Xurshid (1892-1960)

Xurshid (Shamsiddin Sharafiddinov) 1892 yilning 20 iyunida Toshkentda bog‘bon oilasida tavallud topgan. Madrasa va eski maktabda tahsil olgan. U asrimiz boshlaridan, aniqrog‘i, 1905—1906 yillardan boshlab jadid adabiyotining navqiron namoyandalaridan biri sifatida qalam tebrata boshlagan. Shu ma’noda u ma’rifatparvarlik ruhida «Eskilik va yangilik» degan dastlabki pesasini, keyinroq «Orif va Ma’ruf», «Qora xotin», «Kichik askar» kabi pesalarini, «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Siyovush», «Oybonu» singari musiqiy dramalarini yaratgan. Ayniqsa, uning Alisher Navoiy dostonlari asosida yaratgan har ikki dramasi o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan. Xurshid qator operalar librettolarini ham yozgan.

Xurshidning dastlabki she’rlari 1914 yilda «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoi Turkiston» gazetalari, «Tarjimon», «Oyna» jurnallari va «Tuhfai Xislat» bayozida (1914) «Xoib» taxallusi bilan e’lon qilingan. O‘z she’rlarini jamlab, «Devoni Shohidiy» nomi bilan devon ham tuzgan (1912). Shoir keyinchalik «Mushtum» jurnalida bosilgan hajviy she’rlarida «O‘jar», «Tajang», «Chayon» kabi taxalluslardan foydalangan.

Xurshid tarjimon sifatida ham samarali ijod etgan. Xususan, Shillerning «Qaroqchilar», V. Shekspirning «Qora arab», «Otello», U. Hojibekovning «Arshin mol-olan» kabi mashhur asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dargan. Shuningdek, Sharqning buyuk shoirlaridan biri Hofiz Sheroziyning yuzga yaqin g‘azallarini ona tiliga tarjima etgan. Bundan tashqari u o‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyandalari Munis va Ogahiy kabi shoirlar devonlarini arab grafikasidan hozirgi o‘zbek (kirill) yozuviga o‘tkazib, nashrga tayyorlagan.

Xurshid yetuk g‘azalnavis shoirdir. Uning «Chorgoh», «Giryon», «Bayot», «Ushshoq», «Segoh», «Dugoh», «Suvora» kabi kuylarga solingan ohangrabo she’rlari mashhur hofizlar tomonidan hamon ixlos bilan aytib kelinmokda. Mohir g‘azalnavis shoir, yetuk dramaturg va tarjimon Xurshidning ijodiy merosi ancha boy, serqirra va sermazmun bo‘lib, u hozir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi H. Sulaymonov nomidagi Adabiyot muzeyida avaylab saqlanmoqda.

Xurshid 1960 yil 13 sentyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

* * *

Ey ko‘ngul bo‘lmish sen ishqi darbadarga mubtalo,
Bo‘lding o‘z ra’ying bila bir dardisarga mubtalo.

Marhamatli yor izlarding ne bo‘ldi sengakim,
Dilrabo deb bo‘lding oxir bir o‘jarga mubtalo.

Ishqning farzandlari gar vasl birla hajr ikov,
Har biri ishq ahlin aylar bir xatarga mubtalo.

Vasl agar bo‘lsa nasib oshiqni shodliq o‘lturur,
Hajr o‘ti tushsa qilur so‘zi jigarga mubtalo.

Yuz jafoni bir vafo birla unutdirg‘oy senga,
Bir vafoni oz deb o‘lma sho‘ru sharga mubtalo.

Ishq bir maydirki ichkan kimsa aylar tarki havas,
Bu shirin may aylar umringni zaharga mubtalo.

Rashk etarsan etsa ag‘yoringg‘a gar yor iltifot,
Balki ag‘yor o‘lg‘usi sendin batarga mubtalo.

Qush bo‘lub ag‘yor baxti vasl bog‘ig‘a uchar,
Sen erursan tole’i bebolu parga mubtalo.

Vomiqu Farhodu Majnun holidur ibratnamo,
Bo‘ldilar ranju g‘amu dardu kadarga mubtalo.

Dilbaringg‘a marhamatsiz deb malomat qilmakim,
Qilsang uchqundin hazar bo‘lg‘ung shararga mubtalo.

Senga har dam ishq tarkin ayla deb qildi xitob,
Bul ajab Xurshid o‘zi bo‘ldi qamarga mubtalo.

* * *

Ishqqa mayl etding ko‘ngul, shodiyu rohatni unut,
Poymoli ranju kulfat bo‘l, halovatni unut.

Aqlu hushungni samon yanglig‘ sovurmoq istading,
Istaging bo‘ldi bu choq jismi salomatni unut.

Qilmay ozodliqni taqdir ishqqa bo‘lmishsen asir,
Emdi bo‘lding telbau izzatla hurmatni unut.

Ishq agar bo‘lsa majozi ablahona bir havas,
Gar haqiqiy bo‘lsa da’vo do‘stu ulfatni unut.

Yoru do‘stu aqrabolardin judolig‘ ilg‘asang,
Sevgi domonini tutg‘il, odamiyatni unut.

Ishq emasdur ilm yo davlat, na bir fazli hunar,
Nafsning istaklaridindur bu zillatni unut.

Ikki ko‘zni bir-biriga aylagay xasmu raqib,
Ettirar do‘stlar aro mehru muhabbatni unut.

Ishq yalqovlik, muhabbatdur sharaf-shong‘a kafil,
Istasang ishq o‘yna insonliq fazilatni unut.

Sevgi to‘g‘ri yo‘l chirog‘i bersa bovar aylama,
Hush ila bo‘l bu kabi ig‘vou g‘aflatni unut.

Ishq g‘avg‘ou jununu telbalikdin e’tibor,
Bir ilindingmi anga tinchlik farog‘atni unut.

Vomiqu Farhodu Majnun holin o‘yla, ibrat ol,
Etmag‘il hargiz ular tortg‘on falokatni unut.

Nafsu ko‘nglum istagin, Xurshid, tutubman bu zamon,
Ikkisi ettirdilar va’zu nasihatni unut.

* * *

Ey ko‘ngul haddin oshib kibr ixtiyor etmak abas,
Bexayoliq sharmsizliqni shior etmak abas.

Jismi odam bo‘lma, bilg‘il odamiliq rasmini,
So‘zlamak birla faqat inson qator etmak abas.

Garchi insonliq nishoni so‘zlamoq, sezmak erur,
O‘zni yolg‘iz bu bilan odam shumor etmak abas.

Molu dunyoni yig‘ib hechkimga naf’ing tegmasa,
Maqtanib o‘zni malomatg‘a duchor etmak abas.

Davlatingda anglasang muhtoju yo‘qsul haqi bor,
Ayla ehson, bahl ila fe’ling tor etmak abas.

Aylag‘ay borlar mudom yo‘qsul birodarg‘a ko‘mak,
Mardlik, odamlik budur, bu ishdan or etmak abas.

Bul vatan ham xalqqa doim xizmat ila jonfishon,
Eb, ichib tuhmatga og‘zing eski g‘or etmak abas.

Bilgil o‘z nuqsoning, ey dil, ilm ila qilg‘il davo,
O‘zganing aybig‘a kulmak sharmisor etmak abas.

Bo‘lma manmanlikka tutqun, xalqdin ayrilma hech,
Ham vatang‘a hurmat et, qardoshni xor etmak abas.

Bitmagay inson sharaf shonini, Xurshid, so‘zlasam,
So‘z durin behuda sarf etmak nisor etmak abas.

* * *

Marhamat ko‘rsat qulungg‘a, so‘ng‘il, ey jonon, qadah,
Shoyad o‘lg‘oy erdi men bemoringg‘a darmon qadah.

Notavon jismimg‘a baxsh etg‘il tavonolig‘ bu on,
Bo‘lg‘oy erdi balki menga daf’i hijron qadah.

Mulk baxshash aylamasdin men uchundir mo‘tabar,
Lutf ila, ey husn shohi, aylasang ehson qadah.

Tashnalab oshiqni serob et ziloli la’ldin,
Yashnatib dillarni etsun xurramu shodon qadah.

Sabrim olding avval aylab qancha ahdu va’dalar,
Xayf o‘lubdur men g‘aribu tashnag‘a bu on qadah.

Har nechakim va’da qilding, aylamassan bir vafo,
Erdi dilbarlarg‘a muhr va’dau paymon qadah.

Yoding ila mast erur Xurshid maysiz, bodasiz,
Nur uza nur o‘lg‘ay erdi sunsang, ey jonon qadah.