Abdulla Sher (1943)

Abdulla Sher (Sherov Abdulla) 1943 yil 5 avgustda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1970). Ilk she’rlar to‘plami – «Ko‘klam tabassumi» (1973). Shundan keyin shoirning «Alyor» (1977), «Atirgul soyasi» (1979), «Roz» (1980), «Kuz hiloli» (1983), «Qadimgi kuy» (1987), «Nuqtadan so‘ng» (1989), «Toqat» (1997) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Axlokshunoslik» (2003) o‘quv ko‘llanmasi ham bor. Bayronning «Don Juan» she’riy romani, K. Kaynening «Olmoniya» dostoni va «Qo‘shiqlar kitobi»ni, A. S. Pushkin, A. N. Nekrasov, A. Axmatova asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

ERK

Qog‘ozga aylandi soxta romanlar,
Qochdilar yasama qahramonlarim.
Qaytadan tirildi yaxshi-yomonlar,
Ahuramazdayu ahrimanlarim.

Qaytadan yangragan qadim ohanglar,
Eslatar yurakning tug‘ilgan kunin.
So‘zim yerga tushsa — tuproq jaranglar,
Osmonga chiqsa u — olovli junun.

Asrdan-asrga silkitib qanot,
Erkinlik Humoyi boshimga qo‘ndi.
“Men!” degan so‘zimga baxsh etib hayot,
Qadimiy g‘ururim bug‘doydek undi.

Kufr ko‘zoynagi yitib ko‘zimdan,
Beg‘ubor tomonga yana tikildim.
Yana hikmat yangrab erkin so‘zimdan,
O‘zimni olamga xalifa bildim.

Va lekin bu baxtga yetmadi, hayhot,
Qanchalab arslonim, qanchalab alpim!..
Bugun pok ruhlarni aylagancha yod,
Asrga qo‘shilib yosharar qalbim!

TARJIMAI HOLIMDAN PARChA

Asrni asrga ulab bir qatim —
Umr deb atalgan chayir ip bilan,
O‘zni ayamadim, so‘zni ayadim,
She’rni gul deb bildim, kitobni — chaman.

Zamondan zamonga o‘tarkan, yo‘lda
Qullikdan, hurlikni farqlab ololdim.
So‘zdan o‘stirganim har bitta gulda
Bahorning rangini saqlab qololdim.

* * *

Men qayta tug‘ildim Oybek o‘lgan kun,
Va “Cho‘li iroq”ni yig‘lab eshitdim.
Jonim charsilladi, sachradi uchqun,
Umrimni olovga ilk bor esh tutdim.

Shu-shu bir manzara tinch qo‘ymas hamon,
Oybekni ko‘raman cho‘li iroqda.
Shom qo‘nar. G‘urubda tashnalab karvon,
Daryoni qidirib yurar qirg‘oqda.

Chayqalar, chayqalar sarbonsiz to‘da:
Tovush va lekin yo‘q erur so‘zlar.
Tun jimjit. Sahro jim. Olam uyquda.
Oybekda to‘xtaydi ilohiy nazar.

Shu zam bulut ochar oyning yuzini,
Yulduzlar jaranglab aytadi takbir.
Qumga tushib qolgan Oybek izini,
Avaylab silaydi qudratli taqdir.

* * *

Ulug‘ baxtdir, do‘stim, yashamoq,
Quvonch bir yon, qayg‘ular bir yon.
Goh quyoshdan chiroq yorug‘roq:
Goh sargardon, gohida giryon…

Tark etmaydi seni tuyg‘ular,
“Duk-duk” urmas ularsiz yurak:
Goh orzudek kuylaydi suvlar,
Goh umiddek shildirar terak.

Goh chiroqning boshini egib,
Chaqirasan yulduzni, oyni:
Mangulikning jig‘iga tegib,
Ulug‘laysan oniy chiroyni.

Sen baxtlisan, baribir, do‘stim:
Yonginangdan yozu kuz o‘tar.
Shamol bilan shivirlashgan sim,
Havas bilan seni kuzatar…

* * *

Ko‘nglim mening quyoshdek yorug‘,
Ko‘nglim mening oy kabi go‘zal.
Men qorga ham sepaman urug‘,
Qadamimdan uyg‘onar hamal.

Bu dunyodan sizlab olganim,
She’r atalgan qadim navodir.
Yulduzlardan tilab olganim —
Osmon isi misramga jodir.

Asli osmon o‘g‘liman. Shunday.
Lekin yerda tug‘ildim, do‘stim.
Ko‘kdan tushgan qutlug‘ uchqunday,
Gulxan bo‘lib zaminda o‘sdim.

YoR VISOLI

Dunyo keng-u ko‘pdir yo‘llari,
Bir yo‘ldamiz, lekin ikkovlon.
Yo‘l boshida bahor gullari,
Imlab turar bizni baxt tomon.

Visol shavqin yonib totamiz,
Bo‘ron turar har bir mushakda.
Ikki quyosh bo‘lib yotamiz,
Oy nur to‘kkan oppoq to‘shakda.

Tongda sayrab uyg‘otar qushlar,
Bir juft qush deb ikkovimizni.
Kunduzdagi sovuq tovushlar,
O‘chirolmas olovimizni.

Tunda yonib boqamiz tag‘in,
Vujudimiz aylanar ko‘zga.
Yaqinmizki, shu qadar yaqin,
Oramizda joy qolmas so‘zga.

NILUFAR

Eh, nilufar! Yashaysan nek baxt,
Suvni sevib, suvga botmasdan.
Qulf urasan yuzada har vaqt,
Bir chuqurroq tomir otmasdan.

Senga o‘xshash men sevgan barno,
Kuydirmajon — kuydirar har kech:
Qulf urar-u qo‘ynimda, ammo
Yuragimga kirib bormas hech.
* * *

Men shoirman, Yegishe Charents…
Charents

Men shoirman, men – Abdulla Sher,
Barloslarning sarkash farzandi.
Aytgil Osmon, aytgil ona – Yer:
O‘z asrimga menmi asrandi?!

Dedilarki: «Zo‘rdir ganj kuchi,
Egilib ol, unda shon, mulk bor!»
Egildimu, qalamim uchi
Yuragimga qadaldi ilk bor.

La’nat aytib bunday ustozga,
Tutdim, shunday, yo‘llar baridan.
Ko‘klamlarni yetaklab yozga,
Chiqmoq bo‘ldim Vaqtning qa’ridan.

Yuksaklar deb yondim oshufta,
Somon yo‘li hushimni oldi.
Ammo kiprik sanchilgan shiftda
Chatnab ketgan yosh yulduz qoldi.

Qah-qah urdi umr bo‘shlig‘i
O‘t qo‘yganda orzuga armon.
Yallig‘langan yillar qo‘shig‘i
Yondiradi bo‘g‘zimni hamon.

Men yonaman: na yov, na do‘stim
Qoraytolgan ufqimni yerda.
Men olovman: zulmatni to‘sdim, –
Vatanim deb cho‘g‘landim she’rda!

QADIMIY KUY

Men olis chorlovga tutaman quloq,
Ohanglar ruhimni charxlab yashaydi.
Ular, go‘yo bizga ishonib, bir choq
Bobolar qoldirgan nomga o‘xshaydi.

ChANG

Men ham tuproq edim,
Er edim:
Baxtliman, ulug‘man, zo‘rman,
Der edim.
Va lekin
Odamlar bosdilar, ezdilar,
Tariximni buzdilar;
Endi ijirg‘anib quvarlar
Mashriqdan, Mag‘ribdan,
Machitdan, mehrobdan,
Artarlar, chertarlar, yuvarlar
Qoshlardan, kiprikdan, uydan, kitobdan;
Meni quvadilar – tinim yo‘q menda,
Qanotsiz uchaman – qo‘nim yo‘q menda,
Holbuki Tuproq edim, Yer edim… odamlar…

* * *

Men may ichdim, paydar-pay ichdim,
Gunoh qildim, kattakon gunoh.
Men Yot gulni quyundek quchdim
Yot to‘shakdan elanib panoh.

Netay, axir, zada bo‘ldim men
O‘zim chiroq yoqqan vatandan;
Men er bo‘ldim, ota bo‘ldim men,
Endi esa – gunoqkor banda!

Tuproqlarga belab g‘animni,
Shoirman deb, uchib osmonga,
Men bilmabman aylanganimni
Asta-sekin tirik hamyonga.

Hamyonlikdan dilim og‘ridi,
Men gul quchdim, ichdim gulgun may,
Yot maskanning yorug‘ bag‘rida
Yorug‘ she’rlar aytdim paydar-pay.

Kechir Yot gul, sen yot, yot, gulim,
So‘ng bor quchib yo‘lga shaylandim.
Tuni bo‘yi ikkala qo‘lim
Seni silab gulga aylandi.

Xush qol endi yorug‘ maskanda,
Men zulmatga qadam tashlayman.
Rahmat. Endi o‘lgim kelganda
Qo‘llarimni hidlab yashayman.

* * *

Dengiz mavjlariga qo‘naru o‘ylar,
Oy solgan yo‘lakdan ketar ufqqa.
Sog‘inchli bir ohang dengizni bo‘ylar,
Moviy sath aylanar oydin qo‘shiqqa.

Qoratog‘dan oshib, ul ohang tinar,
Chotqol nafasiga aylanar havo:
Qordek oq choyshabda meni sog‘inar
Bir latif, bir shirin, bir momiq dunyo.

* * *

Qo‘llaringdan ushlab, labingdan tishlab,
Men olib ketaman seni olisga.
Bir kunlik umrni baxtga bag‘ishlab,
Biz yetib boramiz kuzgi polizga.

Tashlandiq chaylada yozib dasturxon,
Bir qultum sharobdan sarxush bo‘lamiz.
Senu men, muhabbat, orzu – to‘rtovlon
Kimsasiz chaylaga zumda to‘lamiz.

So‘ng o‘tib qizilo‘t bosgan roshlardan
Yayraymiz kichraygan daryoga kirib.
Chopamiz mox bosgan qayroqtoshlardan
Kuz kechib, suv kechib, kulib, qiyqirib.

Tizzangta yetmagan daryo quchoqlar
Qanotsiz baliq deb boldirlaringni.
(Olisda, bilmayman, yig‘armi-bog‘lar
Shaharlik sayyohlar chodirlarini.)

Sentyabr quyoshi silaydi iliq
Yuzimiz, yelkamiz, qo‘llarimizni.
Dunyo muncha go‘zal, muncha xush qiliq,
Tangri uzun qilsin yo‘llarimizni!

RUBOIYLAR

1.
Munchalar o‘xshashmiz ey charxi falak, –
Men ham odam shaklin olgan g‘ildirak;
Ne qilay, men – bitta, dunyo ikkidir,
Ikki dunyo aro chopaman halak.

2.
Gohida o‘xshayman omadsiz mastga:
Chinorga suyansam – aylanar xasga.
Erk istab olamga bulbuldek qo‘nsam,
Qanotim sig‘maydi bu tor qafasga.

3.
Dunyoning o‘yinin ko‘rib yashadim,
O‘yindan hikmatlar terib yashadim.
Zamonam mayini ichdimu, lekin
Xayyomning kayfini surib yashadim.

4.
Umrimni sarf etdim – pul qildi zamon,
Gulxanlar yokdim men – kul qildi zamon.
Men baxtni madh etib yozgan she’rimni
Qog‘ozdan yasalgan gul qildi zamon.

5.
Ey Qur’on, Hadisdan bebahra dinboz,
Bor-yo‘q e’tiqoding soqoling xolos.
Meni benamoz deb qilma nadomat, –
Butun O‘zbekiston menga joynamoz.

* * *

Nimanidir doimo kutib,
Qayergadir doim shoshamiz.
Kimni eslab, kimni unutib,
Yillar degan g‘ovdan oshamiz.

Umr o‘tar, shunday sezilmay:
Goho Sharqqa, goh G‘arbga chopib.
Yo‘qotganni bir piyola may
Tubidan goh olamiz topib.

Juftimizga boqamiz komron,
Atrof bahor, iqbol yor bizga.
Va tun bo‘yi yulduzli osmon
Qo‘nib yashar to‘shagimizga.

So‘ng, ko‘rpani tortqilaru tong,
Uyg‘otadi yalang‘och hayot:
Yana chorlar bizni befarq tong –
Turmush degan qadim sirsirot.

* * *

Mensiz bo‘shab qolmaydi, shaksiz,
Men bilan to‘lmagan bu olam.
Lekin men odamman, men odam,
Men yashay olmayman ertaksiz.

Ertaknamo xayollarimda
Boshimga qo‘ndirib Humoni –
Bilsam ham – hammasi yarimta,
But qilib yuraman dunyoni.

Yosh bulbuldek his etib o‘zni,
Tunlarni qo‘shiqqa ko‘maman.
Gohida yumgancha men ko‘zni,
Botinda yog‘duga cho‘maman.

Mensiz bo‘shab qolmaydi, shaksiz,
Men bilan to‘lmagan bu olam.
Lekin men odamman, men odam,
Men yashay olmayman ertaksiz.

* * *

Ikki qayiq chayqalar tinmay,
Atrofimiz lojuvard olam.
Umrimizni, sira achinmay,
Daryo bilan ko‘ramiz baham.

Daryo go‘zal, daryo moviydir,
Rang bag‘ishlar umidimizga.
Qadim o‘zan keksa roviydir –
Rivoyatlar so‘ylaydi bizga.

Lekin, mavjlar o‘jardan-o‘jar,
Bo‘y bermaydi bizlarga, aslo.
Ikki vujud bo‘lib chayqalar
Omonat baxt qayiqlar aro.

Chayqaladi bir shirin g‘ussa,
Chayqaladi hatto titroqlar.
Yorti qolar lablarda bo‘sa,
Olib ketar bizni qirg‘oqlar.

Daryo go‘yo qismatdagi yo‘l,
Bizni boshlar endi yiroqqa.
U yerlarda endi hijron mo‘l,
Biz yashaymiz to‘yib firoqqa.

Endi sira uchrashmaymiz, biz,
Ikki qirg‘oq rishtani uzar.
Va chayqalgan qayiqlarimiz
Endi faqat tushlarda suzar.

* * *

Men ko‘plarga achindim,
Menga achingan bormi?
Men so‘z bo‘lib sochildim,
Mendek sochilgan bormi?

Savollarim  ko‘pdir, men,
Kimga beray ularni?
Balki o‘zim  cho‘pdirman –
Sharaflayman gullarni.

* * *

Sinfdosh do‘stim Muxtor
Qo‘chqorov xotirasiga

Marhumlikka o‘rganolmasdan
Tushlarimga kirasan, do‘stim.
O‘ychangina, shovqin solmasdan
Birga-birga yurasan, do‘stim.

Baqaterak ostida goho
Maysazorda yotib chalqancha,
O‘y suramiz: ikkimiz daho,
Biz yashaymiz dovruq solgancha.

Ochiladi ikki yurakning
Hech kim bilmas sirlar daftari.
Qo‘llab bizni baqaterakning
Qarsak chalar kumush kaftlari.

Goh yotamiz – durdek tish bilan
Chirt-chirt uzib o‘t poyasini.
Goh tinglaymiz qiziqish bilan
Shamollarning hikoyasini.

Goh oydinda suhbat quramiz,
Suvga qarab quloqboshida.
Goh o‘ltirib xayol suramiz
Tegirmonning eski toshida.

Ag‘anaymiz kurashib goho
Maysalarning hidiga to‘yib.
Yaqinlashib keladi, ammo,
Yildan-yilga o‘lim ot qo‘yib.

Mingashtirar u seni nogoh,
Quvonchimni olib ketasan.
Uyg‘onaman har gal tortib oh:
Sen tushimda qolib ketasan.

Qo‘shni qiz haqida ballada

Keli tuyar qo‘shni qiz
Hovliga berib chiroy.
Yuragimda toshgan his
Tilimga chiqar: “Voy, voy!”

Nozik belga yarashib,
Qo‘sh o‘rimi cho‘lg‘anar.
Nimchadan joy talashib,
Ikki ko‘krak to‘lg‘anar.

Qoshiga berar g‘urur
Tongda qo‘ygan o‘smasi:
(Eh, kelisop qurmag‘ur
Muncha ko‘zni to‘smasa?)

Nuragan paxsa devor
O‘rtamizda pardadir.
Har bir zarbda ma’no bor,
Ehtimol, bu zardadir.

Bo‘sa bilmagan dudoq
Har zarbda nim ochilar.
So‘rashga qo‘ymas titroq:
“Qachon borsin sovchilar?” –

Nima qilay, tortinchoq
Xayolparast bolaman.
Qanday bo‘lmasin, biroq,
Shu qizni men olaman!..

Lekin bir kun u, nogoh,
Qanot qoqdi qush bo‘lib.
Endi keladi goh-goh
Tunda shirin tush bo‘lib.

Endi o‘sha guldek vaqt
Xayolimni tark etmas:
Qochib ketdi mendan baxt,
Tutay desam, qo‘l yetmas!..


Deraza

Shahrimdagi bir derazada
To tonggacha o‘chmaydi chiroq.
Unda notinch o‘ylardan zada
Uyqu bilmas to‘lmagan quchoq.

To tonggacha ko‘zimni, hayhot,
Qamashtirar o‘sha deraza.
O‘z ko‘chamda o‘zimni bot-bot
Adashtirar o‘sha deraza.
Pardasiga uning osilib
Yashayman der bu o‘jar xayol…
Qilma meni, qilma benasib,
Bir deraza nur bo‘lgan ayol!

Sovqotgan  odam haqida ballada

Tashqarida qish kezar mag‘rur,
Izg‘irinda kukunlanar qor.
Derazadan tushib turgan nur
Bamisoli bir quchoq bahor.

Yo‘l chetidan sovqotgan odam
Tikiladi kelib havasi:
Ichkarida issiq, yosh olam –
Er-xotinning baxtli davrasi.

Tikilaru bir muddat, so‘ngra,
Birdan tiz cho‘kardi u qorga.
Va boladek o‘kinib, ho‘ngrab
Ko‘zyoshini to‘kardi qorga.

Deraza-chi, sochganicha nur
Ko‘z-ko‘z qilar oila taftin.
Yolg‘iz odam esa behuzur
Yuzga bosar ikkala kaftin.

So‘ng, dovdirab ketar u behol
Dala bo‘ylab, unutib yo‘lni.
Tortqilaydi beshafqat shamol
Ho‘l yuzlarni berkitgan qo‘lni.

Ruboiy

Gul bo‘lib silkinar, millar bu kecha,
Gapirmas lablaru tillar bu kecha.
Eng shirin so‘zlarni aytar shu sabab,
Barmoqlar tilida qo‘llar bu kecha.