Azizbek Hakimov (1985)

Azizbek Hakimov 1985 yili Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Kushoyish” nomli to‘plami nashrdan chiqqan .

MENGA ATALGAN ShE’R

Kelmasliging aniq bilsam-da,
To tonggacha kutdim telbavor .
To tonggacha yig‘lay olmadim ,
To tonggacha …
Tinmabdi-ku qor !?

Tuni bilan ruhimni tikdim ,
Ming erida ming bir yamoqcha .
“Bo‘laqol!” deb qistaydi uyqu
Ko‘zlarimni qulflamoqchi .

Hozir yuvib chiqdim ko‘nglimni ,
Endi esa ketyapman .
Bo‘pti !
Ha ,aytganday ,tushimga kirsang ,
Oyog‘ingni artib kir, ho‘pmi ?

* * *

Seni desam men ,aqldan ozaverdim ,
Xatlar yozdim har kun she’rlar qo‘sha-qo‘sha .
Bitta javob kelmasa ham ,yozaverdim ,
Sen o‘shami ,ishqilib ?
Men o‘sha –o‘sha .

O‘lmayapman ,o‘lar holda bo‘lsam hamki ,
Kelmasmiding mabodo men o‘lsam hamki ?
Bilmaysan-da ,seni shunday qumsaymanki …
Yuragim ham tugay dedi jo‘sha –jo‘sha .

Tamom bo‘ldim .
Tamom nima ,bilasanmi ?
“Bo‘m-bo‘sh ikki tomon” nima ,bilasanmi ,
Yomon !
O‘zi yomon nima ,bilasanmi ?
Toqatim toq ,iztirobim qo‘sha –qo‘sha .

Bir kelsang-chi !?
Yig‘lasan-gchi boshim silab ,
Yig‘lasan-gchi yuzimdagi yoshim silab ?!
Yo shivirla mayin –mayin ,qoshim silab
“Mayli ,to‘yib bi-i-ir yig‘lab ol ,bo‘sha ,bo‘sha !..”

Tamom bo‘ldim .
Tamom nima ,bilasanmi ?..

* * *

Bilurman deb dam urma ,
Bilganing- yolg‘on bilmassan !..
Jaloliddin Rumiy .

Hudoga bir to‘yib ibodat qilsam ,
Bir to‘yib yig‘lasam onamni quchib ,
Bir to‘yib o‘psamu qo‘lida o‘lsam –
Jonimdan to‘ydirgan sanamni quchib ,
Jannat naqd bo‘larmi ,bilmayman .

Asl baxt –iymonda ,-derlar ,-aslida .
Tinglarmi Tangrim ul kun ohlarimni –
Tilim tavba aytsa takroru takror,
Dilim qumsayversa gunohlarimni ,
Shu ham baxt bo‘larmi ,bilmayman .

Jandamni tashlasam ,bugun taxt ham taxt
Hoziroq toj hozir ,qulohdan kechsam .
Ammo huruj qilib jununim bir kun ,
Ko‘ngil tusab qolsa ,tojimni echsam ,
Quloh taxt bo‘larmi ,bilmayman .

Boshqacha gaplarni aytmoqchi edim ,
Unutdim –kuy tinmas xayol torida .
Men sizdan mingdan –ming roziman .
Sizchi ?
So‘rab qo‘ygan yaxshi imkon borida ,
Keyin vaqt bo‘larmi ,bilmayman .

Men boshqacha gaplarni aytmoqchi edim …

O‘TINCh

Oyatulloga

Hudoyim –ay,
Huzuringa
Qonuningni buzib keldim –
Qo‘lim tutgan ,
Yo‘lim tutgan
Ming zanjirni uzib keldim .

Osiy bo‘lsam ,kechir ,ammo
O‘zing gumroh yaratmishsan .
Kimni undoq ,kimni mundoq ,
Bizni shundoq yaratmishsan .

Ko‘nglimga boq ,
Bir sen bilgan
Sirlardan ham sal narida –
Bir ISM bor –chappar urib
Gullab yotar dil qa’rida .

Manglayimni tutib keldim ,
Yarim baxtim o‘chirib ber .
Faqat –o‘sha bitta SO‘ZNI
Peshonamga ko‘chirib ber !

* * *

Kelishdig-u ,ko‘risholmadik ,
Ko‘ngil ko‘z yosh qa’riga cho‘kdi .
Ko‘rishsak ham ,qo‘l usholmadik ,
Kaftingizga kaftim ichikdi .

Yig‘ladingiz ertaklar aytib ,
Uxlab qolgan o‘g‘ilchangizga .
Ko‘changizda shamolday daydib ,
Yo‘lolmadim derazangizga …

Ko‘rishdig-u kelisholmadik,
Bu yo‘l so‘ngi sarhadga etdi .
Kelishsak ham ,qo‘l usholmadik –
Na murod ,na maqsadga etdik

…Siz jim yig‘lab paypoq yamaysiz ,
Ishingiz yo‘q o‘g‘lingiz bilan .
Bilmam ,endi qanday yashaysiz
Mendan qolgan ko‘nglingiz bilan ?

* * *

Gulbarg – hijobimdir ,
To‘sar olamdan ,
Men chilla o‘tirdim
G‘uncha ichida.
Munojatlar qildim
Kirq kecha –kunduz
Va yana yig‘ladim
Shuncha ichida .

Yig‘ladim :

Aylama meni oshkor ?!-deb ,

Baribir
Kun kelib ,
Kun bo‘sa oldi .
…Ko‘z yordi bo‘saga aldangan g‘uncha :
Men –g‘oyib ,
To‘rt tomchi ko‘z
Yoshim qoldi …