Xo‘jandiy (XIV-XV asr)

Xo‘jandiy (14-asrning 2-yarmi Xo‘jand — 15-asr boshlari) — shoir, dunyoviy adabiyot vakillaridan biri. Xo‘jandiy haqida biografik ma’lumotlar saqlanmagan. Bizgacha uning «Latofatnoma» asari yetib kelgan. Asar Xorazmiyning «Muhabbatnoma»siga nazira tarzida yozilgan. Doston o‘nta noma (maktuba)dan iborat. Asarda sevgi tarannum etilib, visol ishtiyoqi va hijron iztiroblari tasvirlangan.

Tilar bo‘lsang jahon ichra amorat.
Faqirlar ko‘nglini qilgin imorat

kabi misralarida insonparvarlik g‘oyalari ilgari surilgan. «Latofatnoma» 15-asr boshlarida o‘zbek she’riyatiga xos detallar va badiiy an’analar (ayniqsa, tajnis)ga boy, tili ommabop. Forscha, arabcha so‘zlar kam. Unda fikriy aniqlik va hissiy jo‘shqinlik mujassam. Asar Oltin O‘rda xonligida yaratilgan turkiy tildagi nodir adabiy asar bo‘lib, o‘zbek adabiyotida nomanavislik janriga muhim hissa bo‘lib qo‘shilgan.

«LATOFATNOMA»dan

Sababi nazmi «Latofatnoma»

Sahar vaqtindakim xurshedi xovar
Jamolindin jahon bo‘ldi munavvar.

Olib nayza ilikka xisravi chin,
Habash sultonini quvdi jahondin.

Shahi mashriq alam olamg‘a urdi,
Sipohi zangi qo‘rqub yuz yoshurdi.

Chiqordi ersa shah xanjar belindin,
Habash sultoni qochti Rum elindin.

Sipohi turk bo‘ldisa siyohi,
Azimat tutti hindular sipohi.

Xurusi subhdan faryod oshurdi,
Kecha zog‘i yumurtqasin yoshurdi.

Tafakkurda turur erdim sahargoh,
Eshiktin bir juvone kirdi nogoh.

Firoq o‘tinda bag‘ri pora bo‘lg‘on,
Elindin ishq uchun ovora bo‘lg‘on.

Aningkim, ishqi yo‘q andin ne hosil,
Sevar jononasiz jondin na hosil.

Aningkim bir sevar jononi yo‘qtur,
Haqiqat bil, taninda joni yo‘qtur.

Ne bilsun tekma nodon ishqibozi,
Haqiqat bo‘lmasa bori majozi.

Ayur:— «Ey so‘z ichinda o‘d bag‘oyat,
Ne bo‘lg‘ay qilsangiz bizga inoyat.

Seni shoir teb ayturlar xaloyiq,
So‘zungdin tuhfa keltur bizga loyiq.

Tilarmen sendin, ey koni malohat,
Ki bersang so‘z bilan jonimga rohat.

Muhabbat jomidin ichsang sharobe,
«Muhabbatnoma»ga aysang javobe»

Qabul ettim, qabuliyat yo‘q erkan,
Salo urdum, salohiyat yo‘q erkan.

Boqib so‘z shohidining yuzin ochtim,
Boshig‘a durru javhar, inju sochtim

Tafakkur bahrig‘a bottim hijobsiz,
Chiqardim durru javhar ko‘p hisobsiz.

Riyozat bahrina soldim o‘zumni,
Iborat silkiga torttim so‘zumni.

Tilimda so‘z, elimda xoma bo‘ldi,
«Latofatnoma» ham o‘n noma bo‘ldi.

Tabiatdin chiqordim nazm bisyor,
Ochunda bo‘lmadim o‘dgu xaridor.

So‘zum chun donadur, nodon ne bilsun,
Vale hayvon suyin hayvon ne bilsun.

Nomai panjo‘m

Ayo dilbar, kel emdi yoz ochildi,
Guliston shonida gullar sochildi.

Qaro yerga mengizlik bo‘ldi xazro,
Chaman shohidlari bo‘ldi musaffo.

Etib keldi yana fasli bahor ul,
Dami Isodin emdi yodgor ul.

Chechaklar xoni urdi taxti mino,
Gulim teb qumri gulshan Turi sino.

Binafsha zulfidin anbar sochilur,
Ko‘rub gul g‘unchaning og‘zi ochilur.

Murassa’ xay suyindin lola toji,
Javohir injuga yo‘q ehtiyoji.

Ilikta jomi jam olmish shaqoyiq,
Eram bog‘i bikin bo‘lmish hadoyiq.

Guliston qushlari g‘ulg‘ul qilodur,
Yig‘ochlar o‘ynayur-da yeng solodur.

Chin-uq ma’shuqu oshiqdek chibuqlar
Biri birini o‘yparda chobuqlar

Erur bizga yuzunggiz mushafi fol,
Muhabbat davlatina zulfungiz dol.

Tor og‘zing mushkilin hal qilsa bo‘lmas,
Labingdin so‘rmag‘incha bilsa bo‘lmas.

So‘zungdin bilgurur og‘zing, demishlar,
Bo‘lur mantiq bilan hal mushkil ishlar

Labi la’ling so‘zungni turfa dilbar
Shakar desam, bo‘lur so‘zum mukarrar.

Qaro meng erningizdin holi ermas,
Ko‘ngullar dog‘idur ul xoli ermas.

Rahim qilmasmusen, ey bag‘ri toshim,
Ichim kuydi g‘amingda, yondi toshim.

Begim sensiz bu miskin qul ne qilsun?
Chechaksiz benavo bulbul ne qilsun?

Chechaksiz bulbulung ishi navodur,
Oshiqlar har nekim qilsa ravodur.

Meni ishqing ayirdi xonumondin,
Yuzung shavqinda jon kechti ravondin.

Yuzung ishqingda jon bermak tilikdur,
Sanga oshiq bo‘lon jondin ilikdur.

Meni ishqing ochunda fosh qildi,
Yurakimni firoqing posh qildi.

Bu ishq ermas, haqiqat, bir balodur,
Oshiqlarni tutub, o‘tqa solodur.

Ne istarsen mening jonimdan, ey ishq?
Ne kelgay bir ovuch qonimdan, ey ishq?

Sening ishqing meni devona qildi.
Muhabbat jomini paymona qildi.

Muhabbat jomini ul oshiq ichgay,
Kim avval jonidin ishqida kechgay.

Qishikim jonini jononga bersa,
Haqiqat jon berur gar oshiq ersa.

Agar sen oshiq ersang, so‘zlama hech,
Fido qil boshniyu jondin ravon kech.

Xo‘jandiy, muxtasar qilg‘il so‘zungni,
Oshiqlarqa qota ko‘rgul o‘zungni.

Kel, ey soqiy, sharobi nob keltur,
Faqirlar ko‘nglini daryob keltur.

Nomai shashshum

Ayo sarvi sihi bo‘yluq, beli qil,
O‘ladurmen firoqingda rahim qil.

Rahmsiz bevafo, nomehribonim,
Firoqing o‘tida o‘rtandi jonim.

Unuttung bir yo‘li ahdu vafoni,
Falaktinmu sabaq olding jafoni?

Sizingtek ko‘rmadim turfa nigore,
Erursiz bevafoliqta dinore.

Labing shakkar to‘kar dashnomingizdin,
Kishi bir jur’a totmas jomingizdin.

Shakar erning do‘kon qurmish davog‘a,
Vale tegmas meningtak benavog‘a.

Tovongarsiz, begim, husn ichra komil,
Gadog‘a manfaat tegmas, na hosil?

G‘aniysen husn mulkinda bag‘oyat,
Faqirlarg‘a biror qilg‘il inoyat.

Nisobi husnungiz yetmish kamola,
Zakot bermasmusiz mundoq jamola.

Sog‘inmassen biror, ey ko‘rkaboyim,
Qayon bordi eshigimdin gadoyim.

Gado holin g‘ani bilmas bo‘lurmu?
Faqirlarg‘a rahim qilmas bo‘lurmu?

Ko‘zum to‘ymas yuzungga boqsa tun-kun,
Gadoning ko‘zi to‘ymas, bo‘lsa Qorun.

Begim, necha baxil bo‘lsang, vafoda—
Ochuqtur qo‘llaring ilgi duoda.

Tilar bo‘lsang jahon ichra amorat,
Faqirlar ko‘nglini qilg‘il imorat.

G‘animat tut husn davroni besh kun,
Kechar dunyo, qani Layliyu Majnun?

Badal qil shodig‘a dunyo g‘amini,
G‘animat tut yigitlik mavsumini.

Yigitlikni g‘animat tut, mudom ich,
O‘sal qilma, kecha-kunduz davom ich.

Mufarrih birla g‘am o‘tin o‘churgil,
Kechar dunyoni besh kun xush kechirgil,

Muhabbat birla surub ishlaringni,
G‘animat tut, begim, darveshlaringni.

Zamona bevafodur, takya qilma,
Bukungi yaxshi kunni tongg‘a solma…

Falakning gardishidin bo‘lma g‘ofil,
Pushaymon bo‘lg‘asen oxir, ne hosil?

Jafo haddin oshurma qullaringg‘a,
Chechaksen, rahm qil bulbullaring‘a.

Ko‘ngul ekinga bol erning davodur,
Rahim qilkim, Xo‘jandiy bedavodur.

Kel, ey soqiy, sharobi arg‘uvon ber,
Ko‘nguldin g‘am ketar, jong‘a ravon ber.