G‘ozi Rahmon. Qarqara mergan (hikoya)

Merganning otda o‘tirishi qarqara qushga o‘xshaydi. Biroq ko‘zlari qisiq, bodom qaboq, qaroqlari qip-qizil qontalash, qo‘lidagi lochin qushning ko‘zlari monand.
U tug‘ilib voyaga yetgan Sardoba qishlog‘idan otning boshini o‘ng tarafga bursangiz Buxoroga, chapga qayrilsangiz Jayhunning naq o‘ziga olib chiqadi.
Qarqara mergan bir paytlar Buxoro amirining nomdor sarbozi bo‘lgan. Har qanday muhorabada merganning kuni tug‘adi. O‘zini ko‘rsatgan mergan yovqurligi uchun amirning qo‘lidan ham, yo‘lidan ham ko‘p iltifot ko‘rgan. Biroq oyog‘idan og‘ir yarador bo‘lib chopishga yaramay qolganida iste’foga chiqib, uyiga qaytib, uylanib, bola-chaqa ko‘rib, tinchgina ovchilik qilib yurgan joyi.
U ov qilar hudud bepoyon ummonning o‘zi. Aslini olganda, bu maydon o‘rtasidan bir paytlar Qashqadaryo oqib o‘tib, Jayhunga quyilgan. Balki Tohirni oqizgan daryo o‘zani ayni shu qum barxanlaridan o‘tgandir. Keta-ketguncha biroz soylik ekani, ayni bahorda faqat tog‘ etaklarida o‘sadigan erbahosi, shuvoqlarining to‘p-to‘p bo‘lishi, ular orasida tulkiyu tovushqon, shoqolu bo‘rilarning ko‘p yurishi, taxminni tamg‘alaydi. Soyning ikki qanoti tep-tekis qumlik maydon bo‘lib, uyam tap-taqir sahro emas. Yulg‘un va saksovullar soyasida bemalol soyalash mumkin. Ularning mayda bargli shoxlari orasida ham sahro qushlari tuxum qo‘yib, bola ochadi. Hamma narsa bor-u, faqat suv yo‘q. Ohular galasi suv qidirib, Jayhungacha chopib borishadi va unda qamishlar orasida yotgan yo‘lbarslarga yem bo‘ladi. Aytmoqchi, Qarqara merganning uyida Jayhun yo‘lbarsi terisi osib qo‘yilgan. Demakki, Qarqara yurak betlab yo‘lbars ovigayam borgan va sho‘ppayib quruq qaytmagan. Darvoqe, Qarqaraning minadigan oti o‘zining rang-tusiday qoravut emas. O‘mgani katta, oyoqlari uzun-uzun jiyron qashqa. Salgina qimtisang bo‘ldi, qiynamay uzoq chopa oladi. Misli qanotli tulpor. Jayhundan o‘tayotganda qornini shishirib, mesh qilib oladi shekilli, o‘rdakday suzib qirg‘oqqa chiqib silkinib-silkinib yo‘l qarab turaveradi. Qarqaraning o‘ljasi yarador yo‘lbars bo‘lsayam hech qiynalmay, tislanmay ortib keladi. Yo‘lto‘sar qaroqchilar to‘dasi ham necha bor hujum qilib merganni qo‘lga tushirolmagan. Ot egasining ko‘ngil tilini biladi. Mergan ham bu otga jonini berishga tayyor. Bir noxush voqea bo‘ldiyu, mergan hammasidan qo‘l siltab tarki dunyo qildi.
Sardobaning boy-badavlat odamlari ko‘p. Ularning eng zo‘ri Jobirbek esa tillo tangalarni sanochga solib, kuraklab shopiradi. Biroq elim-elatim deydigan xilidan. Amirlik tomonidan har yili uch-to‘rt marta qishloqqa tashlanadigan o‘lponchilarning birovini ham eshikma-eshik yurdirmay, bir o‘zi to‘lab yubordi. Keyinroq boshqa boylar bilan kelishib, ozmi-ko‘pmi yordam olsayam, buni oddiy avomga bildirmaydi. Sardoba qurish tashabbusi ham Jobirbekdan chiqqan. Bunday ulkan sardoba Qarshi va Buxoroning o‘rtasida tanho desayam bo‘ladi. Qurilish xarajatlarini boyning o‘zi ko‘targan. Oriyati baland, saxovati undan binoyi.
Buni qarangki, boyning ikkinchi xotini Gulzoda forsiy zabon bo‘lib, Jayhunning narigi tarafidan tushgan. Oy desa og‘zi, kun desa ko‘zi bo‘lsayam boyga tushgandan beri faqat qiz tug‘adi. Besh qizdan keyin bir o‘g‘il – Tursunboyni tug‘ib olmaganida Jobirbek uning to‘shagini qayta bosmay qo‘yishi hech gap emasdi. Yo otaga mol, yo qizga jamol deganlaridek boy qizlari birin-ketin joyini topib ketdi. Kenja qiz Husnora kelgan sovchilarni qaytarib yotibdi. Qarqara merganning ham bu qizni kenja o‘g‘liga kelin qilish niyati bor. Ena daryoning narigi tarafidan ham sovchilarning qadami uzilmayapti. Bir kuni hech kutilmaganda kor-hol ro‘y berdi. Qiz o‘lgur enajoni bilan til biriktirib, o‘zicha munosib kuyov topib, xolavachchasining otiga mingashib daryo ortiga qochib qoldi.
Tong azonda bomdod namozidan keyin qizining noma’lum kuyov bilan qochib qolganini “suyarcha” xotinining o‘z og‘zidan eshitgan boyning tepa sochi tikka bo‘lib, ko‘z oldi qorong‘ulashib “senga uch taloq” deb yuborishiga sal qoldi. O‘zini zo‘rg‘a qo‘lga oldiyu, “Sening to‘shaging endi menga harom” deya oldi, xolos. Boy kun bo‘yi uydan chiqmadi. Tun bo‘yi mijja qoqmadi. Uning ertalabki qarori beshafqat bo‘ldi:
– Qarqara merganni chaqiringlar!..
Mergan Jobirbekni boy bo‘lgani uchun emas, elim, degani uchun xush ko‘rardi. Katta og‘asiday uning imo-ishorasiga hoziru nozir edi. Bu safar ham bir og‘iz so‘ratgani, yaxshilikka deb keldiyu poyiga tiz cho‘kdi.
– Mergan og‘am, sening xabaring bormi-yo‘qmi, mening boshimni egib ketishdi. Qizimni olib qochishdi.
– Qaysi qizingiz, Husnoranimi, men uni sarboz o‘g‘limga so‘ratmoqchi edim.
– Qaniydi shunday bo‘lsa? Endi ularni qo‘sh­mo­zor qilaman. Qarqara, men ko‘p o‘yladim. Jonimni qaqshatib yo‘q demasang, aytaman.
– Mayli, siz bir nima desangiz, yo‘q dermidim.
– Faqat sen bu ishning uddasidan chiqasan. Sen va yolg‘iz Alloh!
– Tortinmay aytavering.
– Senga uch kun muhlat. O‘sha nobakor qiz tushgan hov­lini qidirib topasan. Kelin-kuyovning boshini ta­­nasidan judo qilib, qo‘sh kallani keltirib, menga ko‘r­satasan. Mendan o‘sha beo‘y boshlarning og‘irligicha tillo olasan.
Mergan bexos “ixx” deb yubordi. Boy esa xotirjam, hijjalab shartni yana qaytardi.
Mergan har safar ov qilganida o‘ljasi urg‘ochi hayvon bo‘lsa ko‘p achinardi. Axir bundan zurriyod qo­ladi-ku. Yarador bo‘lgandayam, davolab qo‘yib yubo­rardi.
– Tushundim, ulardan nasl qolmasligi kerak! Boy ota, yana pushaymon bo‘lmaysizmi?
– Ularning aybi – gunohi mening bo‘ynimda. Sen mening or-nomusimni qaytarib, qo‘limga berasan.
– Mayli, boy ota, bir urinib ko‘raman. Bitta boshga bitta o‘lim hamisha bor.
Jiyron qashqa nimanidir sezganday bo‘ldi. Beli tortilayotganda, yugan solinayotganda, ustiga xurjun ortilganda tuvlab – quloq jimirdi. Agar tili bo‘lsa yalinib-yolvorib merganni yomon niyatdan qaytarib olardi. Biroq yo‘lda ham, Jayhundan o‘tayotganda ham ot o‘zini sezdirib qo‘yaverdi. Buni allaqachon bilgan mergan daryo o‘rtasidan suzib borayotib, ortga qaytmoqchi bo‘lib jilov tortdi. Endi ot jonivor izi­ga qaytishni istamadi. Ot meni tushundi deb o‘ylagan mergan qirg‘oqqa qarab jadal suzib ketdi. Berahm taqdirni ko‘ring. Kelin-kuyovning nikoh iddasi o‘tib, ayni shu oqshom bir-biriga qovushgan edi. Bunday paytda hatto ilon bo‘lsayam o‘ldirish gunohi azim. Mergan esa or-nomus deb shu aqidani ham unutib qo‘yganday edi. Azroilni kutib o‘tirmay qilich yalang‘ochlab naq go‘shanganing o‘ziga bostirib kirdi. Tun qo‘ynida ishq visolidan mast ikki sevishganning tanasidan boshini olib, xonani qon bilan to‘lg‘azib, ko‘zlari chaqchayib qolgan boshlarning kipriklarini yopib, xurjunga solib otining yoniga yaqinlashganda jiyron pishqirib kishnab yuborishiga sal qoldi. Xayriyatki, oldinda daryo bor. Unda yuvinib-poklanish mumkin. Ot har safar kechuvda bemalol suzardi. Bu safar ataylab qilganday sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib oldi. Xuddi shu payt merganning qattol tanasi ot bilan suvga botib-botib ketar, bundan foydalangan mergan yuz-qo‘llarini ishqalab-ishqalab yuvib olar edi. Shu alfozda kunduz kuni yurib bo‘lmas edi. Xurjunga chivin aylana boshlagandi. Kunduzi biror pana o‘ngirda yotib, tunlari to‘xtamay yurgan mergan aytgan kunning oxirgi kechasi Jobirbekning eshigiga kirib bordi. Xurjundan chiqarilgan boshlar yuviqsiz emas, mallarang dokaga o‘xshab qolgandi. Ularga ko‘zi tushgan boyning rangu ro‘yi ham xuddi shu taxlit oqardi. Yuz-qo‘llarini sahro quyoshi kuydirgan mergan esa ko‘karib ketgandi.
– Voh, bolam, voh jonim-a, ham qizimdan, ham tillomdan ayrildim. Ey Xudo, menga ajal ber!
Mergan va’da qilingan tilloga ham qaramay uyi­ga qaytdi. Bechora jiyron qashqa uch kunga ham yetmadi. Hech narsa yemay-ichmay, ko‘zlaridan yum-yum yosh oqizib, tik turib jon berdi. Uni mergan yuvib-kafanlab, katta qabriston devori tagiga ko‘mib keldi. Qirq kun aza ochib, dunyo ishlaridan qo‘l siltab Tangriga yalinib-yolvorib ibodatga yukindi. Jobirbek esa o‘sha kunning o‘ziyoq savdoyi bo‘lib qoldiyu, qizining bejanoza ko‘milgan mozoriga qatnab yurib, yettinchi kun uning o‘ligini o‘sha qo‘sh qabr o‘rtasidan topdilar. Boyning o‘g‘illari unga ko‘pam o‘xshamadi. Nevara-chevaralar bobomdan qolgan meros, deb o‘sha ko‘hna sardobaga hamon ko‘z-quloq emish.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 5-son