Olim Jumaboyev. Toza bog‘ning bolasi (hikoya)

Men bu hikoyani oshnam Abduahad Jumanqulovdan juda arzon — tahririyat beradigan qalamhaqi bahosida “sotib olganman”. O‘zi yozsa bo‘lmasmidi, dersiz? Menimcha, bu ishni uddalardi, faqat buni voqeani “pullaganidan” keyingina tushundi. Bari — nasiya, lekin qalam haqini egasiga jo‘nataman.
— Esimda, — deb gap boshladi jo‘ram tushlik qilib o‘tirganimizda. — Chamasi o‘n yoshlarda — foyda-ziyonning farqiga boradigan bola edim. Tomorqadagi beshbarmoq, semerinka, kuzak atlasi mezon yeb pishgach, buvam selitra xaltani qo‘limga tutib ergashtirdi.
Shamol dov-daraxtlarni silkib, mevasini to‘kkan, qurt yegan, qush cho‘qigan, ezilgan olmalarni ko‘rib ich achir, tashlab yuborishgayam ko‘z qiymasdi. Ular sarg‘aygan o‘t-o‘lanlar, xazonlar orasida bo‘g‘ilib borardi, go‘yo.
Buvam qo‘shnimiz devori yonidagi beshbarmoq yoniga yetib dedi:
— Bitta qoldirmay ter. Uvol bo‘ladi. Kesib tom ustiga yoysak, qoqini qishda og‘zingga tashlab shimib yotasan.
— Xo‘p, — deb daraxt ostiga yugurdim.
Buvam xazonlarning tovon ostida og‘riqli ingrashiga chiday olmagandek hatlay-hatlay nari ketdi. Bir-ikkita atlasni choponining yengiga tiqdi. Men shoshilinqirab barg uyilgan daraxt tagini titkilay boshladim: olmalarni saralab xaltaga solib joyladim. Shunday tez ishladimki, zumda xalta to‘layozdi. Endi uni to‘kib kelish kerak, lekin bunga qurbim yetmasdi.
Xaltani nam o‘tloqda sudrab-toydirib boshlagan edimki, buvamning ovozi eshitildi:
— Shoshma, barini yerga to‘k.
Buvam devor osha bir ko‘z tashlagach, avaylabgina yerga to‘kilgan olmalarni saralay boshladi: zaxm yeganlarni alohida, chumchuq cho‘qiganini alohida.
Men ham ko‘maklashdim. To‘g‘risi, nega ularni ajratayotganimizni bilmasdim.
Bir chelak olmani ko‘tarib, qo‘shnimiz Bo‘riboy akanikiga yurdik. Darichani ochib «hay-hay»laganimizni bilaman, ichkaridan Sarvinoz yanga kelaverdi. Qo‘lida chelak, ortida Hanifa momo. Momom kelinining qo‘lidan chelakni tortib:
— Hey, sening yordamingdan o‘rgildim, – dedi va biz eshitmasligimiz uchun pichirlabgina gap qotdi. — Og‘ir ko‘tarma! Halol-e! Ishqilib, beshbarmoqdan tishlab qo‘ymadingmi?
Sarvinoz yanga iymanibgina boshini chayqadi:
— Yo‘q…
Biz shu payti momoning oldiga yetgandik.
— Sizga kapsan, bu! – dedi buvam hazillashib, chelakni momomga uzatarkan.
— Nima, qutlug‘ uydan quruq chiqaramizmi? — dedi momo.
Men paqirda qizil beshbarmoq ko‘rdim.
Hamsoyamiz bergan kapsanni ko‘tarib, izimizga qaytdik.
Ortimizdan momom qichqirdi:
— Hali yana beramiz.

* * *

…Men jo‘ramning hikoyasi tugadimi deb qo‘zg‘aldim, u o‘tiring, deb imladi.
Laganbardor qiz hisob varag‘ini keltirdi.
— Ertasiga rosa yomg‘ir quydi. Buvam erinib, ayvondan turib, “Bor, to‘kilganlarini ter”, deb buyurdi. Sudralib tomorqaga o‘tdim. Semirinka toshdek qattiq: qish chillasida pishadi. To‘rt-beshta tizilgan daraxt bari semirinka edi. Yeng shimarib ish boshladim. Bir payt ne ko‘z bilan ko‘rayki, Nyutonning boshiga tushgan olma, mening ham chakkamga tushsa deng. Yaxshilab ser soldim: qo‘shnimiz tarafda o‘sgan olma bizning hovliga shox tashlab turardi. Nima qilarimni bilmay garangsidim, keyin xaltadagini ham to‘kib tashladim-da, saralashga tushdim. Qanchalik tirishmay, buning uddasidan chiqolmadim. Ular biri-biridan farq qilmas, navi bir edi. Daraxt tanasiga suyanib o‘tirdim.
Bir payt buvamning ovozini eshitdim.
— Bolam, terib bo‘ldingmi?
— …
U yaqin kelib boshini chayqadi.
— Nega termading?
Qo‘shnimiz tomondan tarvaqaylagan shoxga imladim:
— U bizniki emas-ku.
Buvam olmalarga bir qur nazar tashladi-yu, peshonamdan o‘pib qo‘ydi.

* * *

Biz tushlik qilib bo‘lgach, kassa tomon yurdik. Tamaddixona hisobchisi to‘lov qog‘ozini shoshilinqirab oldi-da, do‘stimning gapini eshitmay uzatgan pulini sanashga tushdi… Qayta sanadi. So‘ng qoshlarini uchirdi:
— Ko‘p beribsiz.
O‘rtog‘im engashib yotig‘i bilan tushuntirdi:
— Bitta nol ham katta gap. O‘n uch ming o‘rniga, bir ming uch yuz yozibsiz. Axir, ikki kosa osh shuncha arzonmi?
Kassir opa qog‘ozga sinchiklab qaradi, ko‘zlarida iliq bir mehr jilvalandi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 24-son