Sarvar To‘rayev. Kech bo‘lganda (hikoya)

O‘shanda ham nofarmon tonglar xuddi shunday otardi, milliardlab yillardan buyon ziyo sochib turgan va dunyo zulmatlarini, qoraliklarini yashirinishga majbur qilib kelayotgan bobo quyosh o‘shanda ham sharqdan chiqib kelardi. O‘shanda ham ming yilliklar osha doimo g‘aflat domiga tushib yuradigan odamzodga tong otganligini o‘z qichqirig‘i bilan bildiradigan xo‘rozlar ovozi baland tog‘lar pinjidagi ovulni tutardi. Bugun bu manzildagi bir-biriga ulanib ketgan uylarga ergashsangiz, katta-katta shaharlar tomonga kelib kolganingizni bilmay qolasiz. Shu kunlarda kelinning hovliga shirt-shirt suv sepgani eshitilar, hovlini tuproq hidi tutardi. Bahor va yoz kunlari quyoshni qishloq tepasidagi tog‘larda cho‘ponlar yoqqan gulxan va ko‘plar havas qiladigan xonadondagi halim kelinning suv sepishi uyg‘otardi go‘yo.
Ana shunda qishloq jonlana boshlar, qayerdandir mashinalar ovozi g‘urillagancha yo‘lovchilarini do‘ppidekkina qishloqdan olib, sertashvish shahar tomon yelib ketardi. Cho‘ponlar va podaga o‘z qo‘yini qo‘shishga shoshgan, ust-boshi chang ko‘chalarda o‘ynaverganidan aftodahol, ishtoni o‘rnida turmay, poychasi sud­ralgan bolakaylar og‘ilxonalardan o‘z chorvalarini haydab chiqishardi.
Kelin va kuyov to‘ydan so‘ng oradan bir yillar o‘tib, bu qishloq ahli yashashni havas qiladigan shaharga yo‘l olishib, serg‘alva, sertashvish shahri azimning yuz minglab katta-kichik bolalari ichida ko‘milib ketdilar. Ularni bu manzilga yetaklab kelgan maqsad ham boshqacha edi. Davralarning birida kuyov degichimiz gapdan gap chiqib:
– Falonchiboyga shaharda nima bor edi, pul topaman deb, mardikorlik qilib yuribdi. Hamma boylik, mana, qishloqda. Bir ketmon urgulik yer ag‘darsa, bir siqim bug‘doy oladi, – dedi.
– Xo‘roz hamma joyda bir xil qichqiradi, birodar. Ammo shaharning ham o‘z qonuni bor. Eplagan, ko‘ngan yashaydi. Sizu bizga yo‘l bo‘lsin? – dedi allakim.
Biroz shoshqaloqligi bor kuyov, “Istasam, bu shahar tugul, markazga borib ham rizqimni teraman, nima deyapsiz!” – dedi tutaqib.
Atrofga razm solarkan, unga e’tibor qilgan odamlarning yuz ifodasidan bu gapga ishonishmayotgandek tuyuldi. U lab tishladi-da:
– Agar shaharda yashay olmasam, erkak emasman, – deya shaxd turib, birov bildi, birov bilmadi, kimdir yelka qisib kuldi, u jo‘nadi. Jo‘naganda ham ko‘ch-ko‘ronni ortib, xayr-ma’zurni nasiyaga qoldirib jo‘nadi.
Aytishganidek, shaharda yashab ketish qiyin emas, ammo hammasini boshidan boshlash qiyin ekan. Atrofda ularni tanishlari uchun yetti yil vaqt ketdi. Endi u uyli-joyli bo‘lgan, o‘sha tonglarni uyg‘otgan ayol oliy ma’lumotli va yurish-turishi ibratli teatr xodimasiga, erkak esa o‘zining savdo do‘koniga ega mulkdor, shaharning olifta kishilaridan biriga aylangan edi.
– Xotinjon, – dedi kunlarning birida. – Men bir… chetga chiqib kelsammi deb turibman.
Ayol unamadi.
– To‘g‘ri, shu yerda ham, u yerda ham bir kosa ovqatga qorin to‘yadi, – dedi er murosanamo. – Ammo atrofga qara, hamma hashamatli uylar qurib yotibdi. Mashinani turli-tumanini minganlar qancha. Mening ulardan kam joyim yo‘q, shekilli. Keyin… o‘zimni do‘xtirlarga bir ko‘rsatmoqchiman… xohlasang, teatringda ishla, anavi betayin, suyuqoyoq rejissyorning ming‘irlishidan ko‘ngling bezgan bo‘lsa, ishlama.
Ayol mum tishladi. Ular befarzand bo‘lganliklari sabab, ayol boylikdan ko‘ra farzandli bo‘lishni juda istagani sababli unadi.
Er ketdi. Ketganda ham bedarak ketdi. Tog‘dan qarindosh-urug‘ ayolni erning daragi chiqquncha qishloqqa borib turishga ko‘ndirmoqchi bo‘lib kelib, quruq qaytib ketishdi.
Ayol dastlab ishga kelgan paytlari ko‘pgina odati, ayniqsa yengiltak ekanligi tufayli ham yoqmagan bosh rejissyorning xurmacha qiliqlariga endi anchagina o‘rganib qolgan edi. Shu tufayli ham avvallari, iste’dodiga qarab emas, o‘zi xohlaganiga rol berib, yoqtirmagan odamini, xususan yosh, sahnabop qiyofaga ega, iqtidorli bu aktrisani sahnaga chiqarmaslikka odatlangan sahna egasi endi undan taniqli san’atkor yaratishga jiddiy bel bog‘ladi va bunga erishdi ham.
Kunlardan birida erning daragi chiqdi. Telefon orqali bog‘langan er sog‘-calomat ekanligini, ko‘p qiyinchiliklar ko‘rgani, hozir ozod bo‘lsa-da, qaytish imkonini topolmayotganligini aytdi.
– Kimdan, qanday bo‘lmasin qarzga pul ol-da, meni bu do‘zaxdan qutqar! – dedi oxiri bolalardek yig‘lamsirab er. – Senga yana bir yaxshi yangiligim bor, men endi ota bo‘la olaman.
– Shukr, sog‘-salomat ekansiz. Qiyinchiliklar o‘tib ketadi. Imkonini toparman. Davolandingizmi?
– Yo‘q, hali davolanganim ham yo‘q… ha, ha davolandim.
– Yaxshi, men biror ilojini topaman.
Ayol telefonning o‘chirish tugmasini bosar ekan, holsizlandi-da, stulga cho‘kdi.
Og‘ir kunlarida doimo g‘amxo‘ri bo‘lgan rejissyor uni o‘z mashinasida uyiga olib borarkan, ayolning nimadir demoqchi bo‘lib, og‘iz juftlayotganligini sezib, uning negadir kun sayin to‘linlashib ketayotgan oydin yuziga tikildi.
– Sizga iltimosim bor! – dedi ayol nihoyat.
– Jonim sadqa!
– Menga pul bersangiz, oxirgi bor!
– Senga bor boyligim sadqa. Xohlasam, teatrning barcha xodimi, direktoridan tortib farroshigacha sening xizmatingni qildiraman-a.
– Erimning daragi chiqdi. U o‘zga yurtlarda musofirlikda, ortga qaytolmay yurganmish.
Rejissyor lom-mim demadi. To‘shaklari g‘ijimlangan xonada ham pashsha g‘o‘ng‘illasa eshitgulik sukunat cho‘kdi.
– Men-chi, – dedi birdan rejissyor pinagini buzmay.
– Munosabatlarimiz buzilmaydi. Pinhona uchrashaveramiz. Begona joylarda qolib ketmasin, bechora.
Rejissyor indamay chiqib ketdi.
Ertasiga kotiba qiz aktrisaga rejissyor uni chaqirayotganligini aytgach, ayol o‘zi uchun anchagina tanish bo‘lib qolgan xonaga yo‘l olarkan, yuragi nedandir tez-tez urardi.
– Shanba, yakshanba kunlari Sangardakdaryo tomonlarga sayrga chiqsak, – dedi rejissyor derazadan tashqariga qarab, sigaret tutatgancha.
– Faqat… u tomonlarga emas, meni tanib qolishadi.
– Hech kim tanishiga yo‘l qo‘ymayman. Do‘stlarim, hududning ustunlari davrasida o‘zimga mos bo‘lmagan biror ayol bilan o‘tirishim kerakmi… bu menga munosabatingizmi?
– Faqat…
– Nima “faqat”? Shunga qarab anavi iltimosingizga javob beraman.
Ayol churq etolmadi.

* * *

O‘shanda ham, qalbida g‘alayoni borlar yomg‘irning yog‘ishi, kamalakning turfa rang tovlanishi, quyosh va oyning zaminga yog‘du sochish vaqtidagi uyg‘unlikni, yaproqning o‘z daraxtidan uzilib tushishidan ilhomlanishar, uning mohiyatini qidirishar, dunyoning sarxil ifodasini kuzatishdan erinmasdilar. O‘shanda ham yordan xabar kelganda entikilar va qalblarga dilbarlik inardi.
O‘sha vaqtlarda xatlar kabutarlar vositasida egasiga yetkazilardi.
Hukmdorning xabarchi kabutarlaridan biri mamlakat shimolidan xabar olib kelganligini shahar ahli bilardi. Boisi shimolga jo‘natilgan qo‘shin sardori bilan saltanat markazini bog‘lab turuvchi oq kabutar shahar ustida biroz muddat uchib, so‘ngra saroyga yo‘nalgandi. Avvallari xabar kelganida, xoh u yaxshi, xoh u yomon bo‘lsin, shahar bozorida jarchilar tomonidan tezda o‘qib berilardi. Bu gal esa unday bo‘lmagan, bu kabi sukutdan xoslardan tashqari barcha saltanat ahli ko‘nglida allaqanday g‘ulu bor edi.
Kunlarning birida arki a’lodan shahar maydoniga chiqib kelgan jarchining qichqirig‘i olomonni jamladi.
– Saltanat boshiga musibat tushdi, – dedi jarchi. – Shimoldagi sarhadlarimizdan yog‘iylarni quvishga ketgan sarkarda Muzaffar g‘alaba quchib, ortiga qaytayotganida dushmanning daydi o‘qidan halok bo‘ldi…
Olomon guvrandi. Chunki saltanat ahli uchun bu sarkarda shohdan-da aziz edi. Shohga davlat jilovini olib bergan ham, uni tutishga ko‘maklashayotgan ham, uzoq-yaqinga el orini tanitgan ham shu qo‘mondon edi.
– Ulug‘ shoh marhum sarkardaning xonadoniga bosh-qosh bo‘lmoqchilar…
– Muzaffarxonning joniga shoh qasd qilganligi ayon.
Olomon ichidan noma’lum va qo‘rqmas bir kishi tomonidan aytilgan bu gapdan xaloyiq qattiq musibat va beixtiyor g‘ayritabiy bir kuch bilan oldinga intildi. Zum o‘tmay shahar ko‘chalarida aholi va shoh askarlari o‘rtasida jang boshlanib ketdi.
Bu paytda esa sarkarda Muzaffarxonning xotini va endigina tetapoya bo‘la boshlagan o‘g‘li sakkiz-to‘qqiz chog‘li xos navkarlar qurshovida saltanat sarhadlaridan qochib chiqib ketishayotgan edi.
Sarkarda yurt sarhadlarini goh janub tomonga, goh shimol tomonga kengaytirib borardi. So‘nggi paytlarda saroy ahli undan hayiqar, a’yonlar uning ortidan fitnalar tayyorlashar, shoh va sarkarda o‘rtasiga ko‘p bor nifoq solishga urinib ko‘rishar va aksar hollarda bunga erishar ham edilar.
Muzaffarxon o‘g‘illi bo‘lganida podshoh o‘z saroyida bazm tashkil etdi va o‘shanda o‘g‘liga ism qo‘yishni shohning izmiga topshirgan Muzaffarning xotiniga nigohi tushib, ko‘zi tinib qoldi. Kattagina haramga ega hukmdorning halovati yo‘qoldi.
– Sarkarda, Muzaffarxon sening nega bo‘ying ko‘kka yetganligi, jangu jadallarda doimo g‘alaba qilishing, doimo ismingdek muzaffar bo‘lishingning sababini endi bildim, – degandi o‘shanda shoh, sharobdan sipqorib o‘zini sarmastga solarkan. – Menga shunday ayol tushganida mening qo‘limda yetti iqlimning jilovi bo‘lardi.
Sarkarda esa zimdan ko‘ngliga olib jahllansa-da, o‘zini bosdi, shohning bu gapini mastlikka yo‘ydi.
Shundan so‘ng shoh oshiq bo‘lib devonaga aylandi. Sharobxo‘rlikka berilib, she’rlar yozdi. Xudosizga aylanib, moniymisol suratlar chiza boshladi. Saroyda tez-tez bazmlar tashkil etib, bahonada sarkardaning oilasini ham taklif qilar, ayol kelganida zug‘um ostidagi saroy bekalari ko‘magida juvonni yo‘ldan ozdirishga urinar, fitnakor a’yonlar, qo‘shinning sadoqatsiz boshliqlari oldida chinakam qobiliyatga ega masxarabozga aylanardi.
Shoh sarkardaning qo‘shin ko‘rigiga ketganligidan foydalanib, uning ayolini saroyga boshqa bahona bilan chaqirtirib, ko‘nglidagini yordi. O‘ziga erga chiqib, saroyning bosh malikasi bo‘lishga taklif etdi.
Juvonning surati chiroyli, dilbar bo‘lganidek, qalbi ham go‘zal, aqlli edi. Saroyni tark etarkan, ertasiga javob sifatida cho‘risidan ikki quloch keladigan arqon jo‘natdi.
Shoh juvon yuborgan arqon nima ma’no bildirishini har ne qilsa-da, chaqa olmagach, maslahatchilariga yuzlandi. Ularning to‘xtami shu bo‘ldi: juvon – bandi.
Kunlarning birida daf’atan saltanat sohibi qo‘shinni mamlakat shimolidagi isyonchi qabilalar ustiga jo‘natdi. Sarkarda dunyoi dundan bexabar edi. Ayolning ko‘ngli qandaydir xiralikni sezsa-da olib qololmadi.
Muzaffarxon saroydan uzoqlashgach, shoh juvonga yuzlandi.
– Mana, siz bandi emassiz endi, – dedi.
Shunda juvon shoh arqon hikmatini noto‘g‘ri talqin qilganini angladi-da, dedi:
– Arqonning ma’nosini har kim o‘z fikricha ifodalaydi. Men sizga o‘g‘ri, kazzob, xiyonatkor undan qo‘rqadi, aqlsiz it unga ergashadi, nokas, subutsiz esa unga o‘zini osgani yaxshi demoqchi edim.
Shoh g‘azablandi. Qalb ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan bu kimsa endi g‘irrom yo‘lni tanladi. Jangdan g‘alaba bilan qaytayotgan sarkarda Muzaffarxonni yollanma qotil tomonidan o‘ldirtirdi.
Oq kabutar shahar osmonida paydo bo‘lgan zahoti, sarkarda pinhona qoldirib ketgan yetti zobit uning uyi oldida paydo bo‘ldi va ayolni farzandi bilan birgalikda aylanma yo‘llar orqali zudlik bilan saltanat poytaxtidan olib chiqib ketdi. Saltanat oralab pinhona ikki kun yurishgach, mamlakat shimolidan o‘zga yurt sarhadlariga chiqib ketish yo‘lida yana bir askar ularga qo‘shildi. Birgalashib o‘z o‘limini va bor yashirin sirni bilgan sarkarda tayin etgan manzilga yo‘l olishdi. Bu manzilga purviqor tog‘lar orasidagi dara orqali o‘tib borilar, manzil – baland qoyalik ostidagi o‘n-o‘n besh chog‘li uyi bo‘lgan ovul edi.
Juvonga sarkarda o‘lmagan, qachonlardir bu joylarni o‘zi topib keladi, deb aytishdi. Do‘ppidekkina qishloqning yonginasidagi baland qoyalik bag‘ridan toshni qoq ikkiga bo‘lib sharshara otilib tushardi.
Juvon shu manzaraning maftuni edimi, yoki sharsharadan nariroqda, tabiiy qoyalikda kishining alp kelbatini, qiyofasini eslatuvchi kelbattoshni o‘z yoriga o‘xshatdimi… o‘sha yerdan ko‘z uzolmay qoldi. U sarkardani kutardi.
Yillar o‘tdi. Ayol o‘g‘lini uylantirdi. Bir etak nevara-evarali bo‘ldi. Keksaydi hamki, kelbattosh va sharsharadan beri kelmasdi. U shu joyda – maftunkor sharshara va qoyadagi kelbattoshning shundoqqina poyiga, ularga tikilib bu dunyo bilan vidolashdi.

* * *

– Ana u kelbattosh, mana bu sharshara. Ikkisi oshiq-ma’shuqdek turibdi, – dedi tepakal, qisiqko‘z erkak. O‘ziga hamrohliq qilayotgan ko‘hlikkina juvonning yelkasidan qo‘lini oshirib olarkan, semiz qornini silkitib beo‘xshov kuldi-da, yana dedi: – Agar siz istasangiz, biz ham shu joylarda abadiy qolishimiz mumkin.
– Voy, bu yerlarda yashab bo‘larkanmi, dunyoga keldingmi… yayrab, yashnab, o‘ynab-kulib qol… – tannozlanib kuldi hamrohi.
Bu yerdagi beshovlon, uch erkak va ikki ayolning o‘zaro gurunglari gurunglarga yana va yana ulanardi. Oltinchi ayol – aktrisaning qalbi isyon ko‘targan edi.
U zov osti tomonga yurdi. Sharsharani, otilib tushayotgan suvda ko‘ringan kamalakni tomosha qildi, kelbattoshni topib unga boqdi.
Ko‘zlaridan yosh sizdi sharsharaning zilol tomchilari misol. Ayol ularga tikilib yolg‘izlikda qancha vaqt qolib ketganligini eslolmadi. Shaxt bilan o‘rnidan turdi. Endi u hammasiga qo‘l siltab, rejissyorni ham kutmay yo‘lovchi mashinada o‘z uyiga ketadi. Hech kimga qo‘g‘irchoq bo‘lishni ham istamaydi. Hammasi tugadi. U o‘z hayotida yangi davrni boshlaydi.
Ayol katta yo‘l yoqasiga tushib bordi-da, buloqning muzdek suviga yuzini chaydi hamki, mashina signali e’tiborini tortdi.
O‘girilib, ortda, yo‘l yoqasida rejissyor o‘z mashinasida uni kutib turganligini ko‘rdi-da, beixtiyor o‘sha tomon shoshdi.
Rejissyorning yoniga nimtabassum bilan o‘tirarkan, rejissyorning past ovozdagi “Kech bo‘ldi”, degan gapini eshitdi.
Haqiqatdan ham kech bo‘lgandi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 8-son