Nusrat Rahmat. Jadid (roman)

DEBOChA O‘RNIDA

E’tibor berganmisiz:
odamlar boy bo‘lishni istashadi, ammo boylarni yomon ko‘rishadi;
amaldor bo‘lishni istashadi, ammo boshliqlarni yoqtirishmaydi;
“Yashasin, demokratiya!” deyishadi, ammo demokratlardan xavfsirashadi;
oldingi safda bo‘lishni xohlashadi, ammo oldinlab ketganlarni tartibga chaqirishadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning safdoshlari anchayin oldinlab ketgan kishilar edilar.
Ularni shunchaki tartibga chaqirishmadi, balki aksarini tuzumning Sibirda qurdirgan mash’um avaxtaxonalarida chiritishdi, nokas g‘addorlar!
“Inson bolasiga quloq solmaydigan, quloq solishni istamaydigan hukumatdan, zamondan Xudoning o‘zi asragan bo‘lsin!” ( Chingiz Aytmatov)
Jafokash xalqini bilim va ma’rifatga da’vat etgani uchun shunday qattol qismatga mustahiq etishdi bechoralarni. Bu baxti qaro bobolarimizni chorizm ham, bolshevizm ham, o‘zimizning ulamo-yu, katta-kichik zamon zo‘rlari ham, “dushman”, “kofir” deb e’lon qilishdan charchashmadi…
“O‘qi! Bolalaringni ham o‘qit!” deyishgani uchun bechora jadidlarni otishdi, osishdi, toshbo‘ron qilishdi, qamoqxonalarda chiritishdi.
Behbudiy hazratlarini qirq to‘rt yoshlarida vahshiylarcha so‘yishdi. Bu ham yetmaganidek, yillar o‘tib, taqsirga “xalq dushmani” degan tavqi la’nat taqishdi. U kishining safdoshlarini ham…
Qissa ko‘toh, taqdir ularning bariga uzluksiz chap qo‘lini cho‘zdi.
Lekin ular e’tiqodlaridan tonmadilar. Behbudiy o‘limi oldidan “Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar!” deb nido etdi. Jonini saqlashni, yaqinlarini o‘ylamadi…
Shakuriy domla Toshkent qamoqxonalarida jon berdilar. Sho‘rlikning qabrlari yo‘q.
Saidrizo Alizoda Rossiyaning Vladimir shahri qamoqxonasida olamdan o‘tdi. Nabirasi – Farhod Alizoda bobosining xokini keltirib, Samarqandda dafn ettirdi.
Hoji Muin Rossiya o‘rmonlarida nobud bo‘ldi.
Hamza, Siddiqiy Ajziy…
Nima uchun? Nima uchun?
Ayting, ayting, dunyoda bundan ham mustabidroq adolatsizlik, shafqatsizlik bo‘lishi mumkinmi?!
Nachora, insonning eng katta xatosi − o‘z xatolarini takrorlab turishida ekan. Haqiqat va ma’rifat mash’alini ko‘targanlarning qo‘llarini uning olovi kuydirarkan. Azal-azaldan shunday bo‘lib kelgan.
Bu – jaholat! Jaholatga qarshi esa, jadidlar aytganday, faqat ma’rifatni qalqon qilish mumkin.