Humoyun Mirzo (1508-1556)

Javoharla’l Neru Humoyun haqida “Madaniyatli va o‘qimishli kishi”, deb yozgan edi. U riyoziyot va nujum ilmiga g‘oyat qiziqar, musiqiy ilmni juda qadrlardi. Humoyun haftada ikki marta she’riyat va musiqaga oid anjumanlar o‘tkazib turar, uning she’riyatdagi iqtidorini ota meros, deyish mumkin. Turkiy va forsiyda “Humoyun” taxallusida go‘zal she’rlar yozgan. Devonlari kitobat qilingan deyiladi. Shoir va arbob Bayramxon bilan she’riy yozishmalari mashhur. Abulfazlning “Akbarnoma” asarida Humoyunning ruboiylaridan namunalar berilgan.
Mutribiy Samarqandiy “Nusxai zeboyi Jahongir” nomli tazkirasida g‘oyat qimmatli ma’lumot keltiradi. Iroq podshohlaridan biri Abdullohxon kutubxonasidagi “Nusxai Humoyuniy” nomli qo‘lyozmadan ko‘chirma yuborishlarini iltimos qilib maktub yo‘llaydi. Mazkur qo‘lyozmada Humoyunning to‘rt risolasi bor ekan:
birinchisi, islom aqidalari, iymon shartlari, ularni barcha mo‘min-musulmonlar bilmog‘i kerakligi haqida;
ikkinchisi, ilmi nujum — yulduzlar va falakiyot sayri, oy va quyoshning manzillari, yetti iqlimdagi holatlar, to‘rt fasl taassurotlari, Yer kurrasiga oid jihatlarga ko‘ra rasad tuzish haqida;
uchinchisi, musiqiy ilm, uning ma’hazlari (manbai), 12 maqom, 24 sho‘ba ovozasi, 17 bahr va usullarni bilish haqida;
to‘rtinchisi, she’r ilmi, aruz fani, she’rdagi matbu’ (tushunish oson, ma’qul) va mas’ud (san’ati bezak va mohirona yozilgan), ularni bilish, qoidalarini anglab, izohlar berish haqida.
Mutribiy yozadi: “Men faqir bu sharif kitobni (ya’ni “Nusxai Humoyuniy”ni) Abdullohxon kutubxonasida ko‘rganman, muallifning muborak xati(ya’ni dastxati)da bitilgan. Nihoyatda benazir, tengi yo‘q va juda ko‘ngilga yoqimli asar, aqlni hayrat o‘rab oladi”.
Ko‘p yillardan buyon bu qo‘lyozmani topishga harakat qilinmoqda.
Suyima G‘aniyeva

G‘AZALLAR

* * *

Bir boqdimu boz tashnayi diydor bo‘ldim,
Ey sho‘x, yana senga giriftor bo‘ldim.

Osuda edim, tun-kecha uyqumda ko‘rib,
Faryod chekib, lahzada bedor bo‘ldim.

Ko‘nglimga dedimki, bas, hamon sabr ayla,
Sabr etmadi ul, xastayu bemor bo‘ldim.

Yo‘q erdi hushim, o‘ylaki, yodimga tushib
Ul nozli nigohing, yana xushyor bo‘ldim.

Gul berdi Humoyunga uforing xabarin,
Gulzor demagil, gulga sazovor bo‘ldim…

* * *

Bir pari ruxsoraga tushdi ishim,
Ul sabab ko‘nglimda bordir otashim.

Chehrasi xonamni ravshan ayladi,
Partavi birlan yoritdi mahvashim.

Talpinur ko‘nglim hamisha ul tomon,
Tortadir ko‘nglimni zebo, dilkashim.

Menga bo‘lgaymu muyassar ey pari,
Kokiling bo‘ynimga bir dam chirmashim.

Ishqdin mastdir Humoyun, ko‘p qiyin,
Ey sanamlar, o‘zni hushyor aylashim…

RUBOIYLAR

* * *

Yo Rab, menga darvesh dilidin ehson ber,
Ko‘nglimki shikastadir, anga darmon ber.
Yo‘q-yo‘qki, demasmen, uni bergil, buni ber,
Har neki rizoyingda, uni arzon ber…

* * *

Ey dil, huzuri yori feruz ayla,
Yor xizmatida o‘zingni dilso‘z ayla.
Do‘st yodi-la har tuningda xurram o‘ltir,
Yor vasli-la har kuningni navro‘z ayla…

* * *

Bir lahza firoqing menga ozoru malol,
Hajringda kunim mashaqqatu zahmu zavol.
G‘urbatda kechar bo‘ylaki holim, so‘rma,
Subhonolloh, ne kelur boshima hol!..

* * *

Sultoni sariru anbiyo ham sen O‘zing,
Xurshidi sipehri avliyo ham sen O‘zing.
Mardum hama payravi tariyqing, ne ajab,
Xalq sharriga gohi rahnamo ham sen O‘zing…

* * *

Ey sarvari koinot, ey asli vujud,
Haqqoki, o‘zing habibu hayyu ma’bud.
Turgil-da, jamoli olamoro ko‘rsat,
Olam eliga baski o‘zingsen maqsud…

* * *

Men hechmanu yo‘q menda magar rutbayu nom,
Fazlingni tilarmen kunu tunlarda davom.
Baxsh ayla O‘zing hurmating haqqi uchun
Bandang bu Humoyunga karam, fayzi tamom…