Qulman Ochilov. Qasd (qissa)

Bul odam o‘lmay qo‘lga tushmaydi.

(“Dalli” dostonidan)

Salomsiz kalom

Professor Panji Namozov ikkinchi qavatdan yuradigan liftga yetgunicha hansirab, harsillab qoldi. Uning harakatlari ancha susayib, bug‘doyrang yuzidagi ajinlari kun-bakun ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, ba’zi tengdoshlariga o‘xshab, juda munkillab qolganicha yo‘q. Ammo yetmishni qoralagan odam yana olma yoki o‘rik bo‘lishi qiyin. Har kuni shu: bir amallab xonasiga kirib oladi-da, kechgacha qog‘ozdan bosh ko‘tarmaydi. Tushlikni ham pastdagi oshxonadan yordamchisi olib chiqadi. Ish esa ko‘paysa ko‘payib borayotirki, aslo kamayishidan darak yo‘q. Qarilik gashtini surib, uyda yotay desa, rahbarlari ko‘nmaydi: “Shoshilmang, domla, yana ozgina chidab turing, yetmish yillik yubileyingizni tantana bilan o‘tkazib, izzat-hurmatingizni joyiga qo‘yib kuzatamiz”. Baraka topishsin. Bundan katta gap bormi. Rahbarlarining ko‘pi – o‘zining shogirdlari, qachonlardir universitetda yoki akademiyada o‘qitgan, ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan, kitoblariga so‘z boshiyu taqrizlar yozgan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan… Domla “xo‘p”, deydi. “Shunisiga ham shukr!” deydi. Tengdoshlarining davrasi yildan-yilga siyraklashib borayotgan, o‘zining ham parti ketib, sharti qolayotgan odam boshqa nima desin.
Professor qabulxonada kutib olgan miqtigina, kattakon qora ko‘zlari kosasiga chuqur botgan, epchilgina yordamchisiga odatdagidek: “Bugun ham iyjadimizni qahva ichishdan boshlasak”, degan so‘zlarni aytishni unutmadi.
U qabulxonasiga kirib-chiqqanida, ayniqsa, yonida begonalar bo‘lsa, ko‘zoy­nakkinasi doim yaltirab turadigan yordamchisi Azimning ismini aytishdan qochadi, qisinadi. Buning sababini boshqalar ham sezadi, shekilli. Birovlar borki, yuziga aytmasa-da, izidan kuladi: “Ishxona emas, erkaklar hammomi”. O‘ttizdan ortiq odam ishlaydigan jamoada ayol zoti yo‘q. Hatto farrosh ham erkak – talaba yigit.
Professor ayol kishini ishga ololmaydi. Olsa, uyda o‘tirgan “ajdarho” – Ergash mo‘ylovning qizi – og‘zidan olov purkab tahririyatga ot solib kelishdan toymaydi: “Ha-a! Ko‘nglingiz boshqasini tusab qoldimi? Biz kamlik qildikmi? Qarib qoldikmi?”
Xonasiga kirib, stolida bir uyum qog‘oz – har xil qo‘lyozmayu xat, hujjat, gazeta-jurnallarni ko‘rib, yuragi uvushdi, shularning hammasini o‘qishi, taqdirini hal qilishi kerak.
Kulrang paltosi va suvsar telpagini qoramtir shkafdagi temir ilgakka osib, o‘zini suyanchig‘i baland qora charm kursiga tashladi. Og‘ir tin oldi. Stolning tagidagi qo‘lbola supachani paypaslab topdi va ustiga toliqa boshlagan oyoqlarini qo‘ydi. Shu savilga qo‘yib o‘tirmasa, paylari birpasda uvushib, harakati qiyinlashib qoladi. U boshidagi yarg‘oqni yashirish uchun tepasiga ko‘ndalang taralgan uzun sochlarini silab qo‘ydi.
Nimadir ming‘illab kelib, o‘ng chakkasidan chimillatib chaqdi. Tavba, qishning chillasida o‘n yettinchi qavatdagi toza-ozoda xonada chivinga balo bormi? Shkafning ichida adashib qolgan, shekilli.
Professor chakkasiga qo‘l yuborgan edi, barmoqlari qip-qizil qon yuqi bilan qaytdi. “Mening qonimni ichmagan sen qoluvding!” deb jilmaydi qo‘lini mayin­gina qog‘oz sochiqchaga artar ekan. Dili yorishganday bo‘ldi: qon – yorug‘lik.
U gazeta-jurnallarni chetga surib qo‘ydi. Oqshom, uyda bafurja o‘qishi mumkin. Xatlarning taqdiri ham tezda hal bo‘ldi – bo‘limlararo taqsimlandi. Ishning qiyini – qo‘lyozmalarda. Bir-biridan zerikarli. O‘qish ham, javob qaytarish ham azob. Go‘yo hammasini bir odam – o‘ta iste’dodsiz, tanbal va qallob yozganday. O‘ntasidan to‘qqiztasining huzurini arxiv ko‘radi. Bandasi o‘zi asli noshukr yaralgan, shekilli. Asarini chop etsang, dunyoda sendan ulug‘ odam yo‘q. Har qadamda yetti bukilib salom beradi. “Bunisi sal bo‘shroq ekan” deb qaytarsang, “oq” qilinasan. Muallif ilgari yuzta asari jurnalda chiqib, “mashhuri olam” bo‘lganini eslamaydi. Lekin “qaytgan” bitta qo‘lyozmasining alamini ro‘zi mahsharda ham unutsa qani. To‘y-hasham, majlisu ma’rakada duch kelsang, otasining qotilini ko‘rganday aftini burishtiradi. Nachora, muharrirning, ayniqsa, ijtimoiy-huquqiy, adabiy-badiiy jurnal bosh muharririning yozmishi shunday ekan.
Yordamchi qizil gulli nafis finjonda qahva olib kirdi:
– Shakarimiz tugab qolgan ekan, – dedi xijolatomuz. – Novvot solib damlay qoldim.
Professor bilinar-bilinmas bosh irg‘adi: shunisi ham ma’qul – shakar sovuqlik, hazm bo‘lishi qiyinroq. Qorinni damlatadi. Novvot qon bosimini ko‘targani bilan yurak to‘qimalarining malhami. Do‘xtirlar yuragi darz ketganlarga behuda novvot tavsiya qilmaydi.
– Yuzingiz shilinibdimi, domla? Qon sizib turibdi…
– Ha-ay, qo‘yavering! – Professor beparvo qo‘l siltagan bo‘ldi. Stolining ustidagi qog‘oz sochiqchalardan yana birini olib, yuzini artdi. – Saratonda “dordan qochgan” bir chivin alamini oldi.
Panji Namozov xushbo‘y taratib turgan qaynoq qahvani huzur bilan ho‘pladi. Shirasi ko‘proqdek tuyuldi. Shu bola me’yor degan narsani hech o‘rgana olmadi-da, deb o‘yladi. Xayoli joyida emas. Lekin chumoliday mehnatkash. Naqd toshteshar. Ishga kelganidan beri – olti oy ichida beshta hikoya berdi. Biridan Murod Muhammad Do‘stning mo‘ylovi ko‘rinib tursa, ikkinchisidan Erkin A’zam samimiy jilmayib qarayotganday. Uchinchisi boshlovchi mutarjimning qo‘lyozmasiga tortib ketadi. Sal hovliqmaligi bor. Yozgan narsasini siyohi qurimasidan ­e’lon qilishga shoshiladi.
“Azimboy, – dedi bir kuni professor, – yozayotganingizda so‘zga, tahrirga ­e’tibor bering. Adabiyot gap san’ati emas, so‘z san’ati. Marafonchilar musobaqasi ham ema-as”.
Jumada ish sal kamroq bo‘ladi. Bu ahli qalamning dam olish kunlari asarini qayta ishlab, pishitishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Yo haftaning oxirida hammasi o‘lguday charchab, sulayib qolarmikan? Xayriyatki, bugun – juma. Xat-xabarlarning tagidan bittagina qo‘lyozma chiqdi. Unchalik qalinga ham o‘xshamaydi. Elektron pochtadan kelgan bo‘lsa kerak.
“Muhtaram professor!”
Panji Namozov na salom-alik, na sarlavha, na biror kirish so‘z yoki izohsiz, tomdan tarasha tushgandek boshlangan “bismillosiz” xatni ko‘rib, ajablandi. Ko‘ngliga qandaydir noxushlik yugurganday bo‘ldi, biroq ajablanish ustun kelib, xatni jiddiyroq o‘qishga kirishdi.

Hammayog‘ qip-qizil qon edi

“Muhtaram professor! Siz meni tanimaysiz. Bilaman, men kabi muxlislaringiz son mingta, balki millionta. Hammasini eslab, tanib qololmaysiz. Tanimasni esa siylamas, deydilar. Lekin Sizdan men faqirga marhamat ko‘rsatishingizni – ushbu xatimni oxirigacha mehr ko‘zi bilan o‘qib chiqishingizni o‘tinib so‘rayman. Sizga bir paytlar o‘zim qo‘l urgan o‘ta mudhish jinoyat bilan bog‘liq muhim sirni ochmoqchiman.
Sizni o‘zimga muqarrab – eng yaqin do‘st, maslahatgo‘y sanab, ushbu maktubni bitdim. Mening bu adolat sahrosidagi sar-sar kezishlarim nadomat bilan nihoyasiga yetmoqda. Dilimni ayovsiz o‘rtayotgan dard shuki, o‘z vaqtida bir tabarruk zotga bergan va’dam – toatni, fazlu karam matlabini kamoliga yetkaza olmadim. Qasd va alam o‘tida yonib, o‘zimni hadsiz ranju alamlarga giriftor qildim. Aql-idrok bilan tutgan tadbirim meni adolat va hidoyat yo‘liga olib chiqadi, deb o‘ylagan edim. Kushoyish topish o‘rniga, talvasa girdobiga cho‘kib ketdim.
Bu kun g‘am va anduh, xastalik va keksalik ham vujudimni, ham shuurimni beayov yemirmoqda. Yo‘q, kemirmoqda. Ayniqsa, tutqanoq kun bermay qo‘ydi. Shu topda yostig‘im ustiga kelsangiz, oq sochiqchaga o‘ralgan ikki qoshiqqa ko‘zingiz tushadi. Biri – temir, ikkinchisi – yog‘och. Xonam devorida qon izlari. Yuvgan va qirgan bilan qon izini butkul o‘chirib bo‘lmadi. Besh kun burun, yarim tunda tutgan navbatdagi xuruj asnosida ne bir muddat tilimni to‘xtovsiz g‘ajib, atrofga qon purkabman. Tupurganim yo‘q, aynan purkabman! Tortilgan tilim tanglayimga yopishib qolmasligi uchun qoshiq bilan og‘zimni arang ochishibdi. Yurak o‘ynog‘iga chalingan xotinim, tunlari tepamda o‘tirib chiqadigan nevaram bo‘lmaganida, ushbu maktubni Sizga jo‘natishga ulgurmas edim. Milklarimning sog‘ joyi qolmagan. Vujudim va shuurim bu kun taomdan ko‘ra dorini ko‘proq xushlaydi, aytgan gapimni na o‘zim, na atrofdagilar anglaydigan bo‘lib qoldi. Dilim bilan muhorabadan behad charchadim. Azroil tepangda qilichini qayrab turganida o‘limdan qutulishing dushvor. Pushaymonlik ham befoyda. Shu bois so‘nggi chora – xap dori – benzanol to‘la qutini titragan qo‘llarimga so‘nggi bor olishdan avval bor dardimni Sizga yorgim keldi. Yaratganning inoyatidan yagona umidim – pajmurda vujudimga tezroq orom insa.
O‘tinchim: xatimni oxirigacha o‘qisangiz. Shunda nega aynan Sizga murojaat qilayotganimning sababini ham tushunib olasiz. Men to‘rt odamni asfalasofilinga jo‘natgan jinoyatchiman.
Yaqin-yaqinlargacha kamina zimdan, nazarimda, g‘oyat ustalik bilan amalga oshirgan bu mudhish jinoyatni arshi a’loda Yaratganu gunohkor zaminda o‘zimdan boshqa biror jonzot bilmaydi, deb yurar edim. Ayon bo‘ldiki, qotil ham, maqtul ham o‘zim ekanman. Darvoqe, voqealar bayonida adashib ketmasligim uchun bitiklarimni sarlavhalarga bo‘lib chiqdimki, bu Sizning g‘ashingizga tegmas degan umiddaman.
Keling, gapni achchiq ichakday cho‘zib o‘tirmay, avval o‘zimni tanishtiray. Qishloq maktabida tarixdan saboq berguvchi edim. Biroq bu kasbni, ya’ni muallimlikni azbaroyi bani basharning serg‘alva tarixiga mehr-muhabbatim balandligidan tanlaganim yo‘q. Mening orzularim boshqacharoq, yuksakroq edi. Ochig‘ini aytganda, izquvar bo‘lmoqchi edim. Badiiy, ayniqsa, “roviylar andoq rivoyat qilmishlarki” deb boshlanadigan qadimiy, tarixiy asarlar, chigal jinoyatlar ustalik bilan ochiladigan detektiv kitoblarni bolaligimdan yamlamay yutaman. Eng og‘ir, eng qabih jinoyatlarni ochib, yashirib nima qildim, Sherlok Xolms kabi shon-shuhrat qozonmoq orzusida edim. Nasib qilmagan ekan. Taqdiri azal. Ikki yil yuridik fakultetga hujjat topshirdim. Balldan qaytdim.
Universitetga kirolmaganim uchun birovni ayblamoqchi emasman. O‘z aybini birovga ag‘darishga, zorlanishga moyil kimsalarni jinim suymaydi. Bu erkakning ishi emas. Haqiqiy erkak faqat Xudoga va o‘ziga ishonadi. Xato qilsa, tan oladi, uni to‘g‘rilash payida bo‘ladi. Xullasi kalom, uchinchi yili pedinstitutning tarix fakultetiga eng yuqori ball bilan o‘qishga kirganimni aytsam, gapimni hargiz zardayu kinoyaga yo‘ymang. Noshukr emasman…
Institutni tugatib, o‘zim o‘qigan qishloq maktabiga ishga keldim. Agar bir fojia yuz bermaganida yoshlik yillarimni eslab, bunchalar ezmalanmagan, ushbu iqrornomani yo‘llab, Sizning muborak boshingizni qotirmagan bo‘lar edim. Nachora. Aytganimdek, garduni dunning yo‘riqlari o‘zgacharoq ekan. Biz Bozor bilan apoq-chapoq bo‘lmasak-da, hamkasb edik. Tijorat yo‘liga kirgunicha u maktabimizda adabiyotdan dars berardi…
Oradan qariyb o‘ttiz yil o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha kunni juda yaxshi eslayman. Yerga to‘l tushib, cho‘pon-cho‘liq qo‘tonidan chiqolmay qolgan mahallar. Maktabdan kelib, tamaddi qildimu kech kuzda ko‘milgan toklarni ochib, tagiga kesak solish umidida tomorqaga o‘tdim. Mototsiklning patillagani eshitildi. Qarasam, maktabda jismoniy tarbiyadan dars beradigan ukam Bobodo‘st shalog‘i chiqqan “Ij”ini minib, juftagini rostlayotir. Meni ko‘rib imo qildi: “Darrov kelaman. Zaril ishim chiqib qoldi”.
Boshimni zardali chayqadim: yana ishdan qochyapsanmi, dangasa? Shu mahalda tok ochishdan zarilroq yana qanday yumush bor?
Burilishga ulgurmadim. Nimaningdir varanglagani va taraqlagani eshitildi. So‘ng kimningdir “Vo-o-oy!” degan chinqirig‘i quloqqa chalindiyu jim bo‘ldi. Pastqamgina paxsa devorimiz osha bo‘ylasam, qo‘shnimiz Qambarning qizil “Jiguli”si ukamning motori varanglab yotgan mototsikli ustiga chiqib ketgan. Avariya joyiga qanday yetib borganimu og‘zidan qon otilayotgan ukamning qo‘lidan qanday tortganimni bilmayman. Qani endi tortib ololsam! Nortuyaday yigitning ikki qo‘li, yelkasi, boshi – butun gavdasi devor bilan mototsiklning o‘rtasida qisilib qolgan, mototsiklni esa hali motori o‘chmagan mashina bor kuchi bilan devor tomonga surmoqda edi.
O‘zimni mashinaga urdim. Haydovchining boshi rulda – yuztuban yotardi. Men avval uni kuchli to‘qnashuv zarbidan hushidan ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Eshikni ochishim bilan yerga ag‘darildi. Dimog‘imga “gup” etib achchiq araq hidi urildi. Qambarning ust-boshi, oyoqlarining ostigacha shilta – qusuq. Keyinchalik eshitsam, qo‘shni qishloqdagi qarindoshining to‘yidan “to‘yib” kelayotgan ekan.
Mashinani orqaga oldim. Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi – bilmadim, qarasam, tepamda Qambarning ikkinchi akasi Nazar hansirab, keng og‘zidan so‘lagi oqib turibdi. Uning fe’li shunday – doim shoshib, it quvlagan buzoqday pishnab-hansirab yuradi.
– Voy, palakat! – dedi u. – Voy, palakat-ey! Yana molday ichibdi-ya!..
Nazar bilan to‘n kiyishmagan bo‘lsak-da, saboqdosh, qalin oshna edik. Unga keyinchalik: “Nazarjon, o‘zingiz ko‘rgan edingiz-ku, ukangiz o‘sha kuni g‘irt mast edi” desam, tondi. “Esimda yo‘q. Meni bu gaplarga aralashtirmang, oshna!..” dedi yerdan ko‘zini uzmay.
“Unda meni oshna dema, Nazar! – dedim. – Men Xudodan qaytgan bilan oshna bo‘lmayman!..”
Ukamni yerga berdik. Uning ta’ziyasiga yer yorilib odam keldi. Otamning hurmati. Otam rahbarlarining ham aytganini qilib, ham ularga aytganini qildirib kelayotgan obro‘li cho‘pon edi. Hamma keldi. Faqat aka-ukalar – na Qambar, na Nazar, na Bozordan darak bo‘ldi. Otam aytdiki, yuragi dov bermagandir. Keyin, ma’rakasiga kelar. Tili bo‘lsa, bir og‘iz “bandalik” deb ko‘ngil so‘rar.
So‘ramadi. Qora yerdan sado chiqdi, ammo bu uch yigitdan, uch qo‘shnidan sado chiqmadi. Ma’rakani o‘tkazib, yon-berimizga qarasak – jimjitlik: na fojia sodir bo‘lgan kuni ikki soatdan keyin yetib kelgan va naridan-beri surishtirgan kishi bo‘lgan ichki ishlar xodimlaridan, na prokuroru tergovchidan darak bor. Go‘yo hech kori hol yuz bermagan. Yigirma yetti yoshli yigit halok bo‘lib, uning ikki go‘dagi yetim, yoshgina xotini beva qolmagan. Go‘yo Qambar odamni emas, besar mushukni, mushuk nima, ko‘lmaqdagi qurbaqani bosib ketgan. Hech vaqo bo‘lmaganday ishiga – elektr tarmoqlari idorasiga qatnab, avvalgiday to‘yma-to‘y ichib yuribdi.

Cho‘p suvliqqa yaramaydi

– Kambag‘alni tuyaning ustida it qopgani shu bo‘ladi, – der edi otam o‘ksinib-o‘ksinib yig‘lar ekan. – Akasi Bozor qarab o‘tirarmidi – qilar ishini qilib qo‘ygan-da. Mening juvonmarg ketgan bolamning yo‘qlaydigan durustroq jigari bo‘lmasa. Yo‘qlagani bilan dasti ishtonbog‘idan nariga yetmasa. Cho‘p suvliqqa yaramaydi!..
O‘shanda angladimki, biror chorasini ko‘rmasam, bunday ta’na-dashnomlar meni umrimning oxirigacha ado qiladi. Anglash asnosida otamning gaplari haq-rost ekanini ham tan oldim. U zamonlardagi tuman matlubot jamiyatining raisi qayerdayu, qo‘l uchida kun ko‘radigan muallim qayoqda! Qiyosan olganda, na sonda, na sanoqda bor bir yo‘qsil edim-da.
Biroq men ukamning xunini olaman, deb o‘lib turgan joyim ham, bunday dardisarliklarga tobi toqatim ham yo‘q edi. Aka-ukalar salgina bo‘lsin adlu insof bilan ish tutsa, o‘zlarining jur’ati yetmasa, qishlog‘imizning kayvonilariyu qari-qartangini o‘rtaga solib, otamning oldiga bosh egib kelsa, odamga o‘xshab bir og‘izgina kechirim so‘rasa, otidan tushib qolmas, o‘zlarining boshiga ham shunchalar musibat yog‘ilmas edi! Eshikdan kirganni it qopmas. Yuz issiq, kechirmay qayerga borar edik. O‘lay agar, men ginador bo‘lib yurmas edim. Omi bo‘lsa-da, fazlu karam otam bechoraga ham begona emasdi. Yo‘q, aka-ukalar, ayniqsa, Bozor kalta o‘yladi. Kajlik to‘nini kiyib, “Sen zo‘rmi, men zo‘r”ni afzal ko‘rdi. Duch kelgan joyda mashinasidan ustimizga balchig‘u loy sachratib o‘tishdan or qilmadi. Qo‘yib bersa, betimizga tuflashdan ham toymaydigandek.
Men o‘zimni fazlu kamol egasi deyishim qiyin. Lekin xiyla chapani, cho‘rtkesar, tinib-tinchimagan bo‘lsam ham, birovga zulm o‘tkazishni ko‘ngliga keltirgan odam emasdim. Otam ham birovga yomonlik tilagandan ko‘ra, o‘ziga o‘lim tilashni afzal bilgan. Hammasi – Qambarning kasofati. Meni jinoyatga boshlagan, gunohga botirgan aka-ukalarning o‘zlari! Bexosdan qurbaqani bosib olsangiz ham vaqillaydi. To‘g‘rimi, muhtaram professor?”
“To‘g‘ri, – xayolidan o‘tkazdi bunday diydiyolardan diydasi qotib ketgan professor va yana qahvadan ho‘pladi. – Siz nima qildingiz? Qo‘lingizga ov miltig‘ini oldingizmi?”
“Avval tuman ichki ishlar bo‘limiga bordim, – deb davom etgan edi maktub egasi. “Surishtiryapmiz, – deyishdi. – Xavotir olmang, hammasi qonuniy, hammasi joyida bo‘ladi”.
Hammasi joyida bo‘lmasligini nafaqat men, shu gapni hovurimni bosish uchun aytayotgan tergovchi ham bilib turar edi. So‘ng ma’lum bo‘ldiki, Qambar o‘sha kuni “mutlaqo ichmagan”. Ishdan qaytayotganida bir kasofat “texnik jihatdan nosoz mototsikli” bilan tor ko‘chada uning qarshisidan chiqib qolgan va shoshganidan devorga urilib, o‘zini-o‘zi halok qilgan. Buni barcha – tibbiy, texnik, sud, kimyo ekspertizalari xulosalari tasdiqlab turgan emish”.
“Ishni avval boshidan qattiq mixlashgan ekan, – deb afsus bilan bosh chayqadi professor. – Jo‘n ko‘ringani bilan bunday jinoyatlarni ochish – aytishga oson”.
– Axir bu g‘irt ko‘zbo‘yamachilik, borib turgan haqsizlik-ku! – dedim men. – Adolat bormi o‘zi?..
– Yo‘q! Bo‘lmaydi ham!.. – deb yig‘lar edi otam.
Avval kelgan avval ketsin ekan. Ukamning o‘limidan keyin otam bilan onam ko‘p kuydi. Cho‘kib qoldi. Tergovchiga oyog‘imni tirabroq gapirgan edim, unday-bunday deb gapni har tarafga jildirdi. Ichim to‘la g‘am. Dilim ham, yuzim ham qora bo‘lib qolaverdim. Shunda birinchi marta xayolim buzildi: qo‘limga oyboltani olib, Qambarning uyiga urib kirib borgim, tit-pitisini chiqarib tashlagilarim keldi.
Yana shaytonga hay berdim. O‘tar dunyo, ko‘p gaplarni o‘yladim. O‘ylaganim, istiholaga berilganim sari adolatga, erkka tashna notavon qulga aylanib borayotganimni anglar edim: avval Termizga, so‘ng Toshkentu undan narisigacha yozdim. Lekin qayerga murojaat qilmay, qaysi idoraning ostonasiga bosh urib bormay, bir xil javob olaverdim: “Shikoyatingiz o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqildi. Faktlar tasdiqlanmagani uchun…”
Barcha urinishlarim abas ketdi.
Sarg‘ayib yurishlarimni Bozor bilib – bilmaslikka, ko‘rib – ko‘rmaslikka olardi. Biror natija-najot bo‘lmasa-da, men ham arzu shikoyat deganingizni armonsiz yozaverdim. Sababki, ularni go‘yo tekshirgan kishi bo‘lib kelgan har bir “komissiya” Bozorni ancha narsaga tushirib ketar, bundan ko‘nglim sal bo‘lsa-da, tasalli topardi. Buyog‘ini so‘rasangiz, yugur-yugurlarga mening ham chakana pulim ketgani yo‘q. Lekin ko‘zimga mol-dunyo ko‘rinarmidi?
Shu zaylda uch yil o‘tdi. Bir kuni oraga qishloq oqsoqoli Eshboy sho‘ro aralashdi. Biroq uning aralashuvi ham tussiz, namaksiz bo‘ldi. Ichkilik qo‘yilgan davralarga, ayniqsa, tekinrog‘u beminnatroqlariga suyagi yo‘q, nafkash sho‘ro dunyoga kelib biror ishni hal qilmagan. Qatig‘i ivimaydigan, hovliqmaroq odam. Shunday bo‘lsa-da, ostonamizni bosib kelganida otam uning gapini yerda qoldirmadi.
– Elchilik – elatchilik, – dedi sho‘ro qo‘llarini siltab, shoshib-pishib gapirar ekan. – Sal kengroq, kechirimliroq bo‘laylik. Siz xo‘p desangiz, Bozor mo‘ndini o‘zim ko‘ndiraman…
Uning odati shunday. Inson zoti borki, hammasiga laqab qo‘yadi.
– Birovning pishagini bosib olgan ham loaqal egasidan kechirim so‘raydi, – dedi otam. – Mening-ku tog‘day bolam juvonmarg ketdi!..
Eshboy sho‘ro pildiragancha Bozorning uyi tomon “uchdi” va otam ichib o‘tirgan choynakdagi choy tugamasidan rangi o‘chgancha qaytib keldi. Eshitsak, Bozor avvaliga ming‘irlabdi. Ukamning aybi yo‘q. Ne bir joylardan, ne bir idoralardan, ne bir vakillar kelib tekshirmadi. Aybini topgani qani? Aybsiz odam nega kechirim so‘rashi kerak?
Ko‘sanamo yuziga doim vazelin surtib yuradigan Eshboy sho‘ro, chamasi, oqsoqolligiga borib, murosa yo‘lida qat’iyroq turgan:
– Ukangizning aybi bo‘lmasa ham, nortuyaday o‘g‘lidan ajralib, jizzaday ku­yib qolgan odamdan ikki og‘iz iliq so‘zingizni ayamang. Shikoyatbozligu qovoq-tumshuq qo‘shnilarga yarashmaydi. To‘rt kunlik dunyoda bag‘ritosh degan nom orttirmang…
Bu nasihat ham Bozorga mutlaqo yoqmabdi. Yoqmasligi tayin edi. Shuning uchun osmondan kelibdi:
– Qambar ukam qamalsa yo o‘lsa, o‘sha g‘iybatchi domullaning kuyib-tutab yotgan keti soviydimi!.. – deb o‘shqiribdi oqsoqolga. – Borib ayting, men bilan tirashmasin! Qoraqo‘ng‘izdan ham, bolasidan ham qo‘rqadigan joyim yo‘q!
“Qoraqo‘ng‘iz” – otam.
Bozorning yana bir davrada aytgan gapi qulog‘imga yetib kelgan edi. Demishki, domulla ukasining xuniga nimadir undirmoqchi bo‘lsa, og‘ziga siqqanicha aytsin. Necha pul desa beraman.
– Ukam mol emas! – dedim men.

“Qasosni qiyomatga qoldiring”

Ana shunday sargardon kunlarning birida boshim aylanib Toshkentga, yoshlar gazetasi tahririyatiga borib qolibman. Beshinchi qavatga chiqib, mendan ikki-uch ko‘ylakni ko‘proq to‘zdirgan, lekin siyrak sochlariga erta oq oralay boshlagan, peshonasi keng muxbir yigitga uchrashganim yodimda.
– Dardingizni Xudoga yozsangiz ham javobini bir joydan – tumandan olasiz, domulla! – dedi jurnalist. – Xudoni ham aldashdan toymaydiganlar bor! Yozishdanu yugurishdan hech kamingiz qolmabdi, – u shivirlashga o‘tdi. – Bilasiz, yer loy bo‘lsa, nortuya ham toyadi. Undan ko‘ra, o‘zingizni ayang. Qismat, inim. Qazoyi muallaq deydilar. Ajal qachon, qayerdan, qanday kelishini bandasi bilmaydi. Bu – Haqning hukmi.
– Jigarim qanday nobud bo‘lganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganimda ham mayli edi! – dedim. – Bir besiyoq hammamizni oyoqosti qilib ketaveradimi? Bozor mo‘ndi odamu boshqalar chumolimi?
Asli kasbi jurnalist, qonunchilikdan ham xabari bor o‘sha yigit aqli butun, so‘zi qoyim, o‘zi ko‘p sharofatli inson ekan. Birdan boshini ko‘tarib, temir gardishli ko‘zoynagi osha menga sinovchan – ham sal hadiksirab, ham anchayin achinib qaradi:
– Bu saltanatda siz bosh urib bormagan eshik qolmagan bo‘lsa, men sizga qanday yordam bera olaman, domulla?
– Bilmadim. Uyimga sig‘may qoldim. Kelgim kelaverdi – keldim…
U birpas o‘ylanib turdi va birdan boshini dadil ko‘tardi:
– Xudoga ishonasizmi, uka?
Bu gapni eshitib, unga qaragancha baqrayib qolganim hanuz yodimda. Jurnalistning dabdurustdan bunday savol berishini kutmagan, kutmaganim uchun qanday javob berishni bilmas edim. Nafsilamrini aytganda, dahriy jamiyatda tarbiya topgan odamning Yaratganga ixlosini ochiq tan olishi oson emasdi u davrlarda.
Ikkilanayotganimni ko‘rib, suhbatdoshim menga dalda bergandek bo‘ldi:
– Men ishonaman.
– Men ham ishonaman!
– Ishonsangiz, domulla, – dedi u. – Qasosni qiyomatga qoldiring! Tokaygacha ezilib yurasiz… Arsh sohibi hammasini tepada, – u ko‘rsatkich barmog‘i bilan osmonga ishora qildi: – ko‘rib-bilib, hisob-kitobini qilib o‘tiribdi. Haq bilan botilni vaqti-soati bilan O‘zi joy-joyiga qo‘yadi. Ishoning!.. Alamni ko‘ngildan chiqarib tashlang! Faqat zaif odamgina kechira olmaydi. Siz kechirimli bo‘ling!..
Bu gaplarni biror mulla aytsa, balki unchalik ta’sir qilmas, bandalariga taskin-tasalli berish ishi-da, deb qo‘ya qolishim mumkin edi. Lekin Toshkentda, rasmiy idorada, jurnalistning, boz ustiga, yosh yigitning tilidan komil ishonch bilan ko‘chgan da’vatni eshitib, yuragim to‘lib ketdi. Ko‘zlarimdan selim oqdi. O‘shanda ko‘nglim qanchalar taskin topganini, o‘zimni qanchalar yengil his qilganimni bilsangiz edi!
Bu joylarga Xudoyim yo‘limni bekorga solmagan ekan, deb o‘yladim. Yaxshi gap ko‘ngilni o‘stiradi. Dilimni beayov o‘rtayotgan alamu iztiroblar, qasos o‘tiga go‘yo suv sepildi! Ko‘nglim alamlardan forig‘langanday, dilimni bosib yotgan necha yillik zang-g‘ubor ko‘tarilganday bo‘ldi. Qo‘l siltadim: aka-ukalar noinsof bo‘lsa, gunohi o‘zi bilan! Xudoga soldim!..
Shukrki, Xudo bor, muhtaram professor! Ul Zot bo‘lmaganida, bandalari bir-birining et-go‘shtini yeb qo‘yardi!..”
“Afsuski, gapingiz to‘g‘ri! – deb pichirladi professor. – Xo‘-o‘sh, undan keyin nima bo‘ldi?”
“Bu orada pishib turgan onamni yerga qo‘ydik, – deb yozgan edi maktub egasi. – Payg‘ambar yoshiga ham yetmagan edi. Onamdan judo bo‘lgach, otam o‘zini yanada oldirib qo‘ydi. Toshi tag‘in ham yengillashib, bo‘lar-bo‘lmas gapga aralashadigan, menga har qadamda ta’na qiladigan odat chiqardi. “Arzimagan ish”ni eplay olmaganim uchun boshqalarning ham mendan ko‘ngli sovudi. Qadrim ketdi. Tilimni va dilimni ro‘zaga chog‘lab, ta’nalarga chidab yuraverdim. Vo hasrato, ko‘nglimdagi yara qora qo‘tir bo‘lishga ulgurmadi. Bir oqshom otam o‘lim talvasasida yotgan bemordek, yana oh urdi:
– Anavi it, – u Bozorning uyi tomonga taqir boshi bilan ishora qildi. – Qanday noma’qulchiliklar qilib yurganini eshitdingmi, bolam?
– Yo‘q.
– Zo‘r bilan ko‘rda uyat yo‘q. Qishloq to‘la duvullagan gap. Ukangning xotinini mashinasiga mindirib yurgan emish, qon qusgur!.. Eshboy sho‘roning og‘zidan eshitdim… Endi menga bir quloch arqon topib ber, bolam!..
Bunday paytda sog‘ning tili gapga aylanmaydi. Kelin degan urg‘ochi ukamning ma’rakasi o‘tar-o‘tmas narsa-qorasini olib, onasinikiga quriganidan beri bordi-keldi uzilgan edi. Kasalxonada hamshira. Duppa-durust semirib, quyrug‘ini dirkillatib qolgan, degan gaplar qulog‘imga chalinganida, bo‘yida ukamdan gumona qoldimikan, degan xayollarga ham borgan edim. Ko‘zga yaqin ayol.
– Kelin-ku, aqli kalta, ayolligiga borgandir, – dedim birpasdan keyin. – Movga kelgan mushukday miyovlab qolgandir. Bozor mo‘ndini Xudo uribdimi, ota? Hamsoya bo‘lsa. Qarg‘ishdan qo‘rqmaydimi-a?..
– Otini atama shu zoti pastning! Rais boshi bilan og‘zini kranga qo‘yib suv ichadi. O‘zim ko‘rganman!..
Birpasdan keyin qo‘shib qo‘ydi:
– Bu bolalar o‘z ajali bilan o‘lmaydiganga o‘xshaydi.
O‘ylab qaralsa, bo‘ydoqning uylanishi, bevaning erga tegishi yo xushtor orttirishi tabiiy. Teshik munchoq yerda qolmaydi. Javharlari miyasiga urishi ham bor gap. Tirik jon. Qolaversa, bu dunyoda eridan erta qolgan faqat ukamning xotinimi? Oradan qancha suvlar oqib o‘tgan bo‘lsa. Biz endi unga kim edikki, taqdiriga xo‘jayinlik qilsak? Suyak-suyagimizdan o‘tib ketgani – kelinning kelib-kelib, Bozor bilan don olishib yurgani. Boshqaning etagidan tutsa go‘rga edi. Bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka olib ketaverardik. Lekin bechora ukamning xasmini Bozor ataylab, otam bilan mening asabimizga tegish, ustimizdan kulish uchun yo‘ldan urganiga ne deysiz?

It ham yalog‘ini qizg‘anadi

Shu yoshgacha hech kimga gapini oldirmagan otamning shoxi butkul sindi. O‘zim belangi bo‘lganday bukchayib qoldim. Axir it ham yalog‘ini qizg‘anadi. Bu savdoni endi yaxshilik bilan joyiga keltirish qiyinligini anglab turar edim.
O‘sha kezlarda yorug‘ olamdan, inson zotidan ko‘nglim butkul sovib, tuni bilan ilon chaqqanday to‘lg‘onib, ingranib chiqqanlarim yodimda. Uyqu menga harom bo‘ldi. Yurar yo‘limni yo‘qotib, galdirab qoldim. Kun botaru tong otar ming xil rejalar tuzdim. Hammasi borib oyboltaga taqalar, lekin endi oyboltani qo‘lga olish ishning osoni bo‘lib tuyular edi. Tuyakashlarning gapi borki, yuki og‘ir kelsa, tuya o‘ngga qaraydi, chapga qaraydi-da, bir qattiq pishqiradi-yu, o‘rnidan turib, to‘g‘ri yo‘liga ketadi. Izlasang, joningni ozgina koyitsang, sen ham yo‘lini topar ekansan. Tun oqqanida bir fikr miyamga keldiyu yotgan joyimdan qanday sakrab turganimni sezmay qoldim. Keyin o‘sha rejani kallamda rosa pishitdim va mast tuyadek na’ra tordim: “Enangni emchagidan osaman!..”
Shu kungacha tarafkashlarimga bilagimning kuchini ham, qilichimning uchini ham ko‘rsatmagan edim. Qonun, murosayu madora, insof yo‘lini axtardim. Biroq marhum ukamning haq-huquqini hech kim – na biror sharafi manzilat sohibi, na saltanat ahli va na qonunchilik hifzu himoyasiga oldi. Keyinchalik o‘ylasam, xalqning boshiga “qayta qurish” dahmazalari tushib, shallaqilik urfga kirgan, safsata san’at darajasiga ko‘tarilgan zamondan yana nimani ham kutish mumkin edi. Men dardimga darmon topa olmadim. Aka-ukalar esa Xudoni unutdi. Ular o‘zlari uchun insof yo‘lini bekitib, balo eshigini ochganini bilmas edi. Endi peshonasidan ko‘rsin!..
Nimasini aytay, vaqti-soati kelganida tishingni birrov ko‘rsatib qo‘ymasang, bu dunyoda seni odam o‘rnida ko‘radiganlar kam. Ne bir kaslar yuzingga oyog‘ini artib ketaveradi. Bunday paytda sen ham itning murdor oyog‘i emas, inson ekanligingni anglatib qo‘yishga majbur bo‘lasan. Majbur qilishadi.
Aslida, u zamonlarda sud, huquq, qonunchilik deganingiz bu zamonlardagi boyvachchalarning to‘rtinchi xotiniday gap, o‘ksik bir ahvolda edi: xo‘jayinli bo‘lib boshida tayinli eri yo‘q, beva bo‘lib kimgadir ko‘z tikolmaydi. Yanada achchiqrog‘i, bamisoli yetim. Yetimning esa otasi, rahnamoyu xo‘jayini ko‘p bo‘ladi. Xo‘jayin esa o‘z bilganidan qolmaydi. O‘z yo‘rig‘iga soladi.
O‘shanda aka-ukalar Xudoning qahriga yo‘liqib, kuni bitib, fotihasi o‘qilib turganini men osiy qaydan bilibman. Ammo boshimizga ne bir savdolarni solgan, ustimizdan ne bir joylari bilan kulgan bo‘lsa-da, men ularni mahv etaman degan xayolga hargiz borganim yo‘q! Ajalning bozori qizib turganini bilganim yo‘q! Zinhor! Ishoning, muhtaram professor!
Siz tajribali jurnalist, kriminalist, ko‘plab detektiv asarlar muallifi, olim sifatida yaxshi bilasiz, usta izquvarlar amal qiladigan shunday qoida bor: jinoyatchini fosh qilishning sinalgan yo‘llaridan biri – gumondorning ojiz tomonidan oqilona foydalanish. Buning uchun avval uning hushyorligini susaytirish, iloji bo‘lsa, sezdirmay pinjiga kirib olish kerak.
Dilimni ayovsiz o‘rtayotgan g‘azab o‘tini ikki piyola bodai nov bilan bosib, yuragimni toshga aylantirdim va Bozorning idorasiga tikka kirib bordim. U meni ko‘rib, beli singanday o‘rnidan turolmay qoldi: dushmaning xas bo‘lsa ham qo‘rq!
Ukam o‘lganidan beri Bozor bilan deyarli betma-bet bo‘lmagan edik. Ikki kaftim terlab ketdi. Sezdirmay shimimga artib, xayolimni yig‘ib oldim. Negaki, qilayotgan ishimning to‘g‘riligiga ishonchim komil. Ko‘ziga tik qaradim. Uyalsa kerak, deb o‘yladim. Yo‘q, tap tortmadi. Beti stoli tagidan ko‘rinib turgan qora tuflisining poshnasidan ham qalin ekan.
– Yo‘q demasangiz, sizga bir ishimiz chiqib qoldi, – dedim.
Zamon notinch, do‘konlarning peshtaxtalari qabristondek huvillab yotar, piyoda narida tursin, otliqqa ham bir qop un topish – katta omad. Bozorning boshiga kun tuqqan. Oshig‘i faqat olchi turadigan paytlar. Sababki, unga ishi tushmagan kasning o‘zi yo‘q – inson borki, ovqat yeydi, kiyim kiyadi, imorat quradi. Qishloqda hamma unga qulluq qiladi. Eshitganim bor, qo‘l ostida – davlatning yigirmaga yaqin magazini. Ularga tovaru mol, demakki, hayotu jon tarqatuvchi – Bozor.
Men uning oldiga go‘yo un so‘rab bordim.
Iltimosimni eshitib, o‘likdan ham o‘pich tilaydigan raisning xursandchilikdan yuragi tars yorilgudek bo‘lib, o‘rnidan turib ketdi. Gapim unga yoqqan, juda yoqqan edi. Ustimizdan yozib-chizib, ko‘ngli ko‘pchimagan bu injiq muallim endi mendan bir narsa undirish ko‘yiga tushibdi. Mayli, shu bechora ham bir nimalik bo‘lib qolsin, degan xayollarga borganini payqadim. Lekin xonasiga kirishim bilan qo‘limga, kostyumimning cho‘ntaklariga o‘g‘rincha qarab olganini ham sezdim. Yuz-ko‘zimga hadik aralash ko‘z yugurtirdi. Men ham: “Qani nimalar deb valdirar ekan?” deb bir muddat ataylab sukut saqlab, beparvo turdim. U be­zovtalandi, go‘shtdor qo‘llari titrab, qaqshab, uzoq g‘imirlandi. Endi, o‘zim salomiga kelganimda, loaqal, ko‘nglim uchun bo‘lsa-da: “Bizdan ham ayb o‘tgan bo‘lsa, uzr!”, degan gapni aytib, ozgina pushaymonlik bildirishini kutdim. Shunday desa, shoyad, vujudimni ayovsiz kuydirayotgan qasos o‘ti so‘nib, ahdu jahdimdan qaytar edim. Yo‘q, o‘sha paytlar urfga kirgan temir tugmali po‘rim ko‘ylak ­kiyib, tepasi loysupadek tep-tekis kuzalgan sochlari jayraning nayzalaridek tip-tikka daqqiyunus buning o‘rniga yaltoqlanishni afzal ko‘rdi.
– Eski gaplarni qo‘ying, – dedi u birdan shofyoriga tanbeh berayotganday qo‘lini paxsa qilib. – Xizmatlar bo‘lsa, tortinmay aytavering. Bemalol!
U oldidagi qalamdondan ko‘zini uzmay gapirayotgan bo‘lsa-da, yuzida: “Tavbangga tayanib kelar ekansan-ku!” degan istehzo o‘ynab turar edi. Gaplarini eshitib, tilim ham, qo‘lim ham yomon qichishdi. Ikki putining o‘rtasiga, och biqiniga yaxshilab tepib, xumordan chiqqilarim keldi. Chayir yigit emasmanmi, ursam, stolining tagiga tiqib qo‘yar edim. Undan keyin gap bilan yaxshilab chaqib olish niyatim ham yo‘q emasdi: “Kelinimizga mehribonlik qilib yurgan emishsiz, Bozorboy. Ushlab olgan qushingiz muborak bo‘lsin!..”
Shu gaplarni xayolimdan o‘tkazar ekanman, yana o‘yladim: “Ukam yag‘rini yoziq, bo‘yi tog‘day, kelishgan yigit edi. Bu esa bir qop go‘sht. Yo‘q, go‘sht nima, atala. Kelin degan megajin buning nimasiga uchdi ekan?.. Puliga uchgan. Ha, puliga. Nafs o‘lsin-a!” Lekin o‘zimni tiydim. Ichimdagini sirtimga chiqarmadim. Chiqara olmadim! “Xudo betingni teskari qilsin!” – dedim ichimda.
– Mayli, – dedim tashimda. – Bo‘lar ish bo‘ldi. Endi eski gaplardan naf yo‘q… Biror qop unning iloji bormikan?
– Nima? Un?
– Ha.
– Qirq kilo unning nonini kimning og‘zidan topasiz, ikki qop oling! – Bozor iltimosimdan qo‘rg‘oshinday erib, rapidadek yuzlari yorishib ketdi. –Pulidan qochmang… Shofyorimga aytaman, hozir uyingizga olib borib tashlaydi…
O‘zimni sohibi beg‘araz tutib, aka-ukalar bilan tez orada ichak-qorin bo‘lib ketdim. O‘rtadagi sovuqchilik ko‘tarilib, bir-birimizga ancha erkinsib, ko‘zimizga tik qarab gapiradigan bo‘ldik. Qishloqda gap-so‘z o‘rchidi. Bilasiz, bekorchi ahlining oyog‘i emas, tili ko‘proq harakatda bo‘ladi. Otamning ko‘ngli ko‘tarilar degan umidda yiqqan-terganimga eskiroq “Moskvich” olib berganimdan keyin bunday gaplar suvarakday bolalab ketgan edi: “Falonchi ukasining murdasini eski mashinaga almashibdi”. Xayolimda hamma ustimdan kulayotganday. “Kulsa, enasining qorniga”, dedim. G‘animlarim bilan avvalgidan ham yaqinroq bo‘lib oldim. Go‘yo orada o‘lim bo‘lmagan, xusumat yo‘q, araz yo‘q. Lavhu lu’bga moyilligimiz ortib, go‘yo o‘yin-kulgi, taralabedodlikni kasb etdik. Tez-tez birga ichamiz. Ba’zan pul tikib, ba’zan shunchaki, ermak uchun qimoru shish-bish ham o‘ynaymiz. Ba’zan Bozorboydan ataylab qarz so‘rayman. Lekin u pulini qistab kelgan kun bo‘lmaydi, darhol uzaman. Aka-ukalar hashar qilsa, “hormang, bor bo‘ling”ga chiqaman. Hazil-huzul, o‘yin-kulgi – mo‘l-ko‘l. Ilgari meni unchalik ko‘ziga ilmaydigan Bozor endi o‘zi bilan teng ko‘radigan bo‘lib qoldi. Har holda, menga shunday tuyular edi. Men ham ularning hurmatini joyiga qo‘yib yuraverdim.

Handaqdagi fil

Bu orada to‘rt-besh hovli narida yashaydigan Eshboy sho‘ro nevarasining qo‘lini halollash oldidan to‘y maslahati qildi. Biz tomonlarda to‘yning maslahati kamida yigirma-o‘ttiz kishilik ziyofat bilan o‘tadi. Qishloq magazinlarining tushiga ham kirmaydigan tansiq taomlar – go‘sht, kolbasa, pishloq dasturxonda uyilib ketadi, arag‘u konyak, vino deganingiz daryo bo‘lib oqadi. Eshboy sho‘ro ham to‘y maslahatiga o‘zining ko‘ngil yetarini terib-terib aytgan bo‘lsa-da, o‘ttiz chog‘li odam yig‘ildi. Qishlog‘imiz “kattalari” – kichikroq xos xonada, biz – “qora qozon egalari” o‘n ikki bolorli mehmonxonada o‘tirdik.
Bir yashik araqni shofyoriga ko‘tartirib Bozor ham keldi.
– Bizdan hozircha shugina to‘yona, rais buva, – dedi va men tomonga kibrli nazarini tashlagach, yana qo‘shib qo‘ydi: – To‘y kuni hali yana gaplashamiz!
Nazar poygakroqqa cho‘kmoqchi edi, ataylab yonimga, o‘rtaroqqa chaqirdim. Birpasdan keyin so‘ljayib kirib kelgan Qambar eshikning oldida qoldi. Aka-uka bordi-keldini uzgan. O‘zi novcha bo‘lgani bilan qoziqqa bog‘lab olti oy boqsangiz ham ustixoniga bir tishlam et inmaydigan bu odamga to‘rdan choy, poygakdan joy tegmay qolgan. Sal ichsa, quturib ketadi, hunar ko‘rsatmasdan qo‘ymaydi. Yurish-turishi bir alfozda. Soch-soqoli – patak. Egnidagi qirmizi ko‘ylagiga qachon sovun tekkanini Xudo biladi. Aftidan, xotini, bola-chaqasi ham qaramay qo‘ygan, bezor bo‘lgan.
U avvaliga, “biz ichishni tashladik”, deb biroz tarang qilib turdi-da, so‘ng araqni tuyaday simira boshladi. Nazar ham durustgina olyapti. Sirasini aytganda, uch aka-uka uch xil edi: saxti sumbatiyu rangi ro‘yi ham, fe’li xo‘yi ham. Nazarning bir siltovi desammikan, bir qaynatimi desammikan, kamroq. Dardi devonaroq. Sezdirmay puflasangiz, pufakdek shishib ketadi. Aslida, achchig‘lansa, bunisining ham Qambardan pesh joyi yo‘q. Qo‘yonchig‘i tutadi. O‘zi filday. Yo‘lini topgan bu “fil”ni ishga solib, huzurini ko‘rib yotadi. Maqtasa bas: “Nazar polvon turgan joyda boshqalarga xandaqda birov pishirib qo‘yibdimi!.. Qo‘shiqni Muhabbat Shamayeva aytsinu loyni Nazar polvon otsin-da, birodarlar!” Bunday gapdan keyin usta Nazar shimining lippasini himarib, o‘zini xandaqqa uradi. Bas deguningizcha loyni qoriydi. Pishitib, tepaga otadi. Ora-sira maqtab turilsa bo‘lgani: “O‘-o‘, qaddingdan, Nazar! Bir o‘zi o‘n jigitning ishini qiladi-ya!..”
Tentakka tel ber-da, qo‘liga bel ber.
Eshboy sho‘ro dasturxonga ovqat deganni uyib tashladi. Ziyofatning uchinchi taomi – qovurilgan kurka go‘shti kelganida men bosh chayqadim:
– Ah, sho‘ro aka-ya, shu ishingiz sal xom bo‘pti-da! Hay attang-a!..
Uy egasi bu gapimni Qambarni tadbirga bekor aytibsiz-da, deb tushundi, chamasi.
– Nima qilay, uka? Hamsoyachilik… Hammaning o‘z nasibasi bor…
– To‘g‘ri-yu, lekin Nazar oshnamiz anchadan beri kurka go‘shti yemay qo‘ygan-ku, – deb kishi bilmas ko‘z qisdim. – Xabaringiz yo‘q ekan-da. Mumkin emas. Jondaygina hamsoyangizning sog‘lig‘ini o‘ylamabsiz-da!..
Hazillashayotganimni sezib, mezbon kuldi.
– Gapim to‘g‘rimi, oshna? – dedim yonimda qora to‘niga o‘ranib o‘tirgan Nazarga qarab. – Kurka go‘shti, ayniqsa qovurilgan bo‘lsa, “sariq”qa chalingan odamni qiynab qo‘yadi-da.
– To‘g‘ri, – dedi Nazar. – Do‘xtir bizga parhez buyurgan.
Hammaning miyig‘ida kulgi o‘ynadi: “Ana, xolos! Kurka go‘shti araqdan ham zo‘r bo‘ladi, deyishardi, rost ekan-da, a?”
– Sizlar bemalol olaveringlar, – dedi Nazar qult etib yutinar ekan. – Biz choy-poyni maydalab o‘tiramiz. O‘rganib qolganmiz…
Dimoqni ham, ishtahani ham beayov qitiqlab turgan kurka go‘shtini maza qilib tushirdik, ichkilikdan paydar-pay oldik. Nazar devona yetimday shumsha­yib, so‘lagini yutib o‘tirdi. Laganlar yig‘ishtirilar mahal:
– Go‘shti-ku, mayli, – dedi tamshanib, – laganning tagidagi yog‘dan bir ho‘plasam qanday bo‘lar ekan, oshna?
– Zo‘r bo‘ladi! – dedim. – Faqat ko‘p ichmang…
U sopol laganni og‘ziga olib borib uzoq yaladi…
Pishitgan rejamning ibtidosi sinovdan o‘tdi.

Tush

Yodimda. O‘sha kuni quyosh qizarib botgan bo‘lsa-da, ufqni to‘sib olgan bahaybat qora bulut yurakni ezib, ikki chakkam tuni bilan zirqirib chiqqan edi. Mast uyquda yotgan ekanman. Aloq-chaloq tush ko‘rdim: boshi – irillagan it, keti – quyrug‘i katta hisori qo‘chqor qarshimdan chiqib, meni suzmoqchi – tishlamoqchi bo‘ldi. Otamning cho‘pon tayog‘i bilan boshiga solib, qoniga botirdim.
Ko‘rgan tushimni menga arshi a’lodan yuborilgan ishora deb tushundim. Lekin, yana ta’kidlayman, muhtaram professor, aka-ukalarga falakda kafan to‘ni bichila boshlaganini xayolimga keltirganim yo‘q. Minba’d!
Qo‘y qirqimga kelib, odamlar junni qopga quritib solayotgan mahal. Maktabda darslar siyraksib qolgani uchun kechroq borib, ertaroq qaytamiz. Shag‘al bosilgan ko‘chamizga kirganimda yana tanish manzaraning ustidan chiqdim: o‘kirgan, bo‘kirgan, so‘kingan ovozlar. “To‘yib olgan” Qambar xotiniga eshikni och, deb temir darvozani tepar, falakning qulog‘ini kar qilib baqirar edi.
Sal berida, uyining ko‘lankasida Nazar goh enkayib, goh cho‘nqayib qo‘y qirqayotir. Go‘yo o‘n qadam narida dunyoni boshiga ko‘tarib so‘kinayotgan yigitning unga aloqasi yo‘q. Go‘yo “tomosha” teatr sahnasida yoki televizorda bo‘layotiru Nazar uni ko‘rmayotir, eshitmayotir.
Nazar menga qaradi. Yuzimni teskari burib, ko‘rmaslikka oldim. Oqibatda shunday qilib, to‘g‘ri yo‘l tutganimga bot-bot amin bo‘ldim. (Keyinchalik sudda ham fojia yuz bergunicha Nazarga ham, belga ham ko‘zim tushmaganini aytdim. “Ishdan charchab, boshim qattiq qaqshab kelayotgan edim, – dedim. – Nazar polvon qayerdan, qanday paydo bo‘ldi? Ko‘rmay-bilmay qoldim”).
Ish ayni tobiga kelganini sezdim. Yaratganga tavakkal qilib, tadbirimni boshlasam bo‘laverardi.
Tomog‘imni qattiq qirib, atrofga yana bir marta sinchiklab razm solib oldim. Yaqin-o‘rtada odam zotining qorasi ko‘rinmayotganiga ishonch hosil qilgach, aka-uka eshitadigan ovozda hayqirdim:
– Yana janjalmi? Yana sharmandalikmi? Voy, tavba-a! – Qambar o‘kirishdan to‘xtab, men tomonga angrayib qaradi. Shilpiq ko‘zlaridan biror gapni anglaydigan darajada emasligi ko‘rinib turardi. – Akalarini qachongacha sharmanda qiladi bu bola-a?..
O‘ng ko‘zimning cheti bilan ko‘rdim: Nazar qaddini rostladi.
– O‘v, qoch! Qoch deyapman senga, Qambar! Qochmasang, hozir Nazar polvon kallangni sapchaday uzib tashlaydi! Qo-och!.. Senday ukaning boridan yo‘g‘i yaxshi!
Gapim go‘yo Qambarga aytilayotgandek bo‘lsa-da, aslida Nazarga qaratilgan, necha marta o‘ylangan, pishitilgan edi. Mabodo, biror begona quloq eshitib, da’vo qilganida, guvohlik berganida ham, pishang berish – giz-gizlash emas, aslida ogohlantirish bo‘lgani ko‘rinib, anglanib turardi. (Sudda ham shunday guvohlik berdim: “Ukasining isnodiga chidab turolmagan Nazar polvonning fe’li xo‘yi buziqligini sezib, Qambarni ogohlantirdim. “Qoch!” dedim, qochmadi…”)
Nazar shu gapimni kutib o‘tirgandek qaychini oyoqlari qantarilgan qo‘yning yoniga tashlab, devor tagida yotgan belni qo‘liga oldi.
Bel loy kesadigan “kaftcha” edi. Men loykesarni shungacha ko‘rganim yo‘q, ko‘zim tushgan bo‘lsa-da, Nazarning yerda yotgan belga yopishishi tushimga kiribdimi! Paxsachilar yaxshi biladiki, “kaftcha”ning yuzi oynaday silliq, qirrasi qilichnikiday o‘tkir bo‘ladi.
Ko‘nglimga falokat soya sola boshlaganini sezdim. Qichanibroq yurdim va o‘zimni ichkariga urdim. Darvozaning tirqishidan butun vujudim ko‘zga aylanib kuzatmoqqa berildim. Endi o‘ylasam, o‘sha mahalda mening inon-ixtiyorimni ham qasos o‘ti, ham izquvarlik havasi, ham g‘alaba nashidasi, ham qo‘rquv tuyg‘usi qamrab olgan ekan. Biroq qilayotgan har bir ishim, gapirayotgan har bir gapim menga huzur bag‘ishlayotganini anglab turgan bo‘lsam-da, shu kuni Nazar o‘z ukasining azroyiliga aylanishini, o‘zining ham paymonasi to‘la boshlaganini sezmagan, bilmagan edim. Men, o‘zimcha, Nazar ayiqday bo‘kirib turgan ukasini ikki-uch shapaloq ursa yoki tepsa, Qambar ta’zirini yesa, xayoli joyiga kelar, mening ham alamzada ko‘nglim sal taskin-tasalli topar, degan o‘ylarga borgan bo‘lsam kerak. Lekin Nazar tentak, Nazar guppi, Nazar devona unday qilmadi. Lopillab borib, belning qirrasi bilan ukasining chap o‘mrovidan soldi.
Qambar beliga o‘roq tushgan oqquraydek yerga quladi. So‘ng… Bo‘ldi qiyomat, bo‘ldi qiyomat. Jonim halqumimga kelib tomorqa osha maktab tomonga qochishga tushdim. O‘ladigan ho‘kiz boltadan toymas, hushiga kelgan devona belni ko‘tarib ustimga kelib qolsa, nima qilaman?..
(Tergovchi: “Nega aka-ukani ajratishga harakat qilmadingiz? Oraga tushish o‘rniga, qochib ketdingiz?” – deb so‘radi. Men to‘g‘risini aytdim: “Qo‘rqqanimdan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Xayolim joyiga kelib, qarasam, maktabimizning “Tarix” kabinetida qandaydir kitoblarni titib, dir-dir qaltirab o‘tirgan ekanman…” Tergovchi ham, sud ham, Bozor ham – hech kim mendan gumondor bo‘lolmadi.)
Qambarning janozasiga otam bilan birga chiqdik. Hovlisini odam tutib ketgan, birov Qambar bechorani ko‘mmakka, birov Nazar polvonni ko‘rmakka kelgan. Ostonada “ukamlab” turgan Bozorga bosh irg‘ab, hamdardlik bildirgan bo‘ldik.
U otamdan ham qorayib, kuyib ketgan edi.
Bir ukasini yer o‘z komiga tortib, ikkinchi ukasi qamalgan, ikki kelini bevayu yetti jiyani yetim qolgan Bozorning qanday ahvolga tushganini yozib o‘tirmayman. Mulla mingan eshakday yuvosh tortgan. Javdirashlarini ko‘rganning rahmi keladi. Uning ko‘hna kasali – “qandi” qo‘zigach cho‘pday qotib, somonday sarg‘ayib ketdi.
Keyinchalik qamoqdan surobi to‘g‘ri bo‘lib kelgan Nazar ham ko‘p yashamadi. Jigari kasal emasmidi, qon qusa-qusa rost dunyoga ravona bo‘ldi.
– Uchovi ham o‘zining boshini o‘zi yedi! – dedi otam.

To‘y to‘yday bo‘lsin

Muhtaram professor!
O‘zimning bir ojizligimni tan olaman: bo‘lgan voqeada mening qo‘lim borligini pisanda qilishdan o‘zimni tiyib, sirimni ichimga sig‘dirib turolmadim. Endi o‘ylasam, o‘sha kezlarda o‘zim amalga oshirgan xufiyona ishlardan sarmast, aqlu hushimni iblisi lainga butkul boy berib, harislik yo‘liga tamomila kirib ketgan ekanman. Bir shirakayf davrada Bozorni o‘ldirmasam ham, o‘lgandan battar qildim:
– Nazarboyni o‘sha kuni “Qoraqo‘ng‘iz”ning bolasi bir gap bilan chaqib, o‘ynoqlatib tashlagan ekan, deb eshitaman!
U menga yalt etib qaradi. Qaradiyu gap nimadaligini tushunganday bo‘ldi. Men: “Xo‘sh, endi qalaysan?” degandek uning qorachiqlari kengayib ketgan ko‘zlariga kulimsiragancha tikilib turaverdim. Chunki bilardimki, uning qo‘li allaqachon kalta tortib qolgan, bozori o‘tib bo‘lgan. Zamon o‘zgargan.
Gapimga Bozorning harchand ishongisi kelmayotgani sezildi. Ishonay desa, bir gap – “bir chaqish” bilan ikki odamni go‘rga tiqish amri mahol. Ishonmay desa, jigarlari – yer komida. Davrada hech kimga gap bermay o‘rgangan odamning tili kesilganday bo‘lib qoldi.
Men o‘zimni sarxushlikka oldim.
– “Qoraqo‘ng‘iz”ning bolasi yana bir gapni aytgan emish, – deb shipshidim uning qulog‘iga.
– Him?! – deb yubordi u beixtiyor va menga hadik bilan qaradi.
– Kim oldimga ko‘ndalang bo‘lsa, hammasini chalib tashlayman, debdi. O‘tmas pichoq yomo-on so‘yadi-da!
Banogoh aytilgan bu gaplarni Bozor na hazilga yo‘yib kularini, na jiddiy tortib, biror so‘z aytarini bilmay qoldi. Qattiq seskanib ketgani sezildi. Ajal ko‘lankasini his qilganida odamni ana shunday qattiq vahima bossa kerak. Xayolida kimdir uning bo‘g‘ziga, biqiniga pichoq tortib yuboradiganday tuyulaveradi. Mening niyatim ham aslida shunday – uni tahlikaga solib, tomosha qilish edi. Masxaraomuz ishshayib turaverdim. Uning rangida rang qolmadi. Bozor ajal sharpasini sezgan edi.
– Jonga ishonch yo‘q, – dedim yana. – Bir piyonista ukaga yaxshilik qilaman deb, ikki jonga zomin bo‘lish hech gap ema-as!..
U tamom bo‘ldi. Men esa ming yillik nasiyasini undirgan tujjorday dimog‘im chog‘, bosib-bosib ichdim, qah-qah urib kuldim…
So‘ng yana bir ishga qo‘l urdim. Dilimga qasdni maromiga yetkazmoqlik tamannosi tushdi. Shu qilmishim, g‘ofilligu, ojizligim, yo‘q, kajligim uchun o‘zimni hech qachon kechirmayman. Kechira olmayman! Hech qachon!
Endi, oradan shuncha yillar o‘tgach, eslasam vujudim olovga aylanib ketadi. Nazarimda, o‘sha kezlari ozurda ko‘nglim o‘zim, ota-onam, yetim qolgan jiyanlarim chekkan xo‘rliklar, sitamlaru xorliklarni Bozor ham tirikligida bor bo‘yi bilan ko‘rishini, his etishini, ezilishini, “to‘y to‘yday bo‘lishini” juda-juda istagan!..
Avvaliga o‘zimni shunday deb ovutgan, o‘zimga taskin bergan, qilmishlarimni intiqom o‘tining vasvasasi bilan oqlagan edim. Keyinchalik o‘ylasam, bu – o‘taketgan nodonlik, yo‘q, palidlik ekan. Men o‘yinga berilib ketib, sahnada Dezdemona maqomini ijro etayotgan ayolni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan aktyor holiga tushgan, me’yorni unutgan ekanman. Bozor ukasi Qambarni savqi tabiiy ravishda himoya qilgan bo‘lsa, mening maqsadim butunlay aksi – aka-ukalardan o‘ch olish, ularni ezish, el-yurt oldida tahqirlash va badnom qilishdan beri bo‘lmagan! Endi-endi iqror bo‘lmoqdamanki, yolg‘on va fitnaning haddi-hududi yo‘q, ko‘lami bora-bora ortsa ortar ekanki, kamaymaydi…
Muqoyasam Sizga balki dag‘al tuyular. “Ho‘kiz o‘tdan to‘ymasa, yotmaydi”, derdi rahmatli otam. Men qasdlashib to‘ymagan alamzadaga, yovuzga aylangan edim!
Bir kuni topgan-tutgan kiyimlarimning eng po‘rimlarini egnimga ilib, go‘shangaga kirayotgan kuyovdek bo‘lib shaharga yo‘l oldim. Pedinstitut darvozasining oldiga mashinamni ko‘ndalang qilganimda kun qiyomga kelgan edi. Bir to‘da ayolga qo‘shilib Qambarning xotini chiqib keldi. Yasangan-tusangan. Mullato‘rg‘ayning kallasiday kichkina boshchasiga tang‘ilgan harir ro‘moli yarashgan. Meni ko‘rib, chamasi ko‘zlariga ishongisi kelmay, taqqa to‘xtab qoldi. Zeb berilgan bigiz barmog‘ini gajak burunchasining uchiga tekkizdi.
– Ibi, domulla! – dedi og‘zidagi saqichini qarsillatib chaynar ekan. – Tinch­likmi?
Boshlang‘ich sinflarga saboq beradigan bu ayolning ko‘ngli menga sust ketib yurganini sezar edim. Shuning uchun dadil gapirdim:
– Tinchlik, – dedim. – Bir xonimni kutib turibman. Ismlari – Jongul!
– Rostdanmi?
Shartta oldi eshikni ochdim:
– Yolg‘on bo‘lsa, mashinamga minmang!..
Lorsillagan siynasini ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘radigan bu juvon yo‘lga tushishimiz bilan menga qiya-qiya, suzilib-suzilib boqib, qiqir-qiqir kula boshladi. Ayol kishiga unchalik yarashmaydigan qiliqlarni qildi:
– Endi meni qayerlarga olib borasiz, akajon?
– Qayerlarga olib borishimni istaysiz?
– Siz yur desangiz, dunyoning narigi burjiga bo‘lsayam ketaveraman!..
Ayol mendan ko‘zini uzolmas edi. Uning xayolidan ne bir totli orzular kechayotganini sezib turar edim. Boshqalarga, ayniqsa, ayol zotiga yoqish qanday maroqli. Men chor chiziqli chiroyli qizil dastro‘molimni olib, o‘ng qo‘lim bilan yuzimni artgan kishi bo‘ldim. Dastro‘molim toza-ozoda. Dazmollangan. Xushbo‘y atirlar purkalgan. Ro‘molchamning o‘zi ham mening kimligimni aytib, ko‘rsatib, yonimda o‘tirgan hurliqoning jonini halqumiga keltirib turar edi. To‘shalib yotgan qornim bo‘lmasa-da, biqinimni ichimga tortibroq o‘tirardim.
Yashirmayman. Mashinamni ovloqroq joyga burib, tirsillagan tizzasini tizzamga, o‘tdek kuydiruvchi bilagini tirsagimga dam-badam tekkizib olayotgan ayolga och bo‘ridek tashlangilarim keldi. Tashlansam, yo‘q demasdi. Murodimga yetardim. Lekin, xiyonat, harom-xarish yurish odatimda yo‘q. Ishoning, shu yoshga yetib begona ojizaning qo‘lini ushlagan erkak emasman. Ra’yiga qarasangiz, tantiq ko‘ngil nimalarni tusamaydi deysiz. Qolaversa, erini o‘ldirib, xotinining og‘ushiga kirish uchun odam Xudodan qaytgan maxluq bo‘lishi kerak.
– Sabrning tagi – sariq oltin! – dedim sirli kulib. – Shoshilmang!..
Ovul o‘rtasidagi baland qirda, pochtaxona bilan qishloq sho‘rosining o‘rtasida to‘xtadik.
– Ijozatingiz bilan sizni shu yerda tushirsam, – dedim Jongulga. – Buyog‘i uyingizgacha – to‘rt qadam. Men pochtaxonadan otamning pensiyasini olishim kerak. Innankeyin, ikkalamiz qishloq oralab yurganimizni biror erkak ko‘rsa, hasaddan o‘lib-netib qolishi mumkin…
Er yigitning og‘ushi, erkalashu shirin gaplarini sog‘ingan suqsurdek juvonga bu lutfu iltifotim yoqdi. Lekin og‘ir xo‘rsindi va ittifoqo o‘ta muhim bir gap esiga tushgandek yuzlari yorishib ketdi:
– Oylik olgan kunimiz sizni bir joyga taklif qilsam bo‘ladimi?
Nega bunday dedi, bilmayman. Balki meni xarajatdan qochdi, degan xayollarga borib, qitiq patimga tegmoqchi bo‘lgandir. Balki samimiy aytgandir. Ehtimol… Sababini juvondan o‘sha mahal ham, keyinchalik ham so‘ramadim. O‘zimni undan mudom olib qochib yurdim.
– Faqat shoshilmay turasiz, – dedim quruqqina qilib. – Eshik ichkaridan ochilmaydi. Kecha dastagi tushib qolgan edi savilning.
Men aylanib o‘tib, eshikni ochdim va Jongulning terdan nam tortgan oppoqqina, qaynoqqina qo‘lidan ushlab, mashinadan ohista suyab tushirgan bo‘ldim. Yo‘q, shu topda eski avtomobildan tushgan juvon Bozor mo‘ndining ukasi – Qambarning bevasi, bechora bir qishloq ayoli, muallimasi emas, oliymaqom bir zot, balki buyuk bir saltanatning qirolichasi edi. Odatda qirolichai ozodalar tantanali marosimlarga qadam ranjida qilganlarida ana shunday yuksak hurmat, salobat va fasohat bilan kutib olinadi va ulovidan tushiriladi. Atrofida ahli kibor, ahli saltanat tavoze bilan bosh egib, some turadi.
Men ham sezib, his qilib turar edimki, atrofdagilar – pochtaxonaning soyasida o‘tirgan bir to‘p bekorkasal ham, qishloq sho‘rosi idorasining derazasidan sinchkov mo‘ralab turganlar ham, men Qambarning bevasiga ko‘rsatayotgan “yuksak iltifot”dan og‘zi ochilib qolgan.
– Qani buytibgina yuribsiz, domulla? – dedi bekorchilardan biri, kimligi hozir yodimda yo‘q, sigaretamni chaqmoqtoshidan tutatib olayotganimda sirli tirjayib.
– Yigitning yaylovi – sanamning to‘shi, degan gapni eshitganmisiz? – deb ilmoqli javob qildim men. U “yo‘q” ma’nosida yelkasini uchirdi.
– Yaylovdan kelyapman! – dedim men va ko‘zimni sirli qisib qo‘ydim. – Domullaning oti yem yemaydi, deb sizga birov aytganmidi?..
– Chekmasdingiz shekilli?
– Ichmasdim ham!
Odamlar orasida gap yotarmidi? Bu gaplarim – tutantiriq, bir zumda katta alangaga aylanib, butun qishloqqa yoyilishiga shubham yo‘q. Alanga o‘rnidan turolmay yotgan Bozorning to‘shagigacha yetib boradi, uni kuydirib, kulga aylantiradi.
Muhtaram professor! O‘shanda shayton sezdirmasdan afsunini avjga chiqarganini, men osiy esa unga butun inon-ixtiyorimni topshirib, nag‘masiga yo‘rg‘alashdan boshqa ishga yaramay qolganimni sezgandek bo‘lgan edim. Biroq o‘zimni to‘xtatishga na sanginlik va na tamkinlik topa oldim. Ojizligimni juda kech angladim. Anglaganimda sahifai a’molim qilmishlarim bilan “beza­lib” bo‘lgan edi.

Qibladan esgan sovuq shamol

Bunga Bozor bilan bo‘lgan suhbatdan keyin tamomila amin bo‘ldim. O‘sha kunlari u ikki marta chopar yubordi. Uni-buni bahona qilib bormadim. Nokasning bo‘sag‘asiga ulla-bulla qadam bosmayman, deb ahd qilgan edim. Oyog‘im ham tortmadi: nodondan uzoqroq yurganning boshi salomat bo‘lgay. O‘g‘li uchinchi marta kelib, otasining ahvoli juda og‘ir ekanini aytgach, bir juft nonning ustiga uch bosh uzum qo‘yib, chiqdim. Lekin hadigim bor ediki, u yana bir baloni boshlamasa go‘rga.
Shiddat bilan yog‘ayotgan yomg‘ir hamma yoqni ko‘lobga aylantirib yuborgan, qibladan esayotgan kuchli shamol badanni teshay deydi. Faqat ko‘cha chetidagi baland qayrag‘ochgina yomg‘iru shamolga pinak buzmay, bardosh berib turganday.
Boshi oq belbog‘ bilan tang‘ilgan Bozor uzun xonaning to‘ridagi yog‘och karavotda shiftga qarab yotgan ekan. Sharpamni sezib, cho‘chib ketganday men tomonga ilkis o‘girildi va turmoqqa shaylandi. Dimog‘imga dori aralash zax hidi urildi.
– Urinmang, – dedim salomlashar ekanman yelkasidan sekingina bosib. – Bemalol dam olavering…
“Aka” degilarim keldi. Deya olmadim. Tilim bormadi. Rahmim keldi. Mening ko‘zlarim o‘rgangan, ko‘cha-ko‘yda gulduros solib yuradigan basavlatu baqaloq, dadil Bozordan asar ham qolmagan. Yaproq gulli ko‘rpa-yostiq orasidan eti ustixoniga yopishib, baqbaqalari dami chiqqan pufakdek shalvirab, bo‘yinlari tirishib qolgan cholning majolsiz, sarosima to‘la ko‘zlari yiltirab ko‘rinar, arang qimirlayotgan, qurib-qovjiragan lablaridan qon sizib turar edi.
Yonidagi oq tumba ustida bir xiyla dori, g‘ilof yopilgan choynak.
Ikki hamsoya ozroq tumtayib o‘tirdik. Mezbon gap qotdi:
– Og‘zimni yara bosib ketgan, – dedi u. – Tishdan qolmadi.
– Rangi ro‘yingiz yaxshi-ku, – deb taskin bergan bo‘ldim. Lekin men bu yerga Bozorning ko‘zyoshlarini artgani kelgan emasdim. Sudlashayotganlar bir-birining ko‘zyoshini artmaydi.
– Endi u yoqda yaxshi bo‘ladi, – u qabriston tomonga imo qildi.
Qayerdadir o‘qiganim: “Har kishiga go‘rda yotmoq muqarrar bo‘lsa, uyda yotmoqqa imkon bo‘lmas”, degan gap xayolimdan o‘tdi. Negadir aytgim, chaqib-chaqib olgim keldi. Ilojsiz edim, tilimni tiydim.
– Insulin ham kor qilmay qo‘ydi, – dedi bemor inqillab.– Do‘xtir hozir ham ninasini sanchib ketdi. Tezroq o‘lsamu bu dunyoning azoblaridan osonroq qutulsam…
Endi: “U dunyoda rohat-farog‘atda yashashingga shunchalik aminmisan?”– deb yuborishimga sal qoldi. Yana tilimni tishladim. Ming qilganda ham qarshimda yotgan – bemor.
– Yaxshi niyat qiling, – dedim xushhollik bilan va gapim samimiy chiqqaniga o‘zim ham hayron qoldim. – Bir terining ichida qo‘y necha marta semirib, necha marta ozadi.
Ayni navozishdan so‘ng Bozor birpas sukutga ketdi. Chamasi, menga aytmoqchi bo‘lgan gapini qanday boshlashni suroblayotgan edi. Derazaga qaradim. Yomg‘ir zabtiga olgan. Shamol ishkomdagi toklarning sarg‘ayib so‘lgan so‘nggi yaproqlarini ayovsiz tortqilab o‘ynamoqda edi.

Toklar ko‘miladigan payt

– Uka!
Men cho‘chib tushdim. Bu gal Bozorning ovozi ancha dadil chiqdi. Chamasi, boya olgan muolajasi quvvat bera boshlagan edi.
– Uka! Nechchi kunlik umrim qoldi, bilmayman. Ko‘zim ilindi deguncha, rahmatli ukalarim tushimga kiradi. “Buyoqqa keling!” deb imlaydi. Shu tong ham ikkalasi idoramga keldi. Meni Qambarning mashinasiga mindirib, qayoqqadir olib ketdi… “Yo‘l bo‘lsin?” desam, “Otam chaqiryapti” deydi… Domulla! Mendan sizga sitam o‘tgan bo‘lsa, kechiring!
“Kechiring?” Xayoling endi joyiga keldimi? Besh yil burun, ota-onam “bolam”lab yotganida qayerda eding? Ukalaring qo‘chqorday o‘ynoqlab yurganida qayerda eding, Bozor? Shu birgina “kechiring” degan so‘zni tilga olishing uchun enangni Uchqo‘rg‘onda, xumday boshingni jodining orasida ko‘rishing shartmidi?
“Nortuya tiz cho‘kdi. Tiz cho‘ktirdim-ku enag‘arni!..”
Bir yo‘lchivin tashqariga chiqmoqchi bo‘lib, derazaning kir oynasiga urilgancha jon talvasasida vizillar edi. Adashgan chivinga so‘zsiz tikilib qoldim. Issiqqina xonada jon berganing yaxshi emasmi, jonivor? Tashqari sovuq. Zax. Kesakday qotib qolasan-ku.
Bozor yana tilga kirdi. Aytdiki, mening ko‘zimni-ku, bir hovuch pul – bir hovuch pista po‘chog‘i shapaqlantirib qo‘ygan ekan! O‘zimni juda boy-badavlat, zodagon chog‘lay boshlagan ekanman. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, uka. Men-ku shu darajada nodon, basir ekanman. Sizni qanday jin urgan edi? Sizning xayolingiz joyida, aqlingiz raso edi-ku. Men, haqmi-nohaqmi, bechora ukamni himoya qilgan bo‘lib, o‘zimni har ko‘yga soldim. Uch bolasi sag‘ir qolmasin dedim. Bilasiz, Qambar bechoraning o‘zi ham yetim o‘sgan edi. Kun ko‘rmay ketdi. Uchalamiz ham birovlarning bo‘sag‘asida sarg‘ayib o‘sgan edik, uka… Qambar bechora xotinini o‘lguday yaxshi ko‘rardi…
Bemor tomog‘iga bir narsa tiqilganday to‘xtovsiz tamshanib, yutinib qoldi. Choy quyib berdim. Yutoqib ho‘pladi.
– Ukam xotinini o‘lguday yaxshi ko‘rardi, – dedi u. – Hammadan, hatto Nazar bilan mendan ham rashk qilardi. Xotini to‘rt o‘g‘ilning o‘rtasida ra’yi qaytmay o‘sgan arzanda qiz. Ukamni unchalik nazariga ilmasdi. Qambar bechora nimalarnidir sezganday bo‘lib, alamidan ichardi.
Indamadim. Nazarimda, Bozor uzoq gapirishga chog‘langan edi.
– Ayting, mening o‘rnimda siz bo‘lganingizda nima qilardingiz? – deb so‘radi u bexosdan.
Men boshimni ilkis ko‘tardim. Gapirmadim. Nima demoqchi bo‘lganimni u, chamasi, tundlashgan tarzimdan anglagan edi: “Mening o‘rnimda siz bo‘lganingizda nima qilardingiz? Axir mening ukam Bobodo‘st ham go‘ngning, nurining orasidan bodrab chiqqan bo‘rikalla emasdi-ku!”
Bozor yuzini teskari burdi. Chivinning vizillashiga quloq tutganday ko‘zlarini yumgancha ancha tek yotdi.
– Hamma ko‘rgiliklarni siz uyushtirganingiz rostmi? – dedi ohista. – Idoramga ataylab un so‘rab borganingiz? Biz bilan ataylab apoq-chapoq bo‘lib ketganingiz? Qarz-qavala qilib turganingiz? Keyin Nazarni Qambarga pishang berib urdirganingiz?.. Hammasini ataylab… qasddan uyushtirganingiz rostmi?
Iqror bo‘lishni ham, inkor etishni ham bilolmay, bir lahza jim qoldim. Bir lahza. Nega yolg‘on gapirishim kerak? Iqrorim Bozorning ajalini tezlatishini sezib, anglab turar edim. Baribir o‘zimni tiya olmadim.
– Ha. Rost.
– Hamma-hammasimi?
– Ha.
– Jongul kelinni ataylab yo‘ldan urganingiz ham rostmi?..
– Ha. Rost!..
– Yo‘g‘-e?.. Shu darajada… shu darajada… palidmisiz, uka?.. Erini o‘ldirib, xotiniga ko‘z olaytirdingizmi? Bunday harom, bunday iflos ish qanday qo‘lingizdan keldi?.. Uyalmadingizmi?.. Axir hamsoya edik-ku!
– Ib-e!.. – Tomog‘imga bir narsa qattiq tiqildi. – O‘zingiz-chi, aka? O‘zingiz ukam rahmatlining ayolini mashinangizga mindirib yurishdan or qilmadingiz-ku? “Hamsoya edik!” “Aka-uka edik!” “Uyat!” Bular endi esingizga tushdimi?..
– A? Menmi?.. Qachon? Kimni?.. Bobodo‘stning xotinini?.. Ha-a, ha!.. Bir marta… Bir marta mindirganman…
– Mindirganmisiz?
– Ha, – u hansiray boshladi. – Tan olaman, uka. Lekin… lekin men Bobodo‘st bechoraning xotiniga qo‘limni ham tekkizganim yo‘q. Bunday niyatim ham bo‘lmagan. Xudo – shohid. Shofyorimdan so‘rashingiz mumkin… Bir kuni majlisdan qaytayotsam, shaharning chetidagi ostanovkada… bir ayol turgan ekan. Qosh qorayib qolgandi. E’tibor bermabman. Ancha o‘tib ketganimizdan keyin shofyor aytdi. “Bobodo‘st bechoraning xotini ekan”, dedi. Qaytdik. Shofyor eshikni ochishi bilan ayol bechora ichkariga qarab jon holatda talpindi! Talpindiyu, menga ko‘zi tushib haykal bo‘p qoldi. “Chiqing, singil! – dedim. – Havo juda sovuq… Chiqing!” Pochtaxonagacha olib keldik. Egnida durustroq kiyimi ham yo‘q. Oyog‘ida eski kalish. Tishi tishiga tegmay qopti bechoraning. Kela-kelguncha ko‘z yoshini tiya olmadi. Sezdim. Ukasi erini o‘ldirgan odamning mashinasida ayol boshi bilan yurish osonmi. Ayniqsa, kech kirganda. Ezilib ketdim. Yetimgina bolalarini ko‘z oldimga keltirdim. Xo‘rligim keldi. Ishoning! Yetimlik nimaligini boshqa bilmasa ham, men yaxshi bilaman, uka!.. Otam bechora suvga cho‘kib o‘lganidan keyin enam ham ko‘p yashamagan. Uch go‘dak uch qarindoshimizning uyiga bo‘linib, o‘ksib qolganmiz…
Bozorning yelkasi titray boshladi.
– Kelin… keliningiz kasalxonaga, betob onasini ko‘rgani borgan ekan… Ertasi kuni Eshboy sho‘roga aytib, nafaqaxo‘rlar ro‘yxatiga ilashtirib qo‘ydim. Uyiga bir qop un jo‘natdim. Minnat qilayapti demang. O‘zi asrasin bunday gunohdan. Ha, O‘zi asrasin! Lekin o‘sha qishda keliningiz katta hamshira lavozimiga ko‘tarilganidan sizning xabaringiz ham yo‘q… Xudo bo‘lmasam, payg‘ambar bo‘lmasam, poshsho bo‘lmasam! Qo‘limdan kelgani shu-da, uka!.. Sizning yoz-ha yozingiz bilan Qambar bechora qamalib ketganida, bu dunyoda yetimlar ko‘payganida, kimning arpasi erta pishib, xirmoni g‘allaga to‘lar edi?.. Ayting, kimning? Ikki ukam, ikki jigarim juvonmarg ketdi. Hech kimning arpasi erta pishmadi-ku! Yo pishdimi?!.
Ichimdan og‘ir xo‘rsinish, dard bosib keldi. Qo‘llarim titray boshladi. Bemor menga yosh to‘la ko‘zlarini tikib turganini sezib, his qilib turar edim.
– Ukalarimni o‘ldirganing kammidi? – dedi u birdan. – Nega kelinimga ko‘z olaytirding? Bundan ko‘ra to‘g‘ri kelib boshimga oybolta bilan solsang bo‘lmasmidi? So‘ysang bo‘lmasmidi meni? O‘zing aytgan o‘sha o‘tmas pichoq bilan so‘ysang ham mayli edi!.. Beda qirqadigan jodiga solsang ham mayli edi! Shuncha isnodni endi u dunyoga qanday ko‘tarib ketaman?.. Insofing bo‘lsa, ayt! Qanday?!
Men katta-kichik dori qutilariga baqrayib qarab qoldim. Nigohimni uzolmasdimu lekin ularni ko‘rmas, anglamas ham edim. Birov go‘yo bexosdan tos tepamga musht tushirib, ikki chakkamga shapaloq tortganday, quloqlarim bitib qoldi. “Ukalarimni o‘ldirganing kammidi?..”
Seskanib ketdim: “Men odam o‘ldirdimmi? Qachon?.. Men qotilmanmi?..” O‘sha kungacha qilmishlarimni, yuz bergan voqealarni go‘yo o‘yin, birovning boshidan o‘tayotgan kirdikor hisoblab, zamiridagi fojia, musibatu kulfatlarning mohiyatini, yukini, g‘amini, alamini his qilmagan, qilsam-da, tan olmay yurgan ekanman. Mening giz-gizim bilan hali ikki yigit nobud bo‘ldimi?
“Ukalarimni o‘ldirganing kammidi?..”
Achchiq alam, cheksiz nafrat to‘la bu savol yuragimga nashtardek sanchildi. Shu topda had degan bebaho ne’matni xarislik deb atalmish siyqa tangaga osongina almashtirib yuborganimni anglagandek bo‘ldim. Insonning fojiasi shundaki, u amal qilishdan ko‘ra, talab qilishga ko‘proq moyil bo‘ladi.
– Ko‘z olaytirib nima qilibman? – Ovozim titrab-qaqshab, juda dag‘al chiqqanini va uzoqdan, juda uzoqlardan eshitilganini sezdim. Odatda urishmoqdan beri bo‘lib tortishayotgan odamning ovozi shunday shang‘illab ketadi. – Pedinstitutga ish bilan borgan edim. Jongul chiqib qoldi. Malaka oshirib yurgan ekan. Birga olib kelib, siz aytgan o‘sha pochtaxonaning yonida tushirdim. Lekin mening shofyorim yo‘q. Rulda o‘zim edim.
– Qavatingizda o‘tirgan edimi?
– Ha. Yonimda o‘tirsa nima bo‘pti? Lekin men ham unga qo‘l tekkizganim yo‘q…
– Qasam ichasizmi?
– Yo‘q! Ichmayman! Qasamga arzimaydi. Ishonsangiz – shu. Ishonmasangiz ham o‘zingiz bilasiz.
– Ishonmayman!..
– Nachora. Sizga – yolg‘on, Xudoga – chin.
Boya Bozorning o‘g‘li oldimga suzib qo‘ygan piyoladagi choydan ho‘pladim. Sovib qolibdi. Bemorning hiqillagani eshitildi.
– Shu mish-mish meni yiqitdi, – dedi u. – Eshboy sho‘ro o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ekan…
– Odamzodni g‘iybat, yerni sho‘r buzadi, – dedim birpasdan keyin va ovozim muloyim tortganini sezdim. – Qo‘ying. Endi foydasi yo‘q.
– Endi… Endi nima qilamiz, uka? Meni kechirasizmi?

“Endi” emish! Besh yil hammani o‘tda yoqib, bugun topgan gaping shu bo‘ldimi? Erkakmisan o‘zi?”
Shu topda qarshimdagi odam o‘lim to‘shagida yotgan xasta emas, dadilroq bo‘lganida, balki urib abjag‘ini chiqarar edim. Qo‘lim bilan bo‘lmasa, gapim bilan urar edim. Bir umr esidan chiqmaydigan qilib urar edim! Koshki shunday qilolsam! O‘zimni bosdim. Boshqa ilojim yo‘q edi.
– Besh yil oldin qayerda edingiz? – dedim ovozim titrab. – Shu gapni loaqal Eshboy sho‘ro uyingizga murosaga chaqirib borganida aytsangiz bo‘lardi-ku?
– Kim? Eshboy sho‘ro? Qachon?..
– Esingizdan chiqibdi-da? Ob-bo! Kimni, qachon mashinangizga mindirgansizu tushirgansiz, qaysi xotinga nechchi qop un bergansiz… Eslaysiz. Eshboy sho‘ro qachon oraga tushib borgani yodingizda yo‘q… Buni qarang! Yana birovlardan o‘pkalaysiz!.. Suf-e sizga!..
– Yo‘q! Yo‘q, bunday demang. Jon uka, bunday demang! Shoshilmang! Esimda! Juda yaxshi esimda! Sizlarnikidan chiqib kelgan edi… menikiga. To‘g‘rimi?
Men zarda aralash sezilar-sezilmas bosh irg‘adim.
– Esimda. Juda yaxshi esimda, – deb takrorladi u. – Uy to‘la mehmon edi. Endi yashirib nima qilaman. Oradan shuncha yil o‘tdi. Qambarning ishini “to‘g‘rilashga” yordam bergan akaxonimiz kelgan edi. Shahardan. Ayoli bilan. Shirbozxo‘rlikka. Uchtami-to‘rtta mashinada. Durustgina kayfim bor edi. Bir payt sho‘ro kep qoldi. Aybim – uni ichkariga kiring, demadim. Kirgisi keldi. Mehmonlar bilan o‘tirgisi, “beshta-beshta” olgisi keldi. Bilasiz, ichishni, gap sotishni yaxshi ko‘radi. Lekin og‘zi bo‘sh, birovlardan suyunchi olishga ishqiboz. Qulog‘imning tagida nimalardir deb ming‘ir-ming‘ir qilyaptiyu, dam o‘tmasdan mehmonxona tarafga qarab qo‘yadi. Haliyam ko‘z oldimda turibdi. “Keyinroq gap­lashaylik” desam, ko‘nmadi. Menga po‘pisa qilmoqchi bo‘ldi. Baqirib yubordim. “Xudodan boshqa hech kimdan qo‘rqadigan joyim yo‘q!” dedim. Bo‘lgan gap – shu, uka!.. Eshboy sho‘ro elchi bo‘lib kelganini tush bilibmanmi? Soch tolasining ham soyasi bo‘ladi, uka. Kechiring! Shu yukni u dunyoga yelkalab ketmay…
– “Qoraqo‘ng‘iz”ning bolasi-chi? “Qoraqo‘ng‘iz”ning bolasidan qo‘rqadigan joyim yo‘q, deganingiz-chi?
– Yo, tavba!.. Yo, astag‘furilloh! Uka, shu yoshga kirib inson zotini laqabi bilan atagan odam emasman. Atagan bo‘lsam, og‘zimga sig‘may yotgan shu tilginam kesilsin! Tilim bormaydi. Sababini bilasiz… Rahmatli otamning otiga ham birovlar yomon so‘zni qo‘shib gapiradi… Ba’zan yuzing-ko‘zing demasdan, oldimda ham aytadi…
Men tasdiq ma’nosida bosh irg‘adim: o‘sha so‘z “kal” edi.
– O‘zimga ravo ko‘rmaganni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman, uka… Meni kechiring. Men, ahmoq, ukangiz rahmatlining janozasi kuniyoq otangizning oyog‘iga bosh urib, kechirim so‘rashim kerak edi. Nodonligim, xomligim shunda. Otangizning achchiq ustida ur kaltak, sur kaltak qilib qolishini o‘ylab, borishga didim olmadi. Buni yetim o‘sgan biladi. Tushunadi. Sag‘irning doim ikki yelkasi qisilgan, ko‘zlari yerga qadalgan bo‘ladi, uka. Ikki tizzasi mudom qaltirab turadi… Har kimning suyanadigan tog‘i bo‘lsin ekan!.. Keyin… keyin otangiz rahmatli salomimga alik olmay qo‘ydi. Siz bo‘lsa u yoqdan bu yoqqa ustimdan yozishga tushdingiz. Qachon qaramang – komissiya, qachon qaramang – tekshir-tekshir… Meni ado qildi. Ota-bola shunchalikka borasilar deb o‘ylamovdim! O‘rligim tutdi…
Sezdim, tortishuvimiz ikki g‘animdan ham ko‘ra, ikki ginador qarindoshning o‘pkalashuviga o‘xshab keta boshladi: “Sen mening to‘yimga kelmading!” “O‘zing-chi? O‘zing ham otam bandalik qilganida bir og‘iz ko‘ngil so‘radingmi?..”
Mavridi keldi. Bozorning idorasiga bosh urib borganimni eslatdim. O‘shanda xayolingiz qayerda edi? Loaqal, ko‘ngil uchun, odamgarchilik uchun: “Uzr, uka, bizdan ham ayb o‘tdi”, desangiz otdan tushib qolarmidingiz?
– Idoramga kelganingizda?.. – U chaynalib qoldi. – Ha-a… Esimda. Uzr so‘ramoqchi bo‘ldim. Xudo haqqi. Sezgan bo‘lsangiz, g‘imirlanib, titrab-qaqshab qoldim. Beozorroq qilib aytish yo‘llarini qidirdim. Bor-ey, yoqsa-yoqmasa aytaman, deb bir irkildim. Lekin ko‘zingizni lo‘q qilib, qahr bilan tikilib turganingizni ko‘rib, tilim aylanmay qoldi. Janjallashib ketishimizdan qo‘rqdim…
Tortishuv foydasiz ekanini sezdim.
– Uyingizga kelgan o‘sha shaharlik mehmoningiz kim edi? – deb so‘radim horg‘inlik bilan.
– Ergash aka. Ergash mo‘ylov, desangiz Surxonda hamma taniydi. Tilla odam!.. Lekin xotini ruxsat bermasa, hojatxonaga ham borolmaydi bechora, – u kulgandek bo‘ldi. – Yanga shirbozni yaxshi ko‘radi…
Ichimdan ko‘tarilib kelgan zaharxandani qasddan yuzimga chiqardim: bu dunyodagi jamiki musibatlarning ildizi ta’magirlikka borib taqaladi.

* * *

Ko‘klam nafasi sezilib qolgan bo‘lsa-da, hali hamal kirib, dov-daraxtlar yaproq yozmagan, hali mo‘rilardan tutun arimagan edi. Ota-onam, ukamning qabrini ziyorat qilgim keldi. Nega ittifoqo bunga ehtiyoj sezdim? Bilmayman. Balki ularning issiq taftini, mehrini qo‘msagandirman. Balki g‘oyibona dardlashgim kelgandir. Ehtimol, shu yo‘l bilan tavba-tazarru qilib, xayolimni bosib, ruhimni ezib yotgan og‘ir o‘ylarni, yolg‘izlikni o‘zimdan quvgim kelgandir.
Qabristonga jo‘nash oldidan mashinamni darvoza oldiga chiqarib astoydil yuvdim. So‘ng o‘zim ham poklanish, ham kiyimlarimni almashtirish uchun ichkari kirdim. Chiqib qarasam, ulovimning to‘rttala shinasi ham puchayib yotibdi. Kimdir teshib, yo‘q, qovunday tilib-tilib ketibdi. Yamashning, tuzatishning hech iloji yo‘q!
Atrofimga olazarak alangladim. Sal narida, baland qayrag‘ochning tagida uch o‘spirin – uch yigit menga sinovchan qarab turardi. Tanidim. Uch aka-uka – Bozor, Nazar va Qambarning o‘g‘illari. Ich-ichimdan bir nido, balki olov otilib chiqqanday bo‘ldi: mening o‘g‘lim yo‘q-ku! Endi nima qilaman!.. Besh qizni bergan Xudoyim menga birgina o‘g‘ilni ravo ko‘rmadi.
Negadir Bozor yodimga tushdi.
– Ishni bosdi-bosdi qilgan Ergash mo‘ylovni qayerdan, qanday topgansiz? – deb so‘ragandim undan o‘sha vidolashgan kunimiz.
– Qayerdan-qayerdan… Toshkentda ishlaydigan bir jurnalist do‘stim bor. Harbiyda birga bo‘lganmiz. Qashqadaryolik. Olim yigit. O‘shaning qaynotasi bo‘ladi…
O‘sha kuni qabristonga borolmadim. Bir haftadan so‘ng, yarim tunda tutqanoq kelib bo‘g‘zimdan oldi. Tuni bilan qon purkab chiqdim. Ushbu satrlarni o‘qiyotganingizda esa men ukam, ota-onam bilan hilxonamizda suhbat qurib yotgan bo‘laman”.

Mahmadona

Professor qaltiragan qo‘llari bilan stoli tagidagi tugmachani bosdi. Yordamchi kirdi.
– Validol bormi, Azim?
– Bor. Hozir!
Yordamchi iziga qaytar ekan, qo‘lidagi qog‘ozni stolga qo‘ydi:
– Ertalabki qo‘lyozmaning davomi.
Qog‘ozga beixtiyor ko‘z qirini tashlagan Panji Namozov seskanib ketdi:
“Muhtaram professor!
Kaminaning ojiz qalamidan chiqqan ushbu bitiklarni oxirigacha sabr-bardosh bilan o‘qiganingiz uchun Sizdan g‘oyat minnatdorman. Umid qilamanki, u Sizni befarq qoldirmadi. Men uni Sizga ataylab sarlavhayu izohsiz, imzosiz taqdim etdim. Balki yozganlarim bemahal chaqqan chivindek asabingizga tekkandir, balki shirasi baland qahva misoli shusiz ham yuqori yuradigan qon bosimingizni yanada o‘ynatib yuborgandir. Darig‘o, harchand urinmay, fe’limdagi qusur bitiklarimda ham pand berayotganini sezaman. Shu bois surbetligu to‘poriligim, shoshqaloqligu mahmadonaligim uchun bir qoshiq qonimdan kechishingizni o‘tinib so‘rayman. Ijodingizning bir umrlik shaydosi bo‘lgan mendek bir yosh muxlisingizning ushbu kamtarin mashqini, iloji bo‘lsa, debochasiga bir enlik sharh bitib, jurnalingizda chop etsangiz, boshim osmonga yetar edi.
Mendan – g‘ayrat, Sizdan – duo, ustoz! Darvoqe, ushbu qissamga men “Qasd” deb sarlavha qo‘yishni niyat qilganman…”
Professor yengil tortdi. Yoyilib kuldi. “Mahmadona! – dedi ovozini chiqarib. – Obbo, mahmadona-ey!..”
Kulimsiragancha bir zum o‘ylanib o‘tirgach, qo‘ng‘iroq tugmachasi tomon o‘ng qo‘lini cho‘zdi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 10-son.