Enaxon Siddiqova. Jalada (hikoya)

Sattor yuz-qo‘lini yuvib, mollariga qaragani og‘ilxonaga kirdi-yu, serraygancha turib qoldi. Bo‘rdoqiga boqilayotgan novvoslarining eng bo‘lasi yo‘q. Yuragi hapriqib, uzoqdan onasiga qarab baqirdi:
– Qora no-v-v-os, – bo‘g‘ilganidan nafasi og‘ziga tiqildi. – Qora novvos yo‘q!
Onasi o‘g‘lining vajohatini ko‘rib, idishdagi qaynoq suvni choynakka emas, qo‘liga quyib yubordi:
– Voh, qurib ketsin, qo‘lim kuydi.
Keyin haliyam ko‘zlarining paxtasini chiqarib turgan o‘g‘liga qarab tutiliqdi:
– A-ka-ng, akang bozorga olib ketuvdi…
– Nima-a-a? – Sattor osmonga irg‘idi. – Nega, nima haqi bor, boqayotgan novvosimni bozorga olib chiqib sotishga?!
– Bilasan-ku, bolam, – onasi yozg‘irdi. – Akang yolg‘izqo‘l, buning ustiga qo‘li yupqa, yog‘in-sochingacha tomini yopib olmasa, urgan devori bir uyum tuproqqa aylanadi.
– Menga nima, – u alam bilan baqirdi. – Bir yildan beri tuproq yalab, shu mollarga o‘t tashiyapman, biror marta yordam berdimi? Akam bo‘lsa o‘ziga. Qani, sotib bir tiyinini ishlatib ko‘rsin-chi?
– Jon-jigaring-ku, bir-birlaringda qolib ketmas, o‘sha uyni bitirib olay deb xotini boyoqish bilan dalaga kapa tikib yotibdi.
Sattor apil-tapil kiyinarkan, ayyuhannos soldi:
– Agar sotib yuborgan bo‘lsa, bir mirisini ham bermayman, cho‘ntagini kesib olaman, kerak bo‘lsa, pichoqlashaman.
– Voy sho‘rim, o‘zingni bos, jon bolam, otangning ruhini chirqiratma, go‘rida tikka turadi-ya!
– Hech qachon, otam meni yaxshi ko‘rardi, siz meni yomon ko‘rasiz, o‘sha arzandangizni yoqlaganingiz yoqlagan!
U onasining zorlanishlariga quloq ham qoqmay hovlidan o‘qdek otilib chiqib ketdi.
Katta ko‘chaga chiqib “Damas”ga o‘tirdi. Agar oldida odamlar bo‘lmasa alamidan ho‘ngrab yig‘lab yuborishga ham tayyor edi.
Odamlarning akalari erkalatib olib yurishadi, o‘qitishadi, uylashadi. Uning akasi bo‘lsa mashina olaman deb boqayotgan tuyoqlariga ko‘z olaytirsa, yana bir og‘iz so‘rab o‘tirmasa…
U mashina oynasidan charaqlab turgan osmon birpasda qorayib, changlashib borayotganiga qarab ta’bi tirriq bo‘ldi, kayfiyati battar tundlashdi, kostyumining cho‘ntagiga qo‘l solib qo‘liga ilingan dudama pichoqni mushtlari bilan mahkam siqdi.

* * *

Mirkomil molbozordan chiqib, qo‘lidagi bir xalta pulga hasratli boqdi. Chakki qildi-da shu ukasining novvosini sotib… Eshitgan bo‘lsa, osmonga chiqib, yerga irg‘iyotgandir. Bir tomoni, onasi qo‘ymadi, bir tomoni, boshqa iloji ham yo‘q. Hali uyining paxsasi to‘liq qurib ulgurgani yo‘q. Agar qattiqroq yomg‘ir yog‘ib bersa bormi, holi Xudoga qoladi. Buning ustiga bu yetishmovchiliklardan xotinining chakagi yopilmay qoldi, javragani javragan. Unga ham qiyin, xotin boshi bilan buyragi xastaligiga qaramay, u bilan teng olishib, ustalarga loy tashiydi. Axir ukasi-ku, bugun bo‘lmasa ertaga dastiga Olloh berar, Xudo xohlasa, keyingi yil dehqonchiligidan kiradigan daromadini ukasiga beradi, uyning tomini yopib olsa bo‘ldi, keyiniga Xudo poshsho. Ukasi orzulari ushalib bir mashina minsin!
U shu o‘ylar bilan o‘zini ovutgan bo‘ldi, qorayib borayotgan osmonga xavotirlik bilan boqib, yuragi uvushgancha yog‘och bozoriga shoshildi.

* * *

– Aka, Yangiqishloqqa tashlab o‘tsangiz, uzoq emas, bir chaqirimlik yo‘l.
– Uka, xafa bo‘lmaysiz, shoshib turibman, buning ustiga benzinim yoqilg‘i shaxobchasigacha zo‘rg‘a yetadi, – taksichi yigit muyulishda mashinani to‘xtatdi.
Sattor chorrahadan qishloq yo‘liga burilib ulgurmay yomg‘ir tomchilay boshladi. Kuchli momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq osmonni kesib o‘tdi. Bir zumda tomchilayotgan yomg‘ir shiddatli jalaga aylandi, paqirlab quya boshladi, bir qadam narini ko‘rib bo‘lmay qoldi. U kostyumini pana qilib yo‘l chetidagi katta sadaqayrag‘och tomon chopdi. Birpasda usti boshi shallabo bo‘ldi, tuflisining ichi qum aralash suvga to‘ldi. Oyoqlari uvushib, badani junjikdi. Tabiat quturib jazavaga tushganga o‘xshardi.
U birdan ro‘paradagi so‘qmoq yo‘ldan sigir yetaklab kelayotgan cholga ko‘zi tushdi. Ozg‘ingina, suyaklari turtib chiqqan bu mo‘ysafid shamol aralash qarsillatib urayotgan yomg‘irni pisand qilmaganday arqonni o‘z holiga qo‘yib, boshini quyi eggancha shoshilmay kelardi.
Tavba… yigit o‘zining qunishib, dildirab turgan ahvolidan xijolat tortdi. Xuddi charaqlagan o‘tloqda poda boqib yurganday-a? Cholning ohori tushib unniqib ketgan do‘ppisi, yuzlaridan oqib tushayotgan yomg‘irdan og‘irlashgan to‘ni, loyga botgan etigi zalvoridan oyoqlari chalishib-chalishib ketardi. Yigit cholga qarab shu tobda o‘zini unutdi, sovqotgani, usti boshining shalabboligi ham yodidan chiqdi.
Chol yigit bilan ro‘baro‘ kelganda yer ostidan unga ilkis qaradi-yu, chog‘roqqina darvozadan ko‘rimsizgina chorboqqa indamay kirib ketdi.
Yigitga yolg‘iz o‘zi bepanoh, kimsasiz, butun bir olam bilan qolganday bo‘ldi. Tobora kuchayib borayotgan jalada akasining paxsa devorlari yomg‘irga qo‘shilib oqayotgani ko‘z oldidan o‘tdi. Alam o‘tidanmi, bunga achinmayotganini his etdi. Shu yerda junjikib, qaltirab turganiga akasining o‘zi aybdor emasmi? Shu payt xayolini cholning hazin ovozi buzdi:
– Qani mehmon, ichkariga.
U chol ortidan indamay ergashdi. Uning bundan boshqa iloji ham yo‘q edi. Yomg‘ir ayamay savalardi.
Orqama-keyin darvozaning qo‘ltig‘idagi g‘aribgina uychaga kirishdi. Loysuvoqli uy, yagona xonaning (agar shunday deb atash mumkin bo‘lsa) yarmi yerdan bir metr ko‘tarilib, pol qilingan. Qolgan yarmiga urinib ketgan sholcha to‘shalgan.
Yigit xonani ko‘zdan kechirib chol beshikdo‘z usta chog‘i, degan to‘xtamga keldi. Chunki xonada yangigina gul solingan, chala bitirilgan beshiklar, hunarmandchilik asbob-uskunalari batartib terib qo‘yilgandi. Chol yigitga oddiygina yog‘och kursi qo‘yib berdi. Gugurt chaqilishi bilan o‘choqdagi quruq o‘tin gurillab yonib, alamazonga aylandi. Mo‘ysafid olovga yana shox-shabba tashladi.
– Bemalol ust-boshingizni quritib olsangiz bo‘ladi, – dedi-yu, o‘ziga bu gap taalluqli emasday, to‘nidan oqayotgan suvga parvo ham qilmay oqsoqlangancha tashqariga chiqib ketdi.
Yigit “rahmat” deyishga ham ulgurmay qoldi. Birpasda ko‘ylaklari qurib, taniga issiqlik yugurdi, joni orom topdi. Ko‘ngliga shu g‘aribgina kulba eng bexavotir, rohatbaxsh joy bo‘lib tuyuldi. Hayal o‘tmay xonaga chol, orqasidan qotmadan kelgan, yetmishlardan oshgan, lekin tetikkina kampir kirdi. Yigit bilan bosh irg‘ab salomlashib, dasturxon yozdi.
– Bu yerlikka o‘xshamaysiz, yo‘l bo‘lsin, yigit? – so‘radi mo‘ysafid o‘choqdagi o‘tni jo‘nashtirarkan.
Dabdurustdan berilgan savoldan yigit dovdiradi.
– A-a-kam-nikiga kelayotuvdim, akamnikiga. Akam Yangiqishloqdan chek olib, imorat quryapti. – Aka degan so‘zni ich-ichidan mehri tovlanib aytganiga o‘zi ham hayron qoldi. – Hali ustini yopmagandi. Shunga… paxsalari…
Iy-e, nega yolg‘on to‘qiyapti, o‘zini farishtaday pok ko‘rsatmoqchimi bu cholga? He, ablah, hozirgina akang bilan qirpichoq bo‘lishga tayyor eding-ku! Qo‘ynidagi pichoq shundoq yuragiga botgandek bo‘ldi. Agar chol uning yuziga sinchiklab qaraganda albatta, yolg‘on to‘qiyotganini sezardi. Lekin chol o‘z o‘ylari bilan andarmon edi.
– Akamnikiga deng, – chol boshini yerdan ko‘tarib shivirlab gapirdi. – Og‘a-ining bo‘lgani Xudoning marhamati. Yolg‘izlik yomon… Mana, mening hech kimim yo‘q, qabrimga bir kaft tuproq tashlaydigan ham.
– Farzandlaringiz yo‘qmi? – u cholning ahvoliga astoydil achindi.
– Tangrim bir qiz, bir o‘g‘il ato etgan. Qizimni chiqarganman, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib ketgan, balki shunisi ham durustdir. O‘g‘lim olisga ishlagani ketgan, besh yildan oshdi chamasi-yov…
Chol ko‘zini yumib uzoq sukutga ketdi, go‘yo o‘zi bilan o‘zi olishayotganday edi. Qumg‘ondagi suv biqirlab, cho‘qqa tushib chisirladi. Chol uzoq uxlab uyqudan uyg‘onganday seskandi, keyin parishonxotirlik bilan choy damlay boshladi.
– Ho‘-o‘, nodon bola-ya, menga bir dunyo pul bilan ikki enlikkina xat yuboribdi. “Ota, hashamatli uy qurdiring, qishloqda hammanikidan baland bo‘lsin”, debdi, – chol kuldi. – Bir oyog‘im yerda, bir oyog‘im go‘rda bo‘lsa… Odamlar o‘nlab xonali koshonalar solishadi, qani, bir xonadan ikkinchi xonasiga oyog‘ini uzatib yotolsa edi. Tug‘ilganimizda bir gaz bo‘zga ega bo‘lamiz, shuncha yugurib-elib, dunyoni bir-birimizdan qizg‘anib, olib ketarimiz uch gaz surp, he-e!
U dasturxondagi nondan sindirdi. Do‘ltali, sutli nonning hidi ishtahasini qitiqladi. Kampir qaymoq sho‘rva olib kirdi.
– Juda qo‘li shirin-da, kampirimning, qani oling, – deya manzirat qildi.
– Gulni ham yaxshi chizarkanlar, – yigit burchakdagi beshikka ishora qildi.
Kampirning beshikka solgan naqshlari xuddi qadimiy yozuvlarga o‘xshab ketardi.
– Lekin Xudoning mo‘min quli, umrida qo‘liga pul ushlamagan, pul sanashni bilmaydi. Agar u dunyoda ham ahvol shu bo‘lsa, pul sanashni o‘rganib olmasang, notavonligingcha qolib ketasan, deyman, – chol yana kuldi.
Shu bilan sho‘rva ichib bo‘linguncha bir og‘iz ham gapirmadi.
Yigit jala tinganini ko‘rib ketmoqqa izn so‘rash uchun bir qo‘zg‘alib qo‘ydi. Chol esa ko‘zlarini yumgancha yigitgami, o‘zigami hasrat qila boshladi:
– Bu dunyoda akang bo‘lgani qanday yaxshi, seni yo‘qlaydiganlar bo‘lishi qanday yaxshi… Kampirimga bir kun bo‘lsa ham sendan oldin ketay deyman, xo‘rlik ko‘rmasdan.
O‘tning alangasida mo‘ysafidning nigohlari donishmandlarnikiday o‘ychan qiyofaga kirdi. Cho‘g‘ni titkilab eski qo‘shiqmi, baytni xirgoyi qila boshladi:

Nilufar bargi uzra shabnamcha yo‘g‘mi himmating.

Shu oxirgi misra yigitning qulog‘iga aniq-tiniq kirdi. Beixtiyor ichida takrorladi:

Nilufar bargi uzra shabnamcha yo‘g‘mi himmating…

– Hazrat Navoiy xo‘b aytgan-da, – chol uning borligini ham unutganday olovga so‘zsiz tikilgancha turib qoldi.
“Shu qishloqi, qari chol Navoiydan bayt aytyapti, sen birorta she’r bilasanmi o‘zi?”
Yigit o‘ziga-o‘zi savol berarkan, alifbodan yodlab olgan she’rlaridan boshqa biror satr yodiga tushmadi. U shu topda chol uni sinov qiladiganday uyatli bir holga tushdi, shoshib o‘rnidan turdi. Chol boshini ko‘tarib yigitga boshdan-oyoq nazar tashladi:
– Mayli, akangizning oldiga tezroq boring, ishqilib paxsalari jalada ivimagan bo‘lsin.
Sattor jinoyat ustida qo‘lga tushgandek qizarib ketdi. Chol bilan tuzukroq xayrlashishga ham botinmay tashqariga chiqarkan, yengil nafas oldi.
Osmon yorishib ketgan edi. Yigit jaladan so‘ng o‘zini tiklay boshlagan maysa-giyohlarni bosishga jur’at etolmay, yo‘l boshida bir zum to‘xtab qoldi.
Qayoqqa boradi? Ko‘z oldidan akasining oftobda kuyib ketgan horg‘in yuzi, hasratli chehrasi o‘tdi.
Hozir nima qilyaptiykan bechora? Amal-taqal qilib tiklagan devorlari jalada loyga aylangani aniq, yana ortiqcha sarf-xarajat, mehnat… Tomini yopgani bitta novvosning puli yetarmikin? Yana bitta novvosini bozorga olib chiqib sotib beradi-da. O‘rtoqlariga shu kuzda mashina olaman deb maqtanib qo‘ygan bo‘lsa nima qipti? Bu yil bo‘lmasa yanagi yilga olar. Osmon uzilib yerga tusharmidi? Axir ular jon-jigarlar-ku, bir-birlarini suyashlari kerak.
Sattor qo‘ynidagi pichoqni olib bir chetga uloqtirib yubordi-da, xavotirda o‘tirgan onaizorining ko‘nglini tinchlantirish uchun katta yo‘lga chiqib mashina kuta boshladi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 5-son