Jasur Kengboyev. Notanish ayol (hikoya)

– Assalomu alaykum, Malika opa! Yaxshimisiz?
Bozor aylanaverib, sillasi quriyozgan Malika shoshib u yoq-bu yoqqa qaradi. Bir ayol unga tikilib turardi. “Menga gapiryaptimi yo boshqa birovgami?” deb o‘yladi-da, jim turaverdi. Notanish ayol unga qarab yana salom berdi. Bu safar u alik oldi.
– Tuzalib qoldingizmi, opa? – mehribonlik bilan so‘radi notanish ayol.
– Ha, rahmat… – dedi Malika.
– O‘zi hamma tumov bo‘lib yotibdi, – dedi notanish ayol. – Qor yog‘mayapti-da, opa, yog‘sa, hamma kasallikni bir bosib ketardi…
– To‘g‘ri aytasiz, – dedi Malika.
U notanish ayolning kimligi, qayerda ko‘rganini eslashga urinsa-da, hech eslolmadi. Mehribonlik qilib, hol so‘rab turgan odamdan kimsan, deb so‘rash esa noqulay.
– Ishga chiqib ketdingizmi? – so‘radi notanish ayol.
– Ha, rahmat, chiqdim.
– Xudbin, kal boshlig‘ingiz urishmadilarmi? – kuldi u.
– Yo‘q, nega urishardi…
– Anavi dugonangiz-chi, Gulya? Kuala-Lumpurdan qaytib keldimi yo haliyam yallo qilib yuribdimi o‘sha yoqda?
– Keldi, o‘tgan hafta kelgandi… – Malika notanish ayolning kimligiga tobora qiziqib borardi. Axir, uning boshlig‘i kal ekanini qayerdan biladi? Dugonasi Malayziyada yallo qilib yurganini-chi? Bu yerda bir gap bor. Yoki u…
– So‘rash noqulay-ku, lekin ichim achib ketyapti, opa, – dedi notanish ayol uzrxohlik bilan. – Qizingiz uyiga qaytib bordimi yo haliyam arazlab, yoningizda o‘tiribdimi?
“Obbo, bu nimasi bo‘ldi endi? Bu xotin kim bo‘ldi ekan-a? Yo yangi ko‘chib kelgan qo‘shnilardanmikin? Yo‘g‘-ey, mahallaga yangi odam kelsa, birpasda hamma biladi. Yoki erimning tanish-panishimikin? Qaydam… Kimligini so‘rasammikin? Shoshmay turay-chi, nima bo‘larkin”.
Malika javob berishga shoshilmay, ayolni zimdan kuzatdi, tanishlari orasidan eslashga harakat qildi, lekin xotira o‘lgur bu qiyofani hech topolmadi.
– Kuyovimiz olib ketdi, – dedi so‘ng siniq ovozda.
– Ha, yaxshi qilibdi, opa, – dedi notanish ayol nimtabassum bilan. – Shuncha o‘tirdi, kuyovingizning ko‘zi ochilib, endi avvalgiday oyoqosti qilmaydi qizingizni. Qadriga yetadigan bo‘ladi.
“Voy, o‘lay, bu xotin kuyovimni ham taniydimi hali? Undan chiqdi, qizimni necha marta kaltaklab, onasi ikkovi xor qilganini ham eshitgan chiqar?”
Notanish ayol esa tinmay savol berardi:
– O‘h-ho‘, sakkizinchi martda xo‘jayiningiz sovg‘a qilgan ko‘ylak shumi?
– Yo‘q, buni o‘zim olganman oyligimga.
– Iya, sovg‘a qilmaganmidilar?
– Gul bilan paypoq obergandilar…
– Ha, aytgancha, paltoni nima qildingiz?
– Qaysi paltoni?
– Timsoh terisidan tikilgan paltoni-da? Kirxonaga qaytarib olib borib, noto‘g‘ri dazmol qilib, yaroqsiz qilib tashlashgani uchun pulini undirib oldingizmi?
– Ha, umi?.. Yo‘q, undirolmadim. Paltoning chekini so‘rashdi. Uni qo‘shnimiz Salimaxon Dubaydan olib kelgan, cheki yo‘q, degandim, unda undirolmaysiz, deyishdi…
– Chakki bo‘pti-da, opa, shunday qimmatbaho palto-ya… Esiz-esiz, ichginam achib ketdi-ya…
– Voy, nimasini aytasiz, ularning ahmoqona dazmollashidan keyin palto rasvo bo‘ldi…
Notanish ayol tin oldi. Qo‘lidagi sumkani yerga qo‘yib, qaddini tikladi. Ke­yin yana so‘radi:
– Malika opa, yana bir gapni anchadan beri o‘ylayman, lekin sizga hech aytolmay yurgandim…
– Nima ekan? – dedi Malika qulog‘i ding bo‘lib.
– Shu… O‘zingiz bilasiz-ku, hozir g‘iybatchilar ham ko‘payib ketgan-da. Haligi… Murodxon degan odam bilan rostdan ham… uchrashib yuribsizmi?..
– Voy, o‘lay, bu nima deganingiz? – dedi Malika achchig‘i chiqib. – Kim u Murodxon?
– Ie, Murodxon aka-chi, sochi uzun buxgalter odam…
– Ha-a-a… Umi? Siz uni qayerdan taniysiz?
– Aytdim-ku, shunday gap yuribdi ekan. G‘iybatchilar-da…
– Ishonmang, g‘iybatga. Men uni umuman bilmayman.
Malikaning yuzi lovullab qizimoqda edi. “Odamlarga ham hayronsan, yer tagida ilon qimirlasa biladi-ya…”
– Mayli, bularni qo‘yavering, opa, – dedi notanish ayol jilmayib. – Qalay, yangi olgan oq shimingiz qulaymikin?
– Qulay ekan, – dedi Malika. – To‘y oqshomlariga kiymoqchiman.
– Qulupnayli tort pishirishni o‘rganvoldingizmi?
– Zo‘rg‘a o‘rgandim. Retseptini bilsangiz, qiyin emas ekan…
– Haligi, g‘ilay qo‘shningiz Zebo satang bilan yarashdingizmi?
– Ha… bir oycha gaplashmadik. Hozir apoq-chapoq bo‘p ketganmiz.
– Yana bir narsaga hech ishongim kelmayapti-da, opa. O‘sha kuni eringiz rostdan ham maykasini teskari kiyib kelibdimi uyga? Labbo‘yog‘ingizni nevarangiz yeb qo‘ygani-chi? U ham rostmi?
Uh! Malika hayronu lol qoldi. Axir bu ayol kim o‘zi? Nega u buncha narsani biladi? Butun sir-sinoatidan xabardor ekan-ku? U yoqda ishxonayu dugonalari, bu yoqda Murodxon aka-yu, oq shim, hatto, erining maykasini teskari kiyib kelgani-yu nevarasining labbo‘yoqni yeb qo‘yganigacha bilarkan-a! Josus desa, josus deganlari bunday ahmoq odam bo‘lmaydi. Tanish desa, tanish emas…
– Rostlikka-ku, rost, – deya chaynaldi Malika. – Lekin siz bularni qayerdan bilasiz?
– Ha endi, opa, bilamiz-da…
Malikaning sabri tugadi. Uning kimligini bilgisi, “shpion” yoki g‘iybatchiligini aniqlab, sharmandasini chiqarmoqchi bo‘ldi. Axir, uning butun sirini bilib, kimlargadir gap tarqatib yurgan ham shu xotin bo‘lib chiqar? Aytdi-ya, boyadan beri tinimsiz savol beryapti. “O‘zi haqida hech narsa demadiyam. Bu bekorga emas. Gap o‘g‘irlab, yana qo‘shib-chatib, bo‘rttirib, boshqalarga sasib yuradigan xotinlar toifasidan bo‘lsa kerak… Shoshmay tur sen…”
Malika shunday o‘ylab, sekin so‘radi:
– Uzr-ku, hurmatingizni qilib, boyadan beri shuncha savolingizga javob berib yotibman. Men sizni taniyolmadim? Kimligingizni bilolmadim ham…
– Voy, opa, nega unday deysiz? – dedi notanish ayol og‘zini ushlab kular ekan. – Men Tursunoyman. Bo‘riyeva. “Fesbukda” do‘stmiz-ku, axir?! “Druzya”ngizda borman-ku…
Malikaning yuragi “shig‘” etdi va tilini tishlab qoldi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 8-son