Abdulla Ayizov (1962)

Abdulla Ayizov 1962 yilda tug‘ilgan. Jahon tillari universitetining rus tili va adabiyoti fakultetini bitirgan. “Otam yodi”, “Bir gap bo‘lar” to‘plamlari chop etilgan.

YuRAGIM

Yuragim…
Qishloqdan shaharlargacha
Ketgandir kengayib, to‘lishib.
Qalbim osmon kabi yuksalib borar,
Vatanim baxtini madh etgum jo‘shib.

Dunyo xaritasi. Men unga boqib,
Ustiga yuragim qo‘ydim shul zamon.
Quvonchdan hayqirdim! Yurak o‘rnida
Bitilgan ezgu so‘z — HUR O‘ZBEKISTON.

MAKTAB

Kuni-kecha o‘quvchi edik,
Qo‘ldan tushmas edi Alifbo.
Ichimizda shundayin derdik:
Muallimlar — sehrgar go‘yo.

Bugun hamma ulg‘ayib shodon,
Hayot gulshanida kezib yuribmiz.
Ustozlarning mehrini hamon
Yurak bilan sezib turibmiz.

Ketmas sira xayolimizdan
Muallimlar har so‘zi, pandi.
Do‘stlar, ketmang hech oramizdan,
Har kimning bor dilga payvandi.

Quchog‘ingda yuragim, maktab,
Xotirada mangu qolajak.
Bu dargohdan ilm olganlar,
Qo‘lidadir hali kelajak.

Etarlidir ilm va hunar,
Ishonchingni shogirdlar oqlar.
O‘zbekiston — nurli diyorning,
Istiqbolin sevib ardoqlar.

YO‘L

Kim biladi deysiz, bu yo‘lning umri,
Balki minglab odam umridan uzun.
Kimlardir yugurgan shu yo‘lda shoshib,
Suyunchi olgani men tug‘ilgan kun.

Esdan chiqmas sira, quvonchga to‘lib,
Bolalik, yoshlikda bu yo‘lni kezdim.
Goh mahzun, gohida shodumon bo‘lib,
O‘z yo‘lim borligin qalb ila sezdim.

Bu yo‘l balki bir kun qayg‘uga botar,
Unsiz yig‘lar bunda kunduz ila tun.
Qishloqdoshlar olib ketma-ket o‘tar,
So‘nggi manzil tomon, eng oxirgi kun.

Bilaman, bu yo‘lning umri behudud,
O‘zi ham g‘oyatda uzundan-uzun.
Kimni kutib olar, kimni kuzatar,
Odamlarga hamroh xoh kunduz, xoh tun.

Kim biladi deysiz.. bu yo‘lning umri,
Minglab odamlarning umridan uzun…

MUHABBAT XOTIRASI

Yuragimni yulib ko‘ksimdan,
Muzliklarga ko‘msaydim zimdan.
Berolmas qalb cho‘g‘iga bardosh,
Zamin yoqqa tikilsa Quyosh.

O‘shal kunlar kelsaydi qaytib,
Muhabbatning qo‘shig‘in aytib.
Sizni ko‘rsam bo‘lib baxtiyor,
Yuragimda qolmasdi g‘ubor.

Bir og‘iz so‘z orani buzib,
Shodlik torin netdilar uzib.
Sevgi ko‘ksi tilinib lohas,
Ishq to‘lqini qoldi-ku besas.

Muhabbatda aldanish og‘ir,
Taskin bermas desalar “taqdir!”
O‘shal kunlar kelsaydi qaytib,
Muhabbatning qo‘shig‘in aytib…

OTAJON

Sihatligim uchun quvnab yursam ham,
Turmushim, mavqeim bo‘lsa-da bekam,
Holimdan har lahza edingiz ogoh,
Otajon, o‘rningiz bilinmoqda goh.

Elning nazaridan qolma, bolam, deb,
Duo ol, qarg‘ishga qolma, bolam, deb,
Nasihat, maslahat berdingiz u kun,
Otajon, o‘rningiz bilindi bu kun.

“Neki xizmat qilsang, qilgil beminnat,
El-yurtni e’zozla, xor etmas mehnat,
Haq yo‘ldan adashma, dedingiz, faqat”.
Otajon, o‘rningiz bilindi bu kun.

Og‘a-inilarim har ishimda bosh,
Do‘stu birodarlar — misoli ko‘z-qosh,
Hech kim bo‘lolmaydi Siz kabi sirdosh,
Otajon, o‘rningiz bilindi bu kun.

SENGA

Sendan keyin,
Tushmi yo o‘ng:
Butun borliq o‘zgacha.
Bog‘u-rog‘lar, yurgan yo‘llar,
Hatto, nonu-tuzgacha.

Sendan keyin,
Men MEN emas,
Men o‘zimga o‘zgacha.
Vidolashdik aro yo‘lda,
Etmoq qani, kuzgacha?!

Sendan keyin,
Ko‘ksim otash!
Yondirdi-ku muzgacha…
Birga o‘tgan damlar endi —
Xotiradir izgacha.

TO‘RTLIKLAR

Vo ajab, nozikdir odamzod ko‘ngli,
Mudom bir tekismas bu ko‘ngil yo‘li.
Kim uni tark etur, kimdir ochadi,
Shul sabab, goh shodmiz, gohida mungli.

* * *

Inson tabiati azaldan qiziq…
Taqdir — ko‘z ilg‘amas behisob chiziq.
Har kimsaga hamroh o‘z umr yo‘li
U mudom tekismas: goh keng, goh siqiq…