Habib Abdunazar. Dashtdagi olov (hikoya)

“Momobuloq” turkumidan

Dasht. Har yer-har yerda pastqamgina loysuvoq uylar. Uzoqlarda faqat qo‘y-qo‘zilaru uyur-uyur otlar ko‘zga tashlanadi. Goh-gohida oqbosh va yantoqni erinibgina chaynayotgan tuyalarning o‘kirigi eshitiladi.
– Tezroq yur, – deydi onam u yoq-bu yoqqa olazarak bo‘layotganimni ko‘rib. – Bu turishda kech qolamiz. Qara, quyosh ham qizardi.
Onam har yili yozda bizni momomnikiga olib boradi. Momom tepalik ortida turadi. Bu yerlar Boyterak deb atalsa ham, suvga yaqin yo‘l chetidagi yakkam-dukkam teraklarni aytmasa, umuman terak yo‘q hisobi. Balki bu yerlarni suvsiz sahroda o‘sgan mana shu qahramon teraklar sharafiga “Boyterak” deb nomlashgandir.
Yalanglik bag‘ridagi tepalik ortida mittigina paxsali loysuvoq uy ko‘rinadi. Onam meni yana tezroq yurishga undaydi.
– Ana, momongning uyiga ham yetib keldik, – deydi onam uyga ishora qilib. Qora shimim tizzagacha tuproq bo‘ladi. Uni qoqqancha, loysuvoq uy tomon yuguraman. Onam ortimdan qichqirib qoladi:
– Ehtiyot bo‘l, hoy, itlar bor!
Pastqamgina kulba. Shiftiga qo‘l cho‘zsa yetgulik. Yonida supa. Devor pastidan kichkina panjarali darchalar qo‘yilgan. Tagiga kigiz to‘shalgan. Ayniqsa, ko‘klamda bu uycha yam-yashil o‘tloqdan ozroq joy tuprog‘i bilan kesib olingan-u, tom ustiga o‘rnatib qo‘yilgandek ko‘rinadi. Xuddi onamning sumalakka maysa undirgan xontaxtasidek. Tepalikdan qarasam, bu uy men loydan qurib o‘ynaydigan uychalarga o‘xshaydi. Go‘yo momom bu uyni faqat o‘zi uchun qurgan.
Momom bizni ko‘rib, hassasini qidira boshlaydi. Men chopqillab borib, o‘rnidan turishga ham ulgurmasidan bo‘ynidan quchaman. Cho‘pon itlar sergak tortib, men tomonga yura boshlaydi. So‘ng ular mening bu xonadonga yaqin odam ekanligimni bilgach, hafsalasi pir bo‘lib ortiga qaytadi. Bu orada onam ham yetib kelib, supa ustida o‘tirgan momom tomonga engashadi:
– Assalomu alaykum, onajon! Yaxshi yuribsizmi?
Ular uzoq so‘rashishadi.
– Jiyanlaring dashtga ketgan, qo‘ylarni o‘rmalatib kelgani, o‘zing choy qo‘yib yuborarsan, – deydi momom onamga choyo‘choqqa ishora qilib. Men tezda toshquduqdan suv tortaman. Onam bo‘lsa choyo‘choqqa o‘tin qalab choy qo‘yadi.
Momom dasht voqealaridan so‘zlay boshlaydi.
Momom, odatda, sigirlarini nabiralariga atab, “Shoberdining sigiri, Qulmurodning sigiri”, deb gapirardi.
– Shoberdining moli sira ko‘paymaydi, yo kasal bo‘ladi, yo o‘ladi, – deydi momom ariq chetidagi o‘tlarni hafsalasizlik bilan bitta-bitta chimdib yeyayotgan, suyaklari bo‘rtib qolgan ozg‘in olaqashqani ko‘rsatib. – Qulmurodning sigiri bu yil tug‘sa, beshta bo‘ladi. U otangga o‘xshadi. Kecha ko‘pkaridan bir uloq, bir gilam olib keldi. G‘oyvota otang ham sara otlar minardi-da. U maydonga kirsa, chavandozlar: “Bu Ubaydullo maydonga tushdimi, undan uloq olib bo‘lmaydi”, derkan.
– Shoberdi tinchmi? – deydi onam nimanidir oldindan eshitgan-u, xavotir olgandek bo‘lib.
– Umi? Undan odam chiqmaydi. Qadimda birov “Ko‘zaning “qul-quli”dan qo‘rqaman”, deb kechasi go‘ristonga borib o‘liklarni tunarkan. Uni Xudo deganiga ham ishonmayman. Qirq bir kun bo‘ldi uydan arazlab chiqib ketganiga. Opang og‘ziga qarab, ko‘p erkalatib yubordi-da. Xotin olib bersang, tug‘diradi bu quloqsiz. Uni yuzidan birov sovuq shamol o‘tkazgan bo‘lmasa, – momomning lablari pirillaydi.
Onamning momom haqidagi hikoyalarini tinglashni yoqtirardim, ming marta eshitgan bo‘lsam ham, yana so‘rayverardim. Onam momom haqida ertak so‘zlayot­gandek gapirardi. Ularni eshitganim sayin momomga nisbatan mehrim ortib boraverardi.
Onamning aytishicha, momom yolg‘iz qiz bo‘lgan ekan. Uni juda yoshligida qishloqning eng obro‘li kishilaridan biriga uzatishibdi. Ammo turmushi uzoqqa bormay, nimadir bo‘libdi-yu, eri o‘lib qolibdi. Keyin esa qishloqda ot jallob, chavandoz, mergan sifatida dong taratgan bir yigit momomga talabgor bo‘lib chiqib, nikohiga olibdi. O‘sha chavandoz mening bobom ekan. Ular to‘rt o‘g‘il, ikki qiz ko‘rishibdi, mening onam eng kenjasi ekan. Tog‘alarimning hammasi, hatto balog‘at yoshiga yetib-etmagan Hasan-Husanlari ham urushga ketibdi. Lekin shulardan faqat bir nafari urushdan qaytibdi. Momom Hasan-Husanlarini ko‘p eslarkan. “Ular yosh edi, hali miltiq ushlashni ham bilmasdi…” – deb o‘ksinib-o‘ksinib yig‘larkan. Urushdan omon qaytgan tog‘am qishloqda elektrchilik qilib yurganida tasodifan tok urib, bevaqt olamdan ko‘z yumibdi. Shundan so‘ng momomning yuragi bu cheksiz musibatlardan adoi tamom bo‘lsa-da, buni birovga bildirmay, farzandlari, marhum tog‘alarim ruhini shod etish uchun o‘choq boshida pilik yoqib o‘tirar ekan.
Yana onamning aytishicha, Xudo o‘limni avval tog‘larga berganmish. Tog‘lar bunga chidash berolmay o‘rnidan siljib, ming bir bo‘laklarga bo‘linib ketibdi. So‘ng uni jonivorlarga tortiq etibdi. Ular ham bu kuygilikka chiday olmay, bo‘kirib-o‘kirib olamni buzibdi. Keyin uni Xudo bandasiga loyiq ko‘ribdi. Inson nima qilibdi? Bir yoqda katta qozonlarda osh pishgan, bir tomonda dapi-doira, o‘yin-kulgi bo‘lib yotganmish. Shunda Xudo bu o‘limni har narsaga bardoshli va sabrli bo‘lgan bandasida qoldiribdi. Birov uzoq yashab, olamdan o‘tsa, odamlar: “Bizga ham shunday yosh nasib etsin”, deb niyat qilisharkan. Chunki, o‘lim baribiram haq ekan. Ammo tog‘lar, jonivorlar ko‘tarolmaydigan dardni ko‘tararkan odam bolasi. Ko‘narkan, ko‘nikarkan… Faqat yosh ketganga yomon achinarkan, faryod urarkan. Momom ham tog‘alarim firog‘ida tunlari nola qilib, tog‘lardek silkinib-silkinib, ohulardek ko‘zyosh to‘kib yig‘larkan: “Vo, Hasan!.. Vo Husan…”
“Erkakdek momo”, derdi odamlar. Chunki momomning boshqa ayollardek davralarda ko‘zyosh bilan dardini to‘kkanini hech kim ko‘rmagan. Ammo momom tunlari gulxan bilan sirlashib, bor dardini unga sochardi. Gulxan gurillab yonar, osmondagi g‘uj-g‘uj yulduzlar gulxan tillarida birin-ketin so‘na boshlardi. So‘ng go‘yandalardek gulxan atrofida aylanib, yig‘i boshlardi. Bu yig‘i mungli bir qo‘shiqqa aylanardi: “Voy Hasan… Voy Husan…”
Momom choyo‘choqdagi qumg‘onni olib kelib choy damlayotgan onamga razm soladi. Onam g‘amgin, ko‘zlarida bilinar-bilinmas yosh yiltiraydi.
– Ishqilib, uying tinchmi? – so‘raydi momom.
– Xudoga shukr, tinch. Shunchaki, mazam yo‘q. Do‘xtirigayam borib ko‘rdim… Eskichadan deyishadimi-ey, – deydi onam, sholcha ustiga tushgan non uvoqlarini qo‘llari bilan terarkan.
– Unda seni bir boqin-qoqin qilaman, zora Xudo shifo bersa.
Momomni qishloq odamlari Baxshi momo deb chaqirardi. Doira chalib, bir to‘da momolar bilan bemor atrofida aylanib raqs tushganini ko‘p bor ko‘rganman. Kimnidir momom boqin qilsa, biz deraza va eshik tirqishlaridan mo‘ralab tomosha qilardik. Momom doirasiga oq surpdan xalta tikib, uni devorga ilib qo‘yardi. Go‘yo u biz uchun har ishga qodir mo‘jiza edi. Momomning ko‘zini shamg‘alat qilib, qo‘limizga olib chertib ham ko‘rardik, buni sezib qolgan onam: “Tegmaylar, og‘zilaring qiyshayib qoladi”, – deb dakki berardi.
Momom boqin-qoqinga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Qamish cho‘plarini yig‘ib, unga paxta o‘rab pilikcho‘p yasadi. So‘ng ularni paxtamoyga botirib, kosadagi unga suqib chiqdi. Uzun bir tayoqni olib, uning uchiga eski lattalarni o‘rab-chirmadi. “Sen uyga kir”, – deydi momom. Men odatdagidek panjarali darchadan mo‘ralayman. Chunki devor pastidagi darcha – yotib olib tomosha qilish uchun juda qulay joy. Hovli o‘rtasida onam boshiga chopon tashlab o‘tiribdi. Momom qo‘lidagi uzun olovli tayoqni onamning boshidan tinimsiz aylantiradi. Olov parcha-parcha bo‘lib atrofga otiladi. Xuddi olov biz ertakda o‘qigan olovli qushlar – qaqnuslar kabi darcha panjarasiga uriladi. Keyin bu qushlar parvozi ham tinib, kuyik lattalarning havoda qolgan yoqimsiz hidi darcha tirqishidan uyga kiradi.
“Tush pastga, yonimga kel!” – deydi momom kim bilandir gaplashgandek, supa yonida tarvaqaylab o‘sgan eski tut shoxiga qarab. Daraxt tepasiga sinchiklab qarayman, hech kim yo‘q, badanim jimirlab, qalbimni qo‘rquv bosadi. O‘rnimdan turmoqchi bo‘laman-u, oyoq-qo‘llarim bog‘lab qo‘yilgandek joyimdan qimirlolmayman. Kimdir tut daraxtidan tushib kelayotgandek shoxlar qisirlaydi, oyoq tovushlari eshitiladi, qilt etgan shamol yo‘q biyday dashtda kutilmaganda shamol turadi. Momom yonida kimdir o‘tirgandek u bilan yana nimalarnidir tez-tez gaplashib, qo‘lidagi olovli tayoqni onamning boshidan to‘xtovsiz aylantiradi. Osmon gumbirlab, yomg‘ir emas, bir parcha zangori shu’la momomning oyoqlari ostiga tushib, u turgan kaftdekkina joyni yoritadi. Keyin bu shu’la kengayib, butun hovlini, dashtu osmonni qamrab, bir butun ulkan yorug‘likka aylanadi. Qulog‘imga arava qo‘shilgan otning tuyoq tovushlari eshitiladi. Qo‘rquvim yana oshadi, boshimni ko‘rpaga burkab, ko‘zlarimni qattiq yumaman, o‘zim ham go‘yo o‘sha yorug‘lik ichida-yu, dasht bo‘ylab uchib yurgandekman.
Birozdan so‘ng qo‘shni xonadan momomning ovozi eshitiladi: “Bu yoqqa kel! Qarama, degandim-ku, senga”. “Qiziq, – deyman ichimda, hayratim oshib. – Momom mening darchadan o‘g‘rincha mo‘ralaganimni qayerdan bildi ekan?”
Keyin momomning yoniga cho‘kkalab olaman-da, o‘chay-o‘chay deb turgan pilikcho‘plarga qarayman, ular ham, nazarimda, momom bilan gaplashayotgandek tuyuladi. Momom onamning yuzlariga suv sepadi, quloqlaridan tortadi, yelkasiga bir-ikki urib, duo­ga qo‘l ochadi va qandaydir sehrli, men tushunmaydigan so‘zlarni uzoq pichirlaydi.
Men ham kaftlarimni ochib, ularning o‘zim anglamagan istaklariga qo‘shilaman…
Xayolimga biroz oldin eshitganim keksa tut daraxtining vahimali g‘ijir­lashlari, g‘alati oyoq tovushlari-yu, qo‘ng‘iroqlar jarangi keladi. “Balki ular menga ham nimadir demoqchi bo‘lgan-u, men ularni tushunmagandirman”, – o‘ylayman va momomning biroz oldingi holatini anglagandek bo‘laman.
Ko‘zimga uyqu ilinadi. Uyg‘onganimda tong o‘zining g‘ira-shira qizg‘ish nurlarini darchaga quyayotgan bo‘ladi. Turishga erinib, darchadan hovliga qarayman: supa, tut daraxti, momom tong shabadasida eski tut daraxtidek tebranib, tasbeh o‘giradi. Cho‘pon qo‘radagi qo‘ylarni “hay-haylab” dashtga haydaydi. Maysalar chumolidek devor yuzlariga o‘rmalab, panjarali darchagacha chiqib keladi, go‘yo butun dasht toshib, mana shu kichkina kulbaga kirishga urinayotgandek.
– Bolam, ancha yengil tortdingmi? – so‘raydi momom, yelib-yugurib ish qilayotgan onamga qarab.
– Ha, ona, bugun ancha yaxshi uxladim, og‘ir tushlar ham ko‘rmadim, – deydi onam mamnun qiyofada.
– Xudo mehribon, bolam. Chin dildan so‘rasang, tilaklaringni U, albatta ijobat qiladi.
Biz momomnikida ancha kun bo‘ldik. Onam ketar oldi hovli va uylarni supurib-sidirdi. Momomning kiyimlarini yuvdi, non yopib, nonko‘rpaga o‘radi. Momom esa bitta kulcha olib: “Poda qaytar mahal – ins-jinslar qo‘zigan payt, non yo‘ldoshing bo‘ladi, bolam”, deb qo‘ynimga soldi-da, peshonamdan o‘pib qo‘ydi. So‘ng xayr-xo‘shlashdik.
– Tezroq yur, – deydi onam, u yoq-bu yoqqa olazarak bo‘layotganimni ko‘rib. – Bu yurishda kech qolamiz. Qara, quyosh ham botay deb qoldi.
Tuproq yo‘ldan tez-tez odimlarkanman, ortga qayrilib, momomning pastqamgina loysuvoq uyiga ko‘z tashlayman. Momomning mo‘jazgina kulbasi botayotgan quyosh shu’lasida kimsasiz dasht qo‘ynida yonib turgan bir parcha olovga o‘xshardi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 5-son