Abdulhamid Parda (1958)

Abdulhamid Parda 1958 yil 17 yanvarda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. «O‘zteleradiokompaniya»da muxbir, tarjimon, katta muharrir, «O‘zbekiston matbuoti» jurnali bo‘lim muharriri, «Ishonch» gazetasida muxbir, mas’ul kotib,
«Jahon adabiyoti» jurnalida bo‘lim muharriri, mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.
“Oltin belanchak” (1988), “Tahammul” (1997), “Munojot” (2000), “Sohil ohanglari” (2004), “Do‘stnoma” (2008), “Chorlov” (2008), “Ichso‘z ifshosi” (2008) she’riy to‘plamlari va “Sevgi san’ati” (2011) falsafiy risolalari chop etilgan.
Abdulhamid Parda Indoneziya yozuvchisi Marax Ruslining “Sitti Nurbaya” romanini, rus yozuvchisi Vladimir Kuninning “Baloyi nafs” qissasini, AQSh yozuvchisi Sol Bellouning “Fursat g‘animat” qissasini, Livan yozuvchisi Jubron Xalil Jubronning “Qo‘shiqlar”ini, shuningdek, Jon Donn, J. Bayron, Shelli, Jon Kits, R. Tagor, A. Pushkin, A. Blok kabi shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

ChO‘LPONNOMA

Yana jonlanmakchiman,
Hayajonlanmakchiman.
Qon-qurbon tilar tole,
Yo Rab, qonlanmakchiman!

Yig‘larman, Rabbano, tonglar otguncha,
Tong otib ham yana kunlar botguncha.
G‘aflatzada elni ohu fig‘onim
Jaholat uyqusidan uyg‘otguncha!

Sil yaproqlar jon talashadi,
Kim mansab, kim shon talashadi.
Shonparastlar kasriga qolgan
Sho‘rlik ulus non talashadi!

Bevafo etak,
Serjafo chechak.
Hushim o‘shanda,
Cho‘lpon sharmanda…

O‘lim yo‘q, bir o‘chib… yonish bor,
Gulbog‘ ichra mangu xonish bor.
Ne g‘am, zamon zulmi beshafqat
Hakam Vaqt bor, ahli donish bor!

Ne munojot, mungli nolaman,
El qalbida o‘sgan lolaman.
Muhabbatu e’tiqod-imon
Ramzi bo‘lib mangu qolaman.

Vo darig‘ki, har azim,
Talab qilar ming ta’zim.
Qon yalagan qassobday
Qon ichib qilar bazm!

Dod-fig‘onim jahon tinglaydi,
Jo‘mard, ahli imon tinglaydi.
Yuz o‘girar shaytoni lain,
Ne baxt, Rabbim, Rahmon tinglaydi!

Kimga samo, kim uchun yer yulduzi,
Har oshiqqa dil rozin der yulduzi.
Mos bo‘lgani ne soz har er yulduzi,
Maftun aylar Cho‘lponni she’r yulduzi!

Baxt taxtidan naridamiz,
G‘am-alam minbaridamiz.
Qonxo‘rlar iskanjasida
Qonli to‘lqin qa’ridamiz.

El-yurt qoni bilan ravshan mayog‘i,
Takabbur, uzilgan yerdan oyog‘i;
Pinhon alvon lola tubida dog‘i
“Oltin jabru zulm qing‘ir tayog‘i”!

Ham Majnun, ham Farhod otim,
Muhabbatim – qo‘sh qanotim.
Ahli oshiq asil zotim,
Ishqdan bo‘lak yo‘q bisotim.

Savoliga istamas javob,
Har amali ezgu bosavob.
Qilar ishi toatu tavob,
Ahli imon sohibi savob.

Yurtim, qonli ming dog‘ingdaman,
Mardona so‘lu sog‘ingdaman.
Qurboningman – ardog‘ingdaman,
Qalb qo‘ringu qarog‘ingdaman!

Zamon birla qilma, der, sitez,
Zamon shiori bo‘lsa: “Ez! Ez!”
Shiddatim Amuday toshgan kez
Qilich kabi nechun chopmay tez!

Icharmiz qonli bodamizni,
Tangrim charxlar irodamizni.

Faryodi bag‘ri qonlarning,
Barcha zamon-makonlarning:
O‘rdalari bek, xonlarning
Uyasi beimonlarning!

Mustabidni alqay-alqay ma’bud qildilar,
Yosh umrimni mehnat bilan nobud qildilar.
Zolim falak yo‘qsillarga do‘zax tangu tor,
O‘lmay turib keng dunyoni tobut qildilar!

Sohibi toj o‘ylar faqat taxtini,
Qasamxo‘r, eslamas qasam-ahdini.
Kim sug‘orar ezgulik daraxtini,
Kim uyg‘otar-ay, fallohlar baxtini?!

Yuragim ming bitta dardu g‘am siqar,
Jaholat xanjarin ko‘ksimga tiqar.
Ka’bai ko‘nglimni yuztuban yiqar,
Mehvaridan ona zamin ham chiqar!

Gar ostona oshmas unimiz,
Gar tundan ham qaro kunimiz.
Ne saodat, zarnigor shafaq
Iqbol tongin bezar xunimiz!

Xazonlar to‘kilar: sap-sariq somon,
Zolim zamon kabi bormi beomon.
G‘arib boshim olib ketay qay tomon,
Yo‘qsulga tiriklik o‘limdan yomon…

Ay shoir, besamar da’volardan kech,
Qullar o‘lkasida tong otmaydi hech!

Gunohsiz gunohkorlar ishi qayta ko‘rilar,
Ming bir bahona bilan el-yurt qoni so‘rilar.
Ahli jo‘mard bamisli chalg‘i bilan o‘rilar,
Kuyar el xonumoni quturganda bo‘rilar!

Qo‘y terisin yopinsa bo‘ri,
Elu yurtning quriydi sho‘ri.

Andijon, Andijon, Andijon,
Ming yuksak g‘oyaga bandi jon!
Bobur sarson, shahid Cho‘lponing,
Qonli qismat, oh, o‘rtandi jon!

Kishan, gavdamdagi izlar bugun ham bitgani yo‘q hech,
Temir barmoqlaringning dog‘i butkul ketgani yo‘q hech.
Qilich birlan sening erking gar bu ayyom tarix mulki,
Va lekin el saodatga to hanuz yetgani yo‘q hech!

Egnimda she’riyat ridosi,
Ash’orim asrlar nidosi.
Kishan kiymay, bo‘yin egmay hech
Bo‘larman hurriyat fidosi!

Oltin to‘la yerlarda och bo‘rilar ko‘zlari,
Hamyon to‘lib-toshsa ham to‘ymagan ochko‘zlari.
Gar qilar da’vo Aziz-avliyolik O‘zlari,
Vale zid amaliga barcha va’da, so‘zlari!

Hanuz kimlar o‘marar karvon-karvon tillamiz,
Hanuz kimlar huzurin ko‘rar kumush-pillamiz.
Na faryodu na dod bor — hamon chalamullamiz,
Ajal yetmay, ne ajab, qurib bitsa sillamiz!

Qilichlar sinar,
Zolimlar tinar.
Jannat bog‘lari
Zaminga inar!

Yana yangragay sozim,
Yana yangrar ovozim.
Samo, Yerday bezavol
Adolatparvar nozim!

Gar sinar sozim,
Tinar ovozim;
Boqiy haq rozim
Yuksak parvozim!

Yoqamda ikki qo‘lim,
Ming g‘anim o‘ngu so‘lim.
Uzilsang uzil, yo‘lim,
Xo‘rlikdan a’lo o‘lim!

Asrlardan asrlarga o‘tar boqiy nomimiz,
Avlodlardan avlodlarga yetar, soqiy, jomimiz.
Ahli bashar bo‘lsa, ne tong, ham maftunu romimiz,
Quyosh kabi charaqlagay har ilohiy komimiz!

Kishanband tafakkur, zanjirband san’at,
Shaytanat bilan payvasta saltanat.
Hovuch kibor, tuman maskanat, la’nat,
Xonumon vayron, armon muvozanat!

Zolim zamon nazdida yomon bo‘lsak, ne ajab,
Haq jangida shahidu qurbon bo‘lsak, ne ajab.
Qashqir changalida ham omon bo‘lsak, ne ajab,
Zamon kelib sohibi zamon bo‘lsak, ne ajab!

Ko‘nglim darddan siqilar,
Bor devorlar yiqilar.
Parvoz tilab bo‘g‘zimga
Ozod Ruhim tiqilar!..

Shamday so‘ngan mo‘min vijdon, imoni,
Yiqilmagan, talanmagan go‘sha yo‘q.
Zolim falak beomon ming kamoni
Yuragimga qayta-qayta otar o‘q!

Begona hurriyat asalu qandi,
Qasd qilar jonimga ming bitta andi.
Qalbim lochiniga hozirlar qafas
Qullar o‘lkasida har tutqun bandi.

Baxtu saodat sarob,
Ko‘ngil gulshani xarob.
Tashnamiz, zolim zamon
Tutar zaharli sharob!

Bo‘xton doston to‘qiysan tokay,
Yolg‘on qissa o‘qiysan tokay.
Etar, bas qil, yo mayli o‘ldir,
Yuragim, ayt, cho‘qiysan tokay?!

Boshga balo har kasofat,
Jaholat ham gar talofat.
Ikki olam ichra vale
Yo‘q shum hokimlikday ofat!

Toshdan qattiq metin bardoshim.
Ash’orimdan bo‘lak, qardoshim,
Nasib qilmas hattoki loshim,
Erk yo‘liga tikilgan boshim!

G‘olibiyat xandasiman,
Har erkparast bandasiman.
To qiyomat erk-hurriyat
Bulbuli xonandasiman!

Kishvari ko‘nglimning xoni muhabbat,
Tanim joni, qalbim qoni muhabbat.
Davlatu savlatu shoni muhabbat,
Oliy e’tiqod-imoni muhabbat!

Shoirlik siyratim soyasi go‘zal,
Sarbaland maqsadim g‘oyasi go‘zal.
G‘anim ham havasmand saodatimga
Qonli qismat — baxtim doyasi go‘zal!

Kirmasman ko‘chaning boshi berkiga.
Taslim ham bo‘lmasman muhit erkiga.
Jo‘mardlik – e’tiqod-imonu dinim,
Qalbimda buloqday qaynar betinim!

Elga bor budimiz nisor qilarmiz,
Ko‘ksimiz qalqonu Hisor qilarmiz.
Elu yurt yuziga oyoq qo‘yar kim
Aybin fosh etib, sharmisor qilarmiz!

Mayliga volidang shakar-qandi bo‘l,
Otang har pandiga, mayli, bandi bo‘l.
Va lekin saodat istasang oliy,
Ona yurt o‘g‘loni, el farzandi bo‘l!

Eng so‘nggi umidim qon ichra qoldi,
Eng sara she’rlarim jon ichra qoldi.
Cho‘lpon ne zolim zamon ichra qoldi,
To abad shuhratu shon ichra qoldi!

Favvoraday to qon sochilmas,
Ihlom darvozasi ochilmas.

Yaqin ayla yirog‘imiz,
O‘chirma hech chirog‘imiz.
Yo Rab, ortiq zinhor avval
Olma hech yaxshirog‘imiz!

Mahv etdilar shonamiz,
Evoh, sho‘rpeshonamiz.
Armon qora qabr ham
Qolmadi nishonamiz.

Qilichin qayrab kinni,
Pisand qilmas hech dinni.
Yo Rab, telbalar yurti
Shohu gadosi jinni!

Ezgulikday qoya yo‘q,
Yovuzlikday doya yo‘q.
Yolg‘on da’yus da’vosi,
Nur-yog‘duda soya yo‘q!

Netib orom olay ming bir na’radan,
Netib, ayt, qutilsam ming bir yaradan.
Xotiram unutmang, chiqmasam omon
Qashqirlar quturgan qonli daradan!

Zim-ziyo sanalar tundan farqi yo‘q,
Kulgimiz nolayu undan farqi yo‘q.
Suvratan odammiz, xaroba siyrat
Etti bor bukilgan nundan farqi yo‘q!

Olov, isyonkor aslim,
Hech qachon bo‘lmam taslim!

Kin o‘zga, kindor o‘zga,
Din o‘zga, dindor o‘zga.
Zamin qora qulimiz
Yo Rab, zamindor o‘zga!

Ichganim xun to‘la jom,
Ming dardu alam – anjom.
Dahri dun xunrez, badnom
Kasbu kori qatli om!

Bilolmadim hech bu kaslar dinini,
Suv kabi oqizar ulus xunini.
Bekamu ko‘st ado etar, vo darig‘,
Ulug‘larni tahqirlash qonunini.

Nom-nishon yo‘q samimiyatdan,
Najot kutma hokimiyatdan.
Zamon kelar, shoirga ishon,
Zolimlikdan qolmas nom-nishon.

Tarixga aylanar shaytanat,
Haqiqat-adolat saltanat
Panohida bor ahli bashar
Bearmon dorilomon yashar!

Go‘rkovimiz ibliszoda shaytanatin,
Qofiyabozlik dema shoir san’atin.
Ne kashshofi haqqoniyat saltanatin
Indirarmiz zaminga samo jannatin!

Goh shodlik mayi nobi,
Goh allalar baxt xobi.
Botsa iqbol oftobi
Dahshat inson azobi!

Hayot shomu saharli,
Kim qishloq, kim shaharli (k).
Gar baxt bolli-sharkarli,
Qayg‘u tig‘i zaharli!

Sadoqatli yolg‘iz suyanchiq
Yuragim ham pand berar… sanchiq!

Hayot-mamot ayon ming siri,
Aytar afsungar so‘z sohiri:
Zahar qismat botin-zohiri,
Mal’un kulfatlar yo‘q oxiri!

Befarq hayot-mamot – dahshat to‘lqinga,
Unutdim, mansubman qaysi bir dinga.
Qattiq joylanganday zulfiqor qinga,
Aylanganman loqayd tomoshabinga!

Bo‘g‘izlab dod-nolamni,
Uzdilar jon tolamni.
Mahramim qildilar, voh,
Mangu zulmat olamni!

Qo‘ymadilar: qonim ichib to‘ymasam,
Qo‘ymadilar: yurak-bag‘rim o‘ymasam.
“Bosh egmasman!” qon yutib ichdim qasam,
Muzaffar tug‘ ol kafanim beqasam!

Qalb demang hech – qontalash dog‘ u,
Giyoh unmas dag‘al tosh-tog‘ u.
Pora aylab bag‘rimiz falak,
Oshimizga ham qo‘shar og‘u!

Ahli isyonmiz bebosh,
Ne g‘am g‘anim otsa tosh.
Ne g‘am, gar kundada bosh
Allohim qo‘ldosh-yo‘ldosh!

Mavt olamin muvakkili oy,
Qalb qo‘ridan judo, ey chiroy!
Kun bo‘yi xor, kechalar bedor,
Senga ham hech kun yo‘q xoynahoy!

Gar muqarrar halokat,
Qadam-damda falokat.
Ne g‘am, mardi Xudoga
Kunda taxtdan a’lo kat!

Haq-adolat jarchisiman — oqinman,
Oy-oftobga yaqindan ham yaqinman.
Payvasta nur bilan botin-zohirim
Zulmat! Bag‘ring pora aylar chaqinman!

Gar hamon dunyo bir kam,
Imonimiz mustahkam.
Gar bari yolg‘ondakam
Vaqt eng oliy hakam!

Rahnamoyu shayxi o‘rdamiz
Urar ham burda, ham xo‘rdamiz.
Rasmiyatan aziz, to‘rdamiz,
Mohiyatan murda-go‘rdamiz!

O‘rtana-o‘rtana qon ko‘ngil,
Rabbim! Po‘rtana, vulqon ko‘ngil!

Yopilsa jannat bor teshigi,
Ochlar keng do‘zax eshigi.
Qutursa qon yalagan qassob
Tobut imon ahlin beshigi!

Jon bilan to‘lab o‘lpon,
To abad porlar Cho‘lpon.

Zohiran fozil,
Botin – Azzozil!

Ro‘zg‘or-g‘orning ming tashvishi ming bir to‘r,
Badavlat zar bilan, zulmi bilan zo‘r.
Achchiq qismat, uni bilmas faqat g‘o‘r,
Yolg‘on dunyo adolat ham poraxo‘r!

Ko‘nglim kengliklarin kezarman yayov,
Gar gohi Majnunman telba, bo‘sh-bayov.
Vale qolma zinhor g‘aflatda, ey yov,
Otash har kalomim xanjar beayov!

Fazilat nuqsonga qul,
Adolat qon qusar tul.
Har ma’qul gap noma’qul
Ming bir begunoh maqtul!

Hamla qilsa gar mardum toqatiga,
La’nat fuqarolik sadoqatiga.
Izn bersa ulus dod-faryodiga
Ming la’nat sodiqlik qasamyodiga!

Xunolud fikr,
Qon qusar zikr.
Qora qon yutib
Armon qalb bikr!

Zolim bilan tili bir avom,
Intiqomga, evoh, intiq om!

Barham ber, Rabbano, qayg‘u selimga,
Kuch-quvvat ato et bilak-belimga.
Ilohiy ilhom ber shaydo dilimga,
Oliyjanob, odil sulton elimga!

Zaharolud dardim dorisi,
Iblissifat zamon qorisi.
Zolim hoqon ikki qo‘li qon,
Evoh, qashqir – toj-taxt vorisi!

Qadamda ming qopqon, ming bir to‘r,
Yo Rab, qora manglayimiz sho‘r.
Qilich qayrar zamon mushtumzo‘r,
O‘z yurtimiz o‘zimizga go‘r!

Qafasda ham biyron sayraymiz,
Ming azobdan gulday yayraymiz.
G‘anim g‘ofil, tosh qayg‘u bilan
Adolat shamshirin qayraymiz!

Yo‘qotganlar kalava uchin,
Yo Rab, bizga ko‘rsatar kuchin!

Qasamxo‘rlik qilib non tutar,
Qasddan ming begunoh jon tutar.
Al-qasosul minal haq, yo Rab,
Qotilni muqarrar qon tutar!

Shaklan ravon-to‘g‘rixona,
O‘rda emas, o‘g‘rixona!

Dahri dun ko‘rmagan bunday kishini,
Farqi yo‘q hech yozi bilan qishini.
Behuda demang el-yurt mish-mishini:
Qilar g‘assol bilan go‘rkov ishini.

Ko‘nglimda g‘am shamoli.
Yuksak orzu jamoli.
Qonxo‘r zamon a’moli
Bilan she’rim kamoli!

Ne g‘am gar bag‘rimda ming dog‘ bor,
Ne g‘am gar zimmamda ming tog‘ bor.
Ne g‘am, gar ming quzg‘un, ming zog‘ bor,
Ming she’rim – bezavol ming bog‘ bor!

Gezargan ming yillik gardun rang-ro‘yi,
Haykalday tosh qotgan tafakkur-o‘yi.
Xoindan ham tuban bir pul obro‘yi
Zamon donosi zolim duogo‘yi!

Bedod ustiga bedod,
Har ikki olam barbod.
Imonsiz qozidan dod,
Xon ham toj qiygan jallod!

Zim-ziyo zindon
Taxtida shayton!

Ey hukm, ey hoqon, ey qarol, shayton,
O‘kir, qasos kuni kelar beomon.
Ko‘p tanlar, ko‘p jonlar etilar qurbon,
Imonlar poklanar, oqlanar vijdon!

G‘aflatdan kech, qasos jangohiga ko‘ch,
Cho‘lpon na’ra tortar, talab qilar o‘ch!

So‘nggi umidni ham bo‘yagan qonga,
Nechun choh qazimay qonxo‘r zamonga!

Yo Rab, do‘zah o‘ng-so‘lim,
Oyoq – ot, qilich – qo‘lim.
Uzilsang uzil yo‘lim
“Yo  istiqlol – yo o‘lim!”

Onam, seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdur,
Nomusmi, vijdon ila imonmi kerakdur.
Temur ila Chingiz qoni toshdi tomirimdan
Aytkim, Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdur!

Gohi yunonlashding, goh arablashding,
Gohida ruslashding, gohi g‘arblashding.
Bas, qonim bilan yuv har ikki qo‘ling,
Mash’alday yoritsin istiqlol yo‘ling!

Qalbingda ishq o‘tin yoqdim, ey jonon,
Armonim yo‘q qilsam sohibi imon!

Temur, Chingiz qoni jo‘shar tomirimizda,
Navoiylar na’ra tortar zamirimizda.

Gul — bog‘ aro, qafasda — bulbul,
Zolim zamon, kuyib bo‘lgin kul!

G‘anim aylar g‘aribga boyni,
Haramida xo‘rlar ming oyni.
Parvardigor qarg‘agan joyni —
La’natlarman o‘rda-saroyni!

Armoni yo‘q qay tojir-attor,
Armonsiz otarchi chertib tor.
Bizga qolganida, yo Sattor,
Dunyo g‘addor, falak kajraftor!

Munavvar har tong,
Jarangdor har bong.
Muqarrar, ey do‘st,
Yangilanar ong.

Qalbimda ming quyosh – porla, balq derman,
Ummoni ishq ichra yayra, qalq derman.
Otam – el, onam – el, nuridiydam – el,
Kechib ming jonimdan, XALQIM! XALQ! derman!

SOMON PARChA
Abdulhamid Cho‘lpon she’riga nazira

Muhit girdobida bo‘lmam hech parcha.
Oqmasman, poxol cho‘p, somon emasman.
Seni, ey tubanlik, hech “haq” demasman,
Manfur manglayingdan ochgum ming darcha!

Jaholat, o‘kirma! Egmasman bo‘yin,
Chaqmog‘u yashinman, o‘chmasman aslo.
Yolg‘on xayollarga ko‘chmasman aslo,
Mardona hayotim qilmam hech o‘yin!

Isyonu to‘lqinu o‘t ila to‘fon,
Hech qachon bo‘lmagan, bo‘lmagay taslim.
Qo‘zg‘ol, nurli kechmish, qudratli bo‘ron,
Jo‘mardlik sharobin sipqor, mard aslim!

Bo‘lmasman hech qachon somon parchasi
Quturgan cho‘ng dengiz bo‘ron qo‘ynida.
Qahrim zulfiqor razolat bo‘ynida,
Yuksal, ey umidim yashil archasi!

Kirmasman hech ko‘cha boshi berkiga,
Quyosh taslim bo‘lmas muhit erkiga!

Tun bo‘yi bahorgi daryoday to‘lib,
Kuyladim hazratim Navoiy bo‘lib!

Tun bo‘yi qalandar-darvesh kavkabi,
Fig‘on chekdim Mashrab sultonim kabi!

Tun bo‘yi ming yulduz, hilol ham guvoh,
Nodirai davron bo‘lib chekdim oh!

Kelajak bag‘rida barhayot azal,
Muqimiy, Furqatday bitdim shoh g‘azal!

Tun bo‘yi qaytmadim qismat — yo‘limdan,
Hazratim Ogahiy tutdi qo‘limdan.

Subhi sodiq aro muzaffar shoyon,
Porladim bamisli munavvar Cho‘lpon!

2013 yil.