Ne’mat Arslon. Almamater daraxtining mevasi (novella)

1

…Men Overda kutib turardim. Tavajjuh holatida. Atrofda odam ko‘p, ammo men yolg‘iz. Aslida tavajjuh so‘zining mazmuni biroz boshqacharoq. Bu holatga kirgan odam yolg‘iz bo‘ladi va u hech narsani eshitmaydi, hech narsani ko‘rmaydi degan tasavvurdaman. Nachora, men shunday bo‘lishini xohlayman. Qadimiy Qarshining “Over” deb yuritiladigan bu hududida bundan ancha yillar avval nochorgina bir tikuvchilik korxonasi bo‘lgan. Uning pastqam va nimqorong‘i xonalarida kiyimlar bichilgan, tikilgan va… overlovka qilingan, ya’ni choklangan. Bu so‘zning tilimizdagi atamasini topganimdan quvonib ketdim. “Choklangan!” Chok – alohida ikki bo‘lakning birlashtirib tikilgan joyi. Oramizda sevgi haqida hali biror gap bo‘lmagan, shunga qaramay, qachondir bir kun bizning bechora qalblarimiz ham muhabbat rishtalari bilan choklanadiganday va bir-biriga qo‘shib mustahkam tikiladiganday.
…Ammo o‘sha kuni u kelmadi. Men har doimgidek Overda kutdim.
Darvoqe, hozir bu korxona yo‘q, qarshiliklar lafzida uning nomigina saqlanib qolgan, xolos. Birinchi marta bu so‘zni bir taksi haydovchisidan eshitdim. Tushunmadim. Uning “Overda tushasizmi?” degan so‘rog‘ini xayolan miyamda aylantirib ko‘rdim. Over… bu so‘z menga yoqinqirab turardi. Nima bo‘lsa ham tushib qoldim. Shu so‘zning shirasi uchun tushdim. Eski Over o‘rnida zamonaviy binolar qad rostlab turgan bu mintaqa hozir men uchun juda qadrdon. Chunki uni shu joyda uchratganman va bizning qalblarimiz shu joyda “overlovka” qilinishidan umidvor bo‘lganman. Baxt va baxtsizlikning yonma-yon yurishini ham shu yerda mushohada qilganman.

2

…Bugun ham uning kelishi gumon.
Shunday bo‘lsa ham uzoq kutdim. Chorrahaning kesishgan burchagida, daraxt soya­sidaman. Umrida ko‘p azoblarni ko‘rgan bu daraxt. Uning egri-bugri tanasida inson qo‘lining behad ko‘p izi bor. Arra, tesha, bolta, dastkola izlari… Kimdir mix qoqqan, kimdir chopqi bilan qirtishlagan. Uning dag‘al-do‘qqi, egrilanib o‘sgan tanasida inson xayollari va niyatlarining qotib qolgan izlarini ham ko‘rib turardim. Shuncha tazyiqlarga qaramay, daraxt meni o‘z farzandiday qabul qildi. U jazirama quyosh taftidan insonni himoya qilayotganidan xursand. Bu faqat onalarga xos. Ona eng dilozor, eng noqobil farzandini ham qanoti ostiga oladi. Agar bola noshud va dardmand, boshqalarga nisbatan baxtsiz bo‘lsa, ona birinchi navbatda shu farzandiga mehr ko‘rsatadi. Men esa birinchi darajali noshudman. Uyim yo‘q, pulim yo‘q, mansabdor ham emasman. O, aslida bular hammasi o‘quvchining jig‘iga tegadigan havoyi gaplar. Ammo men chin qalbdan, yuragim gurs-gurs urgan holda aytyapman. Daraxt esa fikrimga qo‘shilganday bilinar-bilinmas ovozda shivirlab, hamdardligini izhor etardi. Hatto meni siylashga ham jazm etdi. Yelkamga to‘p etib urilgan zarbadan o‘zimga keldim. Bolalar koptogiday bir narsa yelkamga urilib oyoqlarim ostiga tushdi. Meva! Hech kim, hatto biron bir jonivor ham yemaydigan, shumtaka bolalar qiyqirgancha to‘p o‘rnida tepib tepkilab yuradigan meva. Qo‘lga oldim uni. Og‘ir, zalvorli. Ko‘kimtir rangda. Burnimga bosib hidladim, vaholanki, uning hech qanday hidi yo‘qligini bilardim. Yerga urilgan tomoni birozgina ezilibdi. Ezilgan joylarida oppoq, quyuq, sershira sut. Uning taxir sutini og‘izga olib bo‘lmasligini ham azaldan bilaman. Shunday bo‘lsa ham barmog‘imning uchi bilan olib yalab ko‘rdim va boshim uzra yuksalib turgan yashil soyabonimdan yashirib sekingina chetga tuflab tashlamoqchi bo‘ldim. Uni ranjitgim kelmasdi. Axir u o‘zida borini berdi… Chetga tupurayotib kimdir meni kuzatib turganini payqadim. Juda noqulay holat. Ko‘chada tupurish – madaniyatsizlik. Labimda ko‘piklanib turgan sut bilan uni yutishni ham, tashlashni ham bilmay, bosh ko‘tarib qaradim. Uning kelganini payqamay qolibman. Yoshgina juvon meni tahqir nazari bilan kuzatib turardi. Kaftim bilan lablarimni artarkanman, nima ma’nodaligini o‘zim ham bilmagan holda bosh tebratar va jilmayishga urinardim. Juvon iddao qilganday ilkis bir harakat bilan yuzini chetga burdi. Qulog‘idagi og‘ir oltin isirg‘a bir muddat silkinib, daraxt yaproqlari orasidan sizg‘irib o‘tayotgan rishtai Maryamdek bir qatim nurni atrofga sochib tashladi. Hech shubhasiz, mening burishib turgan yuzim juvonga yoqmagan edi. Tomoq qirdim. Juvon menga bu safar ko‘z qiri bilan qaradi. Chap qoshining chekkasiga tomon tortilgan ingichka uchi yuqoriga ko‘tarilib, juvonning dilida va tilida turgan zaharni sochishga tayyor turardi. Bu holat menga g‘azabnok arini eslatdi va men o‘zimni tutolmay kulib yubordim. Hech shubhasiz, juvon meni aqli noqis odamlar jumlasidan deb o‘ylayotgandi. Mayli, bundan xafa emasman. Juvoning “g‘azabnok ari”ni ifodalovchi holati uzoq cho‘zilmadi, u butunlay teskari o‘girilib oldi.
– Siz kaminani noto‘g‘ri tushundingiz, – dedim o‘zimga o‘zim gapirayotganday bir ohangda.
– Ff-u! – degan javob bo‘ldi.
– Men tartib-intizomli odamman.
– Ko‘rinib turibdi.
– Bu daraxtning suti taxirligini bilardim…
– Bilsangiz nima uchun yalaysiz?
– Albatta, uning hurmati uchun! Ha, faqat uning hurmati uchun.
– Kimning?
Men boshim bilan daraxtga imo qildim. Juvonning ko‘zlarida ishonchsizlik alomatlari zuhur etdi. Shu holatda u anchagina chiroyli ko‘rinardi. Uning bug‘doyrang yuzi, biroz cho‘kkan yonoqlari, og‘iz-burni atrofidagi nozikkina qavssimon chiziqlarning har bir kunjida unga shukuh bag‘ishlab turgan o‘sha ishonchsizlik. O, Xudoyim, ayol zotiga jiddiylikdan boshqa hamma narsa yarashadi degan xayol shuurimdan o‘tdi.
– Kimning hurmati uchun? – savolini takrorladi juvon mendan ko‘z uzmay.
– Daraxtning.
– Uf-f! – qo‘l siltadi juvon, so‘ngra bekatga kelib to‘xtagan mashinaga bir qarab oldi-da, so‘radi:
– Bu qanday daraxt o‘zi?
Daraxtning nomini bilmasdim. Nogoh tilimga kelgan so‘zni aytib yubordim:
– Almamater.
– Siz nemismisiz?
Juvonning lablarida o‘ynab turgan tabassum beozor edi, bu menga ham yuqdi.

3

Oradan bir hafta o‘tib yana uchrashdik. O‘sha joyda, o‘sha daraxt panohida. Biz salomlashmadik. Bir-birimizdan begonasirayotgandaymiz. Juvon telefonda kim bilandir gaplashdi va ikki-uch marta menga qarab qo‘ydi. Har safar menga qararkan, lablari keng yoyilib jilmayardi. Uning shirin tabassumi kimga atalgani men uchun qorong‘i. Telefonini sumkachasining kissasiga joylashtirayotib zerikkan qiyofada menga qaradi. Bu Overdagi bekatda ikkinchi uchrashuvimiz. Qani mening avvalgi jur’atim?
Juvon o‘zi o‘tirishi kerak bo‘lgan “Damas”ni to‘rtinchi marta ham o‘tkazib yubordi. “Eto koye-chto…” dedim o‘zimga o‘zim. Chunki bekatda to‘xtab o‘tayotgan mashinalarda bo‘sh o‘rin ko‘p edi.
– Siz bu daraxtning nomini eslab qoldingizmi? – so‘radim dabdurustdan dadil turib.
– Alma…
– Ha, ha… almamater. Xotirangiz kuchli ekan.
– Qandaydir yoqimli ekan nomi.
– Lotincha bu so‘z.
– Ma’nosi nima?
– Sut bergan ona.
– Shuning uchun uning sutini yalayotgan ekansiz-da.
– Bu so‘zni talabalar universitet ma’nosida ishlatishadi.
– Yo‘q, sut bergan ona deyilgani ma’qul.
– Ha, unda erkalash ma’nosi ham bor.
Juvon xo‘rsinib qo‘ydi. Hayotining faqat ayollargagina xos bo‘lgan qaysidir lavhasi yodiga tushgandi aftidan. Keyin daraxtga qaradi. Shox va novdalarda behisob “to‘pcha”lar. Yerda ham bir qanchasi tuproqqa qorishib yotibdi. Juvon haqida ko‘p narsa bilgim kelardi. Nazarimda uning hayoti taassurotlarga boy edi. Savol berishga chog‘landim, ammo sira kutilmaganda bekatga kelib to‘xtagan “Damas” tomon odimladi u. Mashinaga chiqib deraza tagidan joy olarkan, men turgan tomonga qaradi. Uning shoshqin nigohida men g‘aribga atalgan iliq bir narsa borligini payqadim. Mashina uzoqlashib borardi. Boshimni quyi egdim, ko‘zlarimni yumdim…

4

Oyog‘im yerdan uzildi. Shiddat bilan yuqoriga tomon ko‘tarilib borayapman. Qorong‘ilik. Hech narsani ko‘rmayman, hech qanday tovushni eshitmayman. Nazarimda yillar, asrlar mening yonimdan lip-lip etib o‘tib bormoqda. Bu har doim men mashq qiladigan tavajjuh holatining o‘ziga xos jihatlaridan biri. Ba’zan yerdagi hayotning uzuq-yuluq parchalari namoyon bo‘ladi, ammo ularni xayol pardasidan sidirib tashlayman. Yerga qaytgim kelmaydi. Chunki bosh bilan hududsiz samo qavatlarini yorib koinotning chuqur qa’riga kirib borish va bu holatning uzluksizligi, hech qachon tugamasligi juda yoqimli. Bu holatning mangu davom etishi uchun o‘tmish hayotimdan hech narsani eslamasligim kerak. Qandaydir yorug‘ yulduzga borib urildim. Balki bu meteoritdir… Yana yillar, asrlar o‘tdi. Yulduzlar pastga tomon shiddat bilan tushib borishardi. Xira tumanlik pardasi ortida bir bo‘lak muzga o‘xshagan narsa oqarib ko‘rindi. Bu oy bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
…Ko‘zimni ochdim. Shift. Qorga monand yorug‘lik taratuvchi burama lampochka. Tepamda oq xalatli ayol. “O‘ziga keldi”, – dedi u kimgadir qarab. Uning kimga gapirayotganini bilmoqchi bo‘ldim, ammo kuchli og‘riq so‘nggida yana qorong‘ilik qo‘yniga sho‘ng‘idim. Bu holat bir necha bor takrorlandi. Va nihoyat, shifoxonada ekanligimni angladim. Yuzim tang‘ib tashlangan. Boshimni paypaslab ko‘rib kayfiyatim tushib ketdi…
Bir oy deganda chiqdim shifoxonadan. Militsiya formasidagi bir yigitdan boshqa biror kishi holimdan xabar olmadi. “Militsiya serjanti Nosirov”, – deb tanishtirdi o‘zini yigit va savolga tutdi. Uning talabi bilan tushuntirish xati yozdim va hech kimga da’vom yo‘qligini bildirdim. Keyinroq meni mashinasi bilan urib ketgan haydovchi amnistiya bilan oqlanib… to‘g‘rirog‘i, sud bo‘lmay ishi to‘xtatilganini eshitdim. Men uchun buning hech qanday qiziq joyi qolmagan. Undan ko‘ra oynaga qarab yuzimni tomosha qilish maroqliroq. Yuzim bamisoli qayrag‘och daraxtining tanasiday g‘adir-budur. Burnim chap tomonga qiyshayib qolgan, iyagimda chandiqning chuqur izi. Yonoqlarim pachaqlangan, chap qoshimning yarmi yo‘q… Chap yonga biroz og‘ib cho‘loqlangancha xona ichida kezinaman.

5

Oradan to‘qqiz oy o‘tdi. Toshkentda malaka oshirish kursida o‘qiyapman. Bahor. Turli viloyatlardan bu yerga turli qiyofadagi odamlar kelishgan. “Abdulla Avloniy”ning keng hovlisida mashg‘ulotlardan keyin sayr qilib yurgan kasbdoshlarimni derazadan kuzatishni yaxshi ko‘raman. Oradan biror hafta o‘tib bu mashg‘ulotni to‘xtatdim. Chunki qora do‘lanalar gullay boshlagandi. Bunday pallada uyda o‘tirish gunoh. Institut darvozasidan chiqib chap tomonga yurdim. Chamasi ellik-oltmish qadam narida bir to‘p qora do‘lana daraxti bor. Hali uning oldiga yetib bormasimdanoq havoning muattar bir hidga to‘yinganini his qildim. Boshim aylanib ketdi. Bu daraxt gullaridan taraladigan achqimtir hid menga juda yoqadi. Achqimtir, ammo juda muattar. Qora do‘lanalar gullagan damlarda bu dunyoni tashlab ketish sira mumkin emas. Daraxt malaka oshirish institutining hovlisiga yaqin joyda. Bu o‘quv dargohini ko‘pincha oddiygina qilib “Abdulla Avloniy” deymiz. Daraxt devorga taqalib o‘sgan. Uning tagida to‘xtab ko‘zlarimni yumdim, o‘pkamni to‘ldirib nafas oldim. Atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib tavajjuh holatiga kirdim va boshim bilan daraxt gullari orasiga sho‘ng‘idim. Gullar va men… Boshqa hech kim va hech narsa yo‘q. Olam faqat guldan iborat. Savatchalarda dasta-dasta bo‘lib joylashgan son-sanoqsiz gullarning har biri o‘z holicha havoga atir purkaydi. Arilarning bir maromda g‘uvullashi… O, qani endi butun umr shu joyda, shu gullar orasida, shu holatda qolsam!
Nogoh kimdir tirsagimdan tutdi. “Qori aka, yo‘ldan o‘tkazib qo‘yaymi?” – degan ovozdan borliqqa qaytdim. Ro‘paramda yoshgina bir ayol turardi. Uni tanidim. Unga rahmat aytmoqchi bo‘ldim. Ammo ko‘zlarim ochilganini ko‘rgan ayol darhol yo‘liga ravona bo‘ldi. Bu Sayyora edi…

6

…Sayyora yengilgina kiyinib chiqdi. Yapon shifonidan tikilgan kalta yengli ko‘ylagi egniga quyib qo‘yganday turar, ayolning qomatiga joziba baxsh etardi. Uning nazarida go‘yo olamdagi bor nurlar shu ko‘ylakdan taralar, shu ko‘ylak gullari atrofga atir purkardi. Sebzor ko‘chasiga yetganda biroz ikkilanib turib qoldi. Ko‘nglida dugonasiga xabar bermay yolg‘iz sayr etish istagi tug‘ildi, bunga arzirli bahona ham topildi. Dugonasining gapdonligi, hadeb ikki-uch yil avval ro‘y bergan sevgi tarixini kuyib-pishib gapiraverib joniga tegib ketganligi nogoh shu lahzada – dugonasining darvozasiga bir necha qadam qolganda yodiga tushib, indamay ortiga qaytdi-yu, lojuvard osmonda havolanib yurgan kabutardek erkin his etdi o‘zini.
Yo‘l-yo‘lakay attorlik mollariga to‘lib ketgan do‘konlarga birrov kirib chiqdi, so‘ngra tayyor kiyimlar rastasi bo‘ylab yurdi. Va… va birdan dilida yashirinib yotgan istak aslida bu emasligini, biror narsa xarid qilishdan kuchliroq nimadir bezovta qilayotganini anglab qoldi-yu, ko‘ngli qo‘msayotgan narsaning nimaligini tushunib yetmay, yo‘ldan adashgan kishidek kadamlari sustlashdi. Nimanidir qattiq qo‘msardi. Ana shu qo‘msash uni Anhor bo‘yiga yetakladi. Odam kam, xilvatsaro bu go‘sha dastlab cho‘chitdi uni. Bahaybat akas va eman daraxtlari xayol og‘ushida. Anhor suvi ularning xayolini buzishga jur’at etmayotgan kabi yoki bu sokinlikdan biror narsa anglab olmoqchidek sokin oqar, ko‘chalarni to‘ldirib sirg‘alayotgan mashinalar va odamlarning aralashib ketgan guvranishi elas-elas eshitilardi. Odatda guruh-guruh bo‘lib sayr etib yuradigan yoshlar ko‘rinishmaydi. “Odamlar bozorlarda, Chorsuda, Otchoparda, – mulohaza qildi Sayyora. – Bu joyga avvalroq kelmaganimni qara-ya, qanday tinch, osoyishta”.
Temir panjaraning qora bo‘yoqli sirtini barmoqlarining uchi bilan siypalagancha, o‘yinqaroq bir kayfiyatda suv oqimi bo‘ylab boraverdi. Anhor ko‘prigining bahaybatligi e’tiborini tortib va bundan hayrati ortib, ayni paytda shunday balandlikdan o‘zini suvga yiqilib tushayotganday his qilgancha yuragi hapriqib borarkan, xiyobondagi eng chekka o‘rindiqda o‘tirgan kishini daf’atan payqamadi. Unga ko‘zi tushganda esa yuragi “shig‘” etib ketdi. Erkakning chekka sochlari oqargan, xuddi qulog‘iga ikki dona oq atirgul qistirib qo‘yilganday. Yoshi ellik besh-oltmishlarda. Qoshlari chimirilib burun qirrasi tomon intilib turgani sababli peshonaning o‘rtasida loviya kattaligidagi tuguncha. U sigareta tutatib o‘tirar va aftidan nimanidir qattiq o‘ylardi. O‘rindiq suyanchig‘i ustida qora yomg‘irpo‘shi, yonida shu rangdagi shlyapa. Shlyapa ustidagi suyrisimon chuqurchada bir quti sigaret. Uning ustida bir quti gugurt. Sayyoraning nigohi bularning barchasini bir sermab o‘tdi-da, erkakning g‘amgin qiyofasi ustida to‘xtadi. Erkak nigohini yerdan uzmasdan va haykalday qotib qolgan holatini o‘zgartirmasdan yana sigaretga qo‘l cho‘zdi. Begona erkakning ro‘parasida turib qolganidan o‘ng‘aysizlanib shoshilgancha yo‘lida davom etdi. Uch-to‘rt qadam o‘tib ortiga qaradi. O‘z xayollari og‘ushida o‘tirgan erkak tanishga o‘xshardi. Tanishday va hatto juda qadrdonday.

7

Oradan uch kun o‘tib yana anhor bo‘yida, o‘sha joyda, o‘sha alpozda o‘tirgan holatda uchratdi uni. Havo biroz aynib, shamol esar, dov-daraxtlar norozi bir qiyofada bosh tebratib turardi. Oldidan o‘tayotib, erkakka ko‘z qiri bilan nazar soldi. Bu safar erkakning qo‘lida qandaydir qog‘oz bor. “Gap bu yoqda ekan-da, – o‘yladi Sayyora. – Demak, bu odamning oilasi uzoqda. Xatning mazmuni esa tahlikali. Balki xotini rashkchidir…”
Erkak varaq qatini ocharkan, ko‘zini birdam qog‘ozdan uzib ro‘parasida qotib turgan ayolga qaradi. Nigohlarning qisqa, oniy bu to‘qnashuvida ko‘z ko‘zga tushdi, xolos. Sayyora shoshqin qadamlar bilan uzoqlashdi. Erkakning ko‘zlari qoramidi, qo‘ng‘irmidi, anglolmay qoldi. Xatni o‘qib bo‘ladi-yu, yo‘lga tushadi, mayli, borsin-da tezroq uyiga, dedi Sayyora o‘ziga o‘zi. Ammo oxirgi gap go‘yo “ketmasa yaxshi bo‘lardi”, degan fikrning shuurida bosh ko‘tarib qolishidan cho‘chiganday bir tarzda aytildiki, o‘z xayolidan o‘zi uyalib ketdi. Ancha joyga borgandan so‘ng yana ortiga qaradi. Erkakning xat ushlagan qo‘li tizzalaridan pastga majolsiz osilib turar, barmoqlari uchida qog‘oz oqarib ko‘rinardi.
Juvonning qadamlari sustlashdi. Yo‘ldan chetga o‘tib panjaraga suyandi. Peshonasini temir panjaraning sovuq sirtiga bir lahza bosib turdi. So‘ngra xiyo­bon chetidagi o‘rindiqqa omonatgina o‘tirdi. Endi xat yerga tushib yotar, yengilgina esayotgan shamol uni varaqlar, ammo uchirib keta olmay titkilardi.
Quyosh ufqqa tomon og‘di. Daraxt yaproqlari avvalgidan kuchliroq shovullar, novdalar tobora qattiqroq silkinar. Nihoyat erkak o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Yomg‘irpo‘shini va shlyapasini kiydi-da, boshini quyi solgan ko‘yi xiyobon bo‘ylab bitta-bitta qadamlagancha Sayyora o‘tirgan tomonga qarab kelaverdi. Qiz taraddudlanib qoldi. Dastlab o‘rnidan turishga, tezroq jo‘nab qolishga chog‘landi, ammo shu soniyaning o‘zida fikridan qaytib, sumkachasini tizzalari ustiga olgancha kavlashtira boshladi. Erkak yaqinlab kelib yonidan o‘tayotganda o‘zini shu ish bilan mashg‘uldek ko‘rsatdi. Ammo uni pinhona kuzatishda davom etdi. Erkak shoshilmay qadamlardi. Oyog‘ida qishki botinka, tumshug‘i ingichkaroq, tagcharmi qalin, askarlarnikiday. Chap oyog‘ini bosganda tagcharmning nola qilganday g‘irchillashi eshitiladi. Shimining poychasi botinka tovonidan pastroqqacha tushib yerga tegay deb turibdi.

8

Erkak ko‘zdan pana bo‘lishi bilan o‘rnidan sakrab turdi va uzoqda oqarib ko‘rinayotgan qog‘ozga tomon yurdi. Yo‘lning yarmiga borganda, sira kutilmaganda shiddatli shamol esa boshladi. Chang-to‘zon ko‘tarildi. Tepada guvranayotgan kuchli oqimning yer bag‘irlab o‘tayotgan epkini yo‘lakda yotgan qog‘ozni Anhor tomon uchirib ketdi. Sayyora endi havoda chirpirak urib aylanayotgan va tobora uzoqlashib borayotgan ikki varaq qog‘oz ortidan yugurib borar, qandaydir sirli bir kuch uni chorlardi. Qog‘oz shamol qanotida uchib borib sohil panjarasiga yopishdi va uni quvlab kelayotgan ayol bilan xayrlashayotgan kabi shaldirab silkina boshladi. Sayyora butun vujudi bilan xatga intildi, qo‘l cho‘zdi, ammo shamol undan chaqqonlik qilib, qog‘ozni panjara simidan yulqib oldi-yu, uchirib ketib Anhor suviga uloqtirdi.
Sayyora yomg‘irda ivib xonasiga qaytdi. Dastavval sumkachasidan sigereta qutisini olib ko‘zdan kechirdi: so‘zlarini qiziqish bilan o‘qidi. Uni deraza tokchasiga, boshqa xuddi shunday qutichalar oldiga qo‘ydi-da, javondan issiqroq kiyimlarini olib kiydi. Eti junjikar, qaynoqqina choy ichgisi kelardi. Yelkasiga tivit ro‘molini tashlab oshxonaga o‘tdi. Buxorolik aspirant yigit gazo‘choqqa choydish qo‘yib, qaynashini kutib turardi.
– Mana, menikidan damlab olaqoling, – mulozamat qildi yigit. – Kutib o‘tirasizmi? Ana, qaynay deb qoldi. Ikkovimizga ham yetadi.
– Rahmat, – javob qildi Sayyora.
Yigit yana bir-ikki gap tashlab ko‘rdi-yu, uning sukut saqlashidan o‘zicha ma’no sezib boshqa indamadi. Kasbdoshining choynagiga qaynoq suv quyib berarkan: “Hayot shu ekan-da”, – deya xo‘rsinib qo‘ydi.
Oradan yarim soatlar o‘tib dahlizchada jur’atsiz bosilayotgan qadam tovushlari eshitildi. Eshik ohista tiqilladi. “Yana “Abushqa”ni so‘raydi”, – xayolidan o‘tkazdi Sayyora. Kitobni oldi-da, eshikni qiya ochib: “mana” dedi. Yigit kitobni olarkan, rahmat aytdi va qaddini xam qilgancha, og‘ir qadamlar bilan o‘z xonasi tomon ketdi. Yigitning maqsadi ikki og‘iz gaplashish, kitob esa bahona ekanligini tushunardi Sayyora. Ammo ro‘yxushlik bermadi.
Uning ruhiyatida nimadir o‘zgargan, nimadir yetilgan va yana nimadir bo‘y ko‘rsata boshlagandi. Xona devoriga qarasa ham, kitob varaqlasa yoki idish-tovoq yuvishga tutinsa ham mutlaqo begona, lekin ayni paytda “ming yillik qadrdon” o‘sha g‘amgin qiyofa ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lardi. Karavot panjarasi orasidan qo‘l cho‘zib intilgancha sigaret qutichasidan birini oldi, yozuvlariga, rangiga, aylana ichidagi otliq kishining haykaliga qaradi va sekingina burniga yaqinlashtirdi. Hidlab ko‘rdi. Bu qizil qutichani ham o‘rindiq yonidan o‘tib ketayotib o‘t-o‘lanlar orasidan topib olgan va “uniki” ekanligini bilardi. Nogoh eshikning taqillashi Sayyorani cho‘chitib yubordi. Yuragi hapriqqancha o‘rnidan otilib turdi, tezroq harakat qilmasa “U” ketib qoladiganday shoshib eshikka qo‘l cho‘zdi.
– Kitobingizni olib kelgandim, – degan tovush eshitildi tashqaridan.
Sayyora alam bilan uf tortdi. Eshikni ochdi va indamay kitobni olarkan, aspirant yigitning istehzoli nimtabassumidan o‘ziga keldi.
– Sigaret qutisi?..
– Ha, chekaman. Nima, mumkin emasmi? – ters gapirdi Sayyora.
Shoshilib eshik tomon borganida sigaret qutisini qoldirishni unutgan ekan. Yigit lablarida qotib qolgan o‘sha istehzoli tabassum bilan indamay bosh tebratdi-yu, shaxdam qadamlar bilan ortiga qaytdi. Uning harakatida zarda va keskinlik yaqqol ko‘rinib turardi.

9

Anhor bo‘yi Sayyoraning muqaddas manziliga aylanib qoldi. Endi u g‘amgin qiyofali odam o‘tirgan o‘rindiqqa yaqinroq borib og‘ziga bir dona nordon “Dyushes” qandidan solardi-da, sumkachasidan kitobini olib o‘qishga tutinar, dunyo bexabar qo‘shnisining sigareta tutatishiga qarar, uning gazetani ko‘zdan kechirishi, so‘ngra qandaydir qalin jurnalni varaqlashini hech qachon e’tibordan chetda qoldirmasdi. G‘amgin qiyofali odam ba’zan nimalarnidir yozardi ham.
Ko‘k, qizil qutichalar o‘n oltitaga yetdi. Har safar g‘amgin qiyofali odam ketishi va ko‘zdan pana bo‘lishi bilan Sayyora uning o‘rnida paydo bo‘lardi. Bu o‘rindiqda o‘tirish o‘ng‘ay, orqa suyanchig‘i yotiqroq, bemalol yastanish mumkin. Oyoq va bel toliqmaydi. Haligi xat g‘amgin qiyofali odamning hayotida u qadar muhim ahamiyat kasb etmaganini allaqachon tushungandi Sayyora. Chunki u hech qayoqqa ketmadi. Balki o‘sha qog‘ozda butunlay ahamiyatsiz bitiklar bo‘lgandir?
Ular o‘tiradigan o‘rindiqlar orasidagi masofa yetti qadamcha keladi. Shu bois g‘amgin qiyofali kishining yuz ifodasi aniq ko‘rinadi. Uning uzunchoq yuzi, chap tomonga biroz qiyshiq o‘rnashgan qirra burni, iyagidagi chandiq va yarimta qoshi qizga juda chiroyli, hatto bir qadar savlatli ko‘rinadi. Faqat lablari yupqa va hamisha qattiq qimtilgan. Og‘iz o‘rnida ikki cheti pastga tomon osilgan qavssimon ikkita chiziq. Bu “qavs”ni unchalik chiroyli deb bo‘lmaydi. Jurnalni o‘qiyotganda barmoqlari bilan chekka sochini tortqilab turadi. Qoshlari chimrilgan, yuzida goh iztirob, goh o‘kinch aksi. Bir safar uning yuzi yorishib ketdi. Chetlari pastga osilgan “qavs” to‘g‘rilandi. G‘amgin qiyofali odam, Sayyora uni tanigani va ”do‘stlashgani”dan buyon, ilk marta jilmaydi. Ammo g‘amgin qiyofa lablarning bunday xiyonati va o‘zaro bitishuvini payqamay o‘qishda davom etdi. Ayol bir muddat nigohini undan uzmadi. Shu begona odamning yuzidagi har bir chiziqni va har bir ifodani xotirasida uzoqroq saqlab qolish maqsadida astoydil tikildi. Qulog‘ining solinchog‘i katta. Quloq ichida o‘sgan yunglar qorayib ko‘rinib turibdi. Ularning ayrimlari yuzi tomon qayrilib, chekka sochiga qo‘shilib ketgan. “Sochi Betxovennikiga emas, Balzaknikiga ko‘proq o‘xshaydi, – xayolidan o‘tkazdi Sayyora, so‘ngra lahza o‘tmay fikridan qaytdi. – Yo‘q, Oybeknikiga o‘xsharkan”.
Erkak oyog‘ini chalkashtirib, tirsagi bilan o‘rindiq suyanchig‘iga tayangancha Sayyora o‘tirgan tomonga yarim o‘girilgan ko‘yi jurnalni tizzasi ustiga qo‘yib shoshqin harakat bilan cho‘ntagidan yon daftarini oldi. Engashib nimalarnidir tez-tez yoza boshladi. Ana, o‘rnidan turib anhor tomon yurdi. Xiyobonni kesib o‘tib panjaraga suyandi. Ortiga qaytib yana o‘rniga o‘tirayotganda Sayyoraga qaradi. Qoshlari o‘rtasidagi chiziqlar chuqurlashib, chiziqlar orasidagi tuguncha bo‘rtib chiqdi. Nimanidir eslashga urinardi aftidan. Sayyora nigohini undan uzib yerga ko‘z tikdi. Qaddini rostlamoqchi, ko‘ksini ko‘tarib orqaga suyanmoqchi bo‘ldi-yu, jur’ati yetmadi. Aksincha, enkayib oldi. Shabada mayin-mayin esar, tamaki tutunining o‘tkir hidi Sayyoraning dimog‘iga urilardi. Bu hidga ko‘nikishni istardi ayol va butun irodasini to‘plab chuqur-chuqur nafas olardi.

10

Ertasi kun Sayyora o‘sha joyni bo‘sh ko‘rdi. Lekin uning o‘rindig‘iga borib o‘tirishga haddi sig‘madi. Kelib qolar degan umidda eski bir jurnalni varaqlab o‘tirdi. O‘qtin-o‘qtin “o‘qish”dan bosh ko‘tarib atrofga alanglarkan, Anhorning narigi betida kimningdir sharpasini payqaganday bo‘ldi. U tomonda odamlar o‘tib-qaytib turishardi. Haligi sharpa o‘zini panaga – daraxt tanasi ortiga olgani ayolning diqqatini tortdi. Yuzini jurnal varag‘i bilan to‘sgancha o‘sha tomonni kuzata boshladi. Sharpa berkingan joyidan qo‘zg‘alib tanasi ayri bo‘lib o‘sgan daraxt ortiga o‘tdi.
G‘amgin qiyofali odamdan esa hamon darak yo‘q. Sayyora bo‘m-bo‘sh o‘rindiqqa g‘amgin nigoh tashlarkan, nogoh Anhorning narigi betida paydo bo‘lgan sharpa yodiga tushdi-da, atrofga alangladi. Daraxt tanasi ortida jigarrang kiyimning uchburchak etagi ko‘rinib turardi. “E, bordir-da birortasi” xayolidan o‘tkardi u va o‘zini chalg‘itish maqsadida yana jurnalga tikildi. Quyosh daraxtlar ortiga o‘tib berkindi. Soyalar quyuqlashdi, salqin tushdi. “Kelmaydi” alamnok aytildi bu so‘z. Soatiga qaradi. O‘rnidan turdi. Ketishga chog‘lanarkan, yana uning o‘rniga ko‘z tashladi va shundagina maysa ustida yotgan qizil rangli qutichaga ko‘zi tushdi. Ustidagi shaffof tsellofani ham tushib ketmagan. Shoshqin harakat bilan qutichani sumkachasiga soldi.
Oradan to‘rt oy o‘tdi.

11

Aspirantlar uyi hamishagidek xira chiroqlari, magnitofon chinqiriqlari hamda ilm toliblarining shovur-shuvuri bilan o‘zining dunyoda mavjudligidan darak berib turardi. Uzun dahliz eshiklari oldida qo‘shnilar uymalashib turishar, shang‘illab gapirishar, bor ovozlari bilan kulishar, xullas, sun’iylik evaziga bo‘lsa-da, o‘z dimoqlarini o‘zlari chog‘ qilishga urinardilar. “Qachondan buyon shovqin-suron yoqmay qoldi menga?” O‘z shuuriga o‘zi savol berdi Sayyora xonasiga kirib eshikni zichlab yoparkan.
Deraza tokchasidagi qutichalardan birini oldi. Endi nima yozilganini yoddan bilgani uchun yozuvlarni o‘qimay qo‘ygan, qutichaga havas bilan qarab, hidlab, yana joyiga qo‘yardi. Bu safar ham hidlash uchun qutichani burniga olib borarkan, uning ichidagi qog‘ozga ko‘zi tushdi. Barmoqlarining titroq harakati bilan oldi uni. Ixcham qilib buklangan qog‘oz… Xat!.. Quticha ichida xat bor edi. Bu qog‘oz o‘ziga taalluqli ekanligini va bu xatda hayotini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishga qodir kuch yashirinligini ichki bir tuyg‘u bilan tuydi Sayyora. G‘amgin qiyofali odamning qarab-qarab qo‘yishi, yuz ifodasi, qoshlarining chimirilishi, peshonasida o‘ynab turadigan chiziqlar aniq-tiniq ko‘z oldiga keldi. “Har holda unchalik bildirmasa ham menga e’tibor qilgan ekan, befarq ko‘rinishi bekor ekan” degan xulosa bilan xatni ochdi va quyidagilarni o‘qidi:
“Ey, notanish Xilqat! Maqsadingni anglat. Agar meni sevib qolgan bo‘lsang, bekor qilasan. Oramizdagi farq juda katta. O‘ylab ko‘r. Atrofingda shuncha yosh yigitlar bo‘la turib, mendek yoshi o‘tib qolgan kishini sevishga nima majbur etdi? Javob xati yozma. Anhor bo‘yiga kelmay qo‘ysang, shuning o‘zi yo‘llagan javobing bo‘ladi.
Salom bilan notanish odam”.

12

Sayyora yana o‘sha yapon shifonidan tikilgan ko‘ylagini kiydi. Bu libosda o‘zini dadilroq sezardi. Aytadigan so‘zlarini takror-takror xayolidan o‘tkardi va sumkachasini yelkasiga ilib shaxdam odimlagancha yo‘lga tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, g‘amgin qiyofali odam xuddi avvalgidek o‘z o‘rnida o‘tirardi.
– Javob xatini yozdim, – dedi Sayyora uning ro‘parasiga kelib to‘xtarkan, ta’na va gina barq urib turgan nigohini undan uzmay.
– Qanday xat? Kimga? – so‘radi ohista o‘girilib qararkan, g‘amgin qiyofali kishi.
– Sizga.
– Qani?
– Mana! – o‘ziga ishora qildi Sayyora.
– Tushunmadim…
Sayyora uning hayratga to‘la tiniq ko‘zlariga qaradi.
– Siz bu joyni sotib olganmisiz?
– Qayerni?
– Shu anhor bo‘yini-da.
Ayolga zavq bilan qaradi g‘amgin qiyofali kishi. Bosh chayqadi, lablariga unsiz tabassum yugurdi. So‘ngra chuqur xo‘rsindi-da, so‘radi:
– Yozuvchiga shaytonning ham rahmi keladi degan gapni eshitganmisiz?
– Shaytonning nima dahli bor?
Sokin, yarim siniq ovoz bilan aytdi ayol bu gapni.
– Men puldor emasman. To‘g‘ri, shu joyda oqshomgi fursat biroz o‘tirishni yaxshi ko‘raman. Odatlanganman. Havosi toza. Xilvat. Hech kim fikrlashimga xalaqit bermaydi. Shu joyda o‘tirsam miyamga yaxshi fikrlar kelaveradi. Lekin bu joyni sotib olmaganman.
– Siz yozuvchimisiz?
G‘amgin qiyofali kishi tasdiq ma’nosida gunohkorona bosh egdi.
– Mening bu yerga kelishimni taqiqlash ham shu joyda xayolingizga kelganda-a? – tabassum qildi Sayyora.
– Taqiqlash… bu nima deganingiz? Axir men siz bilan biror og‘iz ham gap­lashganim yo‘q-ku. Kelavering, ertaga bu joyni yana butunlay sizga tashlab ketaman, – dedi g‘amgin qiyofali kishi ayolning gapini hazil fahmlab.
Sayyora yalt etib unga qaradi. Yuzidagi tabassum so‘ndi. Boshini quyi solib jim qoldi. Titroq barmoqlari bilan ko‘ylak belbog‘ining uchini asabiy tarzda g‘ijimlay boshladi.
– Hech narsa tushunmadim, – dedi g‘amgin qiyofali kishi sokin bir harakat bilan cho‘ntagini kavlarkan. – Savollaringizga javob berdim, ammo hech narsaga fahmim yetmadi.
– Shunisi ma’qul. Eng muhimi, men haqiqatni angladim.
– Menga ham anglating-da, unda…
Qorong‘i tusha boshlagandi bu paytda. Sayyora ikkilandi. “Ertaga ketmasangiz…” – deyishga ko‘p urindi. Ammo bu so‘zlarning har bir tovushi qo‘rg‘oshindan quyilganday og‘ir. Aytolmadi. Ko‘zyoshlarini arang tiyib turardi. Ertasi kun bo‘yi xonasidan chiqmadi. Qo‘shnisi ham eshikni qoqmay qo‘ydi. Faqat har zamon, har zamonda o‘ta ehtiyotkorlik bilan qadam bosib oshxona tarafga o‘tgani eshitilib qolardi.

13

Yozning dimiqqan oqshomlaridan birida aspirant yigit yana “Abushqa”ni so‘rab ostonada paydo bo‘ldi. Sayyora g‘amgin qiyofali kishi bilan bo‘lgan suhbatdan keyin daraxt ortida yashirinib turgan kishining kimligini va xatni kim yozganini tushungandi. Shu bois to‘rt oy quticha ichida yashirinib yotgan xatni kitob orasiga soldi-da, indamay uzatdi. Indamay eshikni yopdi va qaytib kelib o‘rniga yotdi. Kechagi suhbatni ipidan-ignasigacha qayta esladi. Uning javob­larini, holatini, qiyofasini takror-takror ko‘z o‘ngidan o‘tkardi. “Menga ham anglating-da, unda”. G‘amgin qiyofali kishining so‘nggi gapi shu bo‘ldi.
Nogoh sapchib o‘rnidan turib ketdi Sayyora va beixtiyor nido qildi: “Axir uning qo‘lida haligi bor edi-ku, haligi… Alma… almamater! Almamater daraxtining mevasi! Nega xayolimga kelmadi?!”
Sayyora shoshqin bir harakat bilan kiyina boshladi. Balki bugun ham kelgan va hali ketmagandir degan ilinj bilan dahliz bo‘ylab yugurib borarkan, koftasini teskari kiyib olganini ham sezmadi. Qosh qorayganda manzilga yetib keldi. Trolleybusdan tushib anhor bo‘yiga tomon enarkan, yuragi hapriqib, butun vujudi bilan olg‘a intildi va oqshom qorong‘isida qorayib turgan gavdani ko‘rdi…

* * *

O‘sha qorayib turgan gavda, g‘amgin qiyofali o‘sha odam men edim. Qo‘limda almamater daraxtiningng mevasini ushlab turardim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 5-son