Alamkash (1846-1924)

Alamkash (taxallusi; asl ismi Ubaydullo Islom o‘g‘li) (1846 — hozirgi G‘allaorol tumani, Qizilqo‘rg‘on qishlog‘i — 1924) — shoir, xattot, tarjimon. O‘z qishlog‘ida maktab ochib, shu maktab o‘quvchilari uchun hisob ilmiga oid darslik tuzgan.

Alamkashning 100 dan ortiq she’rdan tarkib topgan qo‘lyozma asari, 250 dan ortiq she’rni o‘z ichiga olgan devoni va mateiatikaga oid asari bizgacha yetib kelgan.

Alamkash «Chor kitob»ni forschadan o‘zbekchaga erkin tarjima qilgan (1898). Asar Toshkentda toshbosmada 3 marta qayta nashr etilgan (1910, 1913, 1914). Devoni qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. № 11306) saqlanadi.

G‘AZALLAR

Bu falakdin har zamone o‘zga motamdur menga,
Ko‘z yoshim hijronidin har soate yamdur menga.

Bu tiriklik lazzati bu foni dunyo ichrakim,
Barchaga qandu asal bo‘lsa, biling, samdur menga.

Hojatim o‘lmas ravo hargiz tiriklik shahrida,
Ehtiyojim bal ziyod o‘lmakligi hamdur menga.

Ul pari aydi: «Bu yo‘llar sarbasar ofat erur»,
Chunki o‘ldurmak bu vodiy ichra axtamdur menga.

Kirmasun hech kim bu yo‘lg‘a baski holin choqlamay,
Demasun nedin bu yo‘llarda to‘la g‘amdur menga.

Soqiyo, keltir qadahni lolagun miyno bilan
Kim, Alamkashlikda may bir o‘zga oLamdur menga.

* * *

Notavonlarga bo‘lur har damda afzun ehtiyoj,
Ayladi holimni kun-kundin digargun ehtiyoj.

Arzi matlab tiyra xotirlarni ravshan ayladi,
Chirki joma ketmadi, to bo‘ldi sobun ehtiyoj.

Hajr aroda vasli ummidi bilan andoqki men,
Faxr elini vojgun etmakda hamchun ehtiyoj.

Ey ko‘ngul, sen ko‘rmagil hojatni andak, negakim
Ag‘niyolarga bo‘libdur Nuhu Homun ehtiyoj.

Demangiz yolg‘iz Alamkash ko‘ngli hojatdin malul,
Ne dilovarlarni ham qildi jigarxun ehtiyoj.

* * *

Hajr zindoni aro tokay chekarman dardu g‘am,
Ko‘rmushamdur kulfatim dardu alam uzra alam.

Kimni ko‘rsam, mehribonim, deb tutibman domanin,
Ko‘rdim andin oqibat yuz ming sitam uzra sitam.

Hajr dardiyu g‘ami anduhu motam kulfati,
Bu aroda xalqi olamni sitamlik javri ham.

Dog‘i davron ofati birlan g‘ariblik shiddati
Yo‘q edi ag‘yorlarni qilg‘udek zulmida kam.

Bu bari bir sori-yu, men xastaga ul dilrabo,
Ko‘p g‘azab birlan boshimga beibo qo‘ydi qadam.

Toleim vojgunu baxtim charx davridin zabun,
Hamdamim g‘ulu junun savdosi — boshimga alam.

Ishqning so‘zu gudozi benihoyat, sabr oz,
Yor beparvo, raqiblardin nadam uzra nadam.

Ham safar asbobi noanjomu manzil nopadid,
Umr musta’jal, nadomatdin base ko‘zimda nam.

Tan qo‘y emdi, ey Alamkash, bo‘lsa taqdiringda bul,
Chora yo‘q, chunki azalda ketsa gar bo‘yla qalam.

* * *

Demangiz silki mashoyixlarni barpo qildi shayx,
Bal alarga o‘t qo‘yib, olamni rasvo qildi shayx.

Necha bir bema’niyu bo‘yni yo‘g‘onlarni yig‘ib,
Ahli ilm birla urush qilmoqqa g‘avg‘o qildi shayx.

Demangizkim, din rivoji-chun qilibdur xonaqoh,
Fosiqu mufsid, mufattinlarga yag‘mo qildi shayx.

Domi tazvirin yoyibdur, ko‘ngli el saydig‘a band,
Bas ajab makru riyolarni muhayyo qildi shayx.

Boyazidu siyrati iblisvash, surat uchun,
Elni ozdirmoq uchun talbis insho qildi shayx.

Hirsi misli ajdaho, komiga tortib barchani,
Ko‘r tama’sin, xotirin po‘rsho‘ru g‘avg‘o qildi shayx.

Dema shayx, albattadur ul devi mal’un chokari,
Chunki ul iblis amrin elga xo‘b jo qildi shayx.

Ne uchun bordur ani farmonida andoq asar,
Qut berib avvalda-oxir o‘zni porso qildi shayx.

Demakim shayxi zamondur, balki davron ofati,
Garchi yuz turlik karomatni huvaydo qildi shayx.

Ey Alamkash, shayxlarning dastidan dod uzra, dod,
Kim necha mo‘min-musulmonlarni tarso qildi shayx,

QIT’ALAR

* * *

Olim uldurki, bilsunu qilsun,
Neki qilmay jahon-jahon bilsun.
Bu ikkida amal erur maqsad,
Odam ulki, amal bilan o‘lsun.
Gavhari odam amalda erur,
Yaxshi ulkim, amal bilan o‘lsun.

* * *

Ishq ahliga dunyo havasi multamas ermas,
Dunyo bilan ishq istasa kim yaxshi kas ermas,
Ishq ahlini matlubidin o‘zga havasi yo‘q,
Ishq otashi bas loyiqi har xoru xas ermas.

* * *

Odamiy qadri mayni bilsa erdi,
Kecha yotmasdi, raz ekar erdi. .
Kunduzi tinmas erdi to oqshom
Suv berib parvarish etar erdi.
Tok ekar erdi ud yag‘ochidin,
Posbonlar anga qo‘yar erdi.
Zohidu, shayxu so‘filar tinmay
Kecha-kunduz sharob ichar erdi.
Xonaqosin qilurdi mayxona,
Kelsa kim — anga may tutar erdi.

* * *

Kim senga itlik aylasa nogoh,
Ur aning og‘ziga tayoq bilan.
Urmasang gar, olar oyog‘ingdin,
Qolgasen hasrat ila dog‘ bilan.
Kim agar qilsa odamiylikni,
Ber taomingni anga yog‘ bilan.
Ul qilur senga bil, qadrdonlik,
Boshi birlan.yoki oyog‘ bilan.
Bu nasihatni ol qulog‘ingga,
O‘tsin umrim desang, farog‘ bilan.

* * *

Qil o‘zing adabni o‘zingdin talab,
Kerakmas senga o‘zga bir muhtasib.
Yomondin qochib yaxshilik istagil
Ki, ko‘p yurma dunyoparastlik qilib.