Nazar Eshonqul. Shamolni tutib bo‘lmaydi (hikoya)

Yuz yildan beri tersotaliklarning g‘ururi va faxri bo‘lib kelgan, zamonaviy qilib qurilgan ravoqli uylar qarshisida yuzdagi chipqondek qishloqqa ko‘rimsizlik va keksalik bag‘ishlab turgan, noma’lum va mudhish sinoatlarga to‘la qadim qo‘rg‘onni eslatuvchi Bayna momoning uyini xuddi unutishga va yo‘q qilishga mahkum etilgan xotiradek nihoyat buzib tashlashga kirishishdi: temir tirnoqli buldozerlar uyning devorlarini qulatar ekanlar, uy bilan qo‘shib, o‘zlarining ham nimalarinidir buzib, vayron qilishayotgandek, tersotaliklar bir chekkada jimgina kuzatib turishar va naq ellik yilcha taqdirning beshafqat o‘yiniga qarshi kurasha-kurasha dunyodan yolg‘iz va izsiz o‘tish azobini ko‘tarib kelgan, hayoti o‘zlariga hamon tushuniqsiz va mavhum tuyuladigan Bayna momoni eslagan ayollar ko‘zlariga yosh olib, bolalarini bag‘irlariga bosgancha, olis va g‘amgin xotiralarga berilib, mung‘aygan alfozda o‘tirardilar.
Bayna momo tirikligida, garchi bu ayollarni, erining polvonlik lash-lushlari va kiyim-kechaklari yotgan, polvonnig o‘limidan so‘ng hechqachon chiroq yonmagan, tuynugi shuvab tashlangan ana u hujra kabi qorong‘u musibat to‘la uyi ichkarisiga kiritmagan bo‘lsa-da, ular qahr va g‘azabini sitam bilan ichiga yutib kelgan bu kampirni hurmat va ehtirom bilan eslashardi. Bu uy Tersotada qurilgan birinchi uylardan edi va Rayim polvonning otasi Shukur oqsoqol bundan bir asr muqaddam tug‘ilajak farzandlariga keng uy va yildan-yilga ko‘payib borayotgan yilqilarga otxona solish maqsadida Tersota soyining oftobro‘yasiga qishloqning birinchi poydevorini qurgandi. Rayim polvon esa otasining ishini davom ettirdi: uyning orqasida bog‘ barpo etdi va otxona yonida qirga tutashtirib, yozning jaziramasidan go‘sht va yog‘larni, qimiz va ayronlarni asrash uchun keng yerto‘la, uyning oldiga toshdan baland supacha, ot kirib chiqadigan uzun, ustundor ayvon qurdi. Bayna momo ellik yilga yaqin yolg‘izlik davrini ana shu ayvondagi ustunlarga suyanib o‘tkazdi: u eri va o‘g‘lining judolik azobi qiynagan paytlar shu ustunlarni quchgancha yig‘lardi. Keyinchalik ko‘z yoshlari ham tugab qolgach, hayotida go‘yo suyanchig‘i va orqasidan yig‘lab qoladigani yo‘qligini odamlardan yashirish uchun yoki endi yillar silsilasiga dosh berolmay puturdan ketayotgan uyni butkul vayron bo‘lishdan asrab qolmoqchidek, yelkasini ustunga suyagan holatda xotirasining siniq parchalariga tikilib, ko‘zlarini yumgancha g‘amginu mustag‘riq o‘tirardi.
Rayim polvonning o‘limidan keyin tug‘ilgan va u haqda keyinchalik butkul eslaridan chiqib ketgan cho‘pchaklarnigina eshitib ulg‘aygan avlod uylarini ravoqli va pishiq g‘ishtdan qura boshlagach, bir paytlar Tersotaning ko‘rki va g‘ururi bo‘lib turgan bu uy birdan ko‘rimsiz qiyofaga kirdi va endi Bayna momo kabi uy ham qishloqdagi uylar oldida yolg‘izlanib qolgandi: faqat biri-birini bosib-turtib kirib kelayotgan shoshqoloq yillar bu avlodning sarkash qalbiga qandaydir olis xotirani yoqib qo‘yish uchun behuda urinib, uy devorlariga mahzun bitiklar yozar, bekasi bilan birga bu makon ham allaqachon o‘zining oldingi qudrati va viqorini yo‘qotib bo‘lgan, unut va tashlandiq maskanga aylangandi. Tersotaliklar endi ayeroplanlar haqida gaplashishardi. Ular zamonning alg‘ov-dalg‘ovlariga g‘arq bo‘lgan, hayotlarida yuz berayotgan yangiliklarni hazm qilib ulgurmasdi. Yillar bilan birga hamma narsa o‘zgarar, faqat Bayna momogina uni sezmas, go‘yo uning uchun vaqt o‘sha holicha qotib qolganday, uni hamon o‘sha ellik yil oldingi — eri va o‘g‘lining o‘ligini askarlar tepkilab o‘tishgan ustun oldidan topish mumkin edi.
Mirshab va askarlar uyning har burchagidan yopirilib kelishganda Bayna momo erining murdasi ustida turardi. Rayim polvonni qo‘lga tushirolmay yurgan Zamon otboqar uni uyidan chiqayotganda otib o‘ldirgan, endi polvon rostdan xam o‘lganmi, yo‘qmi mirshablar bilan pusib-poylab, ayvonga yaqinlashib kelardi. Biroq shu payt yana o‘q ovozi jarangladi va Rayim polvondan ko‘z uzmay kelayotgan askar oyog‘ini quchoqlagancha baqirib yiqildi. Bayna momo mehmonxona eshigidan chiqaverishda otasini otib tashlashganini ko‘rgach, uyga yugurib kirib ketgan, qo‘liga otasining miltig‘ini tutib turgan o‘g‘lini ko‘rdi — o`g‘lining ko‘zlarida ham eriniki kabi g‘azab, telbalik yonardi. Bayna momo o‘g‘lini ogohlantirishga ulgurmadi. Birdaniga bir necha o‘q ovozi uning qulog‘ini bitirib qo‘ydi va o‘g‘li otasining ustiga yuztuban yiqildi — yiqilarkan, endi sabza urgan mo‘ylovi titrab ketdi, onasiga bir zum qo‘rquv va hijolat aralash tikildi. Zamon otboqar yugurib kelib, uning boshiga tepdi va miltiqni bir chetga uloqtirdi. Qishloqda askarlardan boshqa hech kim ko‘rinmas, odamlar go‘yo suvga cho‘kkanday g‘oyib bo‘lgan, faqat derazalarga tortilgan qora pardalar bu mudhish jinoyatga loqayd va befarq boqib turardi. Bayna momo tersotaliklarni kechira olmadi — ko‘kragi ilma-teshik bo‘lgan o‘g‘liga qarata Zamon otboqar yana bir necha bor o‘q uzarkan, u madad izlab, uylarning tuynuklarini yopib turgan qora pardalarga bir-bir ko‘z tikdi, biroq u yerdan sovuq sukutdan boshqa hech narsa ko‘rinmas, zulmatga cho‘kkan tuynuklar bu misli ko‘rilmagan qotillikni jimgina tomosha qilib turardi. Mirshablar Rayim polvon va o‘g‘lining o‘lganiga ishonch hosil qilishgach, otlariga minib jo‘narkan, Zamon otboqar eri va o‘g‘li murdasi ustida cho‘kka tushgan Bayna momoning yelkasi osha qamchi tushirdi:
— Endi xoru zorlikda o‘lib ketasan, — xirilladi u. — Molingni topshir, deganda ering qo‘liga miltiq ushlab biz bilan sichqon-mushuk o‘ynadi. Mana, endi unga hech narsaning keragi yo‘q.
Mirshablar Rayim polvonning qo‘radagi podasi-yu otlarini haydab ketishdi. Zamon otboqar otlarni quvib ketarkan, bir yo‘la otasi bilan uning qasosini olishi mumkin bo‘lgan o‘g‘lini ham otib tashlaganidan xursand edi — u shu ketishi bilan qishloqning ko‘p narsasini haydab ketdi — endi qishloq birdan minorasi qulagan shahardek g‘arib va notavon ko‘rinardi. O‘n besh yillardan so‘ng Zamon otboqar qishloqqa qaytib kelganda qishloqdan fayz ketib, odamlar yana ham ojiz va hurkak bo‘lib qolgandilar. U Rayim polvondan so‘ng tashlandiq holatga kelib qolgan soy bo‘yidagi bog‘ga keng qilib uy qurdi: u bog‘da uy qurish uchun hech kimdan ruxsat so‘rab o‘tirmadi. Endi u o‘zi bu qishloqqa olib kelgan zamon havosidan yayrayotgan qishloqdoshlarini ko‘rish uchun otda izidan bir to‘da ov itlarini ergashtirib aylanib yurarkan, qoya ostida yelkasiga o‘tin ko‘tarib kelayotgan Bayna momoga duch keldi. Bayna momo qarib qolgan, ammo hali ham ko‘zlari xuddi o‘n besh yil avvalgidek qahrli va nafrat to‘la edi.
— Sen menga bunday qarama, — Zamon otboqar qamchisini havoda silkitar ekan. — Ering bu yerda bo‘lmasa boshqa yerda baribir o‘lgan bo‘lardi. Sen esa xavotir olma, o‘lsang itlarim ko‘madi. — Shunday deb u bo‘ribosarlarni ko‘rsatdi. Ammo u Bayna momoni bu safar urmadi. Bayna momo ham unga bir og‘iz ortiqcha gapirmadi. Umuman eri va o‘g‘lining o‘limidan so‘ng kamgap va odamovi bo‘lib qolgandi. U Shukuroqsoqol o‘z fe’liga yarasha keng-keng qilib qurgan xonalarda xuddi bir narsasini yo‘qotgan kabi maqsadsiz kezib yurardi: u endi bu alg‘ov dunyoda yolg‘iz va qarovsiz qolgandi: lekin o‘zining ojizligini hech qachon bildirmas, o‘zidan ko‘ngil so‘raganlarni yomon ko‘rar, go‘yo hayoti hech kim qiyo boqa olmaydigan daxlsiz saltanatdek u yoqqa biron kishini ,hatto so‘zi bilan ham, kirishga yo‘l qo‘ymasdi. Erta bahordan to kech kuzgacha saharmardondan oldiga besh-olti qo‘y-qo‘zi, echki-uloq haydagancha daryo bo‘yidagi yulg‘unzorga tushib ketar, u yerdan qurigan shox-shabba terib, qorong‘u tushganda uyiga qaytar, bir yilda ikki-uch marta tegirmonga bug‘doy ko‘tarib borardi. Uning bug‘doy ko‘tarib yurishidan ori kelgan Ollomurod tegirmonchi Bayna momoni insofga chaqirdi:
— Siz bunday ovora bo‘lib yurmang, — dedi u. — Biron erkakdan berib yuborsangiz, tortib, o‘zim uyingizga olib borib tashlayman.
— Bu qishloqda erkak yo‘q, — dedi Bayna momo zarda bilan, so‘ng yelkasidagi bug‘doyni tegirmonga kiraverishda tushirdi. Gapirayotganda ovozi titrab ketdi. Tegirmonchi tilini tishlab qoldi. Bayna momo bir paytlar faqat qishloq emas, butun tog‘li xalqning orini ko‘targan, nomini chiqargan Rayim polvonni quloq deya ta’qib qilishlariga, so‘ng itday xor qilib otib tashlashlariga yo‘l qo‘ygani va o‘g‘li bilan erini zamonning egasi, bir paytlar Rayim polvonning malayi Zamon otboqar ixtiyoriga berib qo‘ygani uchun qishloqdoshlarini kechirolmas, ularga bo‘lgan nafrati susayish o‘rniga, yillar o‘tib, ota-bola o‘ldirilgan oqshomdan uzoqlashgan sayin ko‘proq o‘rni va qadri bilinayotgan, o‘zini hayotning barcha quvonchidan bir yo‘la mahrum etgan, yolg‘izlikning ko‘r musibati aro tobora avjlanib, Bayna momoning keksaligi bilan birga injiq va yo‘riqsiz bo‘lib borardi. U ba’zida qishloqdoshlarini ochiq masxara qilardi: «E, senmisan, Salom ko‘sa, xotiningning ishtonini kiyib yuribsanmi deyman», «Hakim otchopormisan, buncha urg‘ochi baytalga o‘xshab qiyshanglaysang…» «Bu qishloqning ayollari endi faqat xezalak tug‘adi». Bu masxara va nafrat yillar o‘tishi bilan Bayna momoni qishloqdan butunlay ajratib qo‘ydi. Endi u yolg‘iz va kimsasiz qoldi. Uni oylab birov yo‘qlamas, faqat ertalab echkilarini yulg‘unzorga haydab, borayotganidan, kechqurunlari qishloqni tutgan qaynayotgan sut hididan hali uning tirik ekanini bilishardi. Bayna momo o‘z yolg‘izligi va musibatini hayotning badbo‘y, zabun, xor etilgan hidlari anqib yotgan yillar dahlizidan yetaklab o‘tdi. Qishloqdoshlari bahor kelishi bilan eski yaylovlarga ko‘chib chiqishar va yer shudgorlar, har kim o‘z tashvishiga berilib ketardi. Qishloqda qolgan Bayna momo esa bu paytda yolg‘izlik dashtini shudgorlar, u yerga har yili Zamon otboqar hukumat odamlari bilan kelib, eri va o‘g‘lini otib tashlagan oqshomni ekar va so‘ng yolg‘iz o‘zi hosilini ham yig‘ib olardi. Bayna momo har kecha ko‘z yoshlari bilan to‘lgan qayiqda yillar qoyalari orasida qolib ketgan eri bilan o‘g‘lining ilma-teshik bo‘lgan murdasi va Zamon otboqarning muzaffar qamchisi yotgan qonli halqob bilan to‘lgan ayvonga suzib borar, ertalablari ho‘l bo‘lib ketgan yostig‘ini xuddi qadim ajdodlarning unut yaloviday uyining oldidagi — oradan yillar o‘tgach, uyini buzayotganlar qo‘porib tashlashga kuchlari yetmagach, kovlab olishga majbur bo‘lgan — baland tolga osib, oftobda quritardi. Qish paytlari g‘amlab qo‘ygan o‘tini yetmagan kunlari u ko‘rpaga oyog‘ini tiqqancha xotirasiga isinib jon saqlardi. Rajab ko‘sa qarindoshligi qo‘zib, bir necha yil oldin g‘amlab bergan o‘tini omborxona ortida ko‘sa keltirib, taxlagan joyda taxi buzilmay turardi — uni Bayna momo qazo qilganda ma’rakaga yaratishdi va barcha tersotaliklar Rayim polvon tirikligida hammaning maslahatgo‘yi bo‘lgan, uyi hamisha mehmonlar va polvonvachchalar bilan to‘lib-toshadigan bu ayolning bunchalik nafrati va tavqi la’natiga sazovor nima gunoh qilishganini bir umr bilolmay o‘tishdi. Bayna momo qishloqdoshlariga ko‘z-ko‘z qilmoqchiday, bu uyning erkagi va oriyati o‘lmagan deya ta’kidlayotganday eri va o‘g‘lining polvonlik yaktaklarini har oyning oxirida shusiz ham hammaning ko‘ziga tashlanib turadigan uyining shappatgayiga osib qo‘yardi: yaktaklar ham bora-bora yillar hovuriga hamda har oyda qayta yuvadigan nafrat to‘la changallarga dosh berolmadi: Zamon qassob o‘limidan bir kun oldin yaktaklar torda uvada-uvada bo‘lib osilib turar, ular endi kiyimdan ko‘ra ko‘proq qabrlar ustiga ilib qo‘yadigan laxtakka o‘xshab qolgandi.
Zamon otboqarning o‘limi ham Bayna momoning qalbini yumshata olmadi: uning o‘limi to‘g‘risidagi xabarni keltirishganda Bayna momo o‘z hujrasida kelinlik sandig‘i yonida cho‘kak tushgancha musibatu g‘amga ko‘milib o‘tirardi: uning shu turishi azob-uqubatning bir to‘plam uyumiga o‘xshardi. Hujraga bosh suqqan Roziya momo unga Zamon otboqarning o‘limi haqidagi xabarni yetkazdi. Barcha ayollar hozir quvonchdan hammani bir-bir quchib chiqadi deb o‘ylashgandi. Ammo Bayna momo xabarni oqsuyaklardek xotirjam qabul qildi: u bu xabardan ajablanmadi ham, o‘tirgan joyidan ostonadagi ayollarga burilib ham qaramadi — haykalday, go‘yo toshday qotib o‘tiraverdi. Faqat uning barmoqlari qaltirab turar, xonaga qon hididay noxush hid o‘tirib qolgandi. Ayollar undan javob kutib uzoq o‘tirishdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, Bayna momo ularga o‘girilib ham qaramay, go‘yo ularni ko‘rishdan ijirg‘anganday va jirkangandek alfozda «Boringlar, o‘liklaringga yig‘langlar» dedi. Uning qahr to‘la tovushi ko‘pdan buyon odam qadami yetmagan hujralar ichiga singib ketdi: u yerdan yigirma uch yillik changu g‘ubor go‘yo zardali ovozdan qaltirab ketgandek joylaridan bir qimillab qo‘ydi, so‘ng yana hujralarga bu xonadon boshiga tushgan g‘am-anduhday abadiy cho‘kdi. Shunday deya Bayna momo musibat va g‘am ado qilgan bu ayolning yildan-yilga kichrayib, qarib borayotganidan va yuzlarini tilim qilib tashlagan ajinlaridan uyalganday faslma-fasl rangi o‘zgarib, xuddi bekasi kabi tussiz, rangsiz ko‘rinishiga kelib qolgan va hech qachon yelkasidan tushmagan jelagi bilan yuzini ayollardan to‘sib oldi; shu bilan u tersotaliklar va odamlar bilan o‘rnatilajak barcha muloqotlar eshigini taqa-taq yopdi va faqat o‘zigagina ma’lum, boshqa hech kim anglay olmaydigan, boshqa hech kim anglashga qodir bo‘lmagan o‘z dunyosiga kirib ketdi.
Bayna momo so‘nggi nafasigacha o‘z nafratiga sodiq qoldi. Zamon otboqarning o‘limidan so‘ng ham qishloqdoshlari bilan ilakishib ketolmadi. Umrining oxirida bu o‘jar kampir baribir o‘zlarinikiga ko‘chib bormasligini sezgach, singlisi bilan kuyovining o‘zlari ko‘chib kelishdi: ammo bu paytda Bayna momo butunlay oyoqdan qolgan, faqat kun uzog‘i ko‘zini shiftga tikkancha cho‘zilib yotishga yarardi. Bayna momoni eri va o‘g‘lining qabri yoniga qo‘yishdi: ellik yil avvalgi qabrni osongina topishdi; qabr deyarli har hafta tozalab turilganidan boshqa qabrlardan yakqol ajralib turar va undan miskin bir anduh anqirdi. Uning Rayim polvondan so‘ng deyarli yangilanmagan, hatto ularga ham musibat va yolg‘izlik hidi o‘tirib qolgan ko‘ylaklarini xalq laparlarini yig‘ish uchun kelib, qurib ketishgan va o‘sha talaba qizlardan so‘ng biron marta foydalanilmagan torga uzoq janglardan so‘ng mag‘lub bo‘lgan qo‘shinning o‘zlariga o‘lja qolgan tug‘larini osib qo‘yishgandek va qishloqdoshlaridan ellik yil nafrat qilgan ayol ustidan nihoyat g‘alaba qilishgandek bir-bir osib chiqishdi. Talaba qizlar o‘shanda Zamon otboqarnikiga yig‘ilgan, pishiriq-mishiriqni boshlashgan ayollar qiy-chuv qilishayotgan oqshomda kelishgandi. Ularning kelishi bilan Zamon otboqarnikida boshlangan to‘y tashvishlari qo‘shilib ketdi. Biroq qizlar qishloq irimlarini nazariga ham ilishmadi. Bayna momonikiga kela-solib, kir yuvishga tushdilar — ular ichko‘ylak, ro‘mol, yana Bayna momoga g‘alati ko‘ringan shimlarini shundoq hammaga ko‘z-ko‘z bo‘ladigan joyga bemalol osib qo‘yishdi — ular Meli o‘qituvchining «qishloqdagi eng keksa ayol» degan bir og‘iz gapi bilan Bayna momonikiga kelib o‘rnashib olishgan, aftidan, hali-beri ketishmoqchiga o‘xshamasdi. Bayna momo ular bilan ochilib gaplashmadi ham. U kechqurun echkilarni sog‘arkan, qizlar hayratdan qiy-chuv qilib yubordilar: ularning birontasi ham echki sog‘ishni ko‘rmagandi. Qizlarning bir-ikkitasi Bayna momoga yaqinroq kelib, uning echki yeliniga borib kelayotgan qoqsuyak qo‘llariga qaradilar: mirshablarning hafsalasini pir qilgan, xuddi uyning devori kabi yillar uqalay-uqalay jimitdek qilib qo‘ygan gavdasini sal oldinga egib turganidan uning o‘zi ham qari va ozg‘in echkiga o‘xshab qolgandi.
— Agar o‘g‘lingiz bo‘lganida men sizga jon-jon deb kelin bo‘lardim, — dedi qizlardan shaddodrog‘i Bayna momoning echki sog‘ishidan zavqi kelib.
Bayna momo unga o‘qrayib qaradi va ko‘zlarida birdan alam yondi: qizlar qo‘rqib ketishdi: ko‘z oldilarida Bayna momoning butun tanasi birdan tutab jo‘naganday tuyuldi. Qizlar dud hidini aniq sezishdi. Bayna momo o‘rnidan turdi-da, qo‘lidagi kadini supaga qo‘yib, ichkari kirib ketdi va shu kirgani bilan ertasiga echkilarini yulg‘unzorga haydab ketmaguncha qaytib chiqmadi. Choshgoh payti echkilarini haydab ketar ekan, qizlarga bir og‘iz ham gapirmadi. U xuddi oyparastga o‘xshab ketib borar, echkilari yulg‘unzorga emas, Po‘lat cholning bedapoyasiga qarab ketayotganini ham sezmay yulg‘unzor tarafga yo‘l olgandi. Po‘lat chol qorni shishib ketgan echkilarni haydab kelganda Bayna momoni uydan topolmadi: u allamahal, oy atrofni sutday yoritganda sharpaday kirib keldi va uyga kirib ketib, to mirshablar so‘rab kelmaguncha uydan chiqmadi. Qizlar bir hafta uning og‘zini poylab ovora bo‘lishgach, biron narsaga erisholmay qaytib ketishdi. Ular uy oldida paydo bo‘lishlari bilan uyning tanazzulga yuz tutgani birdan bilinib qoldi. Ular navqiron va go‘zal edilar, uydan va Bayna momodan chirkinlik va musibat hidi kelar, navqironlik oldida birdan uy ham, Bayna momo ham keksayib qolganday edi. Ular bu uyga o‘rnashib qolgan yolg‘izlik va musibatni cho‘chitib,so‘ng quvib yuborishmoqchiday tinmay xoxolashardilar. Talaba qizlarning ochiq-sochiqligi va lorsillagan tanalarini ko‘z-ko‘z qilish uchun kiyib olgan tor shimu ko‘ylaklari, kalta sochlari-yu g‘alati, oppoq paypoqlari ham tabiatan tekin tomoshani yaxshi ko`radigan tersotaliklarning e’tiborini tortolmadi: ularning shahar atiri ufurib turgan noz va tamannolari sirli tarzda o‘ldirilgan otboqarning azasi orasida ko‘zga tashlanmay qoldi. Uzoq vaqt farzandsizlik azobini tortgan otboqarni qirqdan oshib dunyoga kelgan uch o‘g‘liga biravrakayiga dabdabali to‘y kilish uchun kazo-kazolarni shaxsan o‘zi aytib kelish maqsadida shahar tushib ketgandan ikki kundan so‘ng ertalab daryo bo‘yidagi yulg‘unzor ichidan chavaqlangan holda topib olishganda allaqachon to‘y qozonlari qurilib, uzoq manzillardan ba’zi mehmonlar kela boshlagan edi. Uzoq yillar o‘zlariga suyanchiq bo‘lib kelgan otboqarning o‘limi xuddi dushmanlaridan o‘zlarini asrab turgan qo‘rg‘onlari qulagandek tersotaliklarni birdan mung‘aytirib qo‘ydi — ular qariyb yigirma besh yil rahnamo va peshvolari bo‘lib kelgan odamning o‘limidan qattiq qayg‘uga tushdilar. Ertasiga yetib kelgan mirshablar qishloqdagi har bir erkak bilan gaplashib chiqishdi, so‘ng ular Bayna momonikiga yo‘l oldilar — ular yigirma uch yil muqaddam otboqar tufayli eri va o‘g‘lidan ajralgan ayolni to‘satdan eslab qolishgandi. Biroq uloqlar ichida uloqdan ham kichik jussali, yuziga yillarning beshafqat muhri bosilgan hamda yolg‘izlikka mahkum etilgan, har bir soniyaning musibatu anduhi asorati porlab turgan kichkina, jimitday, sochlari oppoq bo‘lib qolgan kampirni ko‘rishgach, negadir botinisholmadi — ular qarshilaridagi ramaqijon kampir bilan devday Zamon otboqarni qiyoslashib, o‘z shubhalaridan uyalib ketishdi, chog‘i, indamay iziga qaytdilar. Ular, garchi Bayna momoni so‘roq qilganlarida ham hech narsaga erisha olmasdilar — u keyingi yillarda bir og‘iz ham gapirmagan, so‘zlar va ularning ma’nosi uning xotirasidan chiqib ketganday yoki o‘z mohiyatini yo‘qotganday, o‘z qayg‘u va azobi bilan kunlarni zo‘rg‘a yengib yashayotgan edi. Zamon otboqar itday o‘lim topgandi. Jasadning shu turishi avval o`zi, keyin tepasi qulab tushgan ulkan minorni eslatardi- kiyimlar pora-pora yirtilgan, avrati uzib tashlangan,o`nta barmoqning hammasi kesib olingandi…Baribir barmoqni izlab topisholmadi. Jasadni barmoqsiz ko‘mishga to‘g‘ri keldi: butun qishloq naq yomat maydonga aylangandi: ayollar uvvos soib yig‘lashar ekan, endi sochlari qorday oppoq, deyarli arvohga aylangan, qishloqdoshlarining xotirasidan ham chiqib ketgan Bayna momo tom ustida Rayim polvonni itday otib, tashlashlaridan bir necha daqiqa oldin otini egarlash uchun olib chiqayotib, o‘qqa duchor bo‘lgan, yillar pora-pora qilib tashlagan jabduq ustiga cho‘kak tushgancha to‘y deb kelib, aza ustidan chiqayotgan mehmonlarni, to‘y beraman deb, endi aza berayotgan qishloqdoshlarini kuzatib, xuddi qutlug‘ bir vazifani o‘tab, endi dunyoda armoni qolmagandek, yillar g‘ijimlab tashlagan yuzida bir jununvash ifoda qotib qolgan holda tersotaliklar hayotiga yigirma uch yil soya solgan tosh haykal kabi qilt etmasdan o‘tirardi.
Nihoyat bu kampirning ham sitamgar kitobi o‘qib bo‘lindi — u laylatulqadr kutilayotgan oqshom yog‘och va ko‘p yillik anduhlar hidi o‘tirib qolgan, sodiq qo‘shinday ellik yilning biron kuni ham tark etilmagan g‘amnok va alamli saltanati — kelinlik to‘shagida jimgina joni uzildi — faqat o‘lishi oldidan singlisini chaqirib yigirma yildan buyon ochilmagan, oltmish yetti yil oldin teraklilik Ko‘r Safar usta yasagan, yarim vayrona sandiqqa imo qildi va bir so‘z demay to‘shakka bosh qo‘yib jimgina jon berdi. Uni ertasiga tushga yaqin chiqarishdi. Udumga ko‘ra azaga O‘raning barcha qishlog‘idan odamlar terilib kelishdi — amir zamonlarini ko‘rgan, narigi asrning so‘nggi yodgori bo‘lgan qishloqdoshlarini so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun barcha keksa-yu yosh yig‘ildi. Yig‘ilganlar orasida Rayim polvon bilan o‘g‘lini himoya qilolmay, Bayna momoning bir umrlik nafratiga duchor bo‘lgan, o‘sha paytda navqiron, endi sharti ketib, parti qolgan chollar ham bor edi. Ular oradan ellik yil o‘tgach, bu unut va muztar go‘shaga birinchi bor qadam qo‘yishgan va tobut ortidan gunohkorona bo‘yin egib borishardi.
Murdani yuvish oldidan sandiqni ochishdi. Avval o‘limlikka atalgan kiyim-kechaklarni, kafanni olishdi, so‘ng dastasi qorayib qolgan qamchi, sopiga gavhar o‘rnatilgan xanjar, erkak kishining ter hidi kelib turgan kalapo‘shi, ko‘krakka taqadigan zebigardon, kampirning qo‘lida hech qachon ko‘rinmagan kelinlik bilaguzugi, etagi kashtali, yoqasiga tasma urilgan keng ko‘ylak, angishvona va sarg‘ayib ketgan Qur’onni olishdi. Eng oxirida sandiqdan bog‘ichini chirk bog‘lagan, kaptarning yuragidek kichkina, matosi zar sim bilan tikilgan, ko‘p yillik qon qotib qolgan tumor va tig‘i zanglagan qaychi, ko‘p yil turganidan bo‘g‘in-bo‘g‘in bo‘lib, faqat suyakning o‘zi qolgan, u ham qoramtir tus olib, naq kukunga aylanish arafasiga kelgan, chorsining yirtig‘iga pala-partish o‘rab tashlangan o‘nta odam barmog‘i ham topildi…