Soyim Ishoq. Zulmatdan zulmatgacha (hikoya)

U yorug‘ dunyoga zulmat qa’ridan chiqib kelgandi. Bu dunyoda bir-ikki yil olatasir yashadi. Qancha yashaganini o‘zi bilmaydi. Qandaydir hissiy boshqaruv ta’sirida uzoqroq yashashga, xavf-xatardan omon o‘tishga intildi, xolos. Omon qolib nima ko‘rdi, nima qildi – buni ham idrok etolmadi. Miyasida muqim o‘rnashib qolgani – jinsdoshlarining keyingi paytlarda uni chetlatishgani, to‘dadan haydashga urinishgani. Buning sababini uzuq-yuluq his qiladi. Ammo o‘rgangan ko‘ngil, tarki odat qilolmadi. Ayniqsa, oxirgi ko‘klam va yozda o‘ziga juft ham topolmay yolg‘iz qoldi. Topganlari bir-ikki kun o‘tmayoq tashlab ketishdi…
Onasining mavsumdagi oxirgi tuxumi edi u. Endi tug‘ishni bas qilib, ularni bosib yotish navbati yetgandi. Shuning uchun Ona kaklik tikanakli butalar orasidagi uyasidan ehtiyotlik bilan chiqdi-yu, toshdan toshga sakrab, toshsiz joylarda chaqqon yo‘rg‘alab ketdi. Uchragan qurt-qumursqalarni chiroyli tumshug‘i bilan bir-ikki ezg‘ilab yutar, “suti” endi qota boshlagan boshoqlarning donini tezgina uzib, harislik bilan jig‘ildoniga urardi.
Ona kaklik shoshilardi. Imkon qadar tezroq va ko‘proq oziqlanib, suvga qonib, ertaroq uyasiga qaytishni, tuxumlarini bosib yotishni istardi. Jo‘jalari tuxumdan chiqquniga qadar bunday ehtiyojlari uchun vaqti bemalol bo‘lmay qoladi. Haftasiga bir-ikki martagina, juda holdan toyganida donlash va tashnaligini qondirishga chiqadi. Shundayam tezgina – tuxumlari sovib ulgurmasidan qaytadi. Aks holda palag‘dasi ko‘payib ketishini biladi.
Nar kaklik aniq ko‘rinadigan joylardan uyasini kuzatib yuradi. Ammo yaqiniga bormaydi. Makiyoni yotgan joyni yirtqichlarga bildirib qo‘ymaslik uchun shunday qiladi. Biror yirtqich yaqinlashsa, darhol ro‘parasidan chiqadi, goh yo‘rg‘alab, goh to‘rt-besh qadam joyga uchib, uni uzoqroqqa aldab olib ketadi. Xavf bartaraf etilgach biror balandlikdan sho‘ng‘iydi-yu, yuqoriga ko‘tariladi. Noiloj qolgan yirtqich daf bo‘lgach, kak­lik avvalgi joyiga qaytib, donlab yuraveradi.
Nar kaklikning bu qilig‘i – shunchaki ehtiyotkorlik chorasi. Aslida tosh va butalar orasida tuxum bosib yotgan makiyonni sezgir yirtqich payqashi qiyin. Bu paytda uning rangi atrofidagi tosh va butalar rangidan deyarli farq qilmaydi…
Kunlar o‘tgani sayin Ona kaklikning tashvishlari ko‘payib bordi. U endi tuxumlarini bot-bot aralashtiradi – ortiqcharoq isiganlarini tumshug‘i bilan avaylab chetga oladi, chetda yetarlicha issiqlik ololmayotganlarini o‘rtaga suradi. Keyin yana bosib yotadi. Ochlikdan darmoni, tashnalikdan sillasi qurisa-da, uyasini tashlab ketmaydi. Chunki dunyoga kelajak jo‘jalarini omon saqlashi shart…
Ona kaklik chekkan zahmatlar zoye ketmadi: tuxumlarini to‘liq ochirdi. Keyin oxirida ochgan jo‘jalar tanasidagi namlikni quritish va darmonga endirish uchun bir kechadan ortiqroq bosib yotdi. Yorug‘ va issiq kunlarning birida avvalroq tuxum yorgan jo‘jalar ovqat qidirib patlarini beozor cho‘qiyvergachgina ularni tor uyadan keng dunyoga ergashtirib chiqdi.
Onaning jo‘jalarini oziqlantirishdan ham zarurroq ishlari bor: eng muhimi – xavfdan saqlanish sezgisini kuchaytirish. Aslida jo‘jalar shu tuyg‘u bilan birga tuxum yoradilar. Uni ozroq shakllantirib, pishiqlantirilsa kifoya. Tog‘-toshlarda g‘animlari ko‘p.
Eng xavflisi – burgut singari tepalarida uchib yuruvchilar bilan sirg‘alib yonginalarida paydo bo‘lib qoluvchi ilonlar. Salgina ehtiyotsizlik qilgan jo‘ja ularning o‘ljasiga aylanadi…
Ona kaklik zaruriyat bo‘lmasa ham birdan to‘xtadi. Bo‘ynini cho‘zib atrofiga sergaklik bilan quloq tutganday bo‘ldi. Ortidan tizilishib kelayotgan jo‘jalari ham joy-joylarida taqa-taq to‘xtashdi.
Onalariga taassub qilibmi yo savqi tabiiymi, ular ham sergak tortishdi. Shu payt onasining xavfni bildiruvchi “kir-rk” deganga o‘xshash tovushi eshitildi. Jo‘jalar zumdayoq duch kelgan buta va xas-xashaklar orasiga urib ketishdi. Qizg‘ish tumshuqchalari bilan oyoqlarini buta va o‘t-o‘lanlar orasiga iloji boricha chuqurroq tiqib, o‘sib ulgurmagan dumlarini yuqoriga ko‘tarishdi. Shu holida ham ularni o‘t-o‘lanlarning hali qurib ulgurmagan pastki butoqlaridan farqlash qiyin. Ammo ilonlarni aldab bo‘lmaydi: ular xas-xashaklarni ham, butalarni ham, ular orasiga bekinib olgan jo‘jalarni ham aniq “ko‘rishadi”. Lekin daf qilishmaydi. Og‘iz va tillarini o‘tlarning tig‘simon o‘tkir barglari tilib yuborishi, butalarning ninasimon tikanlari jarohatlab qo‘yishidan qo‘rqishadi. Ilonning tili – uning ko‘zi, uni jarohatlantirish ilon uchun o‘limdir. Shu tufayli tilini ehtiyot qiladi…
O‘shanda oxirgi tuxumdan chiqqan jo‘ja – Kenjatoygina onasini tushunolmay, joyida anqayib turaverdi. Boshqalardek o‘zini o‘tlar orasiga urmadi. Agar chinakam xavf paydo bo‘lganida u tayyor luqmaga aylanardi. Onasi bundan g‘azablandi shekilli, yoniga yo‘rg‘alab bordi-yu, boshi bilan ko‘tarib, yaqinrog‘idagi butalar orasiga otib yubordi. Jo‘ja butalarga qattiq urilmadi, lekin o‘zidan nima talab qilinayotganini darhol sezdi. U ham jon qayg‘usida boshi bilan oyoqlarini buta tagidagi o‘tlar orasiga chuqurroq botirib dumini ko‘tardi.
Ziyraklik bilan kuzatib turgan onasini Kenjatoyning bu galgi harakati qanoatlantirdi. Endi uni ham atrofidagi o‘tlardan farqlash qiyin bo‘lib qoldi. Faqat dumidagi kalta parsimon patlarini ozroq “taroqlab”, yonidagi o‘tlarga taqabroq qo‘ydi va o‘zi ham bu yerni tark etdi. Juda holdan toyganidan jo‘jalaridan sal uzoqlab, o‘n daqiqacha qovzanib olishga ulgurdi va ortiga qaytdi. Bolalari, hatto nimjonroqday tuyulgan Kenjatoy ham o‘zi ko‘rib ketgan holatlarida qilt etmay turishardi. Bundan taskin topib, xavf o‘tganligi haqida tovush berdi. Jo‘jalar darhol bekingan joylaridan chiqib, zumdayoq onasini o‘rab olishdi…
Kenjatoyga zulmat ichida jon ingandi. Nimdosh yorug‘likni ilk daf’a bir haftacha ilgari his qildi. Yorug‘lik qandaydir qattiq qobiq orqali o‘zini o‘rab turgan yumshoq oq pardadan o‘tib kelardi. Bu onasi tuxumlarni baravar haroratda saqlash uchun aralashtirayotganida yuz berganmi yo qisqa muddatga uyasini ochiq qoldirib, oziqlanishga ketganidami, bilmaydi. Tezdayoq yana avvalgidek zulmat ichida qoldi.
Onasi tuxumlarini qayta og‘ushiga olgani tufayli shunday bo‘lganini ham bilmaydi. Ammo jismiga rohat berayotgan, tobora quvvatga kiritayotgan yoqimli bir zulmat edi bu. Shu sababli salgina ilgari ilg‘agan yorug‘lik sezgisini tezda unutib yubordi.
Bir kuni Kenjatoy yonginasidagi tuxumdan g‘alati ovoz chiqqanini eshitib qoldi. Undagi yetilgan jo‘ja kutilmaganda chiyilladi. Ovoz juda past chiqqaniga qaramay, uni onasi ham ilg‘adi va tumshug‘i bilan avaylab oldiga tortib oldi. Ko‘p o‘tmay shu tuxumni rosmana jo‘ja yorib chiqdi. Ona keyin ochadigan jo‘jalarga xalal bermasligi uchun po‘chog‘ini tashqariga chiqarib tashladi va birinchi bolasini avaylab bag‘riga bosdi.
Shu soatdan boshlab uyaning goh u, goh bu yeridan chiyillash, besabr jo‘janing o‘zi yotgan tuxumni ichkaridan jur’atsizgina cho‘qishidan chiqayotgan tovushlar ko‘payibroq qoldi. Ona kaklikning tashvishi ham ortdi: mavjud sezgi a’zolarining barchasi baravar ishga tushdi. Ovoz qaysi tarafdan, qaysi tuxumdan chiqayotganini bexato topar va boshqa tuxumlarga ziyon yetkizmasdan avaylab oldiga tortib olardi. Biroq tuxumni yorib, bolasining undan xalos bo‘lishiga yordam bermasdi: o‘zi yorsin, o‘zi chiqsin. Tuxumini yorib chiqolmagan jo‘janing biror illati bor, yashab ketishi ham gumon…
Ertasiga jo‘jalarning yarmidan ko‘prog‘i ochib chiqdi. Ilgariroq tuxum yorganlari onasining tagidan dimiqibmi yo anchayin sho‘xlik qilibmi, ustiga chiqib olishdi. Atrofga uloqib ketishlari ham mumkin edi, biroq onasining tahdidli tovushlari bunga imkon bermasdi. Shu tovushlar tufayli patlar ustida qunishibgina yotaverishdi. Ayrimlarigina ovqat ta’masida qizg‘ish oyoqlari tagidagi patlarni beozor cho‘qilab qo‘yishadi.
Bu kunisiga tushga yaqin Kenjatoy ham tuxumdan chiqdi. Endi Ona kak­likning tashvishlari o‘zgardi: uyasidagi tuxum po‘choqlarini batamom chiqarib tashlab, keyin chiqqan jo‘jalarini qanotlari tagiga bosib oldi. Ularni yaxshilab quritish barobarida, tanasining harorati bilan quvvatga endirishi lozim. Hozircha nimjon ko‘rinayotgan jo‘jalarni turli balo-qazolardan asrash tuyg‘usi ham shuni talab qiladi.
U bekorga xavotirlanmayotgan edi. Ko‘p o‘tmay shunday xavf paydo bo‘ldi: nariroqdan nimaningdir zaif shitirlashi eshitildi. Hali hech narsa ko‘rinmayotgan esa-da, butun diqqatini ko‘z, quloq va tanasiga jamlagan Ona kaklik o‘zlari tomonga kattagina ilon sirg‘alib kelayotganini sezdi. Qisqa, lekin tashvishli tovushda “ki-ir-rk” degan tovush chiqargandi, ustidagi jo‘jalar zum o‘tmay qanotlari tagiga kirib olishdi. O‘zi ham qanotlarini tashqaridan qaraganda bolalari ko‘rinmaydigan darajada jips yig‘ib, boshini tagiga oldi. Imkoni boricha hurpayishga harakat qildi.
Ona kaklik shu ko‘rinishida kattagina yumaloq toshga yoki yum-yumaloq cho‘chqabosh o‘simligiga o‘xshab qoldi. Lekin tumshug‘i oldida ayri tilini tinimsiz biltanglatib kelayotgan chipor ilon uning tosh ham, cho‘chqabosh o‘simligi ham emasligini, o‘ziga oziq bo‘ladigan issiq qonli parrandalardan ekanligini bexato bildi.
Ilon ko‘zlari borligiga qaramay hech narsani ko‘rmaydi, biror tovushni eshitmaydi. Tashqi olamni tili orqali “ko‘radi”, terisi orqali sezadi. Tili orqali yuboriladigan signallar o‘lja yotgan joy, uning hajmi va shakli, harakatlanayotgan bo‘lsa yo‘nalishi haqida ilonga aniq “ma’lumot” yetkazadi. Shunga qaramay bu safar u adashdi: ro‘parasidagi Ona kaklik va jo‘jalarini bir butun holda “ko‘rdi”. Negadir bundan qanoatlanmadi. Yana bir qadamcha yaqinlashib, boshini baland ko‘tardi. Tilini avvalgidan ham tezroq biltanglata boshladi. Natija o‘zgarmadi shekilli, hafsalasi pir bo‘lganday bir lahza tili ham og‘zidan chiqmay qoldi. Bu o‘ljani yutib bo‘lmasligini sezdi. Chaqishga sarflanadigan zahari hayf ketadi. Ilon bisotidagi asosiy qurol – zaharini bekorga sarflamaydi. O‘ziga biror shikast yetishini payqasa yo o‘ljasi qochib ketishini ilg‘asagina shunday qiladi. Bunisi juda beozor, qochishni o‘ylayotgani ham yo‘q. Biroq juda yirik, og‘zini o‘n barobar kattalashtirganidayam sig‘dirolmaydi…
Ona kaklik bu safar ham o‘z ishini do‘ndirib bajardi. Qattol dushmani noiloj undan uzoqlashdi. Boshqa jo‘jalar ozmi-ko‘pmi yorug‘likni ko‘rib, unga moslashib ulgurgandilar. Kenjatoyda bunday imkoniyat bo‘lmadi: tuxumdan chiqqan zahoti onasi tagiga bosib oldi. Yetaklab chiqqanida borliqni qurshagan kuchli yorug‘lik ko‘zlarini qamashtirib, uni dovdiratib qo‘ydi. Shu tufayli onasining ogohlantirishini idrok qilolmay sarang bo‘lib, joyida turib qolgan edi. Unchalik og‘riqli bo‘lmasa-da, buning jazosini oldi…
Oxirgi tuxum bo‘lgani va eng keyin ochib chiqqani tufayli Kenjatoy onasiga nimjonroqday ko‘rindi. Jussasi ham boshqalarga taqqoslaganda jimitday. Lekin donlash paytida tirishqoqlik, chaqqonlikda boshqalardan qolishmasligini ko‘rsatdi. Onasi uzib, tumshug‘ida umatib tashlayotgan butalarning sershira kurtaklari, mayda don va urug‘lar, ezg‘ilab bo‘laklab tashlangan qurt-qumursqalardan talashib-tortishib o‘z ulushini olar va zum o‘tkizmay yutib yuborardi. Shunday qilmasa boshqalar og‘zidagini tortib ketishini bilib qoldi.
Kenjatoyning harakatchanligi zimdan kuzatib yurgan onasini qanoatlantirdi. Uni alohida oziqlantirishiga hojat qolmadi. Endi u bor e’tiborini jo‘jalarini to‘ydirish, atrofini qurshagan xavf-xatarlarni vaqtida ilg‘ash va bolalarini ulardan asrab qolishga qaratdi…
Kunlar bir-birini quvib, bilintirmay o‘tib borardi. Vaqt o‘tgani sari jo‘jalarning patlari o‘sib, qalinlashib, haqiqiy kaklik suratiga kirib bormoqda edi. Endi onalarining ortiqcha e’tibor berishiga unchalik zarurat qolmadi. Hozircha o‘zidan ajratib yubormagan esa-da, ba’zi jo‘jalar istagan paytida xohlagan tomoniga uloqib ketaveradigan bo‘lib qolishdi. Yurib-yurib yana to‘daga qaytishar, hech nima bo‘lmaganday aralashib yuraverishardi. Bu “qoidabuzar”liklar jo‘jalarda mustaqil yashash ko‘nikmasi hosil bo‘layotganidan darak berardi.
Bir kuni Ona kaklik bolalarini tog‘ etaklari bilan ham tanishtirmoqchi bo‘lib, ularni quyiga yetakladi. Bu yerda ozuqa ko‘proq bo‘lsa-da, xatar ham shunga yarasha edi. Donlash bilan andarmon bo‘lib, qishloqqa ancha yaqinlashib qolganini Ona kaklik kechroq payqadi. Suvloqlarga tezgina tushib chiqishgani bo‘lmasa, jo‘jalar ilgari hech qachon bunchalik quyiga tushmagan edilar. Bu o‘ta xavfli edi. Bunda yuqoridagi g‘animlaridan tashqari miltiqli-miltiqsiz odamlar, it-mushuklar, hatto tovuq-xo‘rozlargacha ularga dushman. Shu tufayli u tezgina jo‘jalarini yoniga chaqirib ortiga qaytdi. Kenjatoyni esa qishloq chetidagi paxsa devor bilan o‘ralgan hovli qiziqtirib qo‘ydi. Ichida nima borligini ko‘rish ishtiyoqi onasining chorlovidan ustun keldi.
Kenjatoy chaqqon yo‘rg‘alab, biroq o‘ta hushyorlik bilan hovli darvozasidan ichkariga mo‘raladi. Hovlining narigi burchagidagi peshayvonli uy oldida ro‘molini hakkari  qilib o‘ragan bir kampir yerdagi xas-cho‘plarni qo‘li bilan terib, ivirsib yurardi. Beriroqda chipor tovuq jo‘jalarini qanotlari ostiga olib mudrardi. Aftidan, ancha ko‘tarilib qolgan quyoshning issig‘i elitgan.     Boshqa biror xavf sezmagach, Kenjatoyning hovliga qiziqishi battar kuchaydi. Bo‘sag‘adan ichkariga sakrab, mudrab o‘tirgan tovuq tomonga yo‘rg‘aladi. Uni onasiga o‘xshatdi, shekilli. Darvoza yaqinidagi devorga taqab taxlangan o‘tinlar orqasida cho‘zilib yotgan Olapar uni payqab, vovullaganicha tashlanib qoldi. Qaytish yo‘li to‘silganini ko‘rgan Kenjatoy qo‘rquvdan nima qilishini bilmay, o‘zini tovuq tagidagi jo‘jalar orasiga urdi. Bir zumdayoq hovlini qiy-chuv bosdi.
Olapar jo‘jalarga aralashib ketgan begona qushni tutmoqchi bo‘lib vovullaganicha tovuqqa chopliqadi, hech narsadan bexabar tovuq bolalarini himoya qilmoq uchun itga chovut solmoqchi bo‘ladi, kampir itni qaytarmoq ilinjida hay-haylab qarg‘anadi, tovuqlar ortida sochilib yurgan jo‘jalar panoh izlab onasiga talpinishadi.
Oxiri it egasiga bo‘ysunib joyiga qaytdi. Sochilib ketgan jo‘jalar yoppasiga onasining qanotlari tagiga kira boshlashdi. Nima qilishini bilmay turgan Kenjatoy ham ularga ergashdi. Xuddi shu paytda kampir uni ko‘rib qoldi va hovlidagi to‘s-to‘polon sababini angladi. O‘zicha uni tutib olmoqchi bo‘ldi. Mushtdaygina kaklik jo‘jasini tutib olishi qiyin emasday tuyuldi. U o‘ng qo‘lining kaftini pastga qaratib oldinga cho‘zganicha, bir-bir bosib tovuqqa yaqinlashdi. Tovuq hurpayib, bir martagina cho‘zib qurqulladi va jim bo‘ldi. Hech qachon yomonlik qilmagan, don-suvini vaqtida berib yurgan egasidan ko‘pam cho‘chimadi.
Kampir tovuqning yonginasida to‘xtadi. Qo‘lini asta tushirib tovuqni bosdi va yoniga cho‘qqayib chap qo‘lini tagiga yubordi. Tovuq shundagina bezovtalanib, qattiq qoqog‘laganicha egasining qo‘lidan chiqishga urindi. Ammo eplolmadi: kampir anchagina chayir edi. U jo‘jalarni bir-bir ushlab tashqariga chiqarib tashlar, biroq qidirganini topolmasdi. Kenjatoy allaqachon ko‘ylagining kenggina yengidan kirib, yelkasiga ko‘tarilib ketganini bilmasdi. Bo‘ynini siqib turgan ko‘ylak yoqasiga kelganidagina u ilojsiz turib qoldi.
Qo‘rquv tuyg‘usi Kenjatoyni harakatga soldi. O‘tkirgina tirnoqlarini ko‘ylak matosiga botirib yelkagacha yuqorilagandi. O‘tishi mumkin bo‘lmagan tor joyga kelgach o‘nglanib, tirnoqlarini kampirning tanasiga botirdi. Bundan kampirning jon-poni chiqib ketayozdi: kaklik jo‘jasi ko‘ylagimning ichidadir, degan fikr xayoligayam kelmadi. Yelkasiga bir nech­ta chayon chiqib olib, nishlarini baravar sanchganday tuyuldi. Qo‘rqqanidan kuch bilan tortqilab, ko‘ylagining yoqa tugmalarini chirt-chirt uzib yubordi. Kutilmaganda kengayib ketgan yoqadan Kenjatoy “lip” etib chiqdi-da, zumdayoq hakkarining tepasidagi chuqurchaga qulaygina o‘rnashib oldi.
Kampir faqat tugmalari uzilib, kengaygan yoqasidan jo‘ja chiqib ketganini payqagandan keyingina yelkasiga chayonlar nishi emas, kaklik jo‘jasining tirnoqlari botganini angladi. Yengil tortib, jimitdaygina jo‘janing epchilligidan hayratlandi. Yovvoyi jo‘ja eplagan bu chapdastlikni xonakisi hech qachon qilolmasdi. Shunga qaramay bidirlab qarg‘andi:
– Voy sog‘ona, sal bo‘lmasa jonim chig‘ip ketayin dedi-ya! – u ko‘ylagi yoqalarini silkilab atrofiga qarandi.
Ona tovuq kurkullaganicha nariroqqa ergashtirib ketayotgan jo‘jalar orasida ham izlagani ko‘rinmagach, yana qarg‘andi:
– Bu sog‘ona mushdayg‘ana bo‘lib qay go‘rga quridi?
Ro‘molining ustiga qo‘l yuborib qarash uning xayoliga kelmadi. Buning o‘rniga engashib, darvoza tarafga ko‘z yugurtirdi. Xuddi shu paytda ro‘mol ustidagi chuqurchada payt poylab turgan Kenjatoy pirillab uchib, uch-to‘rt qadam nariga tushdi va zing‘illaganicha darvozadan chiqib ketdi. Uni payqab hurganicha ortidan quvlagan Olapar izini ham topolmay, qaytib keldi va bamaylixotir joyiga cho‘zildi…
Kenjatoy to‘dasining qayerlarda yurishini yaxshi bilardi. Shu tufayli qalin o‘t-o‘lanlarni panalab, yirik butalardan aylanib o‘tib, ularni qiynalmay topib keldi. Onasi tikilib bir qaradi-yu, sog‘-omon qaytganidan ko‘ngli tinchidi. Hech gap bo‘lmaganday bolalarini yana yuqoriroqqa boshladi…
Jo‘jalar bemalol uchib-qo‘naveradigan, xavf-xatarni mustaqil bartaraf qiloladigan, o‘z kunlarini o‘zlari ko‘roladigan bo‘lib qolishdi. Shu tufayli Ona kaklik yozning issiq kunlaridan birida bolalarini ajratdi: ularni o‘z holiga tashlab, nari bilan allaqayoqqa uchib ketdi. Bu jo‘jalarga unchalik bilinmadi. Oziqlanish uchun ba’zan bo‘linib ketishgani bo‘lmasa, avvalgidek to‘dalashib yuraverishdi. Ba’zilari hatto juft qidirib qolishdi. Jo‘jalar yordamsiz yashashga to‘liq ko‘nikkanlarida ota-onalari yana to‘daga qaytishdi. To‘da – kaklik hayotining uzviy bir qismi. Bu eng avvalo, ularning xavfsizligi uchun kerak. Yaqinlashayotgan xavfni to‘pdagilarning biri bo‘lmasa, biri sezadi, ovoz berib boshqalarni ogohlantiradi…
O‘sha yili qish xiyla qattiq keldi. Tog‘larni qalin qor qopladi. Momiq qor ozuqa beradigan xashaklarni ko‘mib yuborgani kamlik qilganday, kak­liklarning yurishini ham qiyinlashtirib qo‘ydi. Zovlarning chetidan amallab uchganlari ham tushgan joylarida yumshoq qorga botib qolishadi. Bu ularni atrofda izg‘iyotgan, tepalarida uchib yurgan yirtqichlarning tayyor o‘ljasiga aylantiradi. Shu tufayli ikki-uch kun yon-atroflaridagi butalarning qotgan kurtaklari bilan jon saqlashga majbur bo‘lishdi. Xayriyatki, bu uzoq davom etmadi. Tungi ayozlarda qor to‘ng‘ib, yuzasida bemalol yurish mumkin bo‘lib qoldi. Tunda qotgan qor kunduz ham yumshamadi. Bu pastdagi suvloqlarga qiynalmay tushib-chiqish imkoniyatini yaratdi. Iliq suv oqayotgan jilg‘alarning qirg‘oqlari muzlamaydi. Hanuz ko‘karib turgan maysalarni cho‘qilab ham jig‘ildonlarini to‘ldirsa bo‘ladi. Ora-sira turli o‘simliklarning urug‘lari, don-dun ham uchrab turadi.
Ona kaklik ba’zan suvloqlarga qopqon qo‘yishlarini ko‘rgan. Nachora, ochlik uni ham har qanday xavfni unutishga majbur qilmoqda. Shu sababli to‘dasini yonbag‘irning etaklari tomon dadil boshladi. Yo‘lda ularga yana bir kichikroq to‘da qo‘shildi. Ortlaridan qanday to‘da ergashsa ham oldingi to‘da g‘ayirlik qilmaydi. Jilg‘a qirg‘oqlari uzun, unda har qancha kaklik yoyilib, bemalol ozuqa qidirishi mumkin. Biror yirtqichga duch kelishmasa bo‘lgani.
To‘dalar jilg‘a boshidagi sersuv buloq tomondan tushib borishdi. Buloqqa yetmaslaridanoq Ona kaklik kirkillab to‘xtab qoldi. U bu yerda qandaydir xavf yashirinib yotganini sezdi. To‘dasidagilar ham uning ogohlantirishiga bo‘ysunib, joylarida to‘xtab qoldilar. Ona kaklik joyidan siljimay buloqning boshidagi o‘zgarishlarga e’tibor qildi. Jilg‘a manbaidan atigi ikki qadam narida kenggina, usti tekis tuyatoshning o‘rtasiga, aylanasiga to‘r tortilgan qandaydir qurilma o‘rnatilgan. Bir cheti ikki qarich keladigan uchi ayri tayoqcha bilan ko‘tarib qo‘yilgan. Ayri tayoqchaning pastiga ingichka, lekin pishiq ip bog‘lanib, ikkinchi uchi nariroqda toshlarni nari-beri qalab qurilgan tor va pastak uycha tomonga tortib ketilgan.
O‘tgan qishdayam shunday qurilmaga duch kelgandi u. O‘shanda falokatdan zo‘rg‘a qutulib qolgan. To‘pidagilarning yarmidan ko‘pi jelaning tagida qolib, sayyodning pichog‘idan o‘tkazildi. Shu ayanchli hodisa – ko‘rganlari miyasining qaysidir puchmog‘ida saqlanib qolgani uchun bu safar ehtiyotkorlik qilgandi. Yo‘ldosh to‘pdagilar ogohlantirishga parvo qilmay, jelaning tagiga sepilgan donga yopirilib hujum boshlashdi. Shu payt ip birdan tortildi. Harislik bilan don cho‘qiyotgan kakliklarning deyarli hammasi to‘rning tagida patira-putur qilib qolishdi. Bu donlayotgan to‘pga qo‘shilishga intiqib turgan Ona kaklik to‘dasidagilarni qo‘rqitib yubordi. Hammasi tumtaraqay qochib, o‘zini duch kelgan butalarning tagiga urdi. Kim biladi, Ona kaklikning ziyrakligi va yo‘ldosh to‘dadagilarning ochko‘zligi bo‘lmaganida, ularning o‘rnida o‘zlari potirlab yotisharmidi… Hoynahoy, tayyor luqmani ko‘rgach, och kakliklarning birontasi ham xavf tuyg‘usiga uzoq bardosh berolmasdi.
Ovchi bekingan joyidan shoshilmay chiqdi. Ilgariroq yashiringani butalar orasidan mo‘ralayotgan, bekinolmaganlari qulayroq joy izlab hanuz o‘zini har tarafga urayotgan kakliklarga beparvo nazar tashladi. Yengilgina kerishib, qinidan pichog‘ini chiqardi. Tig‘i o‘tkirligini bilsa ham tarki odat qilolmay, chap kaftiga bir-ikki ishqab qayragan bo‘ldi. Keyin jela yoniga cho‘qqayib, to‘r tagida potirlayotgan kakliklarni ehtiyotkorlik bilan birma-bir chiqarib, chetroqda bo‘g‘izlay boshladi. Ishini tugatgach sanab ko‘rgandi, o‘nta chiqdi. Katta galadan atigi shunchasi tuzog‘iga ilinganidan unchalik ko‘ngli to‘lmadi. Ipni tortishda ozroq shoshildi chog‘i. Aslida shoshilmasa ham bo‘lmasdi: ko‘pni ko‘zlab ozidan ham quruq qolishi hech gap emasdi. Och qolgan kakliklar tuzoqqa sepilgan donlarni tezdayoq tugatib, qochib qolishlari mumkin edi. Hay, mayli, qochganlari yana keladi. Ochlik ularni shunga majbur qiladi.
Ovchi kakliklarning ikki to‘pi birikib kelgani, ulardan bittasi – kichik to‘pidagilardan ko‘pchiligini tuzog‘iga tushirganini bilmasdi. Katta to‘dani katta tajribaga ega onaboshi boshqarayotganidan ham bexabar edi. Shu sababli kakliklarning hademay qaytishlariga umid bog‘lab, jelaning tagiga donni qaytadan mo‘l-ko‘l sochib, kech peshingacha sabr bilan kutdi. Ammo qo‘rqib qolgan kakliklar jilg‘aga yaqinlashmadi. Tosh “qal’a”sida harakatsiz yotganidan kechki sovuq a’zoi badanini junjita boshlagachgina u ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirdi. Shu atrofda poylab yurgan kakliklar shundan keyingina ovchi qoldirib ketgan donni paqqos terib yeyishdi. Kamiga qirg‘oqlarda ko‘karib turgan maysalardan cho‘qilashdi…
To‘dadagi yaxshi-yomon kunlar ham o‘tmishga aylandi. Ko‘klamning o‘rtalarida Ona kaklik hayotida go‘yo yangi davr boshlandi. O‘tgan mavsumdagi bolalarini tamom unutdi. Qanchasi bor-u qanchasi yirtqichlarga yem bo‘layotgani bilan ishi bo‘lmay qoldi. Polaponligida har biri uchun jonini jabborga berardi. Tahlikali damlarda o‘zini qalqon qilib jo‘jalarini asradi. Qorong‘i-qattiq qishda ham yo‘lboshchilik qilib, ularni ne-ne balolardan qutqarib qoldi. Kunlar sal yurishib, har qaysisi o‘z oldiga tirikchilik qilib ketishgach begonaga aylanishdi-qolishdi.
Navbatdagi tuxum qo‘yishidan ancha ilgari aloqalari butunlay uzildi. Uning endigi tashvishlari bo‘lakcha – butun diqqati naslining yangi avlodini dunyoga keltirish bilan band. Bunday paytlarda makiyon kakliklar atrofida begonaning pashshaxo‘rda bo‘lishini yoqtirishmaydi…
Kenjatoy ba’zan o‘zi sezmagan holda onasini eslab qolardi. Shunda uning issiq bag‘rida yotish lazzatini qayta tuyganday bo‘lardi. Shu sababdanmi, ba’zan boshi og‘ib eski uyasiga kelib qoladi. Bo‘sh uya tepasida birpasgina mung‘ayib o‘tirgach, yana qaytib ketadi.
Bir kuni onasi uyada yotganining ustidan chiqdi. Quvonchdan kikirlab yaqinlashgandi, u tahdidli ovoz chiqardi – go‘yo yonidan daf bo‘lishini talab qildi. Aftidan, u tuxumlarini qizg‘anardi. O‘ziga begona bo‘lib ketgan qandaydir yosh kaklikning uyasiga yaqinlashishiga tish-tirnog‘i bilan qarshiligi yaqqol sezildi. Kenjatoy hayron bo‘lib turganida qayoqdandir Nar kaklik paydo bo‘ldi. He yo‘q-be yo‘q tepkilab cho‘qiy boshladi. Noiloj, bu yerdan qochishga majbur bo‘ldi.
Kenjatoy juft qidirishga negadir shoshilmadi. Goh to‘dada, ko‘pincha yakka-yolg‘iz uloqib, ko‘p o‘tmay yana uyasiga kelib qoldi. Bu safar Ona kaklik ham, Nari ham yo‘q edi. Ehtiyotkorlikni yo‘qotmay uyaga yaqinlashib, tagida anchagina tuxum borligini ko‘rdi. Qiziqsinib tuxumlarni ko‘zdan kechirdi. Biriga bosh urgandi, tumshug‘i ichiga kirib ketdi. Tili qandaydir shilimshiq suyuqlik ta’mini sezdi. Mazasi yomon emasday. Boshini ko‘tarib atrofni tezgina nazardan o‘tkazdi-da, tuxumning teshilgan joyi­ga yana tumshug‘ini tiqdi. Bu safar suyuqlikdan ozgina so‘rib yutgandi, juda mazali tuyuldi. Shuning uchun uni oxirigacha simirdi. Po‘chog‘ini chetga uloqtirib ikkinchi, uchinchi tuxumlarni ham shu tarzda bo‘shatdi. Nafsi ancha orom olib, tezda bu atrofni tark etdi. Qilmishi yomonligini bilganidan emas, shunchaki ehtiyotkorlik yuzasidan qochdi.
Shu paytgacha terib yegan qurt-qumursqalar, hasharotlarning birortasidan bunchalik lazzatlanmagandi u. Tuxumning mazasi butunlay boshqacha tuyuldi. Shu unga mazaxo‘rak bo‘lib qoldi. Uya egasiz qoladigan paytni poylab, har kuni ikki-uchta tuxumni so‘rib ketadigan bo‘ldi. Bo‘shagan po‘chog‘ini chetroqqa eltib yashirardi. Sho‘rlik Ona kaklik tuxumlari kamayib ketayotganini avvaliga sezmadi. Savqitabiiy ularning bosadigan hisobga yetmaganini his qilardi, xolos. Shu tufayli qolgan tuxumlarni biror soat bosib, ustiga yangisini tug‘ib ketaverdi. Ammo tuxumlari ko‘payish o‘rniga tobora kamayib bordi. Shundagina u nimanidir ilg‘aganday bo‘ldi. Kenjatoy ehtiyotkorlik yuzasidanmi, tez-tez o‘g‘rincha boshqa uyalarga ham tushardi. Mazali va to‘yimli ovqatlar tezdayoq natijasini ko‘rsatdi: kundan-kunga ochilib, kuchga to‘lib borardi. Patlarining rangi atrofdagi qovjirayotgan o‘tlar va toshlardan unchalik farq qilmasa-da, yaltirabroq ko‘rinadi. Oyoq va tumshuqlarining rangi odatdagi ochroq qizildan to‘q qizilga aylanganday. Ikki yonidagi ko‘zlariga tutash boshlangan va qorni orqali dumigacha cho‘zilgan qora chiziqlar quyuqlashib, yaltirab, chiroyli ko‘rinish oldi. U o‘zi bilan birga dunyoga kelgan to‘pdagi eng chiroyli va kuchli kaklikka aylangandi. Biroq…
Jinsdoshlari bilan to‘qnashsa, Kenjatoy har qanday kuchli kaklikni ham tepib ag‘darar, cho‘qisa badanini teshib yuborar, ikki-uch patini birvarakay yulib olardi. Shunga qaramay, ishlarini o‘g‘rincha bajarardi. Olomonga tushib qolishdan hayiqardi, shekilli. Nimayam bo‘lib o‘zi o‘sib-ungan uyadagi oxirgi tuxumni teshib ichayotganida ustiga onasi uchib keldi. U tuxumlariga kim qiron solganini bilgach, g‘azabdan badanidagi eng mayda parlargacha tik turdi. O‘lariga qaramay hamma qo‘rqadigan Kenjatoyning tepasidan burgutday bosib tushdi. Kenjatoy daf’atan bo‘ynining boshiga yaqin joyidan qattiq changallab yerga bosgan narsaning nima ekanligini bilolmay qo‘rqib qoldi. Oxirgi ichgan tuxumining bir qismi burnidan keldi.
Ona kaklik bamisoli quturib ketdi. Nima qilayotganini bilib-bilmay Kenjatoyning yerga bosilib turgan boshiga qaradi. Burnidan oqib chiqqan tuxum hidini tuygach, battar jazavasi qo‘zidi. Qo‘rquvdan yiltirab turgan chap ko‘ziga ko‘zi tushgach, qahr bilan bir cho‘qishda uni sug‘urib oldi.
Kenjatoyning ko‘z oldida yashin chaqnaganday bo‘ldi-yu, shu lahzadayoq bir tomoni zimistonga aylandi-qoldi. Ketidan qo‘zg‘algan kuchli og‘riqqa chidolmay, bor kuchini yig‘ib, onasini ustidan ag‘darib yubordi va oyoqqa turdi. Ona kaklik uning o‘zini o‘nglab olishiga fursat qoldirmay, qo‘sh oyoqlab tepib yubordi. Bunday zarbni kutmaganidan, Kenjatoy muvozanatini saqlab qololmay, nishablikdan yumalab ketdi.
U tepkidan gandiraklab, qiyalikdan yumalab tushgan esa-da, bundan og‘riq sezmadi. Hujum qo‘qqisdan bo‘lmaganida onasini osongina mahv etardi. Ammo Ona kaklik burgutga aylanib ketganday edi. Balki chek-chegarasiz alam tuyg‘usi, g‘azab va nafrat unga yengib bo‘lmas kuchni ato etgandir? Nima bo‘lganda ham Kenjatoy bu safar ta’zirini yedi. Chap ko‘zidan qon sizg‘ib, og‘rig‘i tobora kuchayib bordi. Chap ko‘zi bilan hech narsani ko‘rolmay qoldi. Buning sababini hali idrok etolmasa-da, bu yerdan qochib qolishni ma’qul ko‘rdi.
Ona kaklik hamon quturardi: alamiga chidolmay shu paytgacha qadrli makon bo‘lib kelgan, endi huvullab turgan uyasini vayron qilishga tushdi. Atrofiga terilgan mayda toshlarni panjalari bilan har tarafga uloqtirdi. Yaxshi kunlarida o‘zi va jo‘jalariga yumshoq, issiq to‘shak bo‘lib kelgan xas-xashaklarni tit-pit qilib yuborgach, bu go‘shani bir umrga tark etdi…
O‘yilgan ko‘zi anchagacha Kenjatoyga azob berib yurdi-yu, asta-sekin yarasi bitib ketdi. Bir ko‘zlab bo‘lsa ham qiynalmay, odatdagi tirikchiligini qilaverdi: butalarning barra kurtaklarini uzib maydalab yeydi, turli urug‘lar va qurt-qumursqalar bilan oziqlanadi. Lozim bo‘lganida suvloqqa yolg‘iz tushib chiqadi. Bu orada o‘ziga juft ham topib oldi. Birgalashib qulay va xavfsiz joydan uya qurishdi. Jufti tuxum qo‘ya boshlagach, har uch-to‘rt kunda yashirincha kelib, ikki-uchtasini so‘rib ketaverdi. Jufti uyadan bezib ketmasligi uchun bir-ikkitasini qoldirardi.
Jufti buni sezganmi-yo‘qmi, bir kuni uyasini ham, uni ham tashlab, to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Kenjatoy beminnatdek tuyulgan “oshxonasi”dan mahrum bo‘lsa-da, bundan ko‘pam aziyat chekmadi. Atrofda tuxumli uyalar ko‘p, odatdagidek boshqa uyalarni poylay boshladi. Qaysidir makiyon tuxum qo‘yib ketishi bilan u yetib boradi. Istaganicha tuxumni so‘rib, po‘chog‘ini chetga uloqtiradi-yu, qochadi.
Vaqt o‘tgani sari Kenjatoyning tirikchiligi qiyinlashib bordi. Uni o‘z to‘pidagilar o‘rtaga olib, tepkilab-cho‘qib to‘dadan hayday boshladilar. Negadir boshqa to‘dadagilar ham shunday qildilar. Odatda kaklik­lar qandaydir sababga ko‘ra yolg‘iz qolgan jinsdoshlarining o‘z to‘dasiga qo‘shilishlariga monelik qilmaydilar. Endi buning tamoman aksi yuz bermoqda edi. Ammo u o‘g‘rincha tuxumxo‘rlik qilishni to‘xtatmadi. Nima qilib bo‘lsa-da, biror qarovsiz qoldirilgan uyani topib, undagi tuxumlardan keragicha yeb ketaverdi…
Yolg‘izlikka biror jonzotning uzoq chidashi qiyin. Oradan qanchayam fursat o‘tgach, Kenjatoyning ham bardoshi tugadi. U hech bo‘lmasa o‘ziga juft topish payiga tushdi. Baquvvat va chiroyli jussasiga qarab, unga mayl bildirgan makiyonlar ham bo‘ldi. Ammo yaqiniga kelishi bilan taralayotgan g‘alati va qo‘rqinchli hidni ilg‘ab, qochib qolishardi. Undan kelayotgan hid o‘z tuxumlarining hidi ekanligini sezishardi, shekilli.
Bahordan buyon ichgan-so‘rgan tuxumlarining hidi terisidan o‘tib, patlarigacha urib ketgandi. To‘dadagilar shu tufayli uni o‘zlariga qo‘shmas, shu tufayli makiyonlar qo‘rqib qochishardi. Biroq bu hid o‘zlaridan qolishi kerak bo‘lgan zurriyotlarning hidi ekanligini hozircha kakliklarning hech biri aniq bilmasdi. O‘zidan hazm bo‘lib ketgan tuxumlarning hidi anqiyotganini Kenjatoy ham bilmasdi. Vaqt o‘tgani sari uning qarovsiz qoldirilgan uya topishi qiyin bo‘lib qoldi. Endi kakliklar uyalarini nav­batma-navbat qo‘riqlaydigan bo‘lib qolishdi. Nihoyat ular yirtqichlardan ham xatarliroq dushman paydo bo‘lganini, payqashdi. O‘z nasliga qiron solayotgan dushman jinsdoshlaridan ekanligini ham sezishdi. Boshqa yirtqichlar hech qachon bunchalik katta zarar berisholmagan.
Kenjatoyning o‘g‘irlik qilishiga hech qanday imkoniyat qolmadi. Shu tufayli vaqtincha tiyilib turmoqchi bo‘ldi. Ammo tezdayoq tuxumning xumori tutib, o‘zini qo‘ygali joy topolmay qoldi. Shundan keyin uyalarga ochiqchasiga bostirib boraverishni odat qildi. Egalarini tepib-cho‘qib quvlab yuborar, tuxumlardan keragicha so‘rib-simirib ketardi. Endi po‘choqlarini avvalgiday yashirib ham o‘tirmasdi.
Makiyonlar, ayniqsa yoshroqlari, tuxum qo‘yish uchun uyalariga borishdan bezillab qolishdi. Kenjatoyning qachon va qayoqdan kelib bosqin yasashini hech biri bilmasdi. Shu tufayli ko‘plari tog‘ yirtqichlariga yemish qilib, tuxumlarini duch kelgan joyga tug‘ib ketishardi. Bu kakliklar uchun haqiqiy ofat – nasl yo‘qolib borishining boshlanishi edi. Bunga jonzotlarning hech biri chidolmasdi. Kutilganidek, kakliklarda ham o‘zligini va o‘z naslini saqlab qolish tuyg‘usi uyg‘ondi. Makiyonlari tugul, narlari ham shu tuyg‘udan junbishga kelishdi va bosqinchi-o‘g‘rining yo‘lini poylay boshlashdi. Oralarida Kenjatoyning alamzada ota-onalari ham bor edi. Kakliklar orasida boshqacharoq harakatlar yuzaga kelayotganini Kenjatoy sezdi. O‘rtalariga tushish yaxshilik keltirmasligini ham his qildi. Iloji boricha ehtiyot bo‘lish va to‘dalardan uzoqroq yurishga intildi. Tog‘-toshlar orasida mudom bekinib, pusib yashash oson emas.
Uni yolg‘izlikdan ham dahshatliroq qiynayotgan narsa tuxumning xumori edi. Yegan tuxumlarining mazasini tuyganida beixtiyor og‘zi suv ochib ketadi. Shunda to‘daga tushib qolish xavfini ham bir lahzaga unutadi. Uchiga chiqqan kashandaday atrofiga olazarak qaranadi. Qayoqqaligini aniqlamay turib, boshi oqqan tarafga yo‘rg‘alab qoladi.
Shunday xurujlardan birida u tasodifan onasi yotgan yangi uyaga ro‘para kelib qoldi. Bir ko‘zining yo‘qligi pand berdimi yo yaqinginasida yangi, iliq va mazali tuxum borligini his qilibmi, hushyorligini yo‘qotdi. O‘ljaga mushtoqligi jazavaga tushirganidan, chap tarafidagi butalar orasida bir to‘p kaklik soyalab yotganini mutlaqo payqamadi.
Harislik bilan onasiga tashlanib, haydab yuborish uchun cho‘qishga tushdi. Ona kaklik tajribali edi. Bunday hujumlarni vaqtinchaga bo‘lsa-da, daf qilishni bilardi. Oyoqqa turdi-yu, biroq o‘zini vazmin tutib payt poyladi. Cho‘qishlarga dosh berib, himoyalanayotganday boshini olib qochdi.
O‘nqovi kelgani zahoti o‘ng panjasi bilan Kenjatoyning bo‘ynidan omburday qisib yerga bosdi. Bu orada to‘pdagilar yordamga yetib kelishdi. Uni har tarafdan o‘rab, tepkilab-cho‘qib patlarini yula boshlashdi. Nar kak­lik – otasi hayal o‘tkizmay juftining panjasi yonida munchoqday yiltirab ko‘rinayotgan ikkinchi ko‘zini o‘yib oldi. Olam o‘sha lahzadayoq Kenjatoy uchun zulmat qa’riga sho‘ng‘idi. Daf’atan u nima bo‘lganini bilolmay qoldi. Ko‘zidagi chidab bo‘lmas og‘riq miyasiga burov solgach, bor kuchini jamlab, onasining panjasidan qutulishga harakat qildi: o‘tkir tirnoqlarini ishga solib, onasining jig‘ildoni bilan ko‘ksining terisini yirtib yubordi. Bir tirnog‘i to‘shining yuqorisidan ichiga ham kirib ketdi. Shundan keyingina onaning changali bo‘shashib, Kenjatoyning bo‘ynini qo‘yib yubordi.
Birdan zimistonga aylangan bu qorong‘i dunyoda nima qilib bo‘lsa-da, jon saqlab qolish tuyg‘usi Kenjatoyni orqaga – zov tomonga qochishga undadi. Zov kelgan tarafidaligini eslab qolganidan, chamalab o‘sha tomonga yugurdi. Har tomonidan tushayotgan tepkilardan ko‘ra badaniga juvoldizday botayotgan, o‘yib olayotgan, paru patlarini ayovsiz yulayotgan cho‘qishlarning og‘rig‘iga chidashi qiyin bo‘layotgandi. Ammo bariga chidab, yo‘lida tasodifan ro‘para kelgan jinsdoshlarini gavdasi bilan urib, ag‘darib, chamasidagi joyga yetganini sezdi. Bor kuchini oyoqlariga berib sakradi va zovdan qiyalab, shiddat bilan kalla tashladi.
Kakliklarning bir nuqsoni – turgan joylaridan na tik va na qiyalab havoga ko‘tarila olmasligida. Avvaliga, albatta, pastga sakrashi, qanotlarini silkitib muvofiqroq havo oqimiga tushib olishi, shundan keyingina mo‘ljalidagi joyga ko‘tarilib uchishi mumkin.
Shiddat bilan pastga sho‘ng‘iyotib, ko‘tarilib olishiga qulay havo oqimiga duch kelganini Kenjatoy sezdi va balandga ko‘tarildi. Ammo qanotlaridagi siyraklashgan patlar havoni yaxshi tutolmaganidan keragicha ko‘tarila olmadi. Toliqib holdan keta boshlagach, ozroq pastga sho‘ng‘idi. Ko‘zlari hech narsani ko‘ra olmayotgani unga endi ta’sir qildi. Chinakamiga qo‘rqib ketdi. Bor kuchini yig‘ib yana ko‘tarildi.
Atrof toshday qorong‘i. A’zoi badani sirqirab og‘riydi. O‘ng ko‘zi va terisining jarohatlangan joylaridan qon sizg‘iydi. Zo‘riqish natijasida terladi ham. Ammo atrofini qurshagan zulmat aro qayoqqa uchishini, nima qilishini bilolmay qoldi. Noaniq parvozlar natijasida yo‘nalishdan ham adashdi…
Kenjatoyni o‘ragan bu galgi zulmat yorug‘ dunyoga kelishi arafasidagiga aslo o‘xshamasdi. Unisi rohatbaxsh va farog‘atli edi. Undagi osudalik va sokinlik tanasiga quvvat indirardi. Vujudini o‘rab turgan parda va sirtidagi qattiq qobiq go‘yo o‘ziga xos beshik edi. Onasi tuxumlarni aralashtirayotgan paytlarida bamisoli tebratayotganday rohat olib, daqiqa sayin o‘sib-unardi. Bu safargisi undan keskin farq qiladi: a’zoi badanini iskanjaga olayotgan azob va og‘riq daqiqa sayin kuchayib, uni holdan ketkizmoqda edi. Soniya sayin o‘limga yaqinlashtirayotgan bu zulmat aslida onasining tuxumini birinchi marta o‘g‘irlab yegan paytidan boshlanganini u bilmasdi…
Shu atrofda daydib yurgan och tulki Kenjatoyning telba-teskari uchayotganini ko‘rib qoldi. Bu uchishda kaklik uzoqqa borolmasligini payqadi va u qulashi mumkin bo‘lgan joyni chamalab yugurdi. Oqibat kutganiday bo‘lib chiqdi. Darmoni qurigan Kenjatoy qanotlarini to‘liq yig‘ishga ham yaramay pastga sho‘ng‘idi. Unchalik baland bo‘lmagan bodom daraxtining shoxlariga urilib, qiyalikdan soy tarafga yumalab ketdi. Sabr bilan shuni kutib turgan tulki yugurib borib, qanotlarini zo‘rg‘a qimirlatayotgan Kenjatoyning bo‘ynidan g‘archcha tishladi va ko‘tarib, begona ko‘zlardan panaroq joy qidirib ketdi.
Bu paytda o‘zining bolasidan o‘nglanmas jarohat olgan Ona kaklik jon bermoqda edi. Uning yirtilgan jig‘ildonidan yegan-ichganlari ag‘darilib tushgan, ko‘ksidan sizg‘ib qon oqmoqda edi. Tepasida Nar kaklik mo‘ltirab o‘tirardi. Boshqalari zov chetida tizilishib, Kenjatoyning pala-partish harakatlarini kuzatishmoqda edi: pastga qulagani, bodom shoxlariga urilib yumalab ketgani va och tulkining g‘archcha tishlab olib ketganini ko‘rishdi. Bir marta, atigi bir martagina iltijoga o‘xshash “ki-ir-rk” degan ayanchli tovush chiqarganini ham eshitishdi. Lekin birortasida na bezovtalik va na qo‘rquv hissi paydo bo‘ldi. Qaytaga natija shunday tugaganidan yengillik tuyganday bo‘lishdi. Bamaylixotir ortlariga qaytib, jon berayotgan Ona kaklikni o‘rab olishdi. Bugun Ona kaklik nasllarining kushandasini o‘limga mahkum etib, buyuk ishni amalga oshirgandi…
Ona kaklik jon taslim qildi. Uni o‘rab turgan to‘da g‘amga botganday mo‘ltirab, bir oz vaqt sas-sadosiz turib qoldi. Keyin asta-sekin har tarafga tarqala boshlashdi. Oxirida juftining jasadini taqdir hukmiga topshirib, Nar kaklik ham ketdi. Hayotning azaliy va abadiy qonunlari og‘ishmay o‘z ishini bajarmoqda edi. Uning bugungi ayovsiz hukmlaridan biri shu bo‘ldi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 3-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!