Abdulaziz Muborak (1976)

Abdulaziz Muborak (Raimov Abdulaziz Abduvaxabovich) 1976 yil 24 mart kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Langarbobo qishlog‘ida tug‘ilgan.

She’rlari respublika matbuotida chop etilgan. “Tongdagi shabnam” va “Siz menga keraksiz” nomli kitoblari she’riyat ixlosmandlariga havola etilgan.1999 yili O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

AGAR SEN SEVMASANG…

Ketaman
bu yerdan bosh olib,
Majnunni siylagan sahroga.
Ketaman
ko‘zimga yosh olib,
Yulduzlar vatani samoga.

Bo‘lmasa,
harsangga bog‘lanib,
Cho‘kaman tubi yo‘q ummonga
Yoki ko‘kkaptarga aylanib,
Uchaman Ko‘hi Qof tomonga.

Do‘st tutib tongdagi shabnamni,
So‘ng singib ketaman tuproqqa
Ketaman
yig‘latib onamni,
«Borsa kelmas»dan ham yiroqqa.

Ketaman,
baribir ketaman,
Shu mening eng so‘nggi qarorim.
Suymasang suykalib netaman?!
Alvido, suyukli dildorim.
1994 y.

ESKI DEVOR

Bolalik.
O‘rtog‘im kapalak, sabo,
Quvalash o‘ynardik namozshomgacha.
Yo‘limga chiroqlar yoqqancha samo,
Meni chorlar edi
tonggacha…

Saharlar mast edim, asov o‘ylarim
Osmonu falakda qanot yoysalar.
Jimgina o‘tlagan qo‘ylarim…
Billur sirg‘a taqqan maysalar…

Esimda
zilol suv qo‘shiq aytganda,
Ko‘zni yumgancha bosh chayqagan yalpiz.
Ko‘cha supurgani chiqqanda,
Hech ishi unmagan qo‘shni qiz.

Rayhon to‘la hovli.
Paxsa devorlar.
Va qo‘shni tomonga bo‘ylagan daraxt.
Bog‘ ichra taralgan alyorlar,
Devorni buzamiz degan buyuk ahd.

Keyin…
birdan ko‘kka tutashdi yo‘lim,
Qo‘shni tomonlarda bo‘ldi yor-yorlar.
Esga tushsa hamon buzilar ko‘nglim,
Hamon buzilmagan eski devorlar.
1998 y.

HASBI HOL

Mendan arazladi bolalik, yoshlik.
Mendan arazladi sodda kunlarim.
Dil tubida quyqa ~ bir siqim g‘ashlik
Ko‘ksimda g‘alayon boshlar tunlari.

Umr deganlari poyga.
Ketyapman,
Yillar ~ tushovini uzgan asov ot.
Qaydan kelayapman, qayga ketyapman?
Tasavvurim ojiz, hayron xayolot.

Ba’zan eshiklarni atay qars yopdim,
Voz kechdim qanchalar aziz nomlardan.
Kimlarni yo‘qotdim, nelarni topdim
Orni baland bilib shavkat-shonlardan?

Menga yo‘l ko‘rsatgich ko‘ngil ediku,
Orzularni quvlab armonga yetdim?
Ammo yuragimda boshqa bir qo‘rquv,
Yolg‘izman ~ o‘zimdan yiroqlab ketdim.

Garchi afsuslarim ochiq, oshkora,
Senga berganlarim qaytar demasman.
Ko‘nib borayapman endi tobora
Yo‘q endi ortiqcha qaysar emasman.

Bilmam, so‘nggi manzil yaqinmi, olis,
Bilmam, sinovlarga solasanmi bot,
Sendan bitta narsa so‘rayman xolis
Menga “bu yo‘lingdan qayt” dema, hayot…
2009 y.

TA’TILDA

Huvillagan hovli yutaman deydi,
Na qushlar sayrog‘i, na shamol esar.
Erkalasam to‘nin teskari kiydi,
Arzanda mushukcham xurpaydi battar.

Ayvonda sochilgan turfa o‘yinchoq,
Menga qovoq uyar arazlab bari.
Mungli nigoh qadar malla qo‘g‘irchoq,
Tek turar o‘g‘limning mashinalari.

Chinqirmas yo‘lini kessam “parovoz”,
Bir paytlar ovozi olamni tutgan.
Qichqirmas hatto mum tishlagan xo‘roz,
Go‘yo hamma narsa tilini yutgan.

Ey sen, ilmoqchalar yozilgan daftar,
Dilbandimga savod bergan alifbe.
Hijjalab biror bir so‘zini qaytar,
Loaqal sen menga biror narsa de.

Suv quymoqqa borsam rayhonu gulga
O‘ksik bosh tebratar, mayus sollanar.
Hattoki sargayib to‘kildi yo‘lga
Xomak qoqilmasdan qolgan olmalar.

Hech kim quvlamagach xo‘rsinib, ranjib
Kapalak yo‘l soldi qaysi tomonga.
Ninachi ninasin yurakka sanchib
Qanotin siltadi menday yomonga.

Eslab o‘zimdanam bo‘ldim norozi,
(Ba’zan harhashalar bezdirgani rost.)
Bolalar suronin bosgan ovozim:
“Biroz dam olayin, bas dedimmi bas!”

Ishdan qaytganimda qovog‘ida qor,
Darvoza qarshilar xushlamagandek.
Shunda tartiblarni qilaman bekor,
Barcha taqiqlarga chek qo‘yaman, chek.

Shahardan hovliqib boradi xabar,
“Kechir, ey onajon, kechir, qishlog‘im”.
Qaysarlik qilaman qizimdan battar,
O‘g‘limdek tiralar ikki oyog‘im.

Darhol yig‘ishtiring arazingizni,
Yuzingizni burmay orqaga qayting.
O‘g‘lim, tezroq haydang “kamaz”ingizni,
Qizim, bor ovozda allalar ayting.

Mayli yumushlardan, g‘amlardan ortib
Sizga ot bo‘laman, jajji toychog‘im.
Mayli qulog‘imdan, sochimdan tortib
To‘palon ko‘taring ~ chiqsin charchog‘im.

Xudoyim qismasin o‘g‘ildan, qizdan,
Ey do‘st, bozor bo‘lsin xonadoningiz.
Tirnoqqa zor bo‘lmang, g‘animim, siz ham,
Egasiz qolmasin kulchanoningiz.
2009 y.

SIZ BORSIZ

Bir kecha qo‘qqisdan uyg‘onib ketdim,
Soatga qarasam, ikkimi yo uch.
(Ehtimol sovuqdan) junjukdi etim,
Tashqariga tortdi allaqanday kuch.

Shuurdan ne o‘ylar kechmas daf’atan,
Ko‘ngil deganlari, qurg‘ur, yomon-da.
Go‘yo ogoh etib qandaydir havfdan
It ham hurar edi qo‘shni tomonda.

Erinmay atrofni ko‘zdan kechirdim,
Shukrki, hammayoq tinch va osuda.
Tunchiroq nurida ko‘rib, entikdim,
Dilbandlarim yotar qator uyquda.

Hovlida o‘ynoqlab, kuylaydi shamol,
Bir-birin raqsga tortar xazonlar.
Daraxtlar jimgina surmoqda xayol,
Boshini tebratar gulu rayhonlar.

Tinchlik, xotirjamlik ezgu tushuncha,
Shaksiz, yaratganning inoyati – bu.
Chegaralar bo‘ylab qanchadan qancha,
Bedor nigohlarning sharofati – bu.

Ayozu saraton, demay sarhadda,
Mudom sergak turgan, ey askar ukam,
Siz borsiz – osmon tinch, jonlar rohatda,
Siz borsiz – yashaymiz yurtda xotirjam.

Bobolar duosi hikmat begumon –
Tan sihat, Vatan tinch bo‘lsa, bas ekan.
Dunyo deganlari bolangning shodon
Bitta kulgusiga arzimas ekan.

Sizga ko‘ngildagi borini aytay,
Sabru sabot tilay ayni choqda man.
Yaxshi niyat bilan sizlarga atay,
Uchta o‘rinbosar o‘stirmoqdaman.

Hamonki turibsiz ko‘krakni kerib,
Yo‘l yo‘q havotirga, yo‘l yo‘q qayg‘uga.
Men endi bolalar yoniga kirib,
Uyquga ketaman, shirin uyquga.
14.01.2012 y.

YO‘QOTISh

Tunlar quvib o‘tdi kunduzlarimni,
Osmon yutayotir yulduzlarimni.
Yashab bilmadimu nima topyapman,
Bir-bir yo‘qotyapman azizlarimni.

Otam—suyanchig‘im, o kelbatlari,
Tog‘day bosar edi salobatlari.
Afsus tuzalmadi eski dardlari,
Bir-bir yo‘qotyapman azizlarimni.

Onam—Xudo bergan mehribonginam,
Unga fido derdim ming bir jonginam.
Ammo o‘ylaganda og‘rir jonginam,
Bir-bir yo‘qotyapman azizlarimni.

Otamday erkalab, onamday suyar,
Qanchalar jonkuyar, g‘amxo‘r edi-ya,
Akam—qatorini buzgan nortuya…
Bir-bir yo‘qotyapman azizlarimni.

Kimga azizdirman, kimgadir xorman.
Zor bo‘lsam ta’masiz mehrga zorman.
Netay ayriliqdan shunday bezorman,
Bir-bir yo‘qotyapman azizlarimni.

Kimdir olisdan bo‘y ko‘rsatar elas,
Afsus eslolmadim… Tan olaman bas,
Yo‘qotganim faqat o‘lganlar emas,
Bir-bir yo‘qotyapman azizlarimni.
2013 y.

IFTIXOR

FIFA referisi Ravshan Ermatovga

Har bitta qarorda adolat bilan;
Tomirda jo‘sh urib Temurlar qoni,
O‘yinni boshqarar mahorat bilan
Jahon maydonida o‘zbek o‘g‘loni.

Avval tasodifga yo‘ydi hariflar,
Keyin bitta-bitta tan berib ketdi.
Mensimay turgandi “zoti shariflar” –
Badgumonlargayam dam berib ketdi.

O‘ttiz ikki yurtning o‘n bir vakili
Shuxrat yo pul uchun chopdi berib jon.
Munosib farzandning adli tufayli
Kamtar o‘zbegimga tan berdi jahon.

O‘rtaga tashlangan to‘p emas illo,
Kimga oru nomus, kimga shon bo‘ldi.
O‘ynamasdan yutgan biz bo‘ldik ammo,
O‘zbek shunqorlari chempion bo‘ldi.

O, Sizdan iftihor qilmayin nechun,
Qo‘ydingiz bir yo‘la rekord o‘rnatib?!
Qulluq onangizga tuqqani uchun,
Otangizga rahmat, Ravshan Ermatov!
2014 y.

NAMANGAN MANZUMASI

Shukr, kundan kunga ochmoqda chiroy,
Mustaqil diyorga munchoq, Namangan.
Ne-ne aziz zotlar azizlagan joy.
Avliyolar o‘pgan tuproq, Namangan.

Mulla Bozor Oxund, Maxdumi A’zam,
Mavlono Lutfulloh zoti muazzam.
Sayyid Bilolxonning ilmiga ta’zim,
Olimlar nuridan porloq Namangan.

Bag‘ri xun bag‘ringdan ayrilgan Mashrab,
Firoqing o‘tida qovrilgan Mashrab.
Dorda ham sen tomon qayrilgan Mashrab,
Sen ham Mashrabingga mushtoq, Namangan.

Bobur chavgon surib o‘tgan Axsikent,
Har yog‘iyga ko‘ksin tutgan Axsikent.
Darig‘, yer ostiga ketgan Axsikent,
Nedan bu to‘lg‘onish, titroq, Namangan?

Hayratiy hayrati, Ibrat ibrati,
Nodim Namangoniy, Chustiy san’ati.
So‘fizoda, Usmon Nosir jur’ati,
Chiqmagan bag‘ringdan qo‘rqoq, Namangan.

Sulton Qaroniyning mozoroti bor,
Borsang, Baliqli ko‘l ziyorati bor.
Raqqos baliqlarning sinoati bor,
Oftob cho‘kkan anvor buloq, Namangan.

Boshlarda chust do‘ppi ajib naqshinkor,
Chust pichog‘in dami go‘yo zulfiqor,
Olmos dehqonlari tanti, mirishkor,
Mehnatdan qo‘llari qadoq, Namangan.

Go‘yo katta shaxar qadimiy Shahand,
Har bir qiz chevaru yigit—hunarmand.
Pashmak halvolari asalga monand,
Har hovli kattakon bir bog‘, Namangan.

Bir g‘ayrat ko‘rsatsa zahmatkash qo‘llar
Kaftdek ravon bo‘lar qadimiy yo‘llar.
Gulzorlardan qochib kaqragan cho‘llar,
Atirgulga do‘nar yantoq, Namangan.

Baraka istab to‘rt fasllaridan.
To‘ylarga niyoz bor hosillaridan,
Bog‘bon bobolarim zahmat zo‘ridan
Bog‘larga aylangan toshloq Namangan.

Til yorar uzumlar, noku shaftoli.
Naqshinkor olmalar novvot misoli,
Jannatiy bog‘larim anjir, xurmoli,
Mevasi bargidan ko‘proq, Namangan.

Sahar suvlar sepib sarishta yo‘lga,
Chor atrof burkangan anvoyi gulga.
Ey gullar ila nom chiqargan o‘lka,
To‘rt fasl yashnagan gulbog‘, Namangan.

Libosi hayodan qizlar, ayollar.
Malaksiymo hilqat, nozik nihollar.
Shevalari inja, so‘zlari bollar,
Ifori qalampirmunchoq, Namangan.

Er yigitta qirqta hunar oz degan,
Qulday ishlab, shohday yashash soz, degan,
Hotamtoy himmati bizga xos, degan,
Yigitlar bilmas tin, charchoq, Namangan.

Sochu soqollari nurdan bobolar,
Farishta—yuz yoshga kirgan momolar,
Elu yurt haqqiga aylab duolar,
Tunlar joynamozda uyg‘oq, Namangan.

Mashrabday musofir g‘arib dunyoda,
Salomlar yo‘llayman har tong sabodan,
Men bir shoir o‘g‘ling, Langarbobodan,
Qo‘lga qalam tutdi firoq, Namangan.
2009 y.

YaShASAYDIM

Ko‘zlarimga bunday boqma savol bilan.
Men yuribman go‘yo telba xayol bilan.
Uzun tunlar tillashaman hilol bilan,
Yashasaydim senday yaxshi ayol bilan.

Goh yig‘iga o‘xshab ketar kulgularim,
Kimlar uchun kulgulidir qayg‘ularim.
Ammo ishon samimiydir orzularim,
Yashasaydim senday yaxshi ayol bilan.

Gar nolisam, noshukurman hayotimdan,
Faqat quvonch bo‘yi kelar bayotimdan.
Netay taqdir bog‘lab olgan qanotimdan,
Yashasaydim senday yaxshi ayol bilan.

Koshki edi birov dardim anglasaydi.
Yo dardlarim qo‘shiq bo‘lib yangrasaydi.
Shu qo‘shiqni toshyuraklar tinglasaydi:
“Yashasaydim senday yaxshi ayol bilan.”

Qayda xato qildim, qachon adashganman?
Bir adashdim, ammo yomon adashganman.
Bir xatoga umrim tovon, adashganman,
Yashasaydim senday yaxshi ayol bilan.

Yashagim yo‘q, atay qasddan yashayapman.
Qo‘llaringdan o‘polmasdan yashayapman.
Aybim nima, topolmasdan yashayapman,
Yashasaydim senday yaxshi ayol bilan.

Sirimsan sen, kimsa bilmas, ichimdasan,
Bilaman hech uchramaysan hushimda san.
Hayotimda yo‘qsan, faqat tushimdasan.
Yashayapman shunday telba xayol bilan.
Yashasaydim senday yaxshi ayol bilan.
2013 y.

YuLDUZIM

1.

Yulduzim, bosh olib ketaylik desak,
Bizga quchoq ochgan osmon qaydadir?
Baxtmanzilga birga yetaylik desak,
Yo‘l qayda, sarbonu karvon qaydadir?

Hikmat topolmadim alomatlardan,
Hilvat topolmadim malomatlardan.
Dardim doston qilsam do‘stu yoronga,
Ular gap boshlaydi buromadlardan.

Qo‘rqdim, qafas dedim hoyu havasni,
Ammo kechir menday ishqdan sarmastni.
Senga yetaman deb har shomu sahar
Hatto sanab yurdim har bir nafasni.

Kechikib borgan men baxt ulashganda.
Qayda qolgan edim vaqt ulashganda?
Taqdir nasibamni nasya qildi xo‘p,
Nahot men yo‘q edim naqd ulashganda.

Ne desa mayliga og‘zi polvoni,
Asli sen berasan asl bahoni.
Ammo ishq bobida, sevgi yo‘lida
Menday yaxshisi yo‘q, mendan yomoni.

2.

Qadrdon qaldirg‘och iniga qaytdi,
Meni duo qilib “val fajr” aytdi.
Qilichday qoshingni soldi yodimga
Boshimda giryona aylangan payti.

Ayni hayotimning ko‘klam faslida,
Angladim, chin najot yorning vaslida.
Adashib qolmadim, yorug‘ dunyoga
Men seni axtarib keldim aslida.

Xayollar shamolday quvdi uyquni,
Nomi nima ekan ushbu tuyg‘uni,
Sirli nigohlaring, mayin tabassum
Mumday eritdi-ya eski qayg‘uni.

Tun bo‘yi yig‘lagan yurakkinamni—
Titrab-titrab yongan yarador shamni,
Ko‘rib rahming kelib parvolar qilib,
O‘zing avrab-aldab yupatmaysanmi?

Darvozasi qayda chorbog‘laringni?
Hijronmi kuydirgan qarog‘laringni?
Dudog‘im lovullab kuyar hasratdan
O‘ylasam olovrang yanoqlaringni.

Yulduzim, to‘rt tomon yetmadi bizga.
Eru yetti osmon yetmadi bizga.
Ko‘ngil tomonlarga qaytaylik desak
Vaqt yetmadi, imkon yetmadi bizga.

3.

Yulduzim, cho‘chitma osmoning bilan,
Osmonday poyonsiz imkoning bilan.
Senga bergan ko‘nglim—omonatimni
Ezg‘ilab tashlama tovoning bilan.

Zar ko‘nglim qadriga zargar yetmadi,
Yo zo‘rim bo‘lmadi, yo zar yetmadi.
Murodu maqsadga yetardim, ammo
Osmonimga senday hulkar yetmadi.

Guloyim, gullaring, gulzoring go‘zal,
Oydan go‘zal, guldan ruxsoring go‘zal.
Yaratganning tugal san’ati sensan,
Hatto dilga bergan ozoring go‘zal.

Borliging bilganim omaddir, omad,
Senga duch kelganim—ko‘kdan inoyat.
Yashash uchun bois topdim nihoyat,
Nihoyat,
nihoyat,
nihoyat…
2013 y.

8 MART

Hech kachon osmonlarga panjaradan qaramang,
Boychechakni, lolani yantoq bilan o‘ramang.
Umrimizning har kuni, har oni fido Sizga,
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.

Onalarning poyidan jannat qidirgan ummat,
Tojmahalni yor uchun atab qurdirgan millat,
Qiz berib begonani o‘g‘il bilgan biz faqat,
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.

Ayolin korachiqday asramagan el bo‘lmas,
Qiz-juvonin qadrlab o‘tgan millat qul bo‘lmas.
Kulmasangiz agar Siz olam chaman, gul bo‘lmas,
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.

Erni er qilgan xotin, deganlar haq, albatta,
Chaqmoqdan kuchli shiddat gulday nozik xilqatda,
Farishtalar Sizlarga o‘rinbosar jannatda,
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.

Bayram degani faqat sakkizinchi martmi yo,
Mehrning izhoriga kun ajratish shartmi yo,
Har kun ayolni e’zoz qilmaganlar mardmi yo,
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.

Ayollarni o‘ziga teng bilganlar erkakmi,
Bo‘yinturuqni avrab so‘ng ilganlar erkakmi,
O‘z yori kolib yotga suyulganlar erkakmi?
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.

Vodarig‘ ikki er bir nikohga chorlanyapti.
Bu qilmishdan yer titrab, osmon ham orlanyapti,
Gul qizlar, oy juvonlar borku, deb zorlanyapti,
Qadringiz bilmaganlar shundayin xorlanyapti,
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.

Sizni bilmagan kaslar izingizga zor bo‘lsin!
Er boshi erga qolib, ikki dunyo xor bo‘lsin!
Ayolni aziz bilgan millat mudom bor bo‘lsin!
Tilang tilagingizni, o‘ngu so‘lga qaramang!
Uch yuz oltmish beshtadan bittasini so‘ramang.