Uyg‘un Ro‘ziyev. Yolg‘iz daraxt (hikoya)

Katta yo‘l yoqasidagi yolg‘iz tut daraxti uzoqdan ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bu keng adirda boshqa bironta ham daraxt yo‘q. Turli-tuman daraxtlari shovullab turgan tog‘ etagidagi qishloqqacha esa ikki chaqirimcha masofa bor. Shaharga otlanganlar avtobusga chiqish uchun to‘g‘ri shu tutning yoniga kelaverishadi. Chunki avtobuslar o‘nqir-cho‘nqir yo‘l bo‘lgani uchun qishloqqacha bormaydi. Aslida bu yerga hech qanday bekat qurilmagan, asfalt yo‘ldan o‘tib-qaytuvchi avtobuslar yoki kirakash mashinalar shu yerni o‘zlaricha bekat hisoblab, to‘xtab o‘tadi. Mana bu yakkayu yagona keksa daraxt bekatning belgisi bo‘lib qolgan.
Yakka tutning tagini yumshatib, atrofidagi shox-shabbalarni terib yurgan Hojiqul sartarosh shu tomonga jadallab yurib kelayotgan Xidir oqsoqol bilan usta Ne’matni ko‘rib, bezovtalandi. Hozir yana bir narsa deb turtkilaydi-da, bu oqsoqoli tushmagur, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Bekatdagi avtobus jo‘nashga chog‘lanayotgan, haydovchi shu ikkala cholni uzoqdan ko‘rib, to‘xtab turgan edi.
O‘zini tutning panasiga olayotgan sartaroshni ko‘rib, Xidir oqsoqol avtobus eshigi oldida taqqa to‘xtadi.
— Ey, Hoji, nima balo, kechasi bilan shu yerda uxlayapsanmi? — dedi oqsoqol afti burishib. — Qachon qarasam, shu tutning tagida soyalaysan. Nima uyingda soya yo‘qmi? Bu tut azaldan bir o‘zi yashagan, bundan keyin ham o‘zi yashayveradi, unga sherik kerak emas. Toq tutga juft bo‘lib bu yerda o‘tiraverma, tur, uyingga bor.
— Bechora daraxt kundan-kun qurib borayapti. Mana, qarang, tanasi g‘ovak bo‘lib ketibdi, ichi bo‘m-bo‘sh. Shu, ostini yumshatib, suv quyib qo‘yay deb edim-da, — dedi Hojiqul sartarosh xijolat bo‘lib.
— Qari tutning kuni kelib-kelib senga qoldimi? O‘zing parvarishga muhtoj bo‘lib munkillab turibsan-ku. Suv quyish kerak bo‘lsa, ana, yosh-yalanglar ko‘p. Shaharga borib kelay, aytaman, o‘shalar quyishadi. Sen aytganni qil, uyingga bor.
Avtobus odamlar bilan liq to‘la edi. Hammalari Xidir oqsoqolning fe’lini bilishganidan lom-mim demasdan uning avtobusga chiqishini sabr bilan kutib turishdi. Keyin avtobusga chiqar-chiqmas, ikkala cholga yoshroq kishilar joy bo‘shatib qo‘yishdi. Ancha yo‘lgacha gapning mavzusi Hojiqul sartaroshning ustida aylandi.
— Necha marta aytdim unga: “Hoy, Hoji, odamlar tinmay Hojiqul yakka tutdan beri kelmay qo‘ydi, deyishyapti. Uyingda tinchgina o‘tir”, dedim, — dedi Xidir oqsoqol. — Lekin gap kor qilmaydi. Aylanib-aylanib yana shu tutning soyasiga kelib o‘tirgani-o‘tirgan.
— Bitta o‘ziga qiyin-da, jo‘ra, — dedi Ne’mat buva. — Bekor urishding uni. O‘zi hech kimga ozor bermaydigan, yuvosh odam. Avvallari bir gapirib o‘n kuladigan xushchaqchaq edi. Soch oldirgani sartaroshxonasiga kirsang, ko‘ngling yayrab chiqardi. Ikki o‘g‘li, so‘ng kampiridan ayrilganidan keyin ham dardini yuzidan sezdirmagan edi. Endi keksayganidan keyin bilinib qoldi. Boshiga tushgan savdolar uni egib qo‘ydi. Bittayu bitta o‘g‘li bo‘lsa, shaharda qolib ketdi. Bir yilda bir kelib xabar olay ham demaydi. Bechora Hoji nima ham qilsin?
— Ha, bilaman, yolg‘izlik uni esankiratib qo‘ygan. Shuning uchun ham uyiga sig‘may tentirab, turli xil yumushlar bilan o‘zini ovutib yuradi. O‘sha kenjasi, oti nima edi, Mahkammi, juda noqobil bola ekan-da o‘zi. Hech menga duch kelmayapti-da. Qo‘limga tushsa, bir xumordan chiqquncha ta’zirini berardim, — dedi oqsoqol hali ham baquvvat mushtini tugib. — Aytgancha, hoy, Ne’mat, menga qara, shu ishni bugun qilaylik. O‘sha bolani topib men bir gaplashib qo‘yay.
— Shaharning qaysi burchagidan topasan uni? Qayerda yashashini, qayerda ishlashini bilmasak.
— To‘g‘ri Mansurning oldiga boramiz. Mansur uni yerning tagidan bo‘lsa ham topib beradi. O‘zi aytgan edi, majlislarda ko‘rib turaman, deb.
— Yaxshimurod kutib qolmaydimi?
— Yaxshimurod sabr qilib turadi. Ishni eng muhimidan boshlasak, Xudo xohlasa hammasiga ulguramiz.
Shaharning qurilishlar bo‘layotgan maydoni hokimiyat binosidan uncha uzoqda emas edi. Mansur hokim o‘rinbosarining kutilmaganda chaqirib qolganidan hayron bo‘lib, mashinani ham kutib o‘tirmasdan, qog‘ozlar solingan semiz papkani qo‘ltiqlagancha chopib ketdi. U hokimiyat binosiga yaqinlashganida, ayni shu yerdan chiqib, qop-qora tusli mashinaga suyanib turgan Xidir oqsoqolni o‘rtog‘i yelkasidan turtib, Mahkam kelayotgan tomonga ishora qildi:
— Xidir, ana, Hojining o‘g‘li o‘z oyog‘i bilan biz tomonga kelayapti.
Xidir oqsoqol o‘sha tomonga o‘girildi-yu bo‘yniga yo‘l-yo‘l galstuk taqib olgan Mahkamni ko‘rib, hushyor tortdi.
— Ey, Hojining bolasi, — dedi oqsoqol baland ovozda, — bu yoqqa kel.
Mahkam kutilmaganda chaqnagan chaqmoqdek yangragan bu chaqiriqdan bir sakrab tushdi. Avvaliga o‘zini chaqirayotgan cholga hayron bo‘lib biroz qarab turdi. Keyin tusmollab tanigach, u tomonga tez-tez yurib borib, salomlashdi.
— Sen Hojiqulning o‘g‘lisan-a? — dedi oqsoqol.
— Ha, Mahkamman, Xidir buva, — deya Mahkam taajjublanayotganini yashirish uchun yasama iljaydi.
— Mahkam bo‘lsang, quloq sol. Meni bilasan-a, o‘sha har doimgi Xidirman. Ilgari brigadir bo‘lgan bo‘lsam, hozir mahalla oqsoqoliman. Otangni unutib yubording chog‘i? Haliyam tirikligini bilasanmi o‘zi?
Mahkam bilaman, degandek xijolat bo‘lib boshini qimirlatdi.
— Bilsang, nega borib ko‘rmaysan? Har kuni yakka tutning tagida o‘tirib olib, yo‘l qaraydi, kenjatoyim nevaralarimni yetaklab kelib qolarmikan, deb. Kenjatoyi bo‘lsa, bu yoqda qog‘oz qo‘ltiqlab yuribdi, otasi parvoyigayam kelgani yo‘q. Qishloqqa bormay qo‘yganingga necha kun emas, necha yil bo‘ldi? Suf, senga-e. Hoji bechora tetikligida-ku, o‘zi kelib seni ko‘rib ketayotgan edi. Endi nima qilsin? Eshitganmiz, Hojining o‘g‘li katta qurilishlar qilayotgan emish, deb. Imorat qurayapman, deb yuribsan-da, a? Eng katta imorat otang emasmi? Qulab qolay deb turibdi-ku bechora. Kimga suyanishini bilmaydi. O‘tgan bahorda hovlisining ko‘cha tomondagi devori nam tortib qulab tushgan edi. Yaxshiyam mahalla bor ekan. Yosh-yalanglar hashar qilib tiklab berishdi.
— Otamga ko‘p marotaba aytdim, ota, siz ham ko‘chib keling, birga yashaymiz, dedim, ko‘nmadi-da, — dedi Mahkam, aybdor faqat menmanmi, degandek.
— Ol-a, endi bir kami Hoji sho‘rlik seni deb ota makonidan badarg‘a bo‘lishi qolibmidi. Sen otamakon nimaligini bilasanmi o‘zi? Ey, senga bu savol ortiqcha. Mening o‘rtancha o‘g‘lim Mansurni bilasan-a? Mana shu idorada hokimning muovini bo‘lib ishlaydi. Hozir, mana, Ne’mat bilan shaharga kelgan edik, jo‘ramiz Yaxshimurod chaqirgan. Bahonada Mansurniyam bir ko‘rib ketaylik, deb kirib chiqdik. O‘zi har hafta kanda qilmay qishloqqa borib turadi. Qani, u ham senga o‘xshab qishloqdan oyog‘ini uzib ko‘rsin-chi, ota uyini, odam bo‘lib dunyoga kelgan dargohini unutsin-chi, nima qilar ekanman. Hokimligiga qarab o‘tirmayman. Mana shu yerga olib chiqib, hammaning ko‘z oldida ta’zirini beraman. Seniyam quloq-chakkangga boplab shapaloq tushirishga ayni g‘ayratim kelib turibdi-yu, afsus, otang emasman-da.
Mahkam xuddi hozir bu chapani chol rostdan ham uning yuziga tarsaki tortib yuboradiganday, qo‘rqa-pisa bir qadam orqaga tisarildi. Oqsoqolning fe’lini u bolaligidan yaxshi biladi — adolat uchun hech narsadan qaytmaydigan odam. Hov, bir zamonlar o‘zbekning boshiga ish tushib, rahbarman degan kattayu kichik tuhmat botqog‘iga botib, to‘qaydagi ho‘lu quruq aralash yongan paytlarda bu odam xo‘jalikda brigadir bo‘lib ishlaganini, bu ham o‘sha tuhmatga yo‘liqqanlar qatorida hibsga olingan, lekin moskvalik tergovchilarning qiyin-qistovlariga bo‘ysunmay, ularning yuzlariga tik qarab: “Senlar shundoq ham mehnatda ezilgan odamlarga bo‘hton qilayapsanlar. Senlarning bunday razilliklaringga ko‘nadigan ahmoq yo‘q. Undan ko‘ra, ana, xalqning o‘rtasiga olib chiqib os. Bir boshga bir o‘lim. Haqiqat uchun dorga osilib o‘lish ham erkak uchun bir sharaf”, deya gapirgani boshqa mahbuslarning ham ruhiga dalda bo‘lganini odamlar hanuzgacha gapirib yurishadi. Bu cho‘rtkesar cholning g‘ayrati hamon o‘sha-o‘sha. Hozir ham qaddini g‘oz tutib, gapini baralla gapiradi. Hech kimga mute emas. Hatto hokim o‘rinbosari bo‘lgan mana bu o‘g‘lidan ham zig‘ircha foydalanmaydi. Aksincha, uni ham, to‘g‘ri ishla, to‘g‘ri yur, deb urishib, yo‘lga solib turadi. Shuning uchun Mahkam ham oqsoqolning gaplarini boshini xam qilib jimgina eshitdi. Ichida shayton g‘alayon qilib, otam yolg‘iz qolgan bo‘lsa, sizga nima, deyishni ham o‘yladi-yu, ammo shu tobda yuziga shapaloq tortib yuborishdan ham toymaydigan bu chapani cholga bir nima deb bo‘ladimi? Ikki kun avval o‘sha hokim o‘rinbosari Mansur Xidirovich katta majlisda Mahkamni yarim soat turg‘izib qo‘yib, qurilishdagi chala qolgan ishlar uchun rosa savalagan edi. O‘g‘liga gap topib berolmagan odam, shartakilikda undan ham o‘tib tushadigan otasiga biron narsa deya olarmidi.
— Ey, bola, ko‘zingni kattaroq och, — deb yana do‘qladi Xidir oqsoqol. — Mana bu soqol senga o‘xshaganlarning ko‘pini ko‘raverib oqargan, tushunarlimi? Hoji bechora umr bo‘yi sartaroshlik qilib, odamlarning sochini silagan-u, sening boshingni silamaganmi? Nima, o‘zing katta bo‘lib qoldingmi? Odamning davlati bori emas, insofi bori yaxshi ekan. Menga qara, ishxonang qayerda? Yo‘q, shoshma, sen kim bo‘psanki, men sening ishxonangni axtarib yursam. Yaxshisi, bunday qilasan, kechqurun soat oltida bola-chaqangni olib qishloqqa ketadigan avtobusning bekatiga borib turasan. Men senlarni birga olib ketaman. Bugun Yaxshimurod jo‘ramizning tug‘ilgan kuni, kapeda o‘tirish qilib beryapti. Ungacha bizlar o‘sha yerda bo‘lamiz. Uqdingmi?
— Uqdim, Xidir buva, uqdim, — deya Mahkam qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha qora mashinaning ortidan qarab qoldi.
Cholning tanbehlaridan avvaliga Mahkamning jahli chiqib, tishini tishiga bosib turgan bo‘lsa, so‘ng o‘zidan xafa bo‘lib ketdi. Oqsoqolning gaplari jon-jonidan o‘tib ketib, endi, ehtimol necha yillardan beri birinchi marta, otasi haqida jiddiy o‘ylay boshladi. Otasining g‘aribona qiyofada ko‘hna qishloqning ramziga aylanib qolgan keksa tut atrofida ivirsib yurganini ko‘z oldiga keltirdiyu xo‘rligi kelib, shu yerdagi quyuq soya tashlab turgan kashtan daraxtiga suyanib qoldi. U otasini hech qachon bunday g‘aribu notovon ahvolda ko‘rmagan, tasavvur ham qilmagan edi.
Hojiqul sartarosh uch o‘g‘lim — uch pahlavonim bor, deb kerilib, doim xushchaqchaq bo‘lib yurardi. Sartaroshxonaga odamlar faqat soch-soqolini qirtishlatgani emas, sartaroshning qiziq suhbati uchun ham kelishardi. Ikki o‘g‘lini ketma-ket armiyaga chaqirishdi-yu oilaning halovati buzildi. O‘g‘illarining biri Afg‘onda, ikkinchisi qaysidir Sibir tomonlarda xizmat qila boshladi. Sartarosh ham, xotini ham sirtdan bir-biriga bildirmasa-da, biroq har bir kunni hadik bilan sanab o‘tkazadigan bo‘lishdi. Hojiqul sartarosh deyarli har kuni hali xo‘roz ham qichqirar-qichqirmas, azonlab turib, hovlida, ochiq havoda biroz aylanib yuradi. Keyin hech kimni bezovta qilmay, eshikni asta ochib, ko‘chaga chiqadi. Goh g‘ira-shira qorong‘ilikda, goh oyning yorug‘ida yo‘l yurib, yakka tutning oldiga boradi. Ikkala o‘g‘lini armiyaga ana shu yerdan kuzatib qolgan. Endi ular ketgan yo‘lga ko‘z tikib, qari tutga suyangancha uzoq-uzoqlarga qaraydi. Yana tong yorishmasidan uyiga qaytib, eshikdan ehtiyotkorlik bilan ichkariga kiradi. Bu paytda xotini allaqachon sigirni sog‘ib bo‘lib, sutni qaynatish uchun o‘choq atrofida kuymalanib yurgan bo‘ladi. Hojiqul sir boy bermaslik uchun yo‘talib: “Kechasi oyog‘im uvishadigan odat chiqardi. Ko‘chaga chiqib oz-moz yursam yozilarmikan, deb edim”, deya g‘uldiraydi. Xotini esa go‘yo hech narsani payqamagandek, indamay qo‘ya qoladi. Lekin u xuddi “momolar bilan gaplashadigan” folbinlardek hammasini biladi. Hojiqul erkak kishi bo‘laturib uyqu nimaligini unutgan-u, ayolining ko‘ziga uyqu kelarmidi. U o‘zini uxlaganga solib yotsa ham, erining mijja qoqmayotganiyu qachon turib, ne hasratda qayerlarga borib kelayotganini butun vujudi bilan sezib yotadi. Ammo uning dardiga o‘t yoqmaslik uchun o‘zini bilmagandek tutadi. Ikkovining ham ichida egizakdek bir rang, bir shakl, bir aft-angordagi xavotir tig‘ qayrab turganini bilgan ko‘yi eriga qo‘shilishib o‘g‘illarini kutadi. Lekin zamonning zaylimi yoki taqdirning beshafqatligimi, avval Afg‘ondagi o‘g‘il, oradan yarim yilcha o‘tib ikkinchisi ham harbiydan tobutda qaytdi. Er-xotin bir kunda birga qaridi. Hojiqul chol, xotini esa kampir bo‘ldi. Qo‘sha dardni qo‘sh yelka qiynala-qiynala, ezila-ezila birgalashib ko‘tardi.
Cholu kampir endi kenjatoyini yeru ko‘kka ishonmay qo‘yishdi. Kampiri: “Hoy, otasi, bolalarni armiyaga olmaydigan joy qayerda bor, o‘sha yoqlarga ketaylik”, deb javraydigan bo‘ldi. Hojiqul bo‘lsa: “Unday joy hech qayerda bo‘lmasa kerak. Lekin tashvishlanma, Mahkamjonimizni qayerdagi armiyaga olib ketishsa ham, ikkovimiz u bilan birga boramiz”, deb kampirini ishontirardi.
U paytda Mahkam maktabda o‘qib yurgan bola edi. Maktab besh chaqirim naridagi qishloqda edi. Hojiqul kenjatoyini ertalab bolalarga qo‘shib maktabga jo‘natardi-yu, lekin maktabdan qaytadigan paytida, bolalardan ajralib qolmadimikan, deya xavotirlanib, albatta o‘zi borib olib kelardi. Yomg‘iru qorlar yoqqan paytlarda yurishga qiynalishardi. Bir yili qish qattiq kelib, ust-ustiga qalin qor yog‘di. Ertalab o‘ynab-o‘ynab yog‘ayotgan qor keyin zabtiga olib, to darslar tugaguncha tizza bo‘yi bo‘ldi. Ustiga-ustak bo‘ron quturib, ko‘z ochirmay qo‘ydi. Hojiqul qor kechib, bir amallab maktabga yetib oldi. Qaytishda Mahkamning qalin qorda yurishga qiynalayotganini ko‘rib, uni yelkasiga opichlatib ko‘tarib oldi. Bo‘ron besh chaqirim yo‘lni ming chaqirim qildi. Qorong‘i tushib, bo‘ronning shashti pasayganda uyga yetib kelishdi. Shundan so‘ng Hojiqul bir necha kun kasal bo‘lib yotib qoldi. Hol so‘ragani har kuni odamlar kelishardi. Kimdir dori olib kelgan, kimdir darmon bo‘ladi, deb olma, anor ko‘tarib kelgan. Bahonada kun bo‘yi hammalari chaqchaqlashib, ko‘ngil yozib ketishardi. Hojiqulning kasalini dorilar emas, ana shu oromijon suhbatlar tuzatdi. Qishloq odamlari o‘zlarining xushfe’l sartaroshini yaxshi ko‘rardi.
Mahkam akalaridek norg‘ul yigit bo‘lib ulg‘ayganida oilaning boshiga baxt qushi qo‘ndi — ozodlik quyoshi charaqladi. Zamon o‘zgarib, yigitlarning joniga chang soladigan armiyalar o‘tmishda qoldi. Endi yigitlar harbiy xizmatni o‘zimizning yaqin atrofdagi shaharlarimizda o‘tashar ekan, degan gapni eshitgan cholu kampirning yuraklaridagi asriy xavotir erta bahordagi tumanday tarqab ketdi. Bundan keyingi yaxshi kunlarni ko‘rish kampirga nasib etmadi. Shu kungacha ko‘tarib kelgan ichidagi dardlar endi uni tark etayotib, birato‘la uning jonini ham olaketdi. U omonatini topshirdi. “Otasi, Mahkamjonimni sizga tashlab ketyapman. Uni avaylang, qiynalmasin bolam sho‘rlik”, degan gap kampirning oxirgi vasiyati bo‘ldi. Ko‘pdan-ko‘p armonlarga shohid bo‘lgan bu g‘arib hovlida ota-o‘g‘il bir-biriga yupanch bo‘lib qolishdi.
Mahkam o‘qishga kirgach, Hojiqul sartarosh yolg‘izlikni yo‘l yurib yengdi. Chol erinmasdan shaharga zir-zir qatnardi. Har gal borganida Mahkamning yotoqxonasini kartoshka-piyozdan tortib, yong‘og‘u do‘lanagacha to‘ldirardi. Mahkamning otasini yotoqxona hovlisida ko‘rishlari bilan kursdosh talabalarning joni kirardi. “Judayam otangning erkatoyisan-da, Mahkam. Otang seni ko‘rgani har hafta to‘lib-toshib kelib ketadi. Bunaqasi hali institut tarixida bo‘lmagan bo‘lsa kerak”, deyishardi ular Mahkamga hasad qilib. Mahkam esa otasining serqatnovligidan ba’zan xijolat bo‘lib: “Ota, ko‘p ovora bo‘lavermang, yashashim yaxshi, hamma narsa yetarli. Biron yetishmovchilik bo‘lib qolsa, o‘zim oldingizga borib kelaman”, derdi. “Yo‘q, o‘g‘lim, tashvish tortma, menga hech og‘ir bo‘layotgani yo‘q. Sen hali yoshsan, shahar bilan qishloqning o‘rtasida qatnayversang, toliqib qolasan. Bu yurishlar menga bir ermak-da”, deb Hojiqul sartarosh baribir kelishini kanda qilmadi. Hatto Mahkam o‘qishni tamomlab, ishga kirganidan keyin ham, uylanib, ishxonasi bergan uyda xotini bilan yashay boshlaganida ham sartaroshning kunlari yo‘lda o‘tdi.
Oxiri belidan quvvat, oyoqlaridan mador ketib, bir-ikki marta avtobusda tobi qochib qolgach, u ham qarilikni tan oldi. Endi yonida birov suyanchiq bo‘lmasa, shahargacha yetib borolmasligini angladi. Lekin o‘zi bilan birga qarib, nurab borayotgan uyida xotirjam yotolmaydi. Bir chelak suv bilan belkurakni oladiyu yakka tutning yoniga borib, kechgacha unga suyanib o‘tirgancha adirlarni qoq ikkiga bo‘lib ketgan uzundan uzoq yo‘lga tikiladi. Bironta odamning qorasi ko‘rindi deguncha, inqillab o‘rnidan turadi-da, go‘yo tutni parvarish qilayotgandek, g‘imirsib qoladi. Uning bu ahvolini har kim o‘zicha tushunib, gapirib yurishdi. Faqat qancha issig‘u sovuqni, yomg‘iru qorlarni, bo‘ronu to‘zonlarni ko‘rib kelayotgan mana bu daraxtgina o‘ziga dardkash topilganidan, yolg‘izlik balosidan qutulganidan xursand bo‘lsa kerak. Chunki yolg‘izlik azobini u hammadan ko‘ra yaxshiroq biladi. Qachonlardir bu yer kattagina tutzor bo‘lgan. Keyinchalik vaqt hukmi va odamlarning shafqatsizligi boisidan daraxtlarning umri birin-ketin poyoniga yetdi. Yolg‘iz mana shu daraxtgina balolardan omon qoldi. Ammo u keyinroq bildiki, uni boshqa bir balo — yolg‘izlik kutib turgan ekan. Hov uzoqdagi boshqa daraxtlar yoniga boray, desa aslo iloji yo‘q: yerga mahkam bog‘lab qo‘yilgan. Daraxtlarning qismati shu. Ammo inson nega yolg‘izlik azobidan qiynalishi kerak, axir, uning oyoqlari bor-ku? Nega u o‘zi istagan odamlar yoniga borib yashay olmaydi, hatto odamlar orasida yashayotib ham yolg‘izlikni tuyadi?
Jumlai jahonda tirik jon borki, nimagadir muhtojlik sezadi. Shu ehtiyoj sabab qiynaladi, to‘lg‘anadi, balki hayotini ham boy beradi. Lekin muhtojliklar ichida eng dahshatlisi odamning odamga muhtojligi ekan. Inson butunlay yolg‘iz qolgandagina yolg‘izlarning dardini ich-ichidan his etadi. Keyin biron yolg‘iz mavjudotni ko‘rdi deguncha, uning yoniga intiladi, hatto gaplashmasdan ham hasratlarini u bilan baham ko‘radi va ko‘ngli oz-moz bo‘lsa-da taskin topadi. Buni mana shu yolg‘iz daraxt ham daraxtlik holicha tushunib yetdi, ehtimol. U ancha vaqtlardan beri o‘zining soyasidan qo‘nim topgan Hojiqulning o‘zi qayoqqadir ketishni emas, kimningdir kelishini istab yo‘lga qarab o‘tirishini ko‘raverib bilib olgan. Daraxtning-ku sabri yana yuz yillarga, balki undan ham ko‘prog‘iga yetar. Biroq inson-chi? U qanchalar bardoshli bo‘lmasin, afsuski, umri o‘lchovli. Bir zamonlar mana shu tutning shoxlariga chiqib, xom-pishiq aralash mevalarini terib yegan, chumchuqlardek chug‘urlashib o‘ynagan qancha-qancha bolakaylar bir zumda bobolarga aylandi. Keyin ularning umri adog‘iga yetib, qishloq ahli yelkalarida ko‘tarib birin-ketin qabristonga olib o‘tganlarida ham shu daraxt titrab-titrab kuzatib qolgan edi. Uning ko‘rib turgani hamon o‘sha manzara — kelishmoqda, ketishmoqda. Fasllar daraxtga takror-takror yaproqlar taqib, turli ranglarga bo‘yaydi, yomg‘iru qorlar galma-galdan chertib o‘tadi, shamollar esa uning shoxlarini siypalab, hayot kuyini chaladi.
Mahkam hokimiyat binosidan chiqar ekan, uyiga yetguncha faqat otasi bilan bog‘liq xotiralarni o‘ylab bordi. Kechqurun roppa-rosa oltida esa Xidir oqsoqol bilan Ne’mat buva bekatga kelishganida, Mahkam xotini, qizi va o‘g‘li bilan katta-katta chamadonlarini ko‘tarib, ularni kutib turishgan edi. Havoning avzoyi buzilib, bulut bostirib kelayotganidan avtobusdagi yo‘lovchilar toqatsizlana boshlashdi. Oqsoqolni ko‘rishi bilan haydovchi avtobus motorini gurillatdi. Yo‘lda ketayotganlarida oqsoqol ko‘z qiri bilan sekingina Mahkam o‘tirgan tomonga razm soldi. Mahkam tobora ortda qolayotgan shahar binolariga avtobus oynasidan qarab-qarab qo‘yardi.
Avtobus qishloq bekatiga kelib to‘xtaganda qorong‘i tushayotgan, tog‘ cho‘qqilari ustida chaqmoq chaqnab, yomg‘ir tomchilamoqda edi. Xidir oqsoqol avtobusdan tushdi-yu, tutga suyanib uxlab qolgan Hojiqul sartaroshni ko‘rib, xunobi oshdi:
— Ey, Hoji, tur o‘rningdan-e. Bir kunmas, bir kuni shu daraxtning ostida o‘lib qolasan-da, sen. Hali ham ketmadingmi, nima deb tayinlagan edim?
Hojiqul sartarosh cho‘chib, ko‘zlarini ochdi. Bukchaygancha beli qotib qolgan shekilli, o‘rnidan turolmadi.
— E, mana bu tut bechorani ko‘rmaysizmi, qarov bo‘lmasa qurib qoladi-da bu, — dedi sartarosh aybdordek inqillab.
Keyin avtobusdan tushgan o‘g‘li, kelini va nabiralarini ko‘rib, yana o‘rnidan turishga urindi, biroq turolmay qiynaldi. Mahkam darrov kelib, otasining turishiga ko‘maklashdi. Bobo egilgan ko‘yi nabiralarini quchoqlab, yum-yum yig‘ladi.
Shu kecha Hojiqul sartarosh allaqanday zavqu huzur bilan yostiqqa bosh qo‘ydi. Ko‘pdan beri orom nimaligini unutgan chol endi to‘yib uxladi. Tun bo‘yi momaqaldiroqning gumburlaganiyu sharros yomg‘ir quygani ham uning oromini buzolmadi.
Ertalab Mahkam shashti pasaygan yomg‘ir ostida hovlining nuragan devorlarini ko‘zdan kechirib aylanib yurganida Hojiqul sartarosh ko‘cha eshikdan xomush kirib keldi. Uning ust-boshi shalabbo bo‘lgan, nafas olishi ham horg‘in edi.
— Azonlab qayerga borib kelayapsiz, ota? — deya so‘radi Mahkam.
— Daraxtni, anavi yakka tutni chaqmoq urganga o‘xshaydi. Yarmi qorayib turibdi. Attang, uxlab qolibman-da, — dedi otasi xo‘rsingancha qo‘lidagi belkurakni devorga suyab.
— Yarmi bo‘lsa ham omon qolibdi-ku.
— Ha, bechoraga qiyin bo‘ldi, o‘zi yolg‘iz daraxt edi, endi yarimjon ham bo‘lib qoldi. O‘zi omonat turib edi-da. Ishqilib, butunlay qurib qolmasmikan?
— Qurimaydi, daraxtga nabiralaringiz qarashadi.
— Lekin… unga har kuni parvarish kerak.
— Kerak bo‘lsa har kuni qarashadi.
— A?..
— Ha, biz bundan buyon siz bilan birga bo‘lamiz.
— Qurilishlaring nima bo‘ladi?
Mahkam otasiga bildirmay chuqur nafas oldi.
— Qancha qurilish bo‘lsa shu yerda qilamiz, o‘zingiz bosh bo‘lasiz, ota.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 44-son