Abdulla A’zam (1947)

Abdulla A’zam 1947 yil 21 aprelda Andijon viloyatida tug‘ilgan. Fizika-matematika fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi a’zosi (2017 yildan).

NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Misli xonaqohingizni aylamak ziyoratim —
Har kuni devoningizni qo‘lga olmoq odatim.
Bu g‘azalni o‘qiganda haddan oshdi hayratim:
“Bo‘lmish andoq munqati’ ahli zamondin ulfatim
Kim, o‘zum birla chiqishmas ham zamone suhbatim”.

Siz tufayli bo‘ldi buyuk tilimiz ham topdi zarf.
Sizdin o‘rgangan emasmu xulqu odob ahli harf?
Ne zamon nohaqshunoslik el ichida bo‘ldi urf:
“Turfa ko‘rkim, xalq komi birla umrim bo‘ldi sarf,
Turfaroq bukim, biravga yoqmadi bir xizmatim”.

Siz tufayli nom qozondi qancha kas arbob o‘lub,
Davringiz tarixga kirdi unda buyuk bob o‘lub.
Siz-chi faryod aylagaysiz bag‘ringiz kabob o‘lub:
“La’ldek boshim osilsun g‘arqayi xunob o‘lub,
La’l tikkan saltanat tojiga bo‘lsa rag‘batim”.

Siz kabi ustozu pirni ko‘hna olam kam berur,
Shishadek billur dilingiz zada qilgan kim erur?
She’ringizni o‘qisam, u misli ko‘zgukim erur:
“To‘lg‘anurmen o‘zlugumdin chiqg‘ali, bukim erur
Dard vodiysida sargardon quyundek hay’atim”.

Sizni ne hasratga dolmish, ko‘zga tushgandek sadaf?
Qaydayin erkan zamon, ul topsa ham sizdin sharaf,
Hasratingizga sababni qilmamishdir bartaraf:
“Etti ko‘kni ko‘k varaqlardek sovurgay har taraf
Gar falak charxi aro chirmashsa ohi hasratim”.

Bevafo bo‘lsa zamona, ulfating bo‘lg‘ay chog‘ir,
Do‘stlar qilsa xiyonat, kul bo‘lur kuyib bag‘ir,
Dushmaningdin aziyatlar bu qadar bo‘lmas og‘ir:
“Ey ajal, tan xirqasin kuydurki bo‘lmish, bas, og‘ir
Bu malomat o‘qlari birla tikilgan kisvatim”.

Ko‘rmagaylar chinu soxta o‘rtasinda farqni,
Zarmi? qadrin bilguchi zargar desun chin narxni.
Lol qilgay she’ringiz ham G‘arbni, ham Sharqni:
“Qo‘y duru feruza bahsinkim, nujumu charxni
Nilufar bargi uza shabnamcha ko‘rmas himmatim”.

Bo‘lmasa ishq, ikki olam bo‘lmasin —  sizning maqol,
Ilgingizda iki dunyo — misli singan bir safol.
Kim Navoiyni o‘qur, ibrat olur — topgay kamol:
“Ey, Navoiy, ikki olamdin kechu topgil visol,
Bu ikki butxonadin ermish bu yo‘lda ofatim”.


NAVOIY RUBOIYIGA MUSANNO

“Ko‘z birla qoshing yaxshi, qabog‘ing yaxshi,
Eng bilan menging yaxshi, saqog‘ing yaxshi”.

Ummonda qoshing misli darakchi qushdek,
Ko‘zing — yo‘l yoritguvchi mayog‘ing yaxshi.

O‘xshatsa qomating gar daraxtu gulga,
G‘unchayu guling ne dey? Butog‘ing yaxshi.

Firog‘ing shirin, ammo visolga yetmas:
“Yuz birla so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi”.

Bu misrani kim aytmish — bilibmi bilmay
Chimrilgan qoshing, uygan qovog‘ing yaxshi.

Ta’rifing Navoiydin o‘tkazib bo‘lmas:
“Bir-bir ne deyin, boshdin ayog‘ing yaxshi”.


BOBUR G‘AZALIGA MUSTA’ZOD

Ul ahd ila paymon qani, ey, yor, ne bo‘ldi,
va’dasi yolg‘on?
Ul lutf ila ehson qani, ey, yor, ne bo‘ldi,
ahdini buzg‘on?

Kettim meni hayron eshigingdin, demading hech,
ertami yo kech:
“Ul telbai hayron qani?” Ey, yor, ne bo‘ldi,
yodi parishon?

Yuz ko‘rsatibon el ichida lutf etar erding,
may tutar erding,
Ul lutfi namoyon qani, ey yor, ne bo‘ldi? —
Dilda zimiston.

Sening sari bori ko‘ngul istab topa olmay,
toqati qolmay,
Sening sari borg‘on qani, ey, yor, ne bo‘ldi?
Sen esa pinhon.

Jonimg‘a davo so‘zing edi, so‘zlamading, oh,
xastaga, valloh,
Jon dardig‘a darmon qani, ey, yor, ne bo‘ldi?
Topgil-ey imkon.

Mundoqmu edi ahdki, Boburni unutding,
neniki kutding?
Ul ahd ila paymon qani, ey, yor, ne bo‘ldi?
Qilmag‘in armon.

TUYuQ

Nazmimizning javohiri – “tuyuq”dir,
Gar bu gapdan qovog‘ing, ayt, uyuqdir –
Nafosati inja dilda tuyuqdir.
Zavq olishni o‘rgan, o‘rgatu yuqdir.