A’zam Obidov (1974)

A’zam Obidov 1974 yil, 8 noyabr kuni Namangan shahrida tug‘ilgan. Namangan davlat universiteti va Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetini tamomlagan. «Katha» Osiyo Ijodiy Festivali; Tasavvuf, an’analar va she’riyat anjumani (Hindiston, 2006), Ijodiy Dasturlar I Xalqaro Kongressi (Germaniya Federativ Respublikasi – 2005), Xalqaro Ijodiy Dastur (Amerika Qo‘shma Shtatlari – 2004) ishtirokchisi.
«Sog‘intirib ketgum qadamlarimni», «Yo‘limni poylaydi mo‘]jiza» she’riy to‘plami (ingliz va o‘zbek tillarida), «Dream of lightsome dawns» (Cho‘lpon va Usmon Nosir she’riyatidan inglizcha tarjima), «Muhabbat, oqaver tomirlarimda» (N. Abdullaeva bilan) va yana bir qancha kitoblar muallifi.

QO‘MSAYMAN

Vaqtim o‘tib ketdi, o‘qimoq uchun
Qur’onni qo‘limga olmog‘im kerak.
Bo‘lmasam-da bu keng dunyoga ustun,
Aqalli bir mullo bo‘lmog‘im kerak.

Senda yashamoqdir mening istagim,
Ayt, qachon qaytasan, o, o‘tgan zamon.
Domlaning uzundan-uzun kaltagi
Va eski maktabni qo‘msayman hamon…

OYNING DUOSI

O‘tmish kunlar shiddati buyuk,
Yolg‘iz gapga qolguvchi zamon,
Faqat do‘kdan chiqarkan quruq,
Soya solmish beparvo samo.

Bu kunlarni ko‘rmagan Temur,
O‘tmagandir uchqur otida,
Ming xil ziynat, ming bitta qusur,
Aytmoq mumkin qancha xotira.

Sen o‘zingni o‘ngla, mehmonim,
Bu kunlarning yo‘qdir qiyosi.
Shukur, shukur, osiy dunyoni
Asrayotir Oyning duosi!

KO‘NGLIM OSMON QADAR…

Ko‘nglim osmon qadar o‘sarmukin,
Yolg‘on tillarimiz kesarmukin,
Ro‘zi azalgacha yasharmukin,
Ko‘hna dunyo, ko‘hna dunyo!

Yorilmagan yuraklari ayollarning,
Bardoshi zo‘r qistoviga chayonlarning,
Nahot-nahot band etmaydi xayollaring,
Momo χavo, Momo χavo!

Tiyolmagan o‘zni boylik, ishratlardan,
Voqif bo‘lib bosh tortsa farz, sunnatlardan,
Quvilmasmi farzandlaring jannatlardan,
Odam Ato, Odam Ato!

Qabihlikka to‘lar qayta yo‘llarimiz,
Sovuq loydan bo‘shamaydir qo‘llarimiz,
O‘zligini tanimagan ellarimiz
Et mosuvo, et mosuvo!

Men-ku umid qilolmasman hayvonlardan,
Bezib bo‘ldim aldaguvi shaytonlardan,
Faqat mehr tilab o‘sgum insonlardan,
Inshoolloh, inshoolloh!

HALI BU DUNYoNI

Seni bu zamindan ko‘chirgim kelar,
Butun borlig‘ingni etib g‘ayri hol.
Qaro tuproqqa ham suyansa bo‘lar,
Musaffo zaminda ko‘kargan nihol.

Hali bu dunyoni aldayverar shon,
Bizni yolg‘izlatmas do‘stona shamol.
Qurisak,
Osmonda qovjirasin jon,
Qulasak,
Panohga olar Zuljamol!

BIRLIK

Bu ko‘xna, qo‘llari titroqzaminni
Bosmay yurib bo‘lmas, ko‘zim yetmaydi.
O‘zini farishta sanasa kimki
Albatta osmonga uchib ketmaydi.

Kechirgil, ikkov ham erurmiz asir,
Olamning yaralgan kunidan beri.
Shukur, jim ko‘tarib yuribmiz axir,
Sen meni, men esa o‘zingni,
ERIM!

RIVOYaT

Xalq bo‘lganmish bir zamon,
Pok niyatli, musulmon.

So‘z yo‘q ekan sharhiga,
Halol-harom farqiga

Borarmish, xo‘p shod ekan,
Yurt tamom obod ekan.

Bir kun bosib falokat,
Bo‘lsin deya halokat,

Keldi bosqinchi dushman,
Lek kirish etildi ma’n.

G‘azab o‘t oldi yovda,
Shahar qoldi qurshovda.

Xiyla o‘ylandi rosa,
Oxir etib xulosa.

Yurtga kirish yo‘lida,
Darvozaning so‘lida,

Mavjud edi suv boshi,
Xalqning rizq-ro‘zi, oshi.

Shundan hayot borardi,
El-yurtni sug‘orardi.

Yov boshlig‘i olib so‘z:
«Topib keltiring to‘ng‘iz!

Suvga tashlangiz so‘yib,
To‘ng‘iz qonini to‘yib

Ichgach, ko‘rarmiz holin»
Deb siladi soqolin.

Aytganini qildi yov,
Harom bilan beayov

El xalqumin bulg‘adi,
Nopoklikka chulg‘adi.

Shundan keyin bemalol
Yurtni etilmish ishg‘ol.

El ko‘zidan ketib nur,
Qayga bursa, qayrilur

Holga kelibdi, xor-zor,
Hissa: bo‘lgin sen hushyor!

QUShChA

Bir qush kuzatmishdir dunyoni,
Chiqib ko‘kka ohu fig‘oni,
Amal boru hisob yo‘q bugun,
Erta esa ters kelgay butun.

Chug‘ur-chug‘ur qilar mitti qush:
Bul basharning nahot ko‘ngli to‘q?
Aylama der aslo faromush –
Erta hisob boru amal yo‘q!
Erta hisob boru amal yo‘q!

OYaT

Bandamiz, rizq ulug‘ bo‘lsa gar,
Alloh ikrom qildi deb aytar.
Ne’matni tang qilsa, alhazar,
Shikoyatchi bo‘lurmiz qayta.

Esga tushar o‘tgan har yumush,
Bo‘g‘izda tosh qotib qolgay un.
Oh, ne uchun bo‘lurmiz xomush,
Er dahshatli qimirlagan kun?

Qayda edim tiriklik mahal,
Vujudimni bosadi toshqin.
Oxiratga bir ezgu amal
Taqdim etgan bo‘lsaydim koshki!
Koshki!

NAH OT-NAHOT

Haqning qo‘li yetdi bo‘g‘zimga,
Ko‘ngil ma’yus tortib qoldi jim.
Shu on savol qildim o‘zimga,
Qaytgum qandoq, kelib kim bo‘ldim?

Zotan nuqul chaynaldi tilim,
Ne ish bo‘lsa yutdim ichimga.
Meni haqqa qovushtir, o‘lim,
Tili kesik jonga achinma!

Bir kun ildiz otmoqqasdida
Dil tubiga to‘kilar sirlar.
Nahot-nahot qabr ustida
Bo‘y cho‘zadi ro‘yi-rost she’rlar.

HAYRAT

Olislarda qolar yuragim,
Yillar bo‘yi chiqmas daragim,
Puch puch bo‘lar, sarak – saragim,
Meni bir kun g‘urbat o‘ldirar,

Borligimni suyadi kimdir,
Kimning kuyib yurgani timdir,
O‘zni sabr nahriga shimdir,
Meni bir kun g‘iybat o‘ldirar.

Etdim dedim, yetmaganim ko‘p,
G‘ayrat bilan ketmaganim ko‘p,
Vaqtning sovuq qo‘llarini o‘p,
Meni bir kun g‘aflat o‘ldirar.

Qiynab olsa chiqmaydi jonim,
To‘kilganda ming qatra qonim,
Hayotimning eng so‘nggi oni
Meni hayrat, hayrat o‘ldirar!

ALAM

Bu dunyoga na bir e’tibor,
Na bir parvo birla qaralmish.
Iblis kabi bo‘lgayu makkor,
Yaxshilikni bilmas yaralmish.

Nechun keldim deya surmas o‘y,
Ketmog‘in ham aslo o‘ylamas.
Tubanlikda qolib qaro ko‘y,
Komillikka o‘zni bo‘ylamas.

Hayot goh sho‘x, goho osuda,
Bir yonda do‘st, bir tomon g‘anim.
Alam qilar menga ba’zida
Arosatda yashayotganim

NASIHAT

Nafs, nimani qilmading orzu,
Qay yumushga urmading bir qo‘l.
Bir kun axir toshu tarozu
Va kelgusi boshi bekik yo‘l.

O‘tinchim shul: ochiq qo‘yma, bas,
Usting savob ilki-la yopgin.
Gunoh ishga qilgan bo‘lsang qasd
Xudo ko‘rmas bir joyni topgin!

IKKILIK

Zamin bilan samo bor,
Erkak ila ayoldir.
Tun ortida oq nahor,
Quyoshdan so‘ng hiloldir.

Jannat ila bo‘lur nor,
Kufr yiqar iymonni.
Tug‘ilmoq-la, o‘lim bor,
Yo‘q qutulmoq imkoni.

Quruqlikka dengiz mos,
Arshga buyuk kursidir.
Qalam asli lavhga xos,
Amal ilm darsidir.

Husnga ishqko‘rikli,
Barcha bunga shohiddir.
Neki bo‘lsa, sherikli,
Yolg‘iz Alloh – vohid, bir!

BUNDA

Bunda sog‘lik uchun ichilgay sharob,
Tirikchilik uchun odam avralar.
Nahot dil tubiyu atrofi xarob,
O, qayda qoldingiz dilkash davralar?

Bunda xotirotning ummoni sayoz,
Tafakkur osmonin soddalik tutmish.
Minglab zabon mavjud, bor bitta ovoz,
Bunda yaralmishni asraydi o‘tmish…

Bul muhit ilkida bir siniq parcha,
Ustingga yopasan gina, ozorni.
Axir payg‘ambarni biladi barcha,
Hamma tasdiqlaydi Parvardigorni.

Lekin sog‘lik uchun ichilgay sharob,
Tirikchilik uchun odam avralar.
Men nurni sog‘indim, bu zulmat aro,
Tezroq qutqaringiz, dilkash davralar!

MISOLI

Shuncha duru-javhar na hojat,
Nega kerak axir boshpana?
Tor lahadga yetgum nihoyat,
Bir kun bo‘lar axir tosh pana!

Kishan solmish qo‘limga bu dam,
Shijoatni qilaman kanda.
Yangi kunga bosgayman qadam,
Misoli hech o‘lmaydiganday…

***

HAR YuMUShNING BORDIR O‘Z VAQTI,
har narsaga lozim rioya,
Bormi-yo‘q deb o‘tirmas naqdi,
Bir xohishga yo‘qdir nihoya!

Ya’ni xotin kontsert, kinoga
Bormoqlikni istaydi, lek er:
– «Uyat, axir qo‘shni binoda
hatto bitta radio yo‘q, -der.

– Mana, tayyor oynai jahon,
Ko‘rsa bo‘lar kontsert, kinoni,
Qoyillatib yetmagani on
Chalib bergum pianinoni.»

Boshqa kun-chi xotin dabdurust
Kabobxo‘rlik haqda ochar gap.
Er: «Qo‘shnimiz necha oyki go‘sht
Emas, hatto chiqar non so‘rab.

Ana, senga qancha go‘sht-lahm,
Kotletmi yo boshqa go‘sht taom
Tayyorlagin, bo‘lma befahm,
Qo‘shniga-da chiqar, vassalom!»

Boshqa bir kun xohlaydi xotin
O‘qimoqqa haydovchilikka.
– «Yo‘q narsaga bo‘lma ko‘p betin,
O‘zni hadeb qo‘yma ko‘rikka!»

Xullas, yana qancha mashmasha,
Balki to‘g‘ri, balki xatodir.
Yosh boladay qilib xarxasha,
Istab-istab o‘tib ketodir.

Balki erda yo‘q dersiz xohish,
Lekin asli bunda emas gap.
Er tutadi aql bilan ish
Mo‘‘tadillik turilar saqlab.

Balki bordir sizda zo‘r imkon,
Har istakni etmakka bajo.
Lek unutmang qilmoqni ehson
Ham el uchun bo‘lmoqqa fido.

Har yumushning bordir o‘z vaqti,
Har narsaga lozim rioya,
Xohishni deb boy bermang baxtni,
Axir unga yo‘qdir nihoya!

DEMAK, HALI…

Bir kun o‘tib ketar shunchaki,
Qisqaradi yo‘l baxtga qarshi,
Yo‘q, emassan kecha kundagi,
Butkul o‘zga bu ko‘ngil tarzi.

O‘ylama, hech o‘lgan emassan,
Mavjudlikni qilmading kanda.
Yurak essiz, esiz quruq tan,
Esiz shuncha bandalik, banda.

Umr — Xudo bergan bokira,
Hayotingni turar to‘ldirib.
Kelmasmidi yashaging sira,
Kim naf topar seni o‘ldirib?

Umidim — zo‘r pahlavon kelbat!
Turar mulzam ming uzr ayta:
«Erta baxting kulgaydir albat,
Va umringni boshlaysan qayta!»

Bugun esa o‘tdi, yo Rabbim…
Qolarmi deb hush is va ko‘lkam,
Urib turar ko‘ksimda qalbim,
Demak,
hali tirikmiz, erkam!
Yurak, hali tirikmiz, erkam!

TOVLAMAChI

Kim aldadi, aldandi birov,
Yog‘di ishonch boshiga qirov,
Erta axir kelgaydir so‘rov,
Yo olma, yo olganni qaytar!

Olishda-ku kirar jon, yo rab,
Ro‘kach bo‘lar shuhrat-shon, yo rab,
Oxir o‘zing borgaysan so‘rab,
Yo olma, yo olganni qaytar!

Bosma, ko‘ngil, savob ustiga,
Ishlatgandir kamu-ko‘stiga,
Kim mol bersa, berar do‘stiga,
Yo olma, yo olganni qaytar!

Bugun bitta sichqon qasdida,
E voh, yana qirq yorsang qilni.
Erta mushtdek yelkang ustida
Osgaydirlar ming bitta filni!

Kim aldanar, aldaydi birov,
Yog‘ar ishonch boshiga qirov,
Bir kun axir kelgaydir so‘rov…
Yo olma, yo olganni qaytar!

BU BIR DUNYo…

bu bir dunyo, ba’zan hech narsa
istamaysan istakni izlab,
mazlum uchun chalinar qarsak,
zolim to‘rga olingay sizlab.

bu bir dunyo, puling bori-da
o‘ylamaysan aslingni aslo.
bunda har kim ish bozorida
qilgaydir o‘z bilgicha savdo.

bu bir dunyo, ko‘pdir bahona,
gunoh uchun to‘kilmaydi yosh.
devor borib tekkach peshona
ibodatga egiladi bosh.

Bu bir dunyo – sarob dashtida
Qurbonlikka so‘yilar qo‘zi,
Bu bir dunyo – suvning ustida
Ko‘pikligin bilmaydi o‘zi.

Bu bir dunyo…

AQAL BIR BORA…

Tutmoq qiyin kechar o‘zni har doim,
Bexos kimlargadir ko‘tarilar qo‘l,
Sen darg‘azab bo‘lsang, tortib muloyim –
Mushtdak jigarporang javdirar mo‘lt-mo‘lt.

Juda rahming kelar, sezasan, chindan,
Aqlingga bir tanbeh yozilar nogoh:
O‘zing-ku ming gunoh qilsang-da kunda
Aqalli bir bora chertmadi Alloh…

IYMONLI ZOT VA OZOD QUL

Kaysidir kun bir iymonli zot
Bor qullarin etibdi ozod.

Afsus, qullar chiqmish beodob,
Fahsh ishlarga berilib shu tob,

Biri darhol chekibdi og‘u,
Sharob ichib to kech qorong‘u,

Turolmayin hatto oyoqqa,
Bir yo‘lchini tutmish so‘roqqa:

– Beri kel-da, qo‘limdan ushlab
Meni uyga eltib qo‘y, oshna!

Yo‘lchi yurib u bilan birga
Boshlab kelmish ochiq qabrga,

Debdi: – Mana, keldik uyingga
Kirib yotgin endi joyingga…

Mastning boshdan uchibdi hushi,
– O‘nggimi bu va yoki tushim,

Deya minmish jahl otini
Va yo‘lchining berib dodini

Rosa urib oqizdi qonin,
Kaltaklardan og‘rib ko‘p joni,

Churq etmadi yo‘lovchi, holsiz –
«Insof bergin!» deb turdi yolg‘iz.

Kimdir mastni to‘xtatdi shu on,
– Ne qilyapsan, to‘xta, hey, hayvon!

Qora qonga belaganing zot,
Seni etgan edi-ku ozod!

Mast bir fursat qoldi-ku shoshib…
Va qullikda egildi boshi…

Nogoh botdi qop-qaro terga,
Koshki kirib ketsaydi yerga!..

Shu lahzadan tavba qildi-yu
Ko‘nglin iymon tomon burdi u…

QALBIM IShQQA TO‘LA

Qalbim ishqqa to‘la…
Lekin qo‘rqaman,
Loyiq bo‘lsam edi bo‘lmoqqa ummat!
Ezgu amallardan unsa bir chaman,
G‘ashlikning ortidan chekinsa zulmat!

Qalbim ishqqa to‘la…
Magar qon tag‘in…
Erta sho‘r boshimga ne bo‘lar qaytim?
Koshki Payg‘ambarning
yoshligidagi
Mindirib yurgan bir tuya bo‘lsaydim…

BANDA VA UNING AMALI

Uzoq umr ko‘rgan bir obid,
Ibodatni etibon sobit,

Χaqqa aylab besh yuz yil sajda
Tasbehini etmadi kanda.

Bir kun yetgach o‘limga oxir
Χaq oldida bo‘lmishdi zohir.

Alloh demish: Ey, farxunda dil,
Rahmatim-la jannatga kirgil!

Obid aytmish: Bo‘lsam, ey Xoliq,
Amalim-la jannatga loyiq…

– Amallarin o‘lchangiz darhol!
Deya buyruq qildi Zuljalol.

Farishtalar shu on bo‘lib shay
Ul obidning bitta qoldirmay

Amallarin chiqarkan tortib
Keltirishdi shundayin tartib:

«Besh yuz yillik banda toatin
Bosib tushmish bir ko‘z ne’mati!»

Χissa: rahmat bandaga tortiq,
Amal aslo bo‘lolmas ortiq!

YoMG‘IR YoG‘AR USTIMDAN…

Yomg‘ir emas ustimdan
Rahmat yog‘ar tomchilab,
Bilmam, gunoh dastidan
Tushar balki qamchilar.

Bu ne, pana qilmoqdan
Soyabonmi yopganing?
Vo darig‘o, qiynoqdan
Qutqararmi chopganing?

Bir kun azob faslida
Yog‘ar pushmon tomchisi
Χech narsamas aslida
Bu dunyoning qamchisi!

BIROQ DOIM…

Biz uchundir bu dunyo asli,
Bizga esa oxirat mushtoq.
Fitnadandir olamning nasli,
Ham xiyonat qilmoq-chun o‘rtoq.

Bunda go‘yo hayot atirli,
Boq- go‘zallik oqibatiga, –
Ko‘rmaganing narsa qadrli,
Ko‘rganing — bir uyum atigi…

Shunday ekan, qanday ajab ish,
Bul fanodan bir narsa kutmoq.
Garchand dunyo biz uchun bitmish,
Biroq doim oxirat mushtoq,
Biroq doim oxirat mushtoq!

TAVBA

Tong otarkan, kuchli bir odam
Keldi nihol oldiga shahdam.

Qo‘pormoqchi bo‘ldi niholni
O‘yladi: bu ishim muholmi?

Ko‘rdi: nihol ildizlari bor,
Sug‘urmoqlik balki ko‘p dushvor.

Kel, yaxshisi keyinroq kelgum,
Bugungidan kuchliroq bo‘lgum.

Deya ortga qaytib ketdi ul
Necha yilki unutdi butkul

Lekin bir kun tushib yodiga
Qaytdi minib tezlik otiga

Ko‘rdi, lekin bo‘ldi u karaxt –
Nihol emas, azim bir daraxt

O‘sar edi qarshida bu vaqt,
Ildizlari chuqur, baquvvat.

Kuchim ko‘p deb surindi rosa
Qo‘pormoqqa urindi rosa,

Chiranishni bas qildi oxir,
Zaifligi bo‘ldi-ku zohir.

– Afsus, dedi, – ul nihol qani, –
Vaqt borida sug‘urmaganim…

Ko‘p pushaymon kelmadi hech kor
Gunoh o‘ti o‘chmadi zinhor.

Daraxt bo‘lmay ul gunoh hali,
Fursat topib tavba qilgali

Shoshil, darhol oyoqqa tur, do‘st
Qayta o‘smas qilib sug‘ur, do‘st!

U DUNYoDA…

Bir insonning tugadi umri,
Lek ortidan ko‘paydi gap-so‘z.
«Bisyor edi ul zotning shukri,
halol ishlab topardi rizq-ro‘z.

Yosh edi-ya, tag‘in ortidan
Bolalari qoldi chirqirab.
Tinim bilmay elning dardida
Bukilganni turgandi tirab.

Uchraganda ko‘ngli shikasta
Ahvol so‘rab o‘tardi nuqul,
Oh, yursaydi qani o‘lmasdan
Huzur ko‘rsa bo‘lmasmidi ul?!»

O‘yladim – bu gaplar puch asli,
Beixtiyor axir jon-tanlar…
U dunyoda kerak bo‘lmasmi
Bu dunyoda tirgak bo‘lganlar?!

KEL, QAYTA BOShLAYMIZ, YuRAGIM…

Jismu jon qoraymish g‘ubordan,
Ne baxt, bir zavq yetgay ifordan,
Yashashni ul yashil bahorday
Kel, qayta boshlaymiz, yuragim.

Umrimiz asli-ku hayriya,
Fanoning baqoga sayri-ya,
O‘tmishning bariga xayr deya
Kel, qayta boshlaymiz, yuragim.

Do‘st debon yurganim olchoqdir,
Ostimda qop-qaro botqoqdir,
Vazifam – tong bo‘lib otmoqdir,
Kel, qayta boshlaymiz, yuragim.

Iymon bor – Fazoyim hulkari,
U bir yo‘l – umrimning mehvari,
Tavbaga – o‘lmasdan ilgari
Kel, qayta boshlaymiz, yuragim!