Husniniso Ahmedova. Uch dona olma (hikoya)

Kenagasliklar uni “Ikromali bog‘bon” deb atashadi. Chunki qishloqda uning oldiga tushadigan payvandchi bog‘bon yo‘q hisobi.
Ikromali daraxtni hafsala bilan payvandlaydi. Uni ko‘ndalangiga kesib, yuzasini bog‘ pichog‘i bilan obdon silliqlaydi. Payvand tanasining o‘rta qismini yorib, unga payvandust bo‘lgan daraxtning har ikki tomoni kertib yo‘nilgan qalamchalarni o‘rnatadi. Payvandlangan tanani zichlab bog‘lab, sirtiga loy malham surib qo‘yadi.
Uzog‘i yil bahorda chorbog‘idagi mevasi maydalashib, taxir bo‘lib qolgan taram olmani qirqib iskana payvand solgandi. Bu yil o‘sha olma marjondek gulladi-yu, uchtagina meva tugdi.
Ikromali kuz salqini etni junjiktira boshlagan saharlardan birida bog‘ini aylandi. Yosh niholning har bittasi qariyb yarim kilo chiqadigan mevasi shabnamda yiltirab turardi. Ikromali olmalarni uzib, uyning tokchasiga tomosha kadidek terib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin uzishga ko‘ngli bo‘lmadi. “Mayli, mezon shamolini yesin, keyin bolalarga bittadan taqsimlayman”, – deb o‘yladi. Bolalarning yoqut olmalarni karsillatib, huzur qilib yeyishayotganini ko‘z oldiga keltirib o‘zicha jilmayib qo‘ydi.
Bog‘dan chiqdi. To‘nini yechib egniga korjomasini kiydi. Xotini sigir sog‘ishga endigina o‘tirgan shekilli, sutning bo‘sh chelakka daranglab urilishi eshitilib turardi.
– Onasi, men ketdim ishga, – dedi bostirma tomonga qarab. – Poda chiqar mahal bo‘p qoldi. Adhamlarning Ko‘k kiyigiga hushyor bo‘lasan.
Ko‘k kiyik – qo‘shnining echkisi. Shoxlari tikka o‘sgan, uzun, ko‘k yollarini selkillatib podaning oldida yuradi, sirtiga chang yuqtirmaydi. Ikromalining chorbog‘iga oralagudek bo‘lsa, uzoqroq qarindosh atangan qo‘shnilar qizarib qolishadi.
Dam olish kuni Ikromali “semirenko” va “qizil yulduz” olmalarni uzib qaznoq-uychaning bir burchagiga joyladi. Lekin uch dona olmaga tegmadi. Chunki xotini uchala o‘g‘ilni ergashtirib keksa onasidan xabar olgani ketgan, otaning niyati bolalariga olmalarni shoxidan uzib berish edi.
Ikromali katta gulzor o‘rtasidagi supaga chiqib lo‘labolishga yonboshladi. Kurtak payvandning mo‘jizasi bo‘lgan turfa atirgullarning ayni barq urib ochilgan mahali. Mayin shabada uning dimog‘iga sadarayhonning xushbo‘y atrini ufurdi. Yonboshlab yotgan ko‘yi ko‘zi ilingan ekan, old oyoqlari qiyshiq kuchugining qattiq hurishidan uyg‘ondi. Bolishdan bosh ko‘tarishi bilan bog‘ning burchagidan katak ko‘ylakli bola otilib chiqib ketdi.
Ikromali o‘g‘rini tanidi. Bu Adham edi. Uni kecha shunaqa ko‘ylakda ko‘ruvdi. “Bachchag‘ar, husayni uzumga o‘g‘rilikka tushgan, – degan fikr o‘tdi miyasidan. – Yanagi yil uvatdan setka tortaman. Na moling bu tarafga o‘tadi, na joning”.
U shoshilinch ishkomdagi har bosh uzumni sinchkovlik bilan kuzatib chiqdi. Xayriyat, hech kim tegmabdi. Bog‘ni aylanib mevali daraxtlarni tekshirarkan, amerikacha olmaning biroz egik shoxi mevasiz so‘ppayib qolganini ko‘rib yuragi uvushdi. Bugun bu bezori olmani olgan bo‘lsa, ertaga shig‘il mevalarini ko‘tarolmay turgan ko‘k nok bilan uzumning ham g‘oratini beradi. Yo‘q, buni shundayicha qoldirib bo‘lmaydi.
– Ammacha, o‘v, ammacha, – qo‘shni hovlidan hech qanday sado chiqmagach, beixtiyor “chegara” ariqdan hatlab qo‘shnisining uvatidan ohista yurib kela boshladi.
– Ammacha, hov…
– Huv-v, e, kel, Ikromalijon, – amma keng ko‘ylagini lippa urgan ekan, shoshilinch tuzatdi, yoqasini changallab, xijolat aralash so‘riga taklif qildi.
– Kel, bugun hordiq qildingmi? Balla yaxshimi?
– Shukr, – dedi, lekin so‘riga chiqishga taysalladi, tomoq qirdi, o‘ng‘aysizlanib iljaydi. – Bu deyman, ammacha, Adhamboy kanikulda yurib sal bevoshroq bo‘lib ketgan ekanmi deyman.
“Ko‘k kiyik Ikromning mevalariga biror shikast yetkazgan, yo‘qsa, katta boshini kichik qilib, Adhamning ustidan shikoyat qilib kelmasdi”, – o‘yladi ayol. Keyin:
– Bolalarga qo‘shilvolib o‘yinqaroqligini qo‘ymayapti-da. Tinchlikmi, o‘zi, nima gap? – dedi hadiksirab.
– Bolalar enasinikiga ketishgandi, hovlida yotib sal mizg‘igan ekanman, amerikanski olmaning bor-bud mevasini shilib kepti, – to‘ng‘illadi Ikromali.
– Voy, juvonmarg o‘lmagur, – birdan bo‘shashdi ayol. – Bunaqa qilig‘i yo‘q edi-ku, nima jin chaldiykin? O‘zi qayga yo‘qoldi ekan? Adham-uv, Adham!
Adham uyning orqasidan chiqib keldi.
– Assalom, keling tog‘a, – dedi.
Qo‘llari qop-qora moy bo‘lgani uchun tog‘asi bilan bilagini tutib salomlashdi. Onasining g‘ayritabiiy vajohatini ko‘rib biroz ortiga tisarildi.
“Olgan ekan, – o‘yladi Narziya xola. – Ko‘zlari aytib turibdi, shu olgan”.
– Qani olmalar?!
– Q-q-qanaqa olmalar? – tili tutildi Adhamning.
– Amerikanski olma! – Ikromali bolaning katak-katak ko‘ylagiga ko‘z tashladi. – Hammani payhon qilguncha o‘zimga aytsang olib berardim, bek. Senki, shunday qilsang, boshqalardan nimani kutish mumkin?
– Man ol-ol-olma olmadim, – battar dovdiradi bola.
– O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-ku, tag‘in hech narsa ko‘rmaganday o‘zingni ish bilan chalg‘itib turibsan-a!
– Hu o‘g‘irlik olma yegan tishlaring to‘kilsin, san juvonmargni, – amma bodom tanasiga tirgovich qilib qo‘ygan tayoqni oldi.
– Bir kaming shpanalik edi, shuniyam qilibsan-da. Man sanga birovning chorbog‘iga kirish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman, – deb shasht bilan tayoqni o‘qtaldi.
Adham ikki qadam ortga tisarildi. Biroq oriyati kelib qochmadi.
“Otasiga o‘xshash o‘jar bu gardang‘avs, Sayfullo o‘rtog‘i otasi haybat qilishi bilan o‘zini tom-toshlarga urib qochib ketadi. Bu zarg‘aldoq kaltakka yelkasini tutib turaveradi”, – o‘yladi Ikromali.
Xola alamidan o‘g‘lining orqasiga tayoq bilan tushirdi. Adham ayasining urishini kutmagan edi, oq-sariq yuzi sholg‘omdek qizarib ketdi. Xo‘rligi kelib, ho‘ngrab yig‘ladi.
– Men oganamasman, bildiyizmi? Ikrom aka bekor aytibdi.
– Nima deding? Tag‘in yana bir qaytar, tilginangni sug‘irib olay sen quloqsizni.
Ayol Ikromalining “hay-hay”lashiga ham qaramay Adhamning o‘ng kelgan joyiga tayoq bilan tushiraverdi.
– Yana shu qilg‘ilikni qilasanmi? Yana boshimga da’vogarni surgab kelasanmi? – derdi hansirab har kaltak ko‘targanda.
Tog‘asining oldida hamiyati lat yegan Adham shasht bilan ayasining qo‘lidan tayoqni tortib olib, bedapoyaga irg‘itdi. Yuzlarini yuvib oqayotgan ko‘zyoshlarini qoramoy yuqi qo‘llari bilan yashirgancha, ariqqa tomon ketdi.
Aya charchadi. Xo‘rligi bo‘g‘ziga tiqildi. Adhamiga yuragi tuzdek achishdi. “Mana, adabini berdim, endi kelgan joyingga jo‘na!” – degandek Ikromaliga qaramay, uyga kirib ketdi.
Bola emas, xuddi o‘zi kaltak yegandek Ikromalining birdan oyoq-qo‘li bo‘shashdi, peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi.
“Asliyam, ammacham mana shunaqa dalli-devona, jangari edi. Kap-katta xotin bo‘lib ham fe’lidan tushmabdi-ya. Bolaga yaxshi gap bilan tushuntirsa bo‘lardi. Yo‘q, ammacham menga nimagadir kudurat saqlab yurgan ekan, bugun shu alamini oldi. Endi Mahkamboy pochchamga undoq edi, bundoq bo‘ldi deb mening g‘iybatimni ipga marjondek tizib yetkazadi”.
Ariqdan hatlab, tomorqasiga o‘tarkan, Adhamning uvatga cho‘nqayib yuzini yuvayotganiga ko‘zi tushdi. Bolaning yelkalari silkinar, tinmay hiqillardi.
Ikromalining yuragi siqildi. Arzga borganiga ming pushaymon qildi. “Shu uch dona olma odamdan aziz bo‘ptimi? Olsa begona emas, o‘zimning qarindoshim olgan ekan. Mengayam fe’li torlik kasali yuqayaptimi, nima balo?” – dedi o‘zicha.
Hovliga sig‘madi. Yaktagini yechib, ko‘chalik ko‘ylagini kiydi. Bir guzarga chiqmasa, yuragining tubidagi qorong‘ilik tarqalmaydigandek edi. Qo‘lbola “xarak”ka o‘tirib, hafsalasizlik bilan latta etigini kiydi. Biroq bog‘ni qarovsiz tashlab chiqishga ko‘ngli bo‘lmay cho‘kkan joyida qimirlamay o‘tiraverdi.
– Ikromali, hov, Ikromjon! Uydamisiz, bolam?
Temir darvozaning bir tabaqasi daranglab ochilib, moshguruch soqolli chol jur’atsizgina ichkariga kirdi. Nomiga yo‘nilgan g‘adir-budur hassasini nuqib, kirishdan bosh tortib turgan nabirasini ham ichkariga oldi. Eshik boyagiday daranglab ketmasligi uchun ohista yopdi.
Ikromali taajjublanib, o‘rnidan turdi.
– Tinchlikmi? – dedi.
– Shu deng, bizzi Sayfullavoy ayb ish qilib qo‘yibdi. O‘ziyam otasidan eshitadiganini eshitdi. Siz ham bu galcha kechira qoling, amakisi, bu nomaqulchilikni qaytib qilmaydi.
Ikromalining ro‘parasida shalpangquloq, xumkalla bola turar, nuqul burnini tortardi. Kalta shimiga qistirilgan katak-katak ko‘ylagining ostidan uch dona katta-katta olma do‘ppayib ko‘rinib turardi.
– Xayriyat, Gunnoz nevaracha ko‘rgan ekan, o‘sha aytib qoldi. Bo‘masa bexabar qolardik. Endi bola bo‘masa, uyda yer bilan bitta bo‘lib olma to‘kilib yotsa-yu…
Chol uzoq ezmalandi. Lekin Ikromalining qulog‘iga gap kirmasdi. Ko‘z o‘ngida titrab-qaqshab tayoqni itqitib yuborgan Adham gavdalanar, nazarida u hamon yuzlarini suvga chayib ariq bo‘yida yig‘lab o‘tirar edi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son