Ma’suma Ahmedova. Shudringli tuyg‘ular (hikoyalar)

XOTIRLASh

Shom kirdi. Butun kun darvozada o‘tirgan hassakashlar joylarini tark etdilar. Darvozaga tutash iliqqina hujraga kirdilar.
Motamdor xotinlarning yig‘i-aytimlari ham tindi.
Hovliga osoyishtalik cho‘kdi.
– Bugun chakana sovuq bo‘lmadi-ya!
– Chilla, qishning chillasi-da!
Hassakashlar hozir bugungi motamni unutganday bo‘ldilar, ob-havodan bahs etdilar.
Xotinlar o‘tirgan, katta choyshab parda qilib tortilgan peshayvonda asta gangir-gungir ovozlar eshitildi.
– Mohira, tuzukroq choy damlab kelsang-chi, tur!
O‘rtada oyoqlarini ko‘rpachaga uzatib o‘tirgan kayvoni xotin davra chetiga omonat o‘rnashgan bo‘ychan qizga yuzlandi. Qiz uyoq-buyoqqa alanglagancha erinib choynakni oldi. Boylab qo‘yilgan ipi uzilganmi, birdan “sharaq” etib, choynak qopqog‘i yerga tushdi.
– Ko‘zingga qarasang-chi!
Qiz davraga bir nazar soldi-da, choy keltirish uchun pastga tushdi.
– Mohi, ayvonda kimlar bor? – ozg‘in, uzun bo‘yli yigit qizga yuzlandi. U negadir boshidan do‘ppisini oldi-da, uyoq-buyog‘ini tuzatib, yana qayta kiydi.
– Hamma. Amma-xolalarim… – gapirgisi kelmaganday javob qaytardi qiz.
Yigit qizning javobidan qoniqmay, ayvon zinalaridan bir-bir ko‘tarildi. U zinapoyadan turib, ayvonga razm soldi. So‘ng bir qarorga keldimi, qat’iyat bilan ayvonga chiqdi. Dabdurustdan ayvonda o‘tirgan xotinlar davrasiga alangladi.
– Ke, ke, Asliddin!
– Iya, o‘zimiznikilar ekan-ku! – dedi yigit o‘ng‘aysizlanganday.
– Hamma ketdi, o‘zimiz qoldik,– dedi devorga suyangan nozikkina sarg‘ish xotin. Bu – ammavachchasi.
Asliddin bu gapni eshitib, shundoqqina eshik yaqiniga cho‘kdi.
– Shunday yaxshi kundan buyurdi-ya buvimga…
– Sovuq bo‘lsayam, kunni aytmaysanmi, kunni, quyosh charaqlab, ochilib ketdi… – Tog‘avachchasining kim bilandir dildan suhbatlashgisi kelayotganini sezganday dedi burchakdagi ayol. – Rahmatli buvim o‘ziyam jannati xotin edi-da…
– Mastura opa, sizlar ko‘rmadinglar, o‘ziyam go‘rning ichi birdan yorishib ketdi. – dedi to‘lqinlanib yigit. – Hamma hayron, asr bo‘lishiga qaramay, go‘r ichi yop-yorug‘, hamma yoqasini ushladi deng.
– Ha, Xudo rahmatiga olgan bo‘lsin… O‘ziyam ajoyib xotin edi-da ammam. – dedi o‘rtadagi kayvoni xotin. – Nima qilamiz endi, orqamizdagi suyanchig‘imiz, panohimiz edi. Bir kuni deng, Tolibning oyog‘i sinib yotibdi, Xudo jazosini bergur xotini ketib qolgan. Shunda ammam meni chaqirib olib, obdan nasihat qildilar. Endi sen shaytonga hay ber-da, keliningni opke, Olloning taqdiriga bo‘ysun, dedilar. Gaplariga kirdim, mana, Tolib tuzaldi, oyoqqa turdi, oilasi butun bo‘ldi. Mayli, menga qarashmasa qarashmasin, o‘zidan tinib ketdi.
– Eh, buvimning o‘gitlari… – deb gap boshladi Asliddin. – Bir kun deng, ustamning injiqliklari jonimdan o‘tib ketdi, hunar o‘rganmasam o‘rganmadim-da, bor-e, deb ketvordim. Shundan buvim xabar topib, meni so‘roqlabdi. Borsam, shundoq nasihat qildilar… Non yesang ham og‘zingdagi nechta a’zo ishga tushadi, shuni bilasanmi, dedilar. Birgina non-a, shu nonni yeyish uchun tishu og‘iz, jig‘ildon, oshqozon… Osongina luqma qayda bor? Ustamning qovoq-dimog‘i deb gulday hunarni tashlaysanmi? Shu buvimning gaplari bilan ustamga qayta shogird bo‘ldim. O‘zingiz ko‘ring, bugun o‘zim pichoqchi usta bo‘ldim… Yomonmi kasbim? Xudoga shukur, birovdan kamim yo‘q, elga baholi qudrat xizmat qilib yuribman…
Tun allamahal bo‘ldi. Gap gapga ulandi. Hammaning buvi haqida o‘z xotirasi bor edi. Ko‘ngillar boyligi – xotiralar. Ana shu xotiralar so‘ylandi, o‘tmish daqiqalarni yodlash bilan ko‘ngillardagi judolik g‘ami alami ariganday bo‘ldi.
– Bir kuni ammam…

BIR TUN

Vaqt necha bo‘lganini farq qilolmadi. Xona tashida shivir-shivirlar tindi. U o‘rnidan turib o‘tirdi. Birdan eshik ochilganday bo‘ldi. Ostonada o‘g‘li Jahongir yuzida tabassum bilan shunday onasining yonginasiga o‘tirdi, yelkalariga qo‘llarini qo‘ydi:
– Meni o‘ldi, deb kim aytdi sizga? Bekor gap! – u seskanib tevaragiga alangladi.
O‘g‘li birdan onasining yonidan turdi-da, xonada uyoqdan-buyoqqa yura boshladi.
– O‘sha kuni nima bo‘ldi, bilasizmi? Bolalar bilan gaplashdik, bilmagan ekanman, Mahmudning Latifada ko‘ngli bor ekan. O‘zi nima gap, desam, bir tavbangga tayantirmasammi seni, deydi. Shu desangiz, bir to‘da bolalarni ham ergashtirib olibdi. Qarasam, bari o‘zimizning bolalar. Hey, bolalar, aqlinglar bormi, desam ham miq etishmaydi. Ular meni…
O‘g‘li qo‘llarini silkigancha o‘sha kuni nimalar bo‘lganini qizg‘in hikoya qila boshladi. U qo‘llarini chalmashtirdi, keyin borib xona burchida turgan kursiga o‘tirib oldi.
– Oyi, siz sira xavotir olmang, hammasi joyida! – o‘g‘li birdan o‘rnidan turdi, onasiga yaqinlashdi: – Mana, menga hech nima qilmagan, hammayog‘im but-butun…
Jahongir qo‘llari, oyoqlarini uzatdi, onasiga ko‘rsatdi:
– Mana, mana…
U sapchib, o‘rnidan turib ketdi. Borib, xona chirog‘ini yoqdi. Xonani alanglab qaradi, atrofda hech kim yo‘q edi.
– Jahongir bolam!
Ko‘ksidan faryod otilib chiqdi.
Bir mahal eshik ochildi.
– Opa! – birdan qarshisida tashvishli qiyofadagi singlisini ko‘rdi.
– Oy-yi! – zorlangan bu kenja o‘g‘li.
U kiruvchilarga olazarak qaradi.
– O‘zingni qo‘lga ol, Nazokat! – shunday dedi keyin xonaga kirib kelgan eri. – Shunday kuyaversang, uyoqda o‘g‘limizga qiyin bo‘ladi.
Erining bu gaplaridan u o‘ziga kelganday bo‘ldi. Eri o‘g‘lini: “… uyoqda”, dedi! U bu gapga ishongisi kelmay, kiruvchilarga najot bilan bir-bir qaradi.
– Yo‘q, yo‘q!
Bu so‘zlar uning ostonadagilarga bergan javobi bo‘ldi. Bu so‘zlarda nainki g‘am-anduh, ona ohu nolasi, qarg‘ishi, farzandi qotillaridan olinmagan intiqom hislari mujassam edi.
O‘g‘li Jahongir bilan, o‘g‘li Jahongirsiz o‘tgan yana bir tun…

E’TIROF

Shu kunlarda kayfiyati yo‘q edi. Uning bunday ruhsizligi boisini bir o‘zi emas, yaqin-atrofidagi bari yaqinlari-yu, tanish-bilishlari biladi. Erining jazmani bor! Xuddi biror ayb ish qilganday, odamlarga ko‘rinolmay qoldi. Ha, aksar ayollarning nazokat, nafosat tanlovidan Zebo ismli notavon ayol – o‘zi o‘tolmay qoldi! Mag‘lub bo‘ldi!
Osmonda bulutsiz kun bormi, jazmansiz er bormi? Dugonasi Hamidaning kulib-kulib aytadigan shunday gaplari bor edi. Juda shayton-da Hamida! Bu kechaga mana shu dugonasi Hamidaning qistovi bilan keldi. Keyinroq davraga kirib kelgan uni o‘tirganlar sezib-sezmay qoldi. Uzoqdan Hamida dugonasini ko‘rib, oldiga keldi, shivirlab so‘rashdi. Keyin pastroqda o‘tirgan malohatli ayolga imo qildi.
– Ana unga qara, o‘sha… – qulog‘iga shipshidi dugonasi.
U dugonasi shivirlab ko‘rsatgan juvonga razm soldi. Ayol boshini mag‘rur ko‘targancha qaddini tik tutib o‘tirardi. Yon tomondan ayolning naqshin yuzi ko‘rindi, orqasida dolchinrang sochlari mavjlandi. Yonidagi hamrohi juvonga bir nimalar deya egildi, u birdan boshini ko‘tardi, o‘girilib, orqasiga qaradi. Shunda u ayolning yuzini ko‘rdi. Bu yuzda osoyishtalik, mamnuniyat hislari aks etdi. Nim tabassum qilgan bu chehrada o‘ziga, mislsiz nazokatiga bo‘lgan ishonch qanchalar jam edi! U hozir o‘ziga hayron qoldi: bu ayoldan nega nafratlanmadi? Nega? Nega necha-necha tunlar o‘ziga azob bergan, umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan erining suyukli yoriga aylangan makkora ayol qiyofasini ko‘ra turib, yuzini o‘girmayapti, raqibasini ilgarigiday yomon ko‘rmayapti?
Beixtiyor zimdan o‘zini bu juvon bilan taqqosladi: asabiy, hamisha o‘zini kamsitilganday jonsarak, bezovta bo‘lgan, er xo‘rligidan mahzun Zebo… Balki ilk bor o‘ziga sirtdan razm soldi: u raqibasining ustun jihatlarini kashf etdi, e’tirof etdi!
Beixtiyor ana shu e’tirofdan yengil tortdi, butun vujudini necha oqshomlar ezgan xiyonat alami birdan tarqaganday bo‘ldi: u mardona tan oldi!
Ehtimol ana shu e’tirof singan, ezilgan ayol irodasiga esh bo‘lar, yana kim bilsin…