Qo‘chqor Norqobil. Yurakdagi yuk (hikoya)

— Maydadan katta chiqsa zambarakning o‘qi bo‘lar. Kattadan mayda chiqsa ityaloqning yuqi bo‘lar! He, o‘l-a! Seni odam deb og‘zimning hovurini shamolga oldirib o‘tiribman-a!
Xolli chinoqning jazavasi javzoni qovurayapti. Alamidan tosh chaynab, o‘zicha g‘udranib-g‘udranib hovarga lorsillab-lorsillab ketmon urayapti, xuddi yerning jonini sug‘urib oladiganday… Cholning badani choy qaynatayapti, lekin ichi muzlab ketayapti.
— He, senday nokasning yuqumi, qari hanggining to‘qimi. Urug‘i past-da, ukkag‘arning.
Chinoqning chintayib yuzingda ko‘zing bormi, demay gap sermashi, sermagandayam toshmaqolga o‘rab otishi, bu payrov tegsa uncha-muncha odamni ag‘darishini Sarvi xola yaxshi biladi. Itining fe’li egasiga ma’lum: hozir Chinoq bir soat-yarim soat gurillab-lovullab yonadi, o‘zicha butun dunyoga o‘t qo‘yadi, o‘zi bilan o‘zi olishadi, o‘zini o‘zi yo yengadi, yo yengiladi, oxiri o‘ziga keladi, soviydi. Bunga qadar chinoqqa e’tibor bermagan ma’qul, yo‘qsa, yana quturib ketadi, kampirning yetti pushtini charxpalak qiladi.
Shu boiski kampir dimi-dirs. Jim. Hovli joy bilan andarmon bo‘ldi. So‘ng tol soyasidagi supaga cho‘kib ariqqa tashlab qo‘yilgan ko‘zaning muzdek suviga chalob tayyorladi: zora choli ichib ichidagi o‘t o‘chsa… Ovozi o‘chmayapti, o‘ti qayerdan o‘chadi.
Chinoq achchiq ustida zabt bilan yerga ketmon solarkan, mevasi xol urgan ikki-uch dona pomidor ko‘chatiga ham qirg‘in keltirdi. Ixtiyori o‘zidan tashqariga otilgani holi-holatidan bilinib turardi. Jahlning jilovi uzilsa yomon… Chinoq tag-tomiridan uzilgan pomidorlarni olib hovliga, kampir tomon irg‘itdi. Kampir ko‘rmaganga oldi, tunka tovoqdagi qatiqni yog‘och qoshiqda do‘qilash bilan ovora. “Enag‘arga baribir. Men o‘lamanmi, qolamanmi, parvoyiga kelmaydi…” Chinoq xotinini yozg‘irdi.
— Hoy, berman qara! Nimaga gum-gurs bo‘lib o‘tiribsan? Qo‘y-qo‘zining ovozini o‘chir… Eshitmayapsanmi? Qulog‘ing karmi, hey-senday… (burab turib so‘kdi).
Kampir uchib o‘rnidan turdi. Chol yig‘ib qo‘ygan o‘t-o‘lanni olib qo‘ra tomon pildiradi. Chol g‘uldiradi:
— Bu uyning tashvishi bir menga qolgan. Gala go‘rso‘xta!
“Gala go‘rso‘xtasi kim bo‘ldiykin?”, kampir supaga qaytib ich-ichidan kuldi: “Bu uyda hech kim bo‘lmasa. Ikki qiz xudoga shukr, uyli-joyli. Yeyarman-toparman. Peshonamizga bitgan yakka-yolg‘iz ulimiz shaharda, o‘qishda bo‘lsa… Bu yil bitiradi…”
Sarvi xola go‘yoki supada o‘z ishi bilan andarmon bo‘lgan ko‘yi erining o‘ziga qarab turganini botinan sezdi. “Hozir gumbirlatib gap sermaydi. Tajangligi toshdi”, — o‘yladi kampir. Aytganiday bo‘ldi…
— Hoy, menga qara! Sening shu urug‘ing pastda-a. Past, ukkag‘ar… Shuningni bir sinayin devdim. Mashshoqdan mashoyix yasasang begoyimchilik qiladi, derdi otam. Buning shu-da. Baribir nasli-nasabi ko‘lmakdan suv ichganligiga bordi, ukkag‘ar. Yuzingda ko‘zing bormi, demadi-ya…
Kampir eshitib-eshitmaganga oldi. Anavi maqoli jon-ponidan o‘tib ketdi. Qayerdan topdiykin-a bu gapni? “Ota-potasi aytmagan bu maqolni. Bunday maqol-taqol yo‘q. Uying kuygur, anavi g‘uchchi kal bilan “bila bitib” qolgan ikkovi. Ko‘p gapni shundan o‘rganib keladi…”, deb yanidi kampir. Chinoqning tagdor chinqirig‘i kampir uchun shamolga shappati tortganday ahamiyatsiz edi. Biroq hadeb ijikilab “urug‘ing past” degani ko‘ngliga og‘riq soldi. Bir qalqdi. Cholga chimirilib qaradi. Qo‘lidagi yog‘och qoshiqni dasturxonga tarsillatib urdi. O‘rnidan sapchib turdi.
— Og‘zingizga qarab gapiring. Mening tomirim suvga yetgan. Ajdodu avlodim yurt so‘ragan odamlar. Katta bobom bek, otam to‘qsoba, tog‘alarim polvon o‘tgan! Nabi shu parcha yerni bermasa, bermabdi, shunga mening urug‘im past bo‘lib qolarkanma-a? Nabi menga emas, sizga emchakdoshligi boridi shekilli, har joyda Nabi desa davlati devim, savlati kuyovim, o‘zimdi urug‘imdan o‘rgilay, deb javraganingiz-javragan edi. Nima bo‘ldi? Ey, xudo urdi kishini… Fe’lingizga o‘t tushsin-a…
Chinoq o‘q yegan ayiqday bir qalqidi. Ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Hamisha ko‘zi bilan yer chizib erining shashtidan tushishini poylabgina turadigan kampirning tuyqus jag‘i ochilib, og‘zidan palaxmon tosh otilishi Chinoqni dovdiratib qo‘ydi.
— Mana, chalob, iching… (zahar margingizga demoqchiydi tilini tishladi, baribir qo‘rqdi). Men Nuri dugonamnikiga o‘rmakka ketdim. Qo‘ying, shu tomorqani, o‘lsin, soya-salqinda yotib uxlang. Yer-er, deb o‘lib qolasiz, shu yeriyam bor bo‘lsin…
Kampir o‘zicha g‘udranib, jelagini boshiga ilib, qiyshiq yog‘och darvozani g‘iyqillatib ochib, hovlidan chiqib ketdi. Chinoqning gapi ichida qoldi.
Kampirining ortidan mulzam bo‘lib qarab qoldi. Achchig‘i-arzi ichida qolib, boshidan oftob o‘tib, ko‘z oldi tina boshladi…
Chinoq supa tomon yurdi. Kampir tayyorlagan korson tovoqdagi chalobni bir ko‘tarishda yarimlatib simirdi, qolganiga non to‘g‘rab, yog‘och qoshiqni tovoqqa soldi.
Hovuri ancha bosildi. Chalqayramon cho‘zilib, voyishda shira bog‘lagan ertapishar surxa uzumlarga ko‘z soldi. Maryam momoning xoliday-xoliday bo‘lib bolga to‘layotgan uzummunchoqlarga boqib chol xiylagina iljaydi. Esiga yoshligi tushdi. Bir tomon Sarvi, bir tomon Maryam, unisi bo‘lmasa bunisi, deb ot surgan chaqin-chaqmoq damlarini yodga oldi. O‘ziyam shamolday uchardi, oyog‘i ostidan o‘t chaqnardi. Ko‘pkarimi, kurashmi quruq qaytmasdi, bir serkami, shirboznimi otga o‘ngarib kelardi. Polvonam shu, chavandozam shu! Yigitman deganning bilagi, qishloqdagi bo‘y yetgan qiz borki gap-gashtakdagi elagi edi, o‘ziyam. He, ukkag‘ar, shu armiyasi qayerdan chiqdi, ketdi harbiyga. Uch yil deganda qaytdi. Eshitgan gapi shu bo‘ldi: “Maryamni g‘uchchi mirob (hozir kal) ilib ketibdi. Dunyoning yarmi bo‘shab qoldi. Tong sahardan Sarvining uyiga yo‘l oldi. Shundanam quruq qolsa, bu dunyo-dun huvillaydi, nurab tushadi. Bordi. To‘g‘ri uyiga kirib bordi. Eshik oldida qizning otasi Normat bakovulga duch keldi. Bakovul lolu hayron bo‘ldi. Askarni ko‘rgani o‘zi yo‘lga otlanib turuvdi. Yo qudratingdan, nima balo. Hizrmi bu bola?!
— Ey, polvonim keling, keling… ichkarilang, — quchoq ochgan bakovul lang ochiq ostonada ko‘rishmaslik uchun ikki-uch qadam orqaga, hovli ichiga tislandi. Xolli ostonadan enkayib o‘tdi. Bakovul Xollini bag‘riga oldi. O‘g‘lonning simi-simbatiga boqib ko‘ngli yorishdi.
— Bovo, men bir yumush bilan keldim, — dedi yigit bakovulning nigohiga tik boqib. Bakovul sarosimalandi. Bakovul hayron. Xolli hamon uning ko‘zidan ko‘z uzmaydi.
— Nima gap, polvon?
— Men Sarviga og‘iz soldim, bovo. Shunga keldim.
Normat bakovul sapchib tushdi. Bunday ovdir-shovdir gapni kutmovdi. Hangu mang bo‘ldi- qoldi. So‘ng bazo‘r o‘zini qo‘lga olib, yerga boqib iljaydi. Boshqa payt bo‘lganda quloq chakkasiga qo‘yib yuborardi, uning mushti ho‘kizni ag‘darishini butun qishloq biladi, lekin bu bola, lekin bu bola… Polvonlik ozgina dovdirlik deganlaricha bor-da, bunday polvonlarning fe’li-ro‘yi bakovulga sinashta, shuning uchun uni kechirdi, ayni dam unga nisbatan ichi yorishdi, mehri iyidi.
— Xotin, hoy xotin, polvonbop bitta to‘n opchiq tez, — ovozi guldiradi bakovulning.
Kampiri chopib-chopqillab Xollining kelbatiga kelichak bo‘lguvchi beqasam opchiqdi. U ham askar bola bilan ko‘risha-so‘rasha ketdi. Bakovul Xolliga to‘n yopdi.
— Nima deysiz, bovo? — Xolli o‘tqazib qo‘yganday zammaladi.
Bakovul bosh irg‘ab iljaydi:
— Yaxshi, shunday bo‘ladi, boraver, bolam, boraver, — dedi o‘ziga kelib-kelmay.
Xolli boshqalar to‘g‘ri kirib, to‘g‘ri chiqadigan eshikdan yana enkayib chiqdi, eshikka egni sig‘di-yu, boshi balandlik qildi. Ichkarida nimalardir deb koyingan xotiniga zahri zardob bilan bakovulning o‘shqirgani eshitildi:
— O‘chir ovozingni! Sen aralashma! Shunday bo‘ladi!
Ha, shunday bo‘ldi. Hafta ichida bakovul qizini uzatdi, to‘y bo‘ldi.
…Xolli chinoq o‘sha damlar xotiri vojib yana iljaydi. Ko‘zlarini chirt yumib to‘ydan keyingi shirin-shavqli chog‘larni esladi. Obshir adirlariga ot solib ko‘pkari chopgan chog‘larini yodga oldi. Kurash, ko‘pkaridan g‘oliblik zavqidan borlig‘i sarxushi-sarrin qaytgan tunlari Sarvini bir qo‘lida ko‘tarib, dunyoning eng suluv juvoni bo‘lmish bu xilqatiga boqib tani-joni suv bo‘lib erib ketgan lahzalarni ham xotirladi. Sarviyam gul-gul ochilib, pari-paykar bo‘lib noz qilardi, qo‘lida Sarvi emas oppoq bir oqqush, farishta turganday bo‘lardi… U qor parchasiday yengil, oq bulutday parg‘in edi-da o‘ziyam. Ha, yengil edi. Ular ikkalasi ham bog‘ xilvatidagi chog‘roq kulbani o‘zlari bilan birga olib yuksak-yuksaklarga parvoz qilishardi…
Xolli chinoq xayolga hay berdi. Yana yerga, supa usti, voyish ostiga qaytdi. Bugun-chi? Bugun bir zamonlar shabadaday yengil gulg‘unchaning o‘zi tugul bir og‘iz gapi ham og‘irlik qilib turibdi. Hey-ey, dunyoi qo‘tir, sen ham inson bilan birga qo‘shilib qarir ekansanda-a, sen ham borib-borib tajangu tang bo‘lib qolarkansanda-a… Chinoq o‘yga toldi:
“Kampirni bekor urishdim… O‘zimam aks-murdashov bo‘lib borayapman. Enasini emsin, shu bir parcha yerni deb Nabi kattaning oldida g‘o‘jala bo‘lib o‘tiribman-a. Bekor bordim. Bekor bordim. Bekor bordimmi-a? Bekorga bormadim…”
Shu mahal yog‘och darvoza g‘iyqilladi. Qudrat pochtachining boshi ko‘rindi. Kirsammi, kirmasammi, hovlida hech kim bo‘lmagani yaxshi, izimga qaytib ketaman, deb turgan pochtachining ko‘nglidagini uqqan kabi Xolli chinoq qahrini sochdi:
— Kelaver, kelaver. Taysallamay kiraver. Yotibman. Opke…
Pochtachi supa chetiga omonat cho‘kdi. To‘rvasidan bir taxlam pul chiqarib cholning yoniga qo‘ydi. Chinoq devday gavdasini bukib yonboshladi.
— Hammasimi?
— Shu-shu, yarimi plastikka tushadi, bova.
— Buni so‘ramayapman, manavi yarmi ham butmi?
— Shu-shu, but bova, but.
Chinoq uch dona mingtalikni olib pochtachiga uzatdi:
— Ma… Qo‘ling quruq qaytmasin…
— Raxmat, bova, shartmasdi…
— Ol, men aytdim shart!
— Shu…shu… Momomning pensiyasini ham op qolasizmi?
— Ana ko‘rpachaning tagiga sop qo‘y.
Chinoq yana uzala tushib voyishga ko‘z tikdi.
— Bova, shu…shu momomga ikki dona gazet ham qoldirayapman. Momom o‘qiydi-ya. O‘qiydi.
Pochtachining bu gapi Xolli chinoqqa malol keldi.
— O‘qiydi. Qiladigan ishi, ingrangiday kasali bo‘lmagandan so‘ng o‘qiydi-da, — o‘yib oldi chinoq.
— Bovo, sizgayam bitta gazet qoldiraymi? — pochtachi to‘rvasidan oq-sariq ranglar chaplangan, muqovasini o‘yinchi-yu qo‘shiqchilar rasmi bezagan daftarmonand gazetni chiqardi. Cholning ensasi qotdi. Indamadi. Pochtachining gapxaltasi ochildi.
— Bova, zo‘r gazet. “Iznakomstvasi” bor. Tanishuv. A? Kampirlarga xat-pat yozasiz, — pixillab kuldi.
Bor dunyosi endi yorisha boshlagan chinoqning yuziga qon tepdi. Otasi tengi odamni o‘sal qilayotgan pochtachiga o‘qrayib qaradi. Qulochkashlab qo‘yib yuboray, dediyu shaytonga hay berdi. Shu jipiriqqina bilan teng kelib nima topadi. Biroq tilini tiyolmadi, og‘ziga kelganini aytdi-qo‘ydi.
— Qudratboy, otangning o‘lganiga qancha bo‘ldi?
— Nimaydi, bova? — chinoqning osmondan tushganday qilib tapillatib tappi yopgani Qudratni lol etdi.
— Ayt, qancha bo‘ldi?
— Uch yildan oshdi, bova.
— Unday bo‘lsa, shu gazetdi enangga opporib ber, bolam… “Iznakom” qilib birorta chol-polga xat-pat yozsin, zerikmaydi.
Qudrat pochtachining ketiga muz urganday bo‘ldi, mulzam tortdi. Tili kalimaga kelolmay, nimadir deb g‘uldiradiyu zapt o‘rnidan turib, hovlidan uchib chiqib ketdi. Xolli chinoq o‘zini tutib turolmadi: momoqaldiroq guldiraganday bo‘ldi — u gum-gurs bo‘lib dumalagan ko‘yi qah-qah urardi. O‘zini to‘xtatolmay, yelkalari silkinib-silkinib kulardi, ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketsa hamki o‘zini to‘xtatolmasdi.
Xolli chinoq tepasida angrayib turgan xotinini ko‘rib o‘ziga keldi.
— Ha… Jin-pin chalib ketmadimi, muncha dunyoni boshingizga ko‘tarib na’ra tortmasangiz…
— Menam bir kulay, dedim kampir… Kulay dedim.
Sarvi xola cholining yonida cho‘kkalab supa ustidagi gazetalarni qo‘liga oldi. Ko‘zoynagini taqdi.
— Ana, ko‘rpacha tagidagi omonatingni ham olvol, — dedi chinoq “to‘rtko‘z” kampiriga mehri yumshab, — nega tez qaytding?
— O‘rmak ertaga qoldi. Sizni Nabi katta so‘radi, — dedi kampir gazetadan ko‘z uzmay.
Chinoqning yuragi chimillab ketdi. Ihrab qo‘ydi.
— Nima ishi bor ekan?
— Sizam qiziqsiz-a, bovasi… Gohida kurakda turmaydigan ishlarni qilasiz. Kularimni ham, yig‘larimni ham bilmayman, — chinoqning xuni buzilganini sezgan kampir gapni qisqa qildi.
— Gapir, Nabi nima dedi?
— Yo‘l chetidagi besh quloch yerni so‘rabsiz… Shuni ber, atrofini o‘rab qo‘yay debsiz… Shu endi, — Sarvi xola jim qoldi.
— To‘g‘ri, sog‘ odamning ishimas demoqchisan…
Chinoq og‘ir “uf” tortdi. Ich-ichidan og‘riq turib, qirindi o‘tdi. Necha-necha yillardan beri maddalab yotgan yara bugun yorildi. Necha-necha yillardan beri ko‘kayini quritib, ko‘ktomirini chiritib turgan tosh-metin tugun bugun yechildi, botinida og‘riq cho‘kib yotgan yuragi yengil tortmadi, aksincha bu yechim uning yurak-bag‘rini sug‘urib allaqayerlarga uloqtirib yuborganday bo‘ldi. U o‘zini ojiz va notavon, mulzam va mumsik his qildi. Xotinining ko‘zlariga jovdirab qaradi. Shashti shamolni qaytaradigan Xolli chinoq, Xolli chavandoz, dami chaqmoqni kesadigan Xolli polvon, shu mushtdekkina kampiri oldida bir burdagina bo‘lib qolganday edi. Ko‘zida yosh g‘iltilladi. Bo‘g‘ziga nimadir qadaldi, og‘riqmi nimadir, yutindi, quloqlari tosh bitib boshida og‘riq sezdi. So‘ng og‘ir xo‘rsinib yelkasidan nafas oldi. “Shunday qilishim kerak… Shunday qilishim kerak, momosi… Shu paytgacha yelkamda tog‘ni ko‘tarib yuribman, momosi… Sen bilmaysan, bilmaganing ham durust… Hech kim bilmagani yaxshi. Lekin men o‘z yukimni bu dunyoning yelkasiga qanday ortayin, momosi?.. Safarim qariyapti. Bu dunyoda qancha kunim bor, bilmayman momosi, lekin, lekin, yelkamdagi yukim bosmasdan men shu ishni qilishim kerak…” Xolli chinoqning ko‘z oldi qorong‘ilashdi.
— Men shu ishni qilishim kerak…
— Nima deyapsiz? Nimani qilishingiz kerak? Meni qo‘rqitmang. Nega rang-ro‘yingiz o‘zgardi? Mazangiz qochdimi-a? Voy, o‘lay, menga qarang, — Sarvi xola o‘rnidan sapchib turib erining peshonasidan ushladi, beixtiyor uning qo‘llarini uqalay boshladi. Dag‘al va badfe’l cholning tuyqus yumshab, odam sirasiga qaytib qolgani Sarvi xolani battar esankiratib qo‘ydi. Chinoq tepasida ming aylanib, ming o‘rgilib potirlayotgan xotiniga boqib jilmaydi.
— Sarvi… Qo‘rqma… qo‘shnining kenjasiga ayt, Nabi kattani chaqirib kelsin. Sen, o‘zing oshga urin. Men biroz uxlayin, bor kampir, bor.
Chinoq uxlay olmadi. O‘zini uxlaganga solib yotdi.
…Har kuni xayolida jonlanadigan manzara: Otasi uni g‘ira-shira tong payti uyg‘otadi. Paxtadalani kesib o‘tgan o‘qariqni qoplagan ajriqzorni shudring bosgan. Tik yaktak, tik ishton kiygan yalangoyoq bolakay dildirab ota ortidan ergashadi. Ular yo‘l chetidagi tepalik yonida to‘xtashadi. Ota tiz cho‘kadi.
— O‘tir, — deydi o‘g‘liga.
O‘g‘il cho‘k tushadi.
Ota tilovat qiladi.
Otaning ko‘zlaridan duv-duv yosh oqadi.
Otaning ko‘nglidan uv-uv yosh oqadi.
— O‘g‘lim, — deydi ota ovozi qaltirab, — otamning ikki akasini qizil askarlar shu yerda otishgan. Ularni “bosmachi” deyishgan. Lekin, lekin hech kimning yerini bosib olmagan. Ha, ikki bobongning qoni shu yerda to‘kilgan. Uch kungacha ularning jasadi shu joyda qolgan…
Ota-bola tong sahar yana iziga qaytishadi. Yalangoyoq bolakay namchil o‘t-o‘lanlarni oralab ota izidan dildirabgina ergashadi. Ota o‘zigami, ortidan kelayotgan o‘n yashar o‘g‘ligami, og‘rinibgina gapiraveradi:
— Shunday gaplar, o‘g‘lim. Otam bir umr qo‘rqib yashadi. Shu yerni — shahid bobolaring yotgan joyni devor bilan o‘rab qo‘yish qo‘lidan kelmay, armonda ketdi.
— Ota, ota, biz-chi, biz o‘rab qo‘yaylik bo‘lmasa…
— E-hh, shunday deysan-da, lekin mumkinmas-da…
— Nega?
— Qo‘y, so‘rama. Jim yur!
— Ota, katta bo‘lsam, men albatta, shu joyni devor bilan o‘rab qo‘yaman…
Ota og‘ir xo‘rsinib, yelka uchiradi, o‘g‘il nega shugina joyga devor tortib bo‘lmasligini tushunolmay otaning ko‘ngliga qarab jim boradi…
…Xolli chinoqning ko‘zi ilindi. Uyquga ketdi. Tush ko‘rdi: o‘qariq bo‘ylab otasining ortidan yo‘l chetidagi tepalikka qarab ergashib ketayotganmish… Tepalik ustida bir gala it bir-birini g‘ajib, qoniga belab olmoqda… Bolakay qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab otasining qo‘lidan mahkam ushlab ko‘zlarini chirt yumadi.
Xolli chinoq dag‘-dag‘ titrab, azoyi-badani jiqqa ter bo‘lib uyg‘ondi. Tepasida g‘amgusorgina bo‘lib o‘tirgan Sarvi xolani, xuddi gunoh ish qilib qo‘yganday uzrxohlik ichra supaga “mixlangan” Nabi kattani hamda dori-ukol tayyorlayotgan Sharif do‘xtirni ko‘rdi.
— Yaxshimisiz bova, Sizga nima bo‘ldi? — dedi Nabi katta ovozi titrab.
Chinoq yuzini teskari burdi. Ko‘z yoshi nigohini xira qildi. Anchagacha dimog‘i achishib ko‘z yoshini ichiga yutib yotdi. So‘ng Nabi kattaga ilkis burilib:
— Menga qara, mening tomorqam o‘ttiz sotix keladi. Ana shuning yarmi — past tomonni senga beraman. Xohlasang bugun to‘siq tort, o‘n besh sotixi seniki, — dedi.
Chinoqning tomdan tarasha tushganday qilib aytgan kesatig‘i Nabi kattaning jon-jonidan o‘tib ketdi. O‘rnidan bir sapchib tushdi. Sarvi xola bosh chayqab chinoqqa g‘alati qaradi: “Esidan ayrilayaptimikan?”
— Nima deyapsiz, bova? Qo‘ying, menga tomorqa-pomorqangiz kerakmas-e. Sizga nima bo‘ldi, yong‘oqning tagida yotmadingizmi, bova?
— Men sendan o‘sha fermerligingga tegishli eniga besh, bo‘yiga besh quloch keladigan kalbetkayni so‘radim. Shu bir parchagina yer senga shunchalar qahatmi-a? — umrida ilk bor zorlanganday bo‘ldi.
Sarvi xola boshini irg‘ay-irg‘ay ko‘z yosh to‘kib o‘choq boshiga ketdi. Sharif do‘xtir ham chinoqning bu nag‘ma-nomasidan hayronu lol bo‘ldi. U cholning tomiriga igna sanchmoqqa hozirlangan ham ediki, cholning quloq-burnidan tutuni chiqib, uni jerkib berdi:
— Ol, o‘koilingni. Topganing uyqu dori… Shoshmay tur. Uxlatasan ham. O‘ldirasan ham. Ulgurasan bariga. Oldin manavi bilan gaplashib olay. — Chinoq endi Nabi kattaga yuzlandi:
— Berasanmi shu bir parcha yerni?
— Nima qilasiz shu joyni… Hadeb so‘rayverasiz, bir oydan beri xoli-jonimni bo‘g‘zimga keltirdingiz.
— O‘zimga go‘r qazimayman, qo‘rqma. Aytdim-ku, atrofini o‘rab qo‘yaman, tamom!
— Nima uchun?
— Buyog‘ini so‘rama. Bilmaganing ma’qul, — dedi chinoq xo‘rsinib. — Nima deysan?
— Bilganingizni qiling, bova. Shunga shuncha g‘avg‘o ko‘tarasizmi-a? Tomorqamni beraman, deb iddao qilasiz tag‘in.
Chinoq mayus jilmaydi. Hovuri bosildi. Ohista belyonbosh bo‘lib o‘tirdi… O‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Do‘xtir qo‘ltig‘idan kirdi. Chinoq muvozanatini ushlab tik bo‘ldi.
— Agar shu kaftdaygina, sen mol bog‘lab qo‘ygan joyning atrofini o‘rab qo‘ysak, hukumat, kattalar hech narsa demaydi-a?
— Yo‘q. Hech narsa deyishmaydi. Siz uchun mumkin, bova.
— Unday bo‘lsa ketdik, bolam.
— Qayoqqa?
— O‘sha joyga… Bir-ikki bo‘z bolani topib hashar qilamiz, devor uramiz, — dedi Chinoq yuziga tabassum yoyilib. U qushday yengil tortib bormoqda edi.
— Bova, o‘zim qilaman. Poydevor quyib, betong‘isht bilan chiroyli qilib o‘rab qo‘yaman, — dedi Nabi katta.
Chol Nabi kattaning yuziga sinovchan tikildi.
— Yerni betong‘isht bilan o‘raganingdan so‘ng, devorning bir burchagiga oq yalov ham ilib qo‘y, bolam, — dedi zo‘rg‘a.
Nabi katta seskandi, a’zoyi badani jimirlab ketdi. Cholga termulib qoldi. Nimanidir sezganday bo‘ldi.
— Mayli, bovajon, mayli, — dedi ovozi qaltirab.
Chol og‘ir yutinib, supaning bir chetiga omonatgina o‘tirdi. Ichidan o‘kirikli bo‘ron ko‘tarildi. So‘ng ko‘z yoshlarini to‘xtatolmadi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 45-son