Gulchehra Asronova. Ta’til arafasida (hikoya)

Chala qoldirgan she’rini tongda tugallab, ustidan bir o‘qib ko‘ngli to‘lgan shoirdan baxtliroq odam topilmasa kerak. Damir so‘nggi misrani subhidamda kashf qildi. To‘g‘ri, u shoir emas. Lekin u — oshiq. Axir hamma oshiq — shoir, hamma shoir oshiq emasmi? Bu holiga turib-turib o‘zi ham ajablanadi, shunchalar devona qildi uni Zulfizarning ishqi! Qayerdadir o‘qigani bor: «ishq» so‘zining ikkinchi ma’nosi zarpechak bo‘lib, bu boshqa o‘simlikka chirmashgancha uning hisobiga yashaydigan o‘tning nomi ekan. Ayni haqiqat! Yigitning borlig‘idagi bor quvvatni so‘rib, ado qilayotir bu tuyg‘u chirmovig‘i…
Bunday davom etishi mumkin emas. Yana qancha kutsin, axir? Bugun shartta nuqta qo‘yadi! So‘nggi ta’til arafasida turishibdi. Uyidagilar masalani ko‘ndalang qo‘yishgan – shu yozda uylanishi kerak…
Zulfizarning xonasiga bordi. Talabalar turar joyidagi qo‘shni xonaning bu eshigini necha minginchi bor taqqillatishi, lekin har safar yuragi ham qo‘shilib dukkillaydi.
Eshikni Nodira ochdi. Juda quv qiz-da, salom-alikni ham qo‘yib, qo‘lini bigiz qilgancha uzun yo‘lakning oxirini ko‘rsatdi: «Oshxonada!»
Damir yo‘lakdan borarkan, o‘z ko‘nglida boyagi ahdini yanada pishitdi: «Bugun nuqta qo‘yaman!»
Oshxonaga burildi-yu, eshik oldida turib qoldi. Buncha suluv bo‘lmasa bu qiz! Zulfizar nim pushti libosda, eshikka ters o‘girilib, stolga xiyol engashgancha sabzi kertar, yelkasidan to beligacha qo‘ng‘iroq sochlarining to‘lqini yoyilgan, har pichoq urganda zulfining mavjlari majnuntol shoxlari monand yengil titrab qo‘yadi… Yigitning yuragi gupirlab ura ketdi. Ko‘ngil qushi ko‘ksidan «pir» etib uchib chiqdi-yu, zar kokillar to‘lqiniga g‘arq bo‘ldi…
Otini bilib qo‘yishgan-da! Lekin oshxonada sochini yoyib yuradigan odati yo‘q edi. Damirning ko‘zi jingala tutamlar uchida osilib turgan mayda tomchilarga tushdi. Ha-a, soch yuvibdi-da…
Bo‘ldi! Hozir shunday mahliyo bo‘lib turaversa, boyagi jur’atidan asar ham qolmaydi. Yigit tomoq qirib oldi.
— Zulfizar!
 Qiz beparvo, o‘girilgancha ishida davom etdi.
— Zulfizar, sizda gapim bor.
Damir bu safar ovozini balandlatibroq gapirdi. Qiz hamon jim, qirtillatib sabzi to‘g‘rayverdi. Go‘yo u yo‘qdek. Yigitning qoni gupirib ketdi.
— Mayli, qaramasangiz qaramang. Lekin men… bir qarorga kelishim kerak. Bilasiz, ota-onam anchadan buyon uylaymiz, deb qistashadi, ko‘nmayman. O‘zlaricha qo‘shni qizni ko‘zlashyapti. Ammo men… faqat sizni deyman! O‘sha kursdoshing bor qiz bo‘lsa, bugunoq sovchilikka jo‘naymiz, deb qistashyapti. Bu yoqda enam kasal, «to‘yingni ko‘rsam», deb sarg‘ayib yotibdi. Birgina so‘zingiz, Zulfizar! Hech bo‘lmasa umid bering, qancha desangiz kutaman!
Qiz ayni shu paytda sabzini teng ikkiga bo‘ldi, taxtakash taraqlab ketdi. Pichoq go‘yo oshiq qalbini qoq o‘rtasidan tilib o‘tdi.
— Shunchalikmi endi? Bir qayrilib qarashingizga ham arzimadikmi?
Yigit qizning yelkasidan mahkam ushlab o‘zi tomonga qaratgisi, ko‘zlariga tikilib turib, so‘ragisi keldi: «Ha, deng? Hech bo‘lmasa, kut deng?!»
Zulfizar kutilmaganda qaysidir qo‘shiqni uzuq-yuluq xirgoyi qila boshladi. Damirning vujudi muzlab ketdi — buncha xor qilmasa?
— Demak, tamom ekan-da? — dedi u iztirob bilan. So‘ng, yana baland ovozda qo‘shib qo‘ydi: — Bo‘ldi, boshqa yalinmayman sizga! Hech qachon!
So‘ng shartta burilib, xonasiga ketdi. Sherigi yo‘q edi. O‘rniga yuztuban tashladi-da, yostiqqa yuzini bosdi…

* * *

…Zulfizar sabzi to‘g‘rashni tugatdi. So‘ng qurib, xurpaya boshlagan sochlarini tutamlab orqaga yig‘ishtirdi-da, quloqlaridan «naushnik»ni chiqarib oldi…
Xonasiga kirishi bilan Nodira savolga tutdi:
— Xo‘sh, javobingni aytdingmi?
— Keldimi? – ko‘zlari porlab ketdi Zulfizarning.
— So‘ragandi, oshxonada devdim. Qarab tur-da, hozir kirib keladi Majnuning.
Zulfizar mayin jilmaydi. «Tavba, — o‘yladi u, — shuncha yil ortimdan soyadek ergashib yurib, oxiri ko‘nglimni oldi-ya. Qanday qilib unga bog‘lanib qoldim, Xudo biladi. Ko‘rgim kelaveradi. Sevgi deganlari shu bo‘lsa kerak…».
Oradan kunlar o‘tdi. Yigitning daragi yo‘q. Qizning vujudi quloqqa aylangan – eshikning taqqillashini kutmoqda. Nazarida, uning eshik chertishlari ham o‘zgacha edi. Bir paytlar asabini tarang qilguvchi o‘sha tovush endi qizning dil torini qo‘shib chertar, bu sadosiz hayotini tasavvur qilmoqqa ojiz edi. Keladi, hozir keladi… U xayolchan deraza yoniga bordi. Qo‘shni yotoqxona derazalaridagi bir xil pardalar parishon xilpiraydi, ikki bino orasidagi torgina yo‘lak kimsasiz. Go‘yo butun dunyo kutyapti.
Nogahon… yo‘lakda kattagina sumkasini orqalagancha shoshib ketayotgan Damir ko‘rindi. Zulfizar bir muddat uning ortidan lol bo‘lib qarab turdi. Qayoqqa ketayapti? Shuncha yuk bilan… nahotki qishloqqa? Nega ketadi? U-chi?!
Qizning ko‘ksida boshlangan g‘alayon bir lahzada hayqiriqqa aylandi: “Damir!” Ammo tomog‘iga nimadir tiqilib, ovozini o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi. U ketdi.
Oqshomda Nodira gap topib keldi: Damir hech kim bilan xayrlashmay, qishloqqa ketvorganmish. Qizning yuragi orqaga tortib ketdi — nahotki, endi uni sentyabrgacha ko‘rmasa? Qanday qilib…
Zulfizarga ta’til tatimadi. Kun sanab, kuzni kutdi. Yigitdan biron-bir mujda bo‘lmasa-da, umidini so‘ndirmadi. Axir oldinda sentyabr bor!
Ammo bir kuni… Damirdan pochta orqali to‘yga taklifnoma oldi…

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 26-son