Gulchehra Asronova. Masofa (hikoya)

Muhtasham xonaga qalbing to‘lqinlanib kirib kelding. Endi u – seniki. Barcha jihozlari, dabdabali qiyofasi, bor jozibasi bilan sengagina tegishli. Labingdagi nim tabassumni yoyilib ketishdan tiygancha, barra maysadek yumshoq gilamni huzur bilan bosib to‘rga o‘tding. Bir paytlar ko‘zingga ko‘k toqidagi yulduzdek olisdan jilvalar qilgan oromkursiga joylashib o‘tirding. Nihoyat, nihoyat!!! Ortingdan ergashib kirgan xodimlar jo‘rovoz bo‘lib tabriklashardi. Samimiyat ila minnatdor bo‘lding. Ro‘yingda ajib xushnudlik, faqat inson zotiga xos baxtiyorlik ifodasi jilvalanar, xonangni yoritib turgan jilokor nur darpardalar orasidan emas, sening yuzingdan taralayotgandek edi. O‘sha kuni seni qutlab juda ko‘p odamlar kelishdi. Ularning har biri tanish, ko‘nglingga yaqin va qadrdon edi. Ular bilan sening o‘rtangda allaqanday masofa paydo bo‘lgan, ammo u qisqa va yorug‘ edi. Shundan ko‘plarini o‘rningdan turib, qo‘lingni ko‘ksingga qo‘yib kutib olding. Eshik oldigacha kuzatib bording. Ular senga shundayligingcha mehr qo‘yib, shundayligingcha eslab qoldilar.
Bir muddatga kiruvchilar to‘xtaganda, ko‘ksingdagi shirin tuyg‘u uchmoqqa shay qush misol potirlab, o‘rningdan turishga da’vat etdi. Deraza oldiga bording. Ko‘z oldingda bejirim bog‘cha namoyon bo‘ldi. Daraxtlarning shoxiyu gullarning boshi sen tomon burilib, xiyol ta’zimda turardi go‘yo… Keksa tutning qalin shoxlari orasidan uchib chiqqan bir juft musicha to‘g‘ri kelib oyna ortidagi tokchaga qo‘ndi. Qu-qulashib, nafis boshchalarini dam-badam chayqab, o‘zaro tillashgan bo‘lishdi-yu, birdan jimib qolishdi. Shunda tim qora ko‘zlari xuddi senga qadalganday tuyuldi va borlig‘ingni ajib huzurbaxsh his chulg‘ab oldi. Silab qo‘yging keldi ularni. Patlari juda mayin bo‘lsa kerak… Bugun dunyo g‘oyatda go‘zal va uning har bir zarrasi senga xayrixoh edi.
Keyin ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Va bu suvlar sendagi ko‘p yaxshi xislatlarni oqizib ketdi.
…Muhtasham xonaga viqor bilan kirib kelding. Qalbingni to‘lqinlar tark etganiga ancha bo‘lgan. Yuzingda hozirgina o‘zing bosib o‘tgan marmar zinalarning silliq, o‘zgarmas va tund qiyofasiga o‘xshash sovuq bir ifoda qotib qolgan. Mansab pog‘onasidan ko‘tarilganlarning hammasida ham bunday bo‘lavermaydi, lekin senda shunday bo‘ldi: sen o‘zgarding. Oshyoning hamon jozibador, biroq buni ilg‘amay qo‘ygansan. Bu shunchaki seniki. Sening saltanating. To‘rdagi oromkursining ohanrabosi ham so‘ngan, ohori ketgan. Unga jisminggina o‘tiradi, o‘zing esa juda yuksakdasan. Ortingdan kirgan xodimning ovozi uzoqlardan eshitiladi. Anchadan beri shunaqasan – balanddasan. Haligi masofa o‘z-o‘zidan cho‘zilib, xiralashib ketgan. Pastga qarab o‘ylaysan: muncha mayda bu odamlar? Eshigingdan kiruvchilarning keti uzilmaydi. Ularning ko‘plarini tanimaysan… Ehtimol, bir paytlar tanigandirsan? Endi buning ahamiyati yo‘q. Endi tanishing shart emas. Ularning ayrimlarigagina qo‘l uchini uzatasan. Ularning ham ko‘pchiligi seni taniyolmaydi, sendan seni topolmaydilar…
Uquvsiz xodimingni bo‘ralab so‘kib, quvib solgach, asov g‘azabni jilovlash uchun u yoqdan-bu yoqqa yurding. Nodonlar, noshudlar! Shuncha ish, shuncha vazifa, bularning sulayib yurishini-chi! Beixtiyor deraza yoniga bording. Bog‘ ko‘zingga fayzsiz ko‘rindi. Tokchada hoziru nozir bir juft musichaning qu-qulashi asabing torlarini battar taranglashtirdi. Namuncha dunyoga g‘avg‘o solmasa bular. Shu payt yashil shoxlar bag‘ridan yana bir kichikrog‘i pirillab uchib chiqib, ularning o‘rtasiga kelib qo‘ndi. Musichalarning biri egilib, tumshug‘idagi nimanidir tokchaga tashladi. Haligi polapon yemakni do‘qillatib cho‘qiy boshladi. “Do‘q, do‘q… Qu-qu… Do‘q-do‘q…” Ko‘payib ketishganini-chi! Tek qo‘ysang, hammayoqni bulg‘ab tashlashadi. Stolingga yaqinlashib, qizil tugmachani bosding-da, anavi bukchayib qolgan qari tutni tag-tugidan kesib tashlashni buyurding…
Shu tariqa balandlayverding, balandlayverding… Pastdagilar esa maydalashaverdi. Nazaringda hammasi to‘g‘ri. Nazaringda shunday bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lishi tabiiy.
…Qanchalik balandlama, banda ekansan. Qazoing yetdi… Dunyoning barcha xoyu-havaslariga ko‘z yumding. El qatori yuvib-tarab, oq matoga o‘radilar. Lekin Yaratgan senga shunday bir buyuk sinovni yubordiki, odamlarning nainki gapini, balki ichki tovushlariniyam eshitib yotding. Bu tovushlarning mazmuni… dahshatli edi.
– Yaxshi odam edi, rahmatli (Dilozor edi, dilozor).
– Ko‘plarga yaxshilik qilgandi (Odam ajratardi, badfe’l).
– Arzimagan kasal olib ketdi-ya (Kibri boshini yedi).
Sen: “Hammasini ishni deb qildim! Kunu tun ishladim, shumi rahmatlaring?!” – deya hayqirging keldi. Lekin zaboning karaxt edi. Sen faqat eshitarding. Ko‘p vaqtlardan beri birinchi marta “mayda”larni jimgina eshitarding…
– U dunyosini bersin (Bu gumrohni O‘zi kechirsin).
Vodarig‘, bu ne sinoat?! Ular nima deyishyapti o‘zi? Demak, noto‘g‘ri yashabdi-da? Endi nima bo‘ladi, do‘zax oloviga otiladimi? Yo‘q-yo‘q, istamaydi, yo‘q!!! Nimadir qilish kerak. Qaniydi qaytolsa, bir kungina bo‘lsayam yashasa edi, butunlay boshqacha odam bo‘lardi. Kibr otlig‘ bu mash’um libosni yechib, burda-burda qilib tashlardi!..
Hamon o‘shanday gaplar:
– U dunyoda ham martabali bo‘lsin (Xudo jazosini bersin)
Chidolmading. Jonsiz tanangga isyonkor bir kuch indi. “Bas!” – deya qichqirib yubording va… uyg‘onib ketding. Tush ekan.
“Axir bu tush ekan!” – ta’kidlading o‘zingga o‘zing. Biroq, zarracha yengil tortmading…
Baribir balandlayverding. Nazaringda, pastga tushadigan narvon olib tashlangan, endi yo‘ling faqat balandlikka yo‘nalgan edi. Biroq, foniy dunyoda hamma narsaning oxiri bor. Bir kuni… Tuyqus qulab tushding. Shuncha masofadan-a! Bir lahzada ro‘y berdi bu. Ajab, zarracha shikastlanmay, bus-butun tushding yerga. Faqat, ich-iching vayron, botiningda nimadir simillar edi. Atrofga alanglab hayratlanding – haligi mayda odamlar… sen bilan bab-baravar ekan. Ular kattarib ketdimi yo sen kichrayding? Shu haqda o‘ylashing bilan, boyagi simillagan og‘riq chidab bo‘lmas darajada zo‘rayib ketdi. Qayerdan boshlandi u? Chap ko‘ksingni paypaslab, o‘yga tolding: NIMA EDI BU?..

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son