Asad Asil (1941)

Asad Asil 1941 yilning 14 iyulida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi Xondayliq qishlog‘ida tavallud topgan. 1966 yil Toshkent Davlat pedagogika institutining pedagogika fakultetini, 1972 yil Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.
Bo‘stonliq, Qibray tumani gazetalari tahririyatlarida, keyinchalik “Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallari tahririyatlarida faoliyat olib borgan. O‘zbekiston yozuvchilari va jurnalistlari uyushmalari a’zosi.
“Lochin” (1982), “Mehr” (1984), “Quvonch” (1987) hikoyalar to‘plamlari, “Tog‘liklar” qissa va hikoyalar to‘plami (1992), “Chirog‘im, men – Sidqiyman, Xandaqliqiyman!..” tarixiy, badiiy, publitsistik romani (2008), “Alqor, nega ko‘zing to‘la yosh” voqeiy hikoyalar, esse va publitsistikalar (2011) to‘plamlari muallifi.
Yozuvchi o‘z ijodining o‘ttiz yildan ziyod vaqtini tarixda o‘chmas iz qoldirgan fidoyi ma’rifatparvar adib bo‘lmish Sidqiy Xandaqliqiyning  hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishlagan. Sidqiy Xandaqliqiyning tanlangan asarlari to‘plovchilaridan biri.

UMR EKAN TO‘XTAMAS DARYo

Bekat ekan bu ko‘hna dunyo,
Umr ekan to‘xtamas daryo.
Aldovlari, makri bilan yo
Ovuntirar hayot — behayo!

Qo‘lga olding izmim tushovlab,
Sevgi berding ko‘nglimni ovlab,
So‘ng qo‘llarim-ko‘zlarim bog‘lab,
O‘tga otding hijronda dog‘lab…

Bildim keyin: hammaga emas,
Kimlargadir ekan bu nasib,
Ko‘tarolmas odam g‘am yemas —
Sevgi emas unga munosib…

Biz bilmagan ko‘p narsa bordir,
Bir o‘zidan o‘zgalarga sir,
Bizga nasib sevgi bekati,
Buning uchun Tangriga shukur.

Bekat ekan bu ko‘hna dunyo,
Umr ekan to‘xtamas daryo…
Shul bekatda bir qo‘nib o‘tdim:
Bir qo‘ndimu, o‘tdim-da ketdim!..

* * *

Kun ortidan kunlar yetib borodir,
Oh, yil o‘tar ne-ne bahor-yoz bilan!..
Hatto xazon fasli ketib borodir,
Ko‘pdan beri ko‘rishmadik Siz bilan.

Qo‘zi-uloq boqib yurgan qizgina…
Ul kezlarga qaytib bo‘lmas so‘z bilan,
Boyg‘alchalar taqib yurgan qizgina,
Ko‘pdan beri ko‘rishmadik Siz bilan.

Ko‘z o‘ngimdan qanday o‘chsin ul damlar!
Ko‘rmaganday o‘tardingiz noz bilan,
“Gapirmasin”, — dermidingiz, — odamlar,
Ko‘pdan beri ko‘rishmadik Siz bilan.

Aytolmayin yuragimda borimni,
Kecha-kunduz hamdam edim soz bilan,
O‘tar bo‘ldim ovunch etib torimni,
Ko‘pdan beri ko‘rishmadik Siz bilan.

Visol chog‘in kuta-kuta adoman,
Jinday umid, qilcha ilinj biz bilan.
Kuyganlarning faryodiman, gadoman,
Ko‘pdan beri ko‘rishmadik Siz bilan.

Na ilojki gunohkormiz, bandamiz,
Hamon xayol o‘sha asal qiz bilan.
Manziliga yetolmay armondamiz —
Qay makonda ko‘rishganmiz Siz bilan…