Bonu (1837-1891)

Bonu (taxallusi; asl ismi Samar Bonu Sirojiddin qizi) (1837, O‘sh — 1891, Andijon, Mingtepa qishlogi) — o‘zbek shoirasi, ma’rifatparvar. Huvaydoning chevarasi. «Meros dedim bobomlardin» masnaviysida Hofiz, Navoiy, Shams Tabriziy, Ahmad Yassaviy va bobosi Huvaydoni tilga olib, shoirlik iste’dodi ota-bobosidan meros ekanligini ta’kidlagan. Ularning asarlariga tajnis, tatabbular yozgan.

Bonu 19 yoshida beva qolgan. «Bonu g‘arib» she’rida bu ogir judolik va musibatni turmush hodisalari bilan bog‘lab, o‘zi kabi ayollar qismatidan, zamonasidagi haqsizliklardan zorlangan.

She’rlarida Layli, Shirin, Uzrolar bilan dardlashgan («Yor jabr etdi» va b.). Bonu ruhidagi isyonkorlik, oqilalik asarlariga singib ketgan. Sevgi mavzuidagi she’rlari shaxsiy his-tuyg‘ular bilan chegaralanmay, keng ijtimoiy mazmun kasb etgan.

Bonu ijodida shaxs va zamon, ayollar taqdiri masalasini asosiy o‘ringa qo‘ygan. Erk uchun o‘zi tanlagan yo‘lning to‘g‘riligiga ishongan («Falak ozoridan ming dod», «Hech qaysi inson ham», «Dilda dardim kim bilur?», «Benavolar» va b.), bu yo‘lda sobit turgan. Bonu she’rlarini to‘plab devon tuzgan.

G‘AZALLAR

Bonu aytur bu olamdaki, g‘amsiz yurmadim hargiz,
Bu dunyo davrini shodmonu xandon surmadim hargiz.

Jahonda yurdimu turdim, necha chektim jafolarni,
Jafosin ko‘rdum, ey do‘stlar, vafosin ko‘rmadim hargiz.

Ayo do‘stlarki, men yolg‘iz, g‘aribi benavo qulmen,
Topay ahli ayol, atfol deyub qayg‘urmadim hargiz.

Ki sakkiz yil bo‘lur otam shikorya Yorkent aylab,
Muborak yuzlarin ko‘rub ko‘zum to‘ydurmadim hargiz.

Ki ko‘rmakni qo‘yub, ey tan, bo‘lak emdi talab qilg‘il,
Sharifim sarri poyidin o‘zum jo‘kurmadim hargiz…

Jahonda har balo bo‘lsa, baham bo‘ldi g‘arib boshim,
Sitam birla alamlarni surub, yondirmadim hargiz.

* * *

Ko‘rung bir dilbari zolim mening holim xarob aylab,
Yoqub ishq otashin jonimga, bag‘rimni kabob aylab.

Ko‘zim telmurturub yottim, base ko‘p xor bo‘ldi bosh,
Kirib xilvatda holim so‘rmadi chandin azob aylab.

Tilokimdur aning vasli, tunu kun yolvorib haqdin,
Ochib ilgim duoga, yig‘ladim, ko‘zlar purob aylab.

Yotib hajringda bemore, bo‘lubman bexudu xomush,
Ayo tan, sen nechuk deb so‘rmading, muncha itob aylab.

Talabkori visolingmen, nechukdin bilmading holim,
Kirib oldimga bir soat, chiqarni ko‘p shitob aylab.

Yaqinlik ayladim chun o‘tlaringga, xijlatim ko‘pdur
Meni kuydurg‘ali sham’i yuzungni benihob aylab.

Xumor aylab ko‘zingni ham qaboqingni suzib boqsang.
Bitay sha’ningga yuz daftar moshoirlik kitob aylab.

Ko‘zing jallodi berahmu, kamon abro‘laring o‘qlar
Meni bechoraning chun o‘ltururg‘a iztirob aylab.

Gahi xushman, gahi noxush, gahi behush, gahi bohush
Bu Bonuni xarob etting soching mushkin tanob aylab.

* * *

Yor jabr etti dilim gardu g‘uborin tozalab,
Shirinu Azrou Layli onlara andozalab.

Gulgun etti ashki selobim to‘kub har ro‘zu shab,
Usmau elik, ufou ham ko‘zini g‘ozalab.

Dilbarim qattiq ko‘ngullik, mahvashim nozuk badan,
Teshti ko‘ksum, ezdi bag‘rim noz uzra nozalab.

Fosh etma, ey tabibo, ishqi dardin tut nihon,
Ista maqsuding xudodin o‘zligingni sozalab.

Ey hakim ahli, bilib dardimni izhor etmakim,
Topmadi hech shay’ murode kori ishq ovozalab.

G‘orat etti mulki tanni shohi oshiqlar kelib,
Bir qushe uchdi qo‘limdin ko‘k sari parvozalab.

Faqr aro mahvashlara qochdi bu Bonu bosh egib,
Al-amon etti raqiblardin, biling darvozalab.

* * *

Manga makkori zolim makr etib yuz sho‘ridin sad dod,
Berib ming va’dani qilmas vafo, ayyordin sad dod.

Boshimg‘a yog‘durur boroni g‘amni yozu qish tinmay,
Ko‘rub kajlikni, dedim men, falak ozoridin sad dod.

Og‘iz osha yetushkanda, burunni tegdurub tosha,
Anga qul bo‘ldim.ey do‘stlar, jahon makkordinsad dod.

Vafo tog‘ini kavladim, boshimg‘a tekdurub tesha,
Qilibdur pora-pora, zolimi xunxordin sad dod.

Visoli bokamolidin ayirmoq qasdini ko‘zlar,
Yoqib rashk o‘tining ishq ellara, ag‘yordin sad dod.

Bu g‘am girdobidan forig‘ bo‘lolmay ko‘z yoshim oqti,
Dedi Bonu amon bermas manga har kordin sad dod.

* * *

Bu falak kajravligidin bo‘ldi dil xunoblar,
Ashkborimdin to‘kilgay kosa-kosa oblar.

Zulmi ag‘yora chidalmay, ishq mayini no‘sh etib,
Kunda-kunda xun yutib, bag‘rim to‘la zardoblar.

Furqatu g‘am bir sari, ishqning balosi bir sari,
Jon qutulmas ikkisidin bas bo‘lib betoblar.

Sharhi dilni arz etarg‘a dardmandon topmadim,
Sabru toqat qolmadi, ketti ko‘zumdin xoblar.

Muddaoying ne, sanam, qilding sitam ust ustina.
Yurguzub hukmingni hardam quldug‘ing ishtoblar.

Oftobi g‘amda qoldim, qil boshimg‘a soya baxt,
Tolei shumum siniqdur, sindi durri noblar.

Mushtariy, Mirrix sitorang suvg‘a tushdi, Bonuyo,
Ko‘z yoshing daryo bo‘lib tortti seni girdoblar.

* * *

Meni ko‘rgan kunimni ko‘rmasun hech qaysi inson ham,
Ko‘rub holimg‘a rahm aylar tamomi nomusulmon ham.

Kima men mehribon bo‘lub, anga sarf ayladim dil, jop,
Manga nomehribon bo‘ldi tamo-mi yoro‘, jonon ham.

Ko‘ring betoleimni aylanur kaj bu jahon charxi,
Manga qolg‘onda beodil tamomi begu sulton ham.

Kimi ko‘rsam suyub jonu dilimdin parvarish ettim,
Manga rahm etmadi inson ichinda hech musulmon ham.

Meningdek bormukin aslo vafo izlab jafo ko‘rgon,
Umrni zoye o‘tkargan meningdek bormu nodon ham.

Tasadduq zoti pokingdin, menga emdiki sen yaxshi,
Topolmay izlasam men axtarurda Chinu xoqon ham.

Jahonda turg‘onimg‘a yuz tuman bisyor tashvishmen,
G‘aming xat birla yoz, Bonu, uzatma so‘zni har yon ham.