Muxtor Xudoyqulov. Hayot manzaralari

Shoirga aylangan suzuvchi

Daryo o‘rtasi, tog‘lardan kelayotgan ko‘m-ko‘k toza suv sharqirab oqayapti. Shahardan kelgan bir necha dam oluvchilar shu yerda cho‘milishayapti. Cho‘miluvchilardan biri to‘lqinlanib kelayotgan suvga o‘zini tashlarkan: “Otdim o‘zimni sening bag‘ringga!”− deb yubordi.
Ha, tabiat go‘zalligi oddiy odamni ham shoirga aylantirib qo‘yadi.

Nishonga tekkan gap

Daryo bo‘yida cho‘milayotgan edim, bir guruh dam oluvchilar paydo bo‘lishdi. Ular orasida o‘rta yoshli erkaklar, ayollar ham bor. Bitta dumaloqdan kelgan qop­-qora habashnamo odam ham bo‘lib, u aftidan chet ellik edi. Kelganlarning yosh-­yalanglari daryoda baqiriq­-chaqiriq bilan cho‘mila boshlashdi. Dam oluvchilarning boshlig‘i esa novcha, ozg‘inligidan suyaklari etiga yopishib ketgan bir kishi edi. U cho‘milishni xayoliga ham keltirmay haligi chet ellik mehmonga oziq­-ovqatu, ichimlik yetkazib berish bilan ovora edi. O‘sha odam men bilan salomlashgandek bo‘ldi. “Bu shovqinli jamoa qayerdan?” − deb so‘radim men undan. Haligi odam Toshkentdan kelishganini, bir firmaning xodimlari ekanliklarini aytdi. Bu firma dori-­darmon chiqarar ekan.
− “Taq­-taq”dan “xo­-xo”gacha, − deb eslatdi hamsuhbatim.
− Ha, esladim, − dedim men.
− Yana beozor ozdiradigan, semirtiradigan dorilarni ham chiqaramiz… − deb qo‘shib qo‘ydi haligi odam.
Men eti terisiga yopishib ketgan bu odamga va orolchada o‘tirib olib ichkiligu gazakka zo‘r berayotgan haligi xomsemiz ajnabiyga qaradim.
− Chiqargan dorilaringizni oldin o‘zlaringizda sinab ko‘rsalaring kerak, a?
Hamsuhbatim nima demoqchi bo‘lganimni tushundi shekilli, kulib yubordi.

Uka zarurroqmi, poyafzal?

Cho‘milayotgan joyimizga shu yerlik bitta naynovroq bola besh-­olti yoshdagi chikaldakdek ukasi bilan kelib qolishdi. Ular ikkiga bo‘linib oqayotgan daryoning kechuvidan o‘tishayotganda birdan ukasining yengil poyafzali suvga oqib ketdi. Aka ukani tashlab poyafzalni ushlagani dam chopib, dam suzib ketdi. Endi esa suvning oqimi ukasini oqizib keta boshladi va bola dod soldi. Naynov aka ikki o‘t orasida qoldi: bir tomonda ukasi, huv narida esa uning poyafzali oqib ketayapti.
− Qo‘rqma, mahkam bo‘l! − deb baqirdi aka va poyafzal tomonga otildi. Ammo suvning oqimi besh-­olti yashar boladan kuchli kelib, uni yiqitib oqizib ketay derdi, shu sababli bola faqir bor ovozi bilan dod solardi:
− Aka! Aka!..
− Ukamga qaranglar, men uning poyafzalini ushlab kelay! − deb bizga qarab baqirdi naynov aka. Biz suvdagi bolaga qarab chopdik, ammo kuchli oqim uni ag‘darib keta boshladi. Unga yetib olguncha oqim bolani yana bir ag‘darsa − tamom.
− Orqangga qayt, ukangning yo‘lini to‘s! − deb baqirdik biz.
Ahvolni ko‘rgan aka shartta orqasiga qaytdi va ukasini tutib olib so‘kib­-so‘kib qirg‘oqqa chiqarib qo‘ydi. Keyin poyafzalni tutib kelgani yugurib ketdi.

O‘z daryolarini sog‘ingan qopalliklar

Xumson tarafdan keladigan Ugam daryosi Chirchiqqa quyilish joyida kengayibroq oqadi, shu sababli bu yerda, daryo ko‘prigi yonida ko‘pchilik cho‘miladi, hordiq oladi. Men ham shu yerda o‘sgan bir daraxt tagida salqinlab o‘tirgan edim, ikki qozoq yigit tushib kelishdi. Ularning qo‘llarida yuklari xiylagina, o‘zlari ham oftobda terlab-pishib ketishgan edi. Yigitlar tapir-tupur kelishdi-da, menga salom berishdi va: “Xayriyat, yetib keldig-a!” – deb qo‘yishdi.
– Ha, uzoqdan kelyapsizlarmi? – deb so‘radim men.
– Ha, Qozog‘istonning cho‘llaridan kelayapmiz, daryomizni juda sog‘indik, – deyishdi ular va yuklarini shu yerga qo‘yishib, apil-tapil yechinishib, o‘zlarini daryoga otishdi.
– E, borakansan-ku, daryoginam! – deb yubordi yigitlarning yoshrog‘i va zavq bilan to‘lqinlarda suzarkan: – Ana hayot! Mana hayot! – deb qiyqirardi.
Yoshi undan kattaroq bo‘lgan sherigi ham undan qolishmasdi. Birozdan so‘ng ular qirg‘oqqa chiqishdi va bir oydan beri Qozog‘istonning Yettisoyida ishlab yurishganini, o‘zlari shu yerga yaqin – Qopal qishlog‘idan ekanlik­larini aytishdi.
– U yoqdayam daryo, kanallar ko‘p edi-ku, cho‘milmadinglarmi? – deb so‘radim men.
– Cho‘mildik, ular bizning daryomizga o‘xsharmidi? – deyishdi ular. – Hali uyimizga borganimiz yo‘q, kelishimiz bilan daryoda cho‘milamiz deganmiz.
Yigitlar o‘zlarini yana daryoga otishdi. Birozdan so‘ng chiqishib, qo‘l telefonlarida uylariga qo‘ng‘iroq qilishib:
– Biz keldik, hozir Ugamda cho‘milayapmiz, kelsanglar-chi, – deb uylariga xabar berishdi.
Ko‘p o‘tmasdan ularning otalari va bolalari yetib kelishdi va shu yerda, daryo bo‘yida ko‘rishishib ne joylardan o‘z daryolarini sog‘inib kelgan yigitlarning quvonchlariga sherik bo‘lishdi.
Ha, o‘z yurtingning havosiyu, daryo-tog‘iga nima yetsin!

“Dumalab-dumalab…”

Bu daryo bo‘yiga qanaqa odamlar kelmaydi, undan bahra olmaydi deysiz? Mana, bir guruh dam oluvchilar daryoning sayoz, ammo tez oqar joyi­da cho‘milishyapti. Dumaloqdan kelgan bir ayol egnidagi ko‘ylagi bilan suvda oqqani-­oqqan edi. U nariroqqacha dumalab­-dumalab oqib borar, keyin qirg‘oqqa chiqib yana suvning yuqorirog‘iga borib, yana dumalardi. Yonimdagi hamrohim − xorazmlik hofiz yigit buni ko‘rib bir ashulani eslab qoldi:

Dumalab-dumalab aytoman,
Dumalab ketsa − qaytoman…

Dumaloq ayol esa suvda tinmasdan dumalardi.

Suzog‘ich dada va uning qizi

Shaharning issiq va dim havosidan qochib kelganlar uchun bu so‘lim joylar, g‘ir-­g‘ir esib turgan shabboda va eng muhimi − tog‘ daryosining muzdek suvi jannatning o‘zginasi emasmi, kela soliboq o‘zlarini suvga otishadi. Mana bir yigit ham mashinasidan tusha solib cho‘milishni boshlab yubordi. Daryo bu yerda ikkiga bo‘linib oqqanidan u goh o‘ng, goh chap tomondagi suvga sho‘ng‘ir, chiqa solib, yana yangi joy qidirishga tushardi. Uning o‘n ikki-­o‘n uch yoshlardagi do‘mboqqina qizi esa dadasiga ergashib nuqul:
− Ada, bu yer chuqur ekanmi? Ada, bu yerning suvi iliqroq ekanmi? − deb savol berardi.
Suzog‘ich ada esa uning savollariga javob berishdan ko‘ra suvga sho‘ng‘ishni afzal ko‘rar, qizi esa uning ortidan qolmasdan yugurganicha savollarini yog‘diraverardi:
− Ada, bu yer yaxshiroq ekanmi? Ada…

Avaz toshotar

Daryo qirg‘og‘idagi tosh ustida quyoshga toblanib yotibman. Yonimga bir o‘smir ham kelib qo‘shildi. Suvning g‘ir-g‘ir esayotgan epkini biram yoqimli. Ko‘zim sal yumilgan ekan, “cho‘lp-cho‘lp” tushayotgan toshlardan sachrayotgan suvdan ses­kanib ketdim. Qarasam, yonimdagi bola chalqancha yotgancha daryoga tosh otayapti. Otsa otar, axir daryo bo‘yiga kelgan o‘g‘il bola borki, tosh otib o‘ynaydi. Ammo bolalar ko‘pincha kim uzoqqa otish, yo bo‘lmasa yapaloq toshni suvga yuzalab otib qancha marta sirg‘alishini sanashadi. Bu yigitcha bo‘lsa chalqancha yotganicha qo‘liga ilashgan toshni shapillatib suvga otar, uning toshlari uzoqqa bormay shu yaqinga tushar, birortasi qo‘lidan chiqib ketsa ustimizga tushishi ham mumkin edi. Men unga tanbeh berishni o‘zimga ep ko‘rmadimu, shunchaki:
− Rosa Muqbil toshotar ekansan-ku? − dedim.
− Mening ismim Avaz, − dedi bola.
− Shunaqami, − dedim men. − Bo‘lmasa, uzoqroqqa ot, boshimizga tushmasin…
− Xo‘p, − dedi bola va tosh otishda davom etdi.
Keyin zerikdi shekilli, o‘rnidan turib jo‘nab qoldi.
− Ha, qayoqqa, hali tosh ko‘p-ku? − dedim men.
− Qorin ochdi, ovqatlanib kelay, − dedi bola bemalol.
Avaz toshotar daryo bo‘yidagi hamma toshni rostdan ham otib chiqmoqchi bo‘ldi shekilli…

Daryodagi mastlar

Bir guruh turli yoshdagi odamlar daryoning shunday qirg‘og‘idagi uy-dachadan chiqib kelib daryoga o‘zlarini otishib cho‘milishyapti. Ularning hammasi mast, ba’zilari oyoqda zo‘rg‘a turadi, ko‘zlari ham ichkilikdan bema’no yaltiraydi. Ana o‘shalardan bittasi gandiraklaganicha suv labiga keldi, hamma yoqni shalpillatib suvga tushdi, bir tomonga qiyshayganicha ikki-uch og‘ma qadam bosib borib daryoga yiqildi, suv ko‘p bo‘lganida-ku, haligi badmastni oqizib ketishi turgan gap edi, ammo u sayoz yerga dumalab borib o‘zini zo‘rg‘a o‘nglab oldi. Sheriklarining esa u bilan ishlari yo‘q, o‘zlaricha og‘izga kelganini aytib qiyqirish bilan ovora. Mana, ulardan bittasi suvga sho‘ng‘ib chiqib biroz o‘ziga keldi shekilli:
− O, bu suv hushyorxona-ku! − deb qichqirdi.
Qolganlari unga qo‘shilib:
− Ha, ha, hushyorxona, hushyorxona! − deb qiyqirishib ma’qullashgan bo‘lishdi.
Keyin o‘sha hushyorxonada biroz arigan mastliklarining o‘rnini to‘ldirish uchun bir-birlarini bo‘kirib chaqirishib, daryoning sayoz joyiga chordana qurib o‘tirib olib yana aroq ichishdi, keyin ichkilik shishasini shu yerda toshlarga urib sindirishdi va hokazo va hokazo.
Xayriyatki, badmastlarning cho‘milishi biror kor-hol bilan tugamadi, ammo o‘sha kuni daryo ham bu bema’ni qiyqiriqlardan bezor bo‘lib oqqanday edi.

Sohildagi toshlar

Har kuni cho‘milib chiqqach, sohilda, oyoq ostida sochilib yotgan toshlarga ko‘zim tushadi. Ular turli shaklda – dumaloq, cho‘zinchoq, katta-kichik, rang­lari ham har xil: oq-qora, qizg‘ish, ko‘kimtir va hokazo. Ba’zi toshlar sip-silliq, ba’zilari g‘adir-budur… Toshlar orasida ayrim boshqacharoq – ola-bula rangdagilari, turli chizig‘u chiziqchalar tushgani ham uchraydi. Men bunday toshlarni qo‘limga olib tomosha qilaman, ba’zilarining nimasidir yoqib olib ketmoqchi ham bo‘laman, ammo orqa-o‘ngini ko‘zdan o‘tkazib yana tashlab yuboraman – baribir jo‘n, oddiy tosh-da… Ammo ko‘zim yana toshlar orasidan boshqacharoq, ajoyibrog‘ini izlayveradi, lekin bundaylar topilmaydi, oddiy toshlar esa to‘lib yotibdi…
Ha, hayotda ham shunaqa, odam degani xuddi toshlar singari ko‘p, ammo ular orasida boshqachasi, arziydigani, mukammali kam uchraydi. Ammo men izlayveraman, izlayveraman…

Kimga – nima…

Dam oluvchilar, yosh-yalang, ayniqsa, bolalar qiyqirishib cho‘milayotgan Ugam daryosining shunday labida, suvga tushiladigan joyga burib qo‘yilgan yengil mashina oldida bir yigit bilan qiz turishar, qiz yigitning ko‘ksiga bosh qo‘yib olgan edi. Men cho‘milish uchun tushayotib ulardan istihola qilib biroz to‘xtab qoldim. Ammo yigit bilan qizning birov bilan ishi yo‘q edi, shu sababli men ularning oldidan o‘tib suvga tushdim, chamamda, ular menga qarab ham qo‘yishmadi. Biroz vaqt o‘tgandan keyin men suvdan chiqib tepaga ko‘tarildim hamki ular hamon o‘sha holatda – bir-birlarini bag‘irlariga bosgancha turishardi. Bu ikki yosh uchun tabiat, daryo emas, visol muhimroq edi.
Ha, kimga – nima…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 4-son