Dilorom Abdurahmon. Tutash yo‘llar (hikoya)

Birinchi yo‘l

Saodat bu gal ham chet eldan tashrif buyurgan sayyohlarga yo‘lboshchilik qilmoqda. Samarqand shah­ri bo‘ylab ikki kun davom etgan sayohatdan so‘ng, dasturga ko‘ra avtobus yo‘nalishi “Mehrigiyoh” nomli fermer xo‘jaligiga qarab yo‘l oldi. Ular ketib borayotgan tekis asfalt yo‘lning ikki tomoni bo‘ylab qator azim ko‘kteraklar sollanib turar, yo‘lning bir tomonidagi daraxtlar tagidagi ariqda ziloldek tiniq suv oqardi. Bu manzarani kuzatib borayotgan Saodatning xayolida beixtiyor bolalik davri kechgan qishloqdagi ota hovlisi gavdalana boshladi. Keng, jannatmonand hovli, hovlining adog‘ida osmonga bo‘y cho‘zgan baland ko‘kteraklar… Terak shoxlarida go‘yo ajib musiqa ohangiga jo‘r bo‘layotgan kabi oq va yashil rangda tovlanib turuvchi raqqosa barglar, teraklarning tagidan jimirlab oqib o‘tuvchi sokin ariq va mehribon buvisining nurafshon siymosi ko‘z o‘ngida birin-ketin namoyon bo‘ldi. Qalbiga ajib sog‘inch hislarini baxsh etdi…
Ko‘p o‘tmay sayyohlar avtobusi belgilangan manzil – fermer xo‘jaligi hududiga yetib keldi. Xo‘jalik keng va so‘lim dala bag‘rida joylashgan bo‘lib, atrofdagi qir-adirlarning etagi tog‘larga tutashib ketgan, yam-yashil bog‘laru uzumzorlar, yer bag‘irlab yastanib yotgan poliz ekinlari bobo dehqon mehnatiyu ona zaminning saxovatini ko‘z-ko‘z qilib turgandek edi, go‘yo.
Avtobusdan tushib, hamma bir joyga yig‘ilgandan so‘ng, fermer xo‘jaligi rahbari – Eshboy akaning ortidan ko‘zlangan manzil tomon piyoda yura boshladilar. Mehmonlarning aksariyat qismi o‘rta va keksa yoshli erkak-ayollar, ular orasidagi uch-to‘rt nafar yigit esa yosh mutaxassislardan edi. Rang-barang, yengil va qulay kiyinib olgan sayyohlar o‘zlari guvoh bo‘layotgan betak­ror manzaralarni videokamera va fotoapparatlar xotirasiga muhrlay boshladilar. Negadir ular ketayotgan keng yo‘lak bo‘ylab, o‘z ishlari bilan turli tomonga shoshayotgan odamlar yo‘lning yaqin atrofidagi polizlarda, har xil yumushlar bilan g‘imirlab yurganlarning, hattoki o‘smirlarning ham birortasi, xuddi “yana bir guruh beg‘am, bekorchilar ay­lanib yurishibdi-da”, degan kabi sayyohlarga zarracha ham e’tibor qi­lishmadi.
Saodat chet ellik mehmonlarga oldinda yo‘l ko‘r­satib borayotgan alpqomat fermerning hayajon va g‘u­rur bilan so‘zlab berayotganlarini dam ingliz, dam frantsuz tiliga tarjima qilar ekan, dunyo kezib, sayohat qilishni niyat qilgan bu sayyohlarning, ularning ortidan ergashgancha, ma’lumotlarni qiziqib tinglayotganligi, goho hayrat bilan turli savollar orqali murojaat qilishlari har doimgidek unga zavq-u shavq bag‘ishlayotgan edi. Ertalabdan qiziy boshlagan, tik tushib, ko‘zlarini qamashtirayotgan quyosh nuridan yuzini to‘sar ekan, ularning orasida to‘q pushti rangli futbolka kiyib olgan, sariq, kalta, jingalak sochli ayol uning e’tiborini tortdi. Qotmadan kelgan bu ayol uzun bo‘yniga osilgan fotoapparatning tasmasiga mittigina, qora maymun qo‘g‘irchoq, xuddi qo‘l-oyoqlari bilan yopishib olgandek ilib qo‘yilgan edi. Xonim negadir ingichka qoshlarini goh kerib, goh qovog‘ini sola, o‘zi bilan o‘zi so‘zlashib borardi. Fotoapparat tasmasiga ilingan maymunchaning ham ko‘zlari, lablari harakatlanayotgan edi.
Sayyohlardan oldinda o‘z hikoyasiga o‘zi ham maftun bo‘lib, barvasta keng savlatiga qaramay, chaqqon harakatlar bilan odimlab borayotgan Eshboy aka kun ancha issiq bo‘lsa-da egniga kostyum-shim kiyib, ko‘ylagining yoqasiga galstuk ham taqib olganligi tufayli terga tushib ketdi. Peshonasiga shoda-shoda qalqib chiqayotgan terni artar ekan, mehmonlarni yo‘lning chap tomonga qayrilishida joylashgan baland va keng issiqxona tomonga boshladi. Bu yer subtropik mevalar, o‘simliklar uchun sinov maydonchasi edi.
Shu dam yana o‘sha zangor ruhli ajib sabo uyg‘onib, Saodatning bo‘yniga tashlab olgan nafis adras nusxa ro‘molini hilpiratib o‘ynay boshladi. Bu gal ham unga e’tibor bermaslikka harakat qilar, ammo, ro‘­molining kamalak rangida tovlanib, ruhini tilsimli bir olamga chorlayotgan allaqanday sir unga tinim bermasdi.

Ikkinchi yo‘l

Yo‘lning o‘ng tomoni bo‘ylab, uzunasiga, chamasi har o‘n qadamda joylangan maxsus beton quymalar ustiga yotqizilgan ariqdan toshib ketguday sachrab, tiniq suv oqmoqda edi. Ariqning narigi tomonida o‘sib yotgan qator, baland jiyda daraxtlari shoxlarini keng yoygancha, barq urib yotibdi. Shu payt Saodatning ko‘zi jiyda daraxtlari soyasida turgan ikki ayolga tushdi. Ularning zimdan kuzatib turganligini sezgach, xayolidan “bular kim bo‘ldi, bu yerda nima qilib turishibdi, nega meni kuzatishayapti ekan”, degan savollar o‘tdi. Ajablanib, qayta razm soldi – “Nahotki!” Ha, u adashmagan edi. Ularning biri qadrdon buvisi, ikkinchisi esa shaxtyorlar shaharchasida qo‘shni bo‘lib yashagan ayol – Nadya xolaning harir siymolari edi. Saodat boshqalarning e’tiborini tortmaslik uchun qadamini sekinlatib guruhdan orqada qoldi va diydor sari odimlay boshladi. Ularning ruhlari tetik va atrofga samimiy tabassumla tikilib turishar edi. Mehribon buvijonining boshida oppoq harir ro‘mol, egnida Saodatning talabalik yillarida momolarga udum bo‘lgan – yashil rangli yumshoq jemper. Nadya xola esa egniga o‘ziga juda yarashib turuvchi, mayda binafsha gullik oq ko‘ylagini kiyib olgan edi. Ularga yaqinlashgach, salom berar ekan, shosha-pisha rangi-ro‘yi, egni-boshiga e’tibor qaratdi. Har ikkalasining ham chehrasi farishtamonand, liboslari ozoda, ularning orqasida xiyol tebranib turgan jiyda daraxtlari ham xuddi yaqinda yog‘ib o‘tgan yomg‘ir suvidan so‘ng poklanib olgandek begard, beg‘ubor edi. Ayni damda bu hodisadan ajablanar hamda uning xayolidan “balki ular shu alfozda namoyon bo‘lishib, ruhlari tinch ekanligini bildirib, meni xotirjam qilib qo‘ymoqchi bo‘lishdimikin…” degan fikr o‘tdi.
Buvisi xotirjam va bu diydordan rozi bir ohangda bosh irg‘aganicha, besas salomiga alik oldi. Shundan so‘ng Saodat ham ehtiyotkorona, bezovta qilib, savolga tutishdan o‘zini tiydi-yu, Nadya xolaga yuzlandi. Shu chog‘ beixtiyor ilk kelinlik davri, uzoq joydan kelin bo‘lib tushganligi tufayli turmush o‘rtog‘ining keksa momolari “musofir kelinim” deya, erkalab chaqirishlari, qo‘shni Nadya xolaning esa, xuddi o‘sha kezlarda u kabi “bir musofir”ning ko‘nglini tushunguvchi, farzandlarining go‘daklik paytidan boshlab unga qadrdon bir inson, dilkash do‘st kabi yonida mas­lahatgo‘y, sirdosh bo‘lganligi xayolidan o‘tdi. Nadya xolaning ayni chog‘da ham o‘sha mehr aks etib turgan ochiq chehrasiga boqar ekan, umrining so‘nggi yillarida boshdan kechirgan qiyinchiliklari, farzand dog‘idan chekkan aziyatlari yodiga tushib, “narigi yoq”dagi hayoti qanday kechayotganligi to‘g‘risida bilgisi keldi. Baland, beton ariqning berigi tomonidan turib salom bergach, unga asosiy bilgisi kelgan savol ila murojaat qildi:
– Nadya xola, to‘g‘risini ayting, hayotingiz u tomonda yaxshimidi yoki bu yoqdami?
U esa, ohista ohangda:
– Yesli chestno, mne zdes luchshe…, – dedi. Uning bunday javobidan keyin Saodatning dili allanechuk o‘rtanib ketdi, ayni chog‘da ko‘ngli ham yorishdi.
Ikki mehribon ayolning orqasida to‘siq parda ka­bi qalin, bir-biriga tutashib o‘sib yotgan jiyda da­raxtlariga ko‘zi tushar ekan, hayrati yanada ortdi. Chunki yastanib yotgan baland bo‘yli jiyda daraxti shoxlarining yarmida aqiq rangli shoda-shoda mevalar g‘arq pishgan, daraxtning yarmi esa xushbo‘y taratib, endi qiyg‘os gulga kirgan edi…

Uchinchi yo‘l

Telefon jiringladi:
– Nadya xolangiz olamdan o‘tib qoldi, – dedi ovsini Sharofat.
– Nega, qanday qilib?!
– Sog‘ligi yaxshi edi. Ertalab xabar olay, deb boruvdim, darvozasini ochmadi. O‘zim amallab, ochib, ichkariga kirib qarasam, shunday eshigining oldida yerda uzala tushib yotgan ekan. Kuz havosi, ayniqsa kechasi ancha sovuq bo‘lib, yomg‘ir yog‘ib o‘tgandi. Tashqariga chiqib, yiqilibdi-yu, negadir qaytib o‘rnidan turolmabdi. Shu holatda joni uzilgan ekan. Qo‘shnilarni chaqirib, mahallaga xabar berdik, tez yordam, ichki ishlar xodimlari ham kelishdi.
– …Lyova amaki bilan uchrashib, maslahat so‘­rangizlar. Udumlari bo‘yicha hamma kerakli narsalarni tayyorlab beringizlar. Biz yetib boramiz, – dedi Saodat.
Uzoq yo‘l xayol surish, xotirlash uchun qulay.
Mashina rulini boshqarib borayotgan turmush o‘rtog‘i:
– Bir kuni Nadya xola meni yoniga chaqirib:
“…ba’zan eshitib qolayapman, yolg‘iz qolib ketganlarni tobutsiz ko‘mishayotgan emish. Bir kor hol bo‘lib qolsa, iltimos, meni tobutsiz ko‘mishlariga yo‘l qo‘ymang, men tobutsiz ko‘milishdan juda qo‘rqaman”, – deb qoldi.
Shunda men hazillashdim:
– Babulya, avvalo ko‘p yashang. Xotirjam bo‘ling, har qanday sharoitda ham besh-oltita taxta topilar. Mabodo, biror sababga ko‘ra topilmay qolsa, anavi xonangizning to‘rida savlat to‘kib turgan shifoneringizdan yasataman siz aytayotgan narsani. Bu shifonerni qanchalik yaxshi ko‘rishingizni bilaman. Qarang, qanday ko‘rkam, o‘ziyam yaltillagan tobut bo‘ladi, degan edim. U menga bir nafas tikilib qarab qoldi-da, so‘ng birgalashib rosa kulishdik. Shunda u:
– Rahmat, men sizlarga ishonaman, sizlardan min­natdorman, – deb qolgan edi bechora…
Nadya xola bilan bir hovlida yashovchi kenja qi­zi ikki tog‘dek o‘g‘li bilan birga, Rossiyaning al­laqaysi uzoq joyiga ko‘chib ketishdi. Hovlining yarmini sotib, qolgan qismida Nadya xolani “kasalmand, yo‘lga chidamaydi”, – deya yolg‘iz qoldirib ketishdi. Bu shaharchada yashovchi to‘ng‘ich qizi har zamonda, uning yoniga bir kelib, nafaqasini so‘rar, qo‘lga ilinadigan biror narsa topib berolmasa, uni xafa qilib ketar edi.
Ba’zan Nadya xola nevaralarini sog‘inib, esga olar, ularni opichlab yurgani, endi tilga kirib aytgan ilk so‘zlari, pildirab qadam tashlab, yurib ketganlarini aytib, goho ko‘ziga yosh olardi. So‘ng, “na chora, men qizlarimga baribir o‘gay ona edim-da”, – deya o‘zini yupatishga harakat qilar edi. Go‘dakligidan boqib, katta qilgan nabiralari, loaqal yil davomida bir marta telefon orqali bo‘lsa ham buvisining holini so‘rashmasdi.
…Qo‘shnilar uning olamdan o‘tganligi to‘g‘risida shu yerdagi qizi orqali Rossiyaga – qizi va nevaralariga xabar berishibdi. Nevaralar esa ayni paytda sharoiti yo‘qligi tufayli, kelolmasligini aytishibdi.
Ular mashinada uzoq yo‘l yurib, nihoyat uylari joylashgan ko‘chaga kirishganida, Nadya xolaning uyi darvozasidan odamlar kirib, chiqib turishardi…

To‘rtinchi yo‘l

…Yomg‘irli kuz oqshomi. Tuni bo‘yi tinmay uvlayotgan kuchugidan xabar olay, deya tashqariga chiqqan Nadya xolaning boshi aylanib, qoqilib tushdi. Qon bosimi ko‘tarilib ketgan edi, harchand harakat qilmasin, o‘rnidan turolmadi. Hovlining yaqinida keng quloch yozib, har yilgidanda ko‘p meva solgan keksa yong‘oq daraxti-yu, yomg‘ir ostida mevasining ko‘pligidan shoxlari yerga egilib qolgan qadrdon nok daraxti ham unga yordamga kelolmadi. Chunki daraxtlar ildizi bilan yerga mahkam bog‘lab qo‘yilgan edi. Ular shunday, turgan joylarida nochor tikilib turib, bekasi bilan vidolashishdi. Nadya xolaning kuchugi esa dam darvoza tomonga qarab yugurar, dam uning ko‘ylagidan tortqilab, yuzi, qo‘llarini yalab, yordam ko‘rsatishga harakat qilar edi. Ammo, harakatlari befoyda ekanligini sezib, uvlab qolaverdi. Tongga yaqin yomg‘ir to‘xtadi. Nadya xo­la esa ko‘zini qaytib ochmadi.
…Xonaning o‘rtasida, gullar bilan bezatilgan tobut ichida siymosidan iliqlik taralib, uyqusidan uyg‘onolmagan Nadya xola yotibdi. Saodat harchand tikilmasin, uning tiniq, xotirjam yuzlarida o‘limga tegishli, sovuq alomatlarni topmadi. Suhbatlari dilkash, beg‘ubor qalbli, ozoda hayot kechirgan, beozor Nadya xola so‘nggi damlarda ham uning xotirisida shunday chiroyli holatda muhrlanib qoldi.
Lyova amaki va ayoli tomonidan aytilgan rasm-rusumlar ichida orkestr ishtiroki ham bor ekan. So‘nggi yo‘lga kuzatish paytida taralayotgan orkestr sadolari yig‘ilganlarga go‘yo dunyoning ba’zida ko‘z il­g‘amas hikmatlarini qayta yodga solish, kimlarningdir qalbida miltirab turgan ba’zi hislarni qayta uyg‘otish, beparvo dillarni esa hushyorlikka chorlagan kabi, sekin, mungli yangray boshladi. Musiqa nolalari ostida Nadya xolani olib ketishdi.
Mo‘jaz hovlida Nadya xolaning kuchugi yolg‘iz qoldi.

Chorraha

Tushlarida yarmi aqiq rangda shoda-shoda meva solgan, yarmi esa chaman bo‘lib qiyg‘os gullab turguvchi ajib jiyda daraxtining mayin va sirli ifori Saodatning dimog‘iga kelib urildi…

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 2-son.