Jo‘ra Fozil. Bir kecha (hikoya)

— Buni qara-ya, qiz bola tez ulg‘ayadi desalar, ishonmasdim. Mana, Nigoragina ham kuyovga loyiq bo‘libdi, uyiga sovchilar kelibdi, — deb ona bir kosa ovqatni ko‘targancha so‘riga yaqinlashdi.
Yuragida “qo‘shni uyga kelganlar sovchi emas, shundoq, mehmonlar bo‘lsa-chi” degan umid uchqunlanib turgan yigit adoi tamom bo‘ldi. U “kimning sovchilari ekan” deyishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turar ekan, o‘g‘lining yuragida bo‘ron turayotganini sezgan onaizor izoh berdi:
— Qo‘shni qishloqlik ombor mudiri Boboqul aka bor-ku, o‘sha yolg‘iz o‘g‘liga so‘rattiribdi.
O‘g‘il “miq” emadi.
Ona o‘g‘lining qo‘shni qizga ko‘ngli borligidan xabardor, o‘zi ham Nigorani “bo‘lg‘usi kelinim” deya yurardi. Shu bois murosaomuz so‘z qotdi: “Bir qizga yuz kishi xaridor bo‘ladi, faqat bittasi oladi, bolam…” Lekin yigitning qulog‘iga endi gap kirmas, “bevafo”ni tezroq xoli uchratib, unga achchiq-achchiq gaplar aytmoqchi, “uzib-uzib” olmoqchi edi.
Nihoyat, vaqt ham allamahal bo‘lib, qo‘shni uyga kelgan sovchilar ortlariga qaytishdi. Ular qanday xabar bilan qaytganini yigit bilmasa-da, o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Bu qanday bedodlik, axir, yaxshi ko‘rgan qiziga boshqa yigitdan sovchi kelsa?!
U darvoza va o‘zlari uchun g‘aroyib qo‘nalg‘a bo‘lmish o‘sha qari tut orasida bo‘zchining mokisiday qatnar, ko‘zlari hech nimani ko‘rmasdi. Keksa tutning g‘adir-budur tanasiga peshonasini bosdi, yana xayollarga erk berar ekan, bexosdan ariq tomondan allaqanday sharpani ilg‘adi. So‘ngra yengil qadam tovushlari eshitildi.
Yigitning yuragi hapriqib, bo‘g‘ziga tiqilgudek dukillay boshladi. Uni yo‘qlagan sharpa Nigora bo‘lib chiqdi. U chaqqon, yengil harakatlar bilan o‘zini tut panasiga oldi. Qizning yuragi ham qattiq-qattiq urar, zo‘r hayajondan nafas olishlari xuddi eshitilayotganday edi.
Kun bo‘yi xoli uchratishga intilib, xiyla jig‘ibiyron bo‘lgan yigit arazlab, tut tanasiga suyanganicha jim turaverdi.
Nihoyat, Nigoraning o‘zi tilga kirdi:
— Ha, nima buncha, mum tishlaganday ovozingiz chiqmaydi? —dedi zardali tovushda qiz.
— Senga nima ham derdim? Sovchilarning ortidan o‘zing ham kuyov to‘ranikiga jo‘nab qoldingmi, deb o‘ylabman-da…— kesatdi Akmal.
— Ha-a, alam qildimi, battar bo‘ling! Nima, ketsam arzimabdimi? Yolg‘izgina, boyvachcha o‘g‘il bo‘lsa, — qiz yigit yuragida gurillab yonayotgan olovga moy sepdi go‘yo.
— Bilib qo‘y, ertaga o‘sha boyvachchaning ta’zirini bermasam, otimni boshqa qo‘yaman! — oshiq atrofga olazarak bo‘lib, ketishga chog‘landi.
Lekin qiz tushmagur sira bo‘sh kelmas, yigitning jig‘iga tegishda davom etardi.
— Qo‘ying, akajon, chiroylikkina ismingiz bor, — o‘zgartirib yurmang! O‘zingiz ham qo‘shni qishloq qizlarini ko‘rsangiz, darhol gap otasiz-ku!
— Hech-da, tuhmat qilma! Sovchilarni ko‘rib-ko‘rmay, tumshug‘ingga xoda yetmay qolibdi-ku!
— Ajab bo‘pti! Alam qilsin!
— Va’da bermagan emishlar, — norozi to‘ng‘illadi yigit. — Bo‘lmasa, nega har oqshom bu yerga kelasan?
— Ko‘pam taltayavermang, men, shundoq, o‘zim, biroz chaqchaqlashgani kelaman.
— Ke, qo‘y Nigorajon, meni ko‘p xafa qilma. Otang sovchilarga nima deb javob berdilar?
Qiz qurg‘ur hamon past tushgisi kelmas, ters javob qildi:
— Otam sovchilarga nima deganlarini, mard bo‘lsangiz, o‘zlaridan so‘rang!
— Qo‘ysangchi, — kapalagi uchib ketdi oshiqning, — men otangga nima deyman?
— Shunaqa quyonyurak bo‘lsangiz, o‘zim aytganimni jimgina tinglab o‘tiravering-da!
— Haliyam jimgina o‘tiribman-ku! O‘zing gapni olib qochayapsan-da!
— Sira olib qochganim yo‘q! Eshiting bo‘lmasa! Otam, Xudo xohlasa, kuzakda to‘y qilamiz dedilar!
Yigit gungu lol bo‘lib qoldi. Otasidan bexosdan tarsaki yegan boladay, dami ichiga tushib ketdi.
Bir mahal Akmal o‘zida qandaydir kuch sezib, qizdan shartta yuz o‘girdi-da, ketishga chog‘landi va eshitilar eshitilmas shunday dedi:
— Kuzakda to‘y ekan, yaxshi! Muborak bo‘lsin! Qo‘sha qaringlar! — keyingi kalima xiyla qat’iyatli, sovuq edi.
Qizning yuragi “shuv” etdi. O‘z hazilidan o‘zi pushaymon bo‘lib, yigitning yo‘lini to‘sdi.
— To‘xtang, hoy, jinni! Qayoqqa ketasiz?!
— Qayoqqa bo‘lardi? Uxlagani ketyapman. Allamahal bo‘lib qoldi, sen ham uyingga bor. Unashtirilgan qiz allakimlar bilan xilvatda yurishi yaxshi emas.
— Men… Men hazillashgan edim. Kechiring! — qiz izillab yig‘lab yubordi. — Hech qanaqa to‘y bo‘lmaydi! Otam qizim hali yosh, o‘qishi kerak, dedilar! Iltimos, meni kechiring!
Ketishga chog‘langan yigit turgan yerida tik qotdi. U quloqlariga ishongisi kelmasdi.
— To‘g‘risini ayt, Nigor! Meni bekordan bekorga umidvor qilma, seni yaxshi ko‘raman, axir!
— To‘g‘risi shunday, — qiz endi ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Saratonning oysiz tuni tobora quyuqlashar, “hiq-hiq” yig‘layotgan qizni yupatayotgan yigitning ko‘ngli yorishdi…