Har daraxting yaprog‘iga,
Men qalbimni qo‘ygaydirman.

* * *

Osmondan to‘kilar injular,
Lahzalar bir lahza to‘xtamas.
Qayg‘ular ko‘ksimdan undilar –
Sabablar sababga o‘xshamas.

Tonglarning yozuvi ko‘m-ko‘kdir,
Tog‘lar tongga tutdi siyohdon.
Sevinchimning adog‘i yo‘qdir,
Etaklab borayapman siz tomon.

Borayapman, qorachiqda cho‘g‘,
Umidlarim – kamalak tusda.
Chorlar, chorlar ul qadim anduh,
Yolg‘onlar berkinar afsusga.

Inon, sog‘inch – oyatdir, qadim.
U rostgo‘ydir – mangu muhabbat.
Niyatni yurakka qadadim –
Elkamdan to‘kildi qabohat.

Olam go‘zal. Aslo tenggi yo‘q,
Har yil gullar otamning yurti.
Daraxtida sayragay chumchuq –
Haqgo‘y soyda yuzimni ko‘rdim.

Men angladim o‘zimni o‘zim –
Ko‘ksimga qadalar xotirlar.
Toshlarni bir kun uyg‘otar to‘zim,
Qush kabi, qush kabi potirlab.

Yillarni yil kabi o‘tkarsam –
Qo‘shiq o‘rgatarman bulbulga.
Shamol essa, qayta ko‘karsam –
Aylanarman yovvoyi gulga.

* * *

She’r – bu ruhning o‘tinchidir:
Yo gul bo‘lar, yo musht bo‘ladi.
Shoir ahli o‘tkinchidir –
Uchib ketar qush bo‘ladi.

Ko‘zlarida yig‘lar havas,
Yulduzlar mast, oylar ham mast,
Devonadir, telba emas –
Ko‘kni suygan kuch bo‘ladi.

She’r – o‘kinchdir, tordir ko‘krak,
She’rga sig‘mas bitta yurak,
Shivirlash, der, maysa, chechak –
Gaplashmasa kech bo‘ladi.

She’r – Egamning himmatidir,
G‘ilmonlarning sumbatidir,
Zarlardan ham qimmatidir,
Telbalarga es bo‘ladi.

She’r qushlarga yaqin qilgay,
Bir oshiqni oqin qilgay,
Kesakdan ham chaqin qilgay,
She’r aytmasa, hech bo‘ladi.

Kimlarda – zar, shoirda – g‘am ziyoda,
Shoir she’r deb ovorada,
Qaytish qilsa, u dunyoda –
Parilarga duch bo‘ladi.

* * *

Osmon uzilmaydi. Yerga tushmaydi.
Osmon bosib turar. Ko‘taradi yer.
Toshbaqa osmonga hecham uchmaydi –
Ikki karra ikki – to‘rtdir, baribir.

Osmon olis. Yer qattiq. Bildirma.
Sabrga berkingan atalmishdir dur.
Umring o‘tayotir, chalib childirma –
G‘aflatlar aqlingni g‘orat qilmishdir.

Osmon uzilmaydi. Yerga tushmaydi.
Savollar kim erur? Javob ham kimdir?
Osmonni suyagan tog‘lar ko‘chmaydi.
Shamollar jumboqdir, mening sirimdir.

Muhabbat atalgay mening osmonim.
Osmonga termulib, qo‘msab yashayman.
Er ko‘tarar mening tovonim –
Vaqtga ergashib, chopishga shayman.

Tog‘lardagi qorlar bejiz ko‘chmaydi,
Shaytonning shogirdi oqni qora, der.
Osmonlar uzilib yerga tushmaydi,
Ikki karra ikki – to‘rtdir, baribir.