Nodirabegim Ibrohimova. Tilla baldoq (hikoya)

– O‘g‘il ko‘rsam, tilla zirak olib berasiz-a? – erkalanib so‘radi Zulayho eridan.
– Shuncha ziraklaring bor-ku… Ha, mayli, agar bolamiz menga o‘xshasa, olib berganim bo‘lsin! – To‘ylariga uch yil to‘lib, xotini nihoyat birinchi farzandiga homilador bo‘lganini eshitgan Akbar ham erib ketdi.
Bu gap Akbarning yodidan ham ko‘tarilib ketgan edi. Ammo Zulayho erining va’dasini unutmagandi. Tug‘ruqxonada intizor kutilgan farzandini bag‘riga bosgancha, erining bir olam quvonch hamda tilla baldoq bilan kirib kelishini tasavvur qilgan ayolning shodligi yanada ko‘paydi. Zulayhoning shirin xayollarini har kuni ularning palatasini tozalab yuradigan farrosh ayol – Sanobar opa buzib yubordi.
– Eson-omon qutulganing rost bo‘lsin, qizim. Buning jajjiligini qaranglar… Mengayam shunaqa nevaralar nasib etsin!
– Iloyim, opajon. O‘zingiz tuzukmisiz?
– Rahmat. Mana bu lash-lushlarni olib chiqib ketaveraymi? Keraklisi yo‘qmidi ichida?
– Yo‘q, bemalol, – Zulayho ikki-uch kundan beri o‘ziga yaqin bo‘lib qolgan ayol bilan biroz suhbatlashgisi keldi.
– Opa, tunov kungi sovchilik yaxshi o‘tdimi? Rozi bo‘lishdimi ishqilib?
Sanobar opa Zulayhoga yakkayu yagona o‘g‘li suyib qolgan qizning eshigini taqillatib bormoqchiligini aytgandi.
– Ha, bordik, ko‘rdik. Qiz chiroylikkina ekan. Faqat… shu… ota-onasining orzu-havaslari kattagina ko‘rinadi. Yo‘q, deyishmadi-yu lekin… ancha balanddan kelishdi.
Sanobar opa ham dardini kimga aytishni bilmay turgan ekanmi, palatada Zulayhodan boshqa birov yo‘qligi uchun darhol stulga o‘tirib gap boshladi.
– Yo‘g‘-e? Sharoitim shunday-shunday edi, deb aytmadingizmi o‘zingiz ham? Axir “xo‘jayin”ingiz olamdan o‘tgan, o‘g‘lingiz endigina ishga kirgan bo‘lsa…
– O‘g‘lim ikkimizning ancha yildan beri yig‘ib qo‘yganimiz bor. Ammo ular aytgan to‘yni qilishga bu urvoq ham bo‘lmasa kerak. Qizning oldida o‘g‘limning boshi xam bo‘lmasin deb indamadim. Non sindirildi. O‘g‘ilginamning bu xushxabardan boshi osmonda. Bolam uchun hamma boyligimni sarflashga tayyorman. Ammo qani o‘sha pul zormanda?
– Ko‘pam siqilmang, opa, Xudo yetkazadi. Muhimi rozi bo‘lishibdi-ku? Qarindosh-urug‘lar ham qarab turishmas…
– Shundog‘am ulardan ancha qarzdor bo‘lib qolganman. Uch yil avval qizimni chiqarganimda… Xullas, endi ikki oyga qolmay to‘yni o‘tkazishimiz kerak. Onamdan qolgan tilla baldoqlarni sotsammikin, deyapman. Aslida-ku, uni to‘y kuni kelinimning qulog‘iga taqib qo‘yishim kerak edi. Ammo nachora…
Zulayho uning quloqlaridagi qadimiyligi, asl tillaligi bilinib turgan, ko‘zlarni yal-yal oladigan baldoqlarga achinish bilan boqdi.
– Onangizdan meros ekan-da, afsus…
Ularning suhbatini eshikdan kirib kelgan hamshira buzdi. Sanobar opa “Hay, mayli”, – dedi-da, yana ishiga sho‘ng‘idi. Hamshira Zulayhoga tashqaridan eri kiritib yuborgan xaltani tutqazdi. Ayol darhol xaltaga ko‘z yugurtirdi: yeguliklar, kiyim-kechak, dori-darmon va maktub. Shosha-pisha maktubga ko‘z yugurtirgan Zulayho baldoq haqida lom-lim deyilmaganidan ranjidi. Shu zahoti bo‘shagan idish va ortiqcha buyumlarga qo‘shib javob xati chiqazib yubordi. Ginalarga to‘lgan maktubda o‘sha berilgan va’da eslatilgan va o‘g‘ilchasi unga quyib qo‘ygandek o‘xshashi aytilgandi. Uni o‘qigan Akbar ro‘zg‘or ishlarida esarligi pand beradigan xotinining bunaqa narsalarda xotirasi kuchliligiga tan berib kulib qo‘ydi. So‘ng pahlavondek o‘g‘il quvonchi sabab va’dasini bajarishga kirishdi…
Zulayho tug‘ruqxonadan chiqar kuni hamma bilan bir-bir xayrlashdi. Ammo Sanobar opaga ko‘zi tushmadi. Darvoza tagida uni eri, ota-onalari va yaqinlari kutib turar, Zulayho istaganidek, xorijiy mashina, gullar, videokamera, hammasi taxt edi. Qo‘lida go‘dagi bilan zinadan tushib kelayotgan ayolni eri guldasta bilan qarshi oldi. O‘g‘lini bag‘riga olarkan, cho‘ntagidan mo‘jaz qutichani chiqarib Zulayhoga tutqazdi. Quvonchi ichiga sig‘magan ayol darhol qutichani ochdi.
– Vuy, muncha chiroyli…
U shunday dedi-yu baldoqlarga birmuncha vaqt tikilib qoldi. Avvaliga qizardi, so‘ng ko‘zlari pirpiradi.
– Qayerdan… oldingiz buni?
Akbar xotining o‘zgarib qolganini tushunmay, javob berdi:
– Kecha tilla bozorda bir ayoldan sotib oldim. Asl tilla dedi… Senga yoqmadimi?
Ha, xuddi o‘zi. Sanobar opaning baldoqlari edi bular!
– Bu endi meniki, a? Nima qilsam ixtiyorimmi? – so‘radi ayol.
Akbar hayron bo‘ldi.
– Ha… Tinchlikmi?
– Meni kechiring…
Zulayho bu gapni kimga va nega aytganini Akbar tushunmadi.
– Yuraqol endi, yaqinlarimiz kutib qolishdi, – u darvoza tomon imo qildi.
– Hozir bir daqiqa, opa bilan xayrlashib kelay… – gulzor atrofini supurayotgan Sanobar opaga ko‘zi tushgan Zulayho o‘sha yoqqa shoshdi. Akbar bolani olib, mashina tomon ketdi.
– Opa… – Zulayho tezgina ayolning quloqlariga nazar tashladi. Sanobar opaning quloqlarida baldoqlar yo‘q edi.
– Menda bir narsangiz qolib ketibdi, – Zulayho Sanobar opaga qutichani tutqazdi. – Yaxshi kunlarga ishlating!
Sanobar opa bir nima deyishga ulgurmay, Zulayho chopgancha mashina tomon ketib qoldi. Uni ortidan hayron kuzatib qolgan opa qo‘lidagi qutichani ochdi-yu yig‘lab yubordi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 1-son