G‘ozi Rahmon. Qo‘sh kabutar chizilgan uy (hikoya)

Katta Chaqil tog‘i orasidagi barloslarning Sarkenti ovulida dunyo bino bo‘lgan kuni tug‘ilgan durkungina o‘g‘il bolaga Jumaqul deb ism qo‘ydilar. Xuddi o‘sha yili Sarkentidan judayam uzoqda olti oy sovuq izg‘irin bo‘ladigan mintaqada jamiki yo‘qsillar birlashib katta to‘ntarish qilishgan ekan. O‘sha to‘n­tarishning ufq kuygandagi kabi qontalash asorati – burun qonaganda dimoqda qoladigan noxush hidi pasmakkina tog‘ orasidagi Sarkentiga ham yetib keldi. Boy degani yomon odam, uning mol-mulkini tortib olish kerak, mulla degani elni yo‘ldan ozdiradi, uni badarg‘a qilish kerak, degan chaqiriqlar chor-atrofga taraldi.
Jumaqulning taqdir peshonasiga bitgan qizaloq esa shundoqqina qo‘shni ovulda, Darali soyda ayni Buxoro amiri qizillar zarbidan taxtni tashlab qochgan yili amirning xazinachisi Muhiddin Mahsum Afg‘onga ketaman, deb yo‘ldan adashib Langar Otaga kelib qolgan, shu joyning o‘zida soxta pul chiqarib Qalqama bozoridan bir suruv qo‘y-echki sotib olib, Urgut tarafga oshganda qizillar qo‘liga tushib, bor-yo‘g‘idan ayrilgan yili tug‘ilgan edi. Bu xushruy chaqaloqqa Malika deb ism qo‘ydilar. Barloslarning bitta tufori negadir o‘ris bashara, sarg‘ishdan kelgan, ko‘zlari zig‘ir guliday ko‘kish. Boshqasi esa bug‘doyrang, surma ko‘z. Erkaklari g‘uchchoq, miqti gavdali, xushbichim. Qiz-ayolining esa xunugini topib bo‘lmaydi. Bamisli hilol kaklikday, chashmadan suv ichganida yupqa tomog‘idan bemalol ko‘rinadi. Barlos momolar chaqaloq qizini go‘dakligida tog‘ cho‘qqisida o‘sadigan karavush giyohining iforli suviga ko‘p cho‘miltirganidan qizning bo‘yi yetar-etmas yurganda yo‘l to‘lib, atrofga qalampirmunchoq va rayhon hidi aralash xushbo‘y hid tarqaydigan bo‘ladi. Malika oyoq chiqargan paytida ham shunday shiringina qizaloq ediki, go‘yo yasqoq tosh ustida dirkillab bosh ko‘targan sumbulgiyohning navnihol paytiga o‘xshardi. Jumaqul o‘n to‘rt-o‘n besh yoshida qo‘shni ovulga qo‘y haydab borib, ammasinikiga tushgan, ammasi esa kichkina Malikani ko‘rsatib, hademay kattarsa shu qizimni senga beraman, agar olmasang, bo‘yningga to‘rva qilib osaman, deganda, uyalib ketib, qochib qolgandi. O‘shanda eshitgani yana bir voqea ham sira yodidan ko‘tarilmaydi. Daralisoyda bir mullaning uyidan Amir Temurning kattagina surati chiqib qolib, shu bahona mullani badarg‘a qilishgani ham bor gap. Peshonada yozilganidan hech qayoqqa qochib qutilib bo‘lmaydi. Jumaqulning otasiyu ikki akasi ham yo‘qsillar safida bo‘lib, uch-to‘rtta mol-holi bilan kol­xozga kirgan, eshonu xo‘ja, boy yoki mullani ko‘rsa yot-unsur, deb quvib haydaydiganlar tarafiga o‘tib olishgan edi. Hech kim o‘ylab ko‘rmaydi. Tani-joni sog‘, aqlu farosati yetarli qay bir kimsa o‘z-o‘zidan yo‘qsil bo‘lib qoladi. Kambag‘alni avvalo Xudoning bepul, beminnat o‘tin va suvidan qisadi, degan naql bor. Boshidan o‘sha ikki narsaga yolchimagan odamni noshukur, nodon deyishdan o‘zga chora yo‘q. Xo‘sh, kuch ishlatib bo‘lsa ham boylarning mol-mulkini yalangoyoqlarga olib berildi, deylik, lekin yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi-ku. Kambag‘al yana kambag‘alligicha qolaveradi. Urush ortidan kelgan katta ocharchilikda hammadan burun qirilib ketganlar o‘shalar bo‘ldi.
Jumaqul yetti-sakkiz yoshida katta qishloqqa qat­nab, chala-chulpa savod chiqardi va o‘n besh yoshidan kolxozga kirdi. Avval eshakboqar, keyin otboqar bo‘ldi. Samarqandga borib uch oylik zootexniklar tayyorlash kursida o‘qib keldi. Yigirmaga kirganida barvasta yigit bo‘lib, otda qiyshayib o‘tirib olib, otarma-otar aylanadigan ferma mudiri bo‘ldi. Hademay o‘ris inqilobchisi Jdanov nomidagi kolxozga rais bo‘ladigan shashti bor. Biroq bu adoqdagi Katta qishloqda tuzilgan “Yangi turmush”kolxozidan katta farq qiladi.Unda chorva yaylovlari, dehqonchilik uchun yer maydonlari, katta-katta uzumzorlar bor. Jdanovda chorvaga qulaylik mavjud, ammo g‘alla ekiladigan yerlar yo‘q, hisobi. Tog‘ orasidagi qir-adirlarda, parcha-burish qiyaliklarda qo‘sh haydab, ketmon chopiq qilib arpa-bug‘doy ekishadi. G‘allani qo‘l bilan o‘rib, bog‘lab, ot-ho‘kiz bilan yanchib-sovurib, qoplab eshakka ortib, “Qizil karvon” qilib salkam 150 chaqirim keladigan Cho‘mich stantsiyasiga tashiydilar. To‘rt-beshta mahmadona qariyalar bu haqda ariza ko‘tarib, poytaxt Samarqandga, Yo‘ldosh ota Oxunboboyev huzuriga borishgani rost. Ota g‘amxo‘rlik qilib Jdanovdan g‘alla rejasini olib tashlagach, kolxozning tashvishi bir yoqli bo‘ldi. Ishlab charchamaydigan, yeb to‘ymaydigan kolxoz faoli Jumaqulni zamonasining chinakam fi­do­yisi, desa bo‘lardi.
Bu yoqda Malika qiz ham o‘n beshdan oshsammi-osh­masammi, deb turgan, tushlarida to‘lg‘onib uyg‘o­nadigan, o‘zini-o‘zi hidlab mast bo‘ladigan pallaga kirib qol­gandi. Ona sovliq yangi tuqqanida gelagay qilib, shopirib-shopirib, hur-hur ichganmisiz? Malikaning sevimli taomi bu. Uning a’zoyi-badani xuddi o‘sha og‘iz suti rangida. O‘tovga egilib kirganidan ma’lumki, qaddi-qomatiga gap yo‘q. O‘sma-surmani sira ko‘rmagan egma qoshu qayrilma kipriklar qunduz qora, taniqli rassom mo‘yqalamidan chiqqanday shirin lahjada “voy, man vulay” deb ikki gapirib, bir kulganida o‘tov ichlari tugul, Darali soyga ham inju – sadaf to‘kiladi. Bor-yo‘g‘i bir qir naridagi Jumaqulboyga fotiha qilinganidan beri shosha-pisha dastro‘mol, belqars tikayotgan, ularning girdo-girdiga pirpirak munchoq o‘tkazayotgan qizning tunu kun o‘ylagani shul: “Mana shu o‘rtadagi katta qir kelin bo‘lib ketayotganimda cho‘kkan tuyaday pasayib tursa bas…”
Orzuga ayb yo‘q. Burun zamon bo‘lganida Malika qizning qaliniga ming qo‘y bersa ham kamlik qilardi. Kolxozning qo‘yini ichidagi bolasi ham hisoblik. Jumaqulning otasi Qodirqulning eshigida ham qora-qurasi kamgina. Shappati bilan yuz qizartirib yuradi. Og‘riq zarbidan bir paslik qizargan yuz, darrov o‘z holiga qaytib bo‘zrayib turaveradi.
Qiz otasi ham “tengini topsang, tekin ber” qa­bi­lida ish tutib, el ko‘ziga Qodirquldan bor-yo‘g‘i ikki uloq, tishi tushgan qari sovliq olib, o‘zidan qo‘shib-chatib, asragan qizil gulini o‘rab-chirmab ”katta” to‘y-tomosha qilib uzatganida ota-onaning him­mati balandligini ko‘ring, deb maqtaydigan ko‘p bo‘ldi. Hafsalaning zo‘rligini qarang, barlosning shirinkor o‘lanchi ayollari biri qo‘yib, biri olib, shundayam aytishdiki, kelin-kuyovning qadru qimmati shunda bilindi. Xayriyatki, Jdanov kolxozining raisi, Jumaqulning tug‘ishgan akasi yo‘g‘on soniga tamg‘a urilgan oq bo‘z otini kelin olib kelishga berib turdi. Kuyov jo‘rayu qiz dugonalar qiyqirib qirdan oshdi. Oq kigiz yopilgan o‘tovga chimildiq tortildi. Eski paranjiga o‘ralgan kelin bola yantoq o‘tin yoqilgan olovdan aylandi. Ta’zimga shaylandi. Misli farishta. Buyog‘ini chimildiq qilar sarishta. To‘g‘risi, qolgan joyini aytishga qizg‘andim. Endi kuch-quvvatni, barakayu omadni kelin-kuyovga bersin.
Umidvor dehqon, bo‘g‘irsoq dala, binoyi shudgor, yog‘in-sochin mo‘l. Olganiga shukur, berganiga shukur. Ma­likaxon g‘ayrat qilib uch yil ichida birin-ketin peshonasi do‘ng qo‘chqorday ikki o‘g‘il tug‘ib berdi. Sut ustida tug‘ilgani uchun har ikkisi egizak kabi o‘saberdi. Jumaqul ham qarab turmadi. “Kadrovoy armiya”ga olingan akasi o‘rniga rais bo‘ldi. Eng qizig‘i hali buyoq­da. O‘g‘illari G‘ulom, Qahramonlarga atab, yangicha usulda “dang‘illama” uy soldi. Bunaqasi Sarkentida yagona. Atrof ovullarda ham yo‘q hisobi. Barloslar ko‘klamdan yoz bo‘yi, kuz oxirigacha yaylovma-yaylov o‘tov tikib, ko‘chib yurar, bu joylarni Yonayurt deb atar, qish oldi yaylov qaytdi qilib Sarkentiga ko‘ch-ko‘ronini ortib qaytib kelar, yarim yerto‘la, qorong‘u, ammo issiqqina kulbalarda yashashar, qo‘y-qo‘zixonalari naridan beri qurilgan, pastakkina edi. Keyinchalik kolxoz chorvasi uchun qo‘rayu qo‘tonlar, cho‘ponlar bop o‘tovlar qurilgani ma’lum. Jumaqul o‘zini tamoman yangi zamon odami, deb his qi­lib katta qishloqdan mardikor usta chaqirib reja ip tortib, chor kunjakli imorat poydevoriga tosh va somonli loy tashlab ustidan paxsa urdirib, eshik-tuynukli bir uy, bir dahliz qurdiki, raisning bu qilmishiga boshqalar tugul, otasi ham hayron qoldi. Axir katta qishloqda ham, Samarqandda ham, ko‘pdan beri odamlar shunday keng, bahavo, tokcha-tuynukli uylarda yashashadi-ku. Ulardan bizning qayerimiz kam, nahotki biznikilar bundan bexabar bo‘lsa? Nechta qo‘y ketsa-ketsin, bu bilan ishi yo‘q. Jumaqul shunday imoratni qurdi. Qurishga jur’at qildi. Hatto ich-tashini ohak bilan oqlatib, katta xonasiga gul kestirdi. Bir-biriga intilishayotgan, don olishayotgan ko‘k kaptarlar surati guldor xonaga yarashib tushdi. Jumaqul bu kaptarlarni Malikaga ko‘rsatib, biri sen, biri men, de­yishdan ham toymaydi. Hali yana bir gala, kamida yettita kaptar suratini chizdiraman, deb o‘yladi ichida.Ovuldoshlarning hammasi kelib ko‘rdi. Bu uyda yana bir yangilik.Tokchada patefon degan quti qo‘shiq aytib turardi. Yo tavba, temir quti qanday gapiradi? Birov havas qildi, birov hasad. Ayollar esa ”bo‘l-bo‘l, raisning xotini bo‘l” deb rosa kuyindi…
Esiz, esiz, endi kun ko‘rdim deganda, baloyi ofat yopirilib urush boshlanib qoldi. Odam bolasi boshiga tushadigan barcha kulfatlarning onasi edi mudhish kasofat. Har qanday tirik jon uning domiga ilinmasdan qolmaydi. Ovuldagilarni ishga, dalaga chorlab har kuni ikki marta chalinadigan zang uch kun uzunasiga beto‘xtov chalindi. Uning mudhish ovozidan hatto devonalar ham seskandi. Itlar beixtiyor kechayu kunduz osmonga qarab hura boshladi. Odamxo‘r Eshnazar bosmachi yana tirilipti, dedi allakim. Shu paytgacha hech kimning xayoliga kelmagan “safarbarlik” so‘zi el-yurtga hokim va xo‘jayin bo‘lib oldi. Endi hammaning og‘zida bitta qo‘shiq: “Bo‘lsang yigit, bo‘lsang hamki chol, qo‘lingga qurol ol!”
Jumaqul yaqindagina jildiga dohiy surati tushirilgan cho‘g‘day qizil firqalik biletini qo‘lga olgan, ko‘ksiga bosgan. Yurakka yaqin joyda lahcha cho‘g‘day kuydirib turibdi. Qarang-a, bir tomonda qo‘sh kabutar surati chizilgan uy, qo‘sh o‘g‘il, a’zoyi badanidan sut anqiydigan xushro‘y kelinchak. Bir tomonda dohiy va urush. Kimni desin? Hammasiyam unga aziz…
O‘sha kuni rais bir qarorga keldi. Ovuldoshlar, kattayu kichikni idora yoniga to‘plab, yig‘ilish qildi. O‘rtoq Stalinning murojaatini o‘qib berdi.
– Endi raislikni ayollar ham qilaberadi, – dedi u hayqirib, – Bizning joyimiz front! Dohiy Stalin shunday degan. Qani kim biz bilan ketadi? Avval ko‘ngillilar ro‘yxatga yozilsin. Birinchi Qodi­rovlardan boshlaymiz. Akamiz allaqachon o‘sha yoqda. Kichik akamiz bilan mana men ketaman. Bir, ikki, uch. Kim qo‘rqoqlik qilsa, shartta otib tashlanadi. O‘zim otib tashlayman.
To‘da ichidan kimlarningdir badanida chumoli o‘r­maladi, kimdir dag‘-dag‘ titray boshladi. Jumaqul rais o‘sha kuni kuyib-yonib gapirdi. Qaniydi, uning shu vajohatini o‘rtoq Stalinning shaxsan o‘zi ko‘rsa. Hech bo‘lmasa qizil bilet bergan raykom buva ko‘rsa… Yelkasiga qoqib “balli-balli, mard yigit”, deb olqishlab qo‘ygan bo‘larmidi?
Jumaqul shu ketishda naq uch yil ketdi. Avvaliga uchburchakli, chumchuq tiliday xatlar birin-ketin kelib turdi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas havoga uchganday taqa-taq to‘xtab qoldi. Bir emas, uch o‘g‘lidan xat-xabar kutib charchagan onaizor yotib qoldi. Birdaniga ikki o‘g‘lidan “qora xat” olgan ota bu dahshatni kampiriga bildirma­yin, deb qancha urindi, bo‘lmadi. Axiri uyam kampirining yoniga cho‘zildi. Titrab-titrab urayotgan yuraklar tog‘day tegirmon toshlar orasiga tushib qolgan bir dona kichik donday yanchilib borardi. Jabr-zulm bilan aylanayotgan vahshat tegirmoniga ocharchilik, degan baloyi ofat zardobli suvidan tinimsiz quyaverdi-quyaverdi. Bunday azob tegirmonlari go‘yo ovulning har bitta xonadonida ataylab ishlab yotardi. Bu tog‘iston bag‘rida bir hovuch don sepib, ekib olay desang, havorgina yerning o‘zi yo‘q. Ba’zi birovlar janda-jobig‘ni yag‘ir eshakka ortib, tog‘ osha Samarqand tarafga non qidirib ketdi. Bu yoqda qolganlar esa yovvoyi jonzotlar kabi ildiz terib yeya boshladi. Isitma, bezgak kasali uyma-uy izg‘ib yurardi. Non, non deb jon berayotganlarning mozori yo‘q. Avvaliga kampir sho‘rlik, izidan ota bechora bandalikni bajo keltirdi. Ega bo‘lib, birin-ketin o‘lik ko‘mgan Malikaning yig‘lay-yig‘lay ko‘zlarida yosh qolmadi. Ko‘mish marosimiga noiloj boradigan odam bir kosa suyuq atala ichib olmasa, o‘likni ko‘tarib borishga ham, go‘r qazishga ham tinka-madori yo‘q. O‘likda ham, tirikda ham qadr-qimmat qolmadi. Malika katta o‘g‘lini tuproqqa berib kelganida Jumaquldan xat keldi. U birinchi bo‘lib G‘ulomjonni yo‘qlagan edi. G‘ulomjonning esa otasini kutib oladigan ko‘zlariga tuproq to‘lgandi. Oradan yil o‘tar-o‘tmas Qahramonjon ham otasining urushdan qahramon bo‘lib qaytishini kutmay, norasida holida jannatga ravona bo‘ldi. Hech narsa totinmay, issig‘i tushmay, uyam onasi qo‘lida jon berdi. Pari-paykar nomini olgan, kabutar surati solinib, oppoq qilib bezatilgan uy sohibasi qo‘sh o‘g‘lonidan ajralib, yog‘­ga tashlangan qo‘ziqorinday bujmayib qoldi. Naqsh olmaday tarang yuzlariga bevaqt ajin tushdi. Uzun sochlari to‘kilib, yarmigacha oq oraladi. Oddiy askar Jumaqul Qodirov urushda qon kechib, jon olib, jon berdi. Kamida o‘n joyidan yarador bo‘lib, a’zoyi badani ilma teshik bo‘lib ketdi. Har safar o‘lim bilan yuzma-yuz kelganida, lop etib ko‘z oldiga qo‘sh kabutar surati chizilgan uy va uy ichida qo‘sh beshik teb­ratib allalayotgan Malika kelar, ularni hech bo‘lmasa bir marta ko‘rmay o‘lmaslikka qasam ichar va bu qasamdan ilohiy kuch olib, oyoqqa turib ketar edi. Oxirgi marta boshidan og‘ir jarohat olib, harbiy gospitalda uzoq yotdi. Jinni sifat bo‘lib qolgandi. Ko‘kragiga “Qizil yulduz” ordeni taqilganda ham o‘zini o‘nglab-o‘nglolmay turgan pallasi edi. Yurak beto‘xtov kuyishar, bosh go‘yo arining uyasi edi. Nihoyat uyga javob berishdi. O‘shanda manzil-makonini zo‘r-bazo‘r eslay oldi. Xotira deyarli yo‘qolib bo‘lgandi. Baribir yurt mehri, qadrdon uy o‘ziga ohangrabo kabi tortar ekan. Haftalab yo‘l yurib, o‘z uyiga arang yetib kelganida esa ko‘rgan-kechirganlaridan yana esi og‘ib qolayozdi. Ota-ona, atak-chechak qilib qolgan ikki o‘g‘ildan ayrilgan, tuxumday qilib oqlangan naqshli uyning tomidan chakki o‘taverib devoridan zardob oqib xarob bo‘lgan, rangin gilamlar nochorlikdan sotib yuborilgan shekilli, uy qip-yalang‘och, gilam o‘rniga xas-to‘shak to‘shab qo‘yilgan edi. Bechora kaptarlar, ularni kaptar deyishga til bormasdi. Shiftdan devor bo‘ylab oqqan loyqa suv kaptarlar jismini ming bo‘lakka ajratib, tig‘ibaron qilgandi.
– Yo‘q-yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Malika, mening Malikam, qaydasan? G‘ulomjon, Qahramonjon, kaptarlarim qani?
Hech kim javob qilmadi. Jumaqul uydan tash­qariga chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri osmonga qarab, shunday o‘kirdiki, bu o‘kirik bolasini oldirib qo‘ygan ona bo‘ri nolasidan, juftini yo‘qotgan arslon nolasidan ham ayanchli bo‘lib, baland tog‘larni-da zirillatib, Sarkenti ovulini dirillatib yubordi. Joni bor qo‘ni-qo‘shnilar, qa­ri-qartang qiy-chuv qilib izillab yetib kelganda Ju­maqulning a’zoyi badanini qaltiroq tutib og‘zidan ko‘pik sochib, ko‘zlari hech narsani ko‘rmay qolgan, shuncha uqubat, jangu jadal ko‘rgan polvon yigit ustidagi harbiy kiyimni, medallarini ham unutib, yosh boladay tuproqqa ag‘anab, yer mushtlab qarg‘ab, so‘kinar, nima qilayotganiga tushunib bo‘lmas, o‘zini batamom unutib qo‘ygandi. Hech kim unga yaqinlashishga jur’at qilolmas, yirtiq-yamoq, och-yupun uch-to‘rt bola unga qo‘shilib izillab yig‘lashdan boshqa chora topolmasdi. Xayriyatki, Afg‘onu Rumda bo‘lib tabiblikni o‘rganib qaytgan, har qanday dardning shifosini biladigan Abdulla tabib yetib kelib, Jumaqulni yupatib, tinchitishning chorasini topdi. Qaydandir muzday chashma suvi solingan idishqovoq ko‘tarib kelib, undan qo‘llariga suv olib, devona bo‘layozgan askarning yuz-qo‘llariga sepa boshladi:
– Bismillohir rahmonir rahiym. Lo havla vala quvvata illo billahil aliyul aziym. Ket, ket, ha, shaytonilain!
Shunday muolaja uch marta takrorlangach, Jumaqul birdan jimib qoldi. Tevarak-atrofga tikilib-tikilib qaray boshladi. Abdulla tabib shoshib borib uning qo‘liga idishqovoqni tutqazdi.
– Ma, bolam, ich, ichib ol, to‘yib-to‘yib ich. O‘zing ichib kattargan Jonbuloqning suvidan, judayam shifobaxsh.
Jumaqul hech ikkilanmay bir ko‘tarishda sipqor­di. Endi Jumaqul batamom o‘ziga kelgan edi. Uyalganday bo‘lib o‘rnidan turib, usti-boshini qoqib, tomoq qirib besh yulduz tamg‘ali kamari ostidan chiqib qol­gan ko‘ylagi barini tortib qo‘yib Abdulla tabibga qu­chog‘ini ochdi.
– Abdulla tog‘a, sog‘-omon bormisiz? Sattorquldan xat-xabar bormi? U bizdan Jitomirda ajralib ketgandi. Keyin ko‘rmadim.
– Voy, tog‘a degan tillaringdan aylanay, o‘zimdi rais jiyanim. Sog‘-omon bormisan? Odamni qo‘rqitib yubording-ku! Qahramon jiyanim, manovi nishonlaring muborak! Qirq yil qiron kelsa, ajali yetgan o‘ladi. Ota-onangni kuni kalta ekan. Bandalik qildi. Ko‘nmayin ilojing yo‘q. Malikang – mening chiroyli kelinim chop­qillab yuribdi. Mozor boshiga ketgandi, hali zamon kep qoladi. Qo‘sha-qo‘sha o‘g‘il-qiz ko‘rasizlar. O‘zi berib, o‘zi olganiga sira o‘ksinma, bolam. Xudoning qahri keladi. Sen yigitsan, erkaksan, boshingni ko‘tar! Malikani endi o‘zing ovutib ol! Ana, kelyapti bechora…
– Raisjon, meni kechiring, bolalarimni asrab qo­lolmadim, ota-onamizni asrab qololmadim. Meni kechiring, raisjon. Meni urib o‘ldirsangiz ham roziman.
– Yo‘q, yo‘q, Malika, unday dema, sen aybdor emassan. Hammasiga kasofat urush aybdor. Enag‘ar Gitler aybdor. Hali u hezalakka ko‘rsatib qo‘yaman. O‘rtoq Stalin baribir g‘alaba qiladi. Hozir dushmanga sich­qonning ini ming tanga bo‘lib qolgan.
Malika otasi tengi tabibdan iymanib erining ko‘k­siga bosh qo‘ydi. Muzday sovuq temirlar – yulduzli medallar Jumaqulning ko‘ksida urib turgan yurak zarb­lariga yo‘l bermasdi. Tebranib, jiringlab xa­laqit berardi.
Oh, o‘z uying – o‘lan to‘shaging. Ko‘z ochib ko‘rganing yoningda bo‘lsa, qorong‘u tunda ham chiroqning hech keragi yo‘q. Ular bir-birini to‘yib-to‘yib hidlab mast bo‘lib uxlab qoldilar. Ola-chalpoq bo‘lsayam, oqlangan uy, oppoq tong yog‘dusida yanada yorishib turardi. Malika erining quchog‘idan chiqib, dahlizga o‘tib yuvinib-taranib oldida, qaydadir qolib ketgan cho‘ltoq supurgini topib, eshikni supura boshladi. Jumaqul uch yil orasida bugungiday tiniqib uxlamagan edi. Tush ham ko‘rmadi. Bosriqmadi ham, yarador joylari zirqirab og‘rimadi ham. Qora qumg‘onga solinib o‘choqqa qo‘yilgan suv biqirlab qaynaganda sakrab o‘rnidan turdi. Malika idishqovoqda iliqqina suv quyib turdi. Jumaqul pishqirib yuvindi. Harbiy ko‘ylagini kiyib, ustidan kuyovlik to‘nini yelkasiga ildi. Yuk xaltasini ochib, ikki bo‘lak qora non, qand-qurslarni dasturxonga qo‘ydi. Ikki o‘g‘ilchasiga atab olgan sovg‘a-salomini ko‘rsatgisi kelmadi. Ikkovlon birga choy ichib, tamaddi qilishdi. Nonushta payti er-xotin bir-birini zimdan kuzatdi…
Er: Ozib-to‘zib ketipti, yolchitib non yemagan. Kasalmand bolalarga qarash, qo‘lida jon berdirish, qaysi ayolning yuragini ezmaydi.
Xotin: Bechora erim, urushda rosa qiynalipti. Yarador bo‘lmagan joyi yo‘q. Ey, men nima deb o‘y­layapman, joni omon qopti-ku. Ne-ne azamatlar urushdan qaytmadi. To‘rt muchasi sog‘-omon qaytipti-ku. Xayriyat, yetkazganiga shukur!
O‘shanda kech kuz edi. Dov-daraxtlar xazon faslini o‘tkazib, deyarli yalang‘och bo‘lib qolgandi. O‘rik shoxlaridagi so‘nggi yaproqlar tanadan ajralgisi, bandidan uzilgisi kelmay so‘nggi bayroqcha bo‘lib hilpirab turardi. Qayrag‘och barglari esa qor va izg‘irinni ko‘radi. Jumaqul hamon harbiy ko‘ylak-shimda, hatto qalin paytavasini ham tashlamagan. Bir kuni qish oldidan o‘ylab yurgan ishini qildi. Qo‘liga temirtak pichoq olib qo‘sh kabutar chizilgan devorni qirib tashladi. Atala loy qilib ustini suvab chiqdi. Bunga ham qoniqmay burchakdagi g‘isht pechni ham buzib tashladi. Kunjakdan sandal-o‘choq ochib, tol yog‘ochdan sandal yasab o‘rnatdi. Deraza-romlaru eshik-tuynukni yopib tashladi. Ana endi qish degani kelaversin. Bu yerning qishi Jumaqul ko‘rgan qishlar oldida moyli halvoday gap. Ular qahraton qishni bir amallab o‘tkazishdi. Ko‘klamning iliq kunlarida Jumaqulni yana frontga jo‘natishdi. Endi dushman zo‘r berib chekinayotgan, alamzada kasofatlar egallab turgan joylariga o‘t qo‘yib ketayotgan edi. Endi gazandani o‘z uyida yanchib tashlash uchun izma-iz quvib borish va Berlinda qizil bayroqni o‘rnatish kerak. Xuddi shunday bo‘ldi ham. Jumaqul Reyxstag ustiga alvon bayroq ilinganini ko‘rdi. Nohaq to‘kilgan daryo-daryo qon shu’lasi oftobni-da qoraytirib yuborgan edi. Biroq bu urushdagi G‘alaba. Har bir tirik qolgan askar qadri har nedan baland. Uning ortidagi chek-chegarasiz Vatan undanam qadrli. O‘lmagan qul baribir yutadi. Jumaqul ko‘p bor yaralandi. Palagi toza nasl darrov o‘nglanib tuzalib ketaverdi. O‘lim degani dog‘da qolaverdi. G‘oliblik ko‘p qatori uning ham chekida bor ekan, ko‘ksini orden-medalga to‘ldirib yurtga qaytdi. Yurt esa xarobdan-xarob bo‘lib yotardi. Oddiy askar Jumaqul Qodirov bir paytlar ovulda yagona bo‘lgan uyini buzib, ustini ochib, undan chiqqan archa bolorlarni ko‘zi qiymay, katta qishloq adog‘idan yana uy tik­ladi. Oddiygina loy suvoq tom. Boshqalardan ziyod joyi yo‘q. Agar ozgina oqlatib gul kestirsa, ko‘z tegib qoladiganday, vassa juftli loy suvoq uyda tinchgina yashab turishni hammasidan afzal bildi. To‘rt-beshta o‘g‘il-qizlari kattargandan keyin ham uy-joyini yangilashga shoshmadi. Hamma tomini shifer qilganida, oddiy askar bungayam loqayd qaradi. Urushdan keyingi o‘n yillik bus-butunicha tik­lashga qaratildi. Ish haqi, mehnatga to‘lanadigan pul go‘yo qimmatbaho qog‘oz-zayomga aylandi. Odamlar tinmay bir oy ishlab, uzoq muddatli tilla zayom – quruq qog‘ozga egalik qilaverdi. Qashshoqlik esa davom etaverdi. Pul bermay ishlatadigan hukumat bor bo‘lsin. Hali zo‘r bo‘ladi, biz albatta kommunizm quramiz, deya o‘zini ham, bolalarini ham yupatardi Jumaqul firqa. Bizda hammadan zo‘r deyishdan uyalmasdi boshqalar ham. Kommunizmga bor-yo‘g‘i yigirma yil qoldi-ya, ha denglar deb, javrardi. Bir vaqt “Qayta qurish” boshlandi. Bechora Malika “Qayta qurish”ni ham ko‘rmay jigar kasalidan vafot etdi. To‘ng‘ich qizi Tursuntoshni kuyovga uzatishga ham ulgurmadi. Ilashboy o‘g‘lining uylanish to‘yini ham ko‘rmadi sho‘rlik. Tanadagi jarohatlarni nazar-pisand qilmay kelayotgan Jumaqul firqa birdan cho‘kib qoldi. Bora-bora qand kasali, degani chiqdi. “Kommunizm”ning esa uch-quyrug‘i ham ko‘rinmasdi. Mabodo to‘satdan ko‘rinish berib qolsa ham uni ro‘y-rost tanib olish uchun fir­qaning ko‘zlari ham xira tortib qolgandi. “Qayta qurish” yurakka vahima solib qo‘ydi. “Paxta ishi” degan baloyi ofat yopirilib ne-ne azamat yigitlar qamalib ketdi. Olim paxtakor o‘g‘lining xo‘jalikda ozgina rais bo‘lib ishlab, nohaq jabrlanganidan g‘azabi qo‘zigan quroldosh do‘sti Obiddin firqa naq Moskovga ariza ko‘tarib borib, noumid qaytib kelib, yotib qoldiyu, jon berib qutuldi. Ota-onang o‘lsa-o‘lsin, qadrdoning o‘lmasin. Jumaqul firqa jo‘ralari Obiddin firqaga ham, Mamatqul raisga ham ko‘p kuydi. Endi o‘ziga ham navbat kelib qolganday edi. Tan mahraming, yor-birodaring birin-ketin ketaversa, og‘zingdagi tishingni biroviga qurt tushsa, boshqalariga zil ketganday bezovta bo‘lmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Dori-darmon ham orzu-umidi uzilgan odamga yaraydi. Jumaqul boboning umid oti judayam toliqqan, o‘zining ham tappa tashlasa qaytib turmaydigan shashti bor. Xayriyatki, o‘sha kunlarda qishloqda epkinli xabar tarqaldi. Viloyatning birinchi rahbari shaxsan o‘zi kelib urush faxriylari bilan uchrashar emish. Jumaqul boboni ham qo‘yarda-qo‘ymay olib ketishdi. Bobo “Qizil yulduz” ordenini yaktagi yoqasiga teshib-taqib olgan edi. Birinchi rahbar faxriylar bilan obdon suhbat qurdi. Hol-ahvol so‘radi, aynan Jumaqul otaga to‘xtalib, bir-ikki shirin so‘z bilan ko‘nglini ko‘tardi. Tezda yotib davolanishni maslahat berdi. Hali yaxshi zamon keladi, yasharib ketasizlar, deya hazil-huzul qilib, toliqqan umid otini qanotlantirdi. Faxriylar qu­vonib qaytishdi.
Ertasiga ertalab yap-yangi “Tez yordam” mashinasi Jumaqul boboning eshigi yoniga kelib to‘xtadi. Oppoq xalat kiygan ikki yosh yigit tortinmay, otani qo‘yarda-qo‘ymay qo‘ltig‘idan suyab, uydan olib chiqishdi.
– Siz ordenli frontovoy Jumaqul Qodirovsiz-a? Biz naq Shahrisabz shahrining o‘zidan keldik. Birinchi rahbarning topshirig‘i. Sizni har tomonlama yaxshilab davolashimiz kerak. Hammasi davlat hisobidan bo‘ladi. Yuravering, qaytishda manovi hassani tashlab qaytasiz. Garantiya!
Jumaqul firqa bunday mehribonchilikni yaqin orada ko‘rmagan edi. Hiq-hiq etib o‘pkasi to‘ldi. Xira tortib qolgan ko‘zlariga yosh keldi.
– Rahmat bolam, tuzalganday bo‘ldim. Iloyim o‘sha rahbarimizning umrini uzoq, rizqini mo‘l qil­sin! Bu odamda bir neklik ko‘ryapman. Kecha oqshom tushimga kirgan edi. Oq ot minib olgan emish. Keling ota, sizni otga mindirib katta shaharga olib ketaman, dermish. Men bir nogiron, yarim jon odam, otga minolmayman, deb unamagan edim. Mana bugun mashina yuboripti, otasiga rahmat. Baraka topsin!
Jumaqul firqa roppa-rosa bir oy Shahrisabzning so‘lim va bahavo joyidagi bemorxonada yotib davolandi. Jon-jonlab, jon beradigan do‘xtirlar, faqat qanoti yo‘q farishta hamshiralar otani boshiga ko‘tarishdi. Oq yuvib, oq tarab muolaja qilishdi. Xuddi mo‘jizaning o‘zi. O‘n besh kun o‘tar-o‘tmas darmonga enib, ko‘zlari ravshan tortib hassasiz yuradigan bo‘ldiyu, “ketaman”lab qoldi. Ko‘ngil tubida cho‘kib yotgan orzular jonlangan edi.
– Qizimni chiqarishim, kenjamni uylantirishim kerak…
– Siz barvaqt ketib qolsangiz, biz kattaga nima deymiz, – deyishdi do‘xtirlar.
– Tilimdan “tilxat” beraman, soppa-sog‘man.
– Ukol-dorilaringiz bir sira tugasin, keyin mayli.
Otasi shifoxonadan tuzalib qaytgan kuni Ilashjon bir qo‘y so‘yib qon chiqardi. Izi to‘yga ulashib ketdi. Ukasiga kelin qildi, singlisini uzatdi. Qo‘sh kelin o‘rtada qaynotaga rosa qarashdi. Bolalaridan qarzini qutilgan ota qushday yengil tortib qolgan edi.
– Endi Malika momongizning yoniga ketsam bo‘­ladi. Tushimga ko‘p kirayapti, sog‘inib qolgan shekilli.
– Yo‘q-yo‘q, unday demang, hali nevara-chevaralaringizning ham to‘yini ko‘rasiz, – deyishardi bolalar.
– Mayli, mayli, taqdir qilsa ko‘ramiz…
Oradan to‘rt-besh yil o‘tib, bir kuni maktabdan qaytgan to‘rt nevara bobosi yoniga birvarakayiga salom berib, kirdi. Xayolga cho‘mib o‘tirgan chol beixtiyor cho‘chib tushdi. Ko‘ksiga tuf-tuflab “bor jonimay ” deya salomga alik oldi.
Katta nevara og‘zini to‘ldirib gap boshladi.
– Bova-chi, bova, biz Mustaqil bo‘ldik. Yurtboshimiz shunday deb e’lon qildi. Endi bizga mazza bo‘ldi. Bobojon, sizgayam muborak bo‘lsin!
– Sizlarga muborak bo‘lsin, bolalarim. Aytdima, o‘sha birinchi rahbarda bir neklik bor, deb. Oq ot mingani bejiz emas ekan. Aniq, otning jilovida Xizr buva bo‘lgan…
Otaga qattiq suyunish ham og‘irlik qilardi. Uning xasta yuragi bu quvonchni ko‘tara olmadi. Birdan tez urib, keyin sekinlab qoldi. Qon bosimi tushib ketib, rangi dokaday oqardi. Hovliqib yetib kelgan Ilashjon rozi-rizolik tilashga ham ulgurmadi. Otasi og‘zidan uch marta “Xudoga shukur” jumlasini eshitdi, xolos. Kulib turib, jon bergan otaning yuz-ko‘zlarida yop-yorug‘ tabassum qotib qolgan edi…